Ko'p kamerali oshqozon. Qoramollarning oshqozoni 4 ta kamera: katta qorin, to'r qorin, qatqorin va shirdondan iborat.
Qizilo'ngach yaqinida katta qorin, undan keyin bilinar-bilinmas chegara orqali to'r qorin, so'ngra esa qatqorin va shirdon joylashadi.
Katta haywanlarda kameralarning hajmi doimiy bo'ladi. Qoramollarda eng katta kamera - katta qorin, keyin qatqorin va undan keyin shirdon bo'lib, to'rqorin va shirdonning hajmi ko'pincha bir xildir. Eng kichik kamera - bu to'rqorin. Har bir kameraning devori shilliq muskulli va zardob pardalardan tashkil topgan.
Qatta qorin - rumen oshqozonning boshlang'ich kamerasi bo'lib, qorin bo'shlig'ining chap yarmini egallaydi, pastki cheti esa hatto o'ng tomonga ham o'tadi. Unda chap va o'ng yuzalari, yuqorigi va pastki cheti, oldingi va orqa uchlari farqlanadi. Chap yoki parietal yuzasi - facies parietalis qorin devoriga qaragan; o'ng yoki visseral yuzasi - facies visceralis esa ichki organlarga tegib turadi; yuqorigi cheti (burchagi) - margo dorsalis yuqoriga va chapga qaragan; pastki cheti - margo ventralis pastga va o'ng tomonga yo'nalgan; oldingi uchi - extremitas cranialis diafragmaga tegib turadi; orqa uchi - extremitas caudalis orqaga qaragan bo'ladi. Katta qorin uzunchoq o'ng va chap ariqcha - sulcus longitudinalis dexter et sinister orqali yuqorigi va pastki katta qorin yarim xaltalari - saccus ruminis dorsalis et ventralis ga bo'linadi. Bu yarim xaltalar old va orqa tomondan bir-biridan chuqur jiyak bilan chegaralanadi va tashqi tomonda katta qorin oldingi hamda keyingi ariqchasini - sulcus ruminis cranialis et caudalis, katta qorin ichkarisida esa oldingi va keyingi tasmalar - pila ruminis cranialis et caudalis ni payda qiladi.
Katta qorinning orqa uchida kaudo-dorsal va kaudo-ventral ko'r xaltalar - saccus caecus caudodorsalis et caudoventralis bo'ladi. Bu xaltalarning chegarasi bo'lib tashqaridan - kaudo-dorsal hamda kaudo-ventral toj ariqchalar - sulcus caronarius caudodorsalis et caudoventralis, katta qorin ichkarisida kaudo-dorsal va kaudo-ventral tasmalar - pila caudodorsalis et caudoventralis hisoblanadi.
Katta qorinning qizilo'ngach kelib birlashadigan oldingi uchi katta qorin dahlizi - atrium ruminis deb yuritiladi. U yuqorigi yarim xaltadan tashqi tomonda kranio-dorsal toj ariqcha - sulcus caronaris craniodorsalis, ichkaridan esa - tegishli tasma - pila craniodorsalis orqali ajralib turadi.
Katta qorinning shilliq pardasi - bezsiz, ko'p qavatli yassi epiteliy bilan qoplangan. Unda har xil shakl va kattalikdagi ko'plab so'rg'ichlar - papillae bo'lib, bu so'rg'ichlar katta qorinning ichki yuzasiga g'adir-budirlik beradi. So'rg'ichlar faqat tasmalarda bo'lmaydi. Shuning uchun ham ular silliq va ochiq ranglidir.
Muskulli pardasi - uzunchoq, aylana va qiyshiq qavatlarni payda qiluvchi silliq muskul to'qimalaridan tuzilgan bo'lib, u yo'g'on va juda kuchli qisqaradi.
Zardob pardasi katta qorinning butun yuzasini qoplaydi va o'ng hamda chap uzunchoq ariqcha sohasida u katta charviga - omentum major ga o'tadi. Katta qorin tig'iz biriktiruvchi to'qimasi yordamida diafragmaning chap oyoqchasiga hamda bel muskullariga birikib turadi.
To'r qorin - reticulum uncha katta bo'lmagan yumaloq xalta bo'lib, u katta qorin dahlizining davomi hisoblanadi va undan qatqorin pastki tomondan katta qorin-to'rqorin tasmasi - pila ruminoreticularis orqali ajralib turadi.
To'r qorin katta qorin bilan keng teshik orqali, qatqorin bilan esa yoriqchasimon teshik orqali birlashadi. Bundan tashqari u qizilo'ngach bilan qizilo'ngach ariqchasi - sulcus oesophageus orqali ham bog'langan bo'ladi.
Qizilo'ngach ariqchasining lablari - labia sulci oesophagei ariqchaning qirg'oqlari bo'lib xizmat qiladi, lablar oralig'ida ariqcha tubi - fundus sulci mavjud. Qizilo'ngach ariqchasi shilimshiq pardaning spiralsimon egik burmalari ko'rinishda qizilo'ngachdan qatqoringa boradi. Qizilo'ngach ariqchasi lablari uzunchoq, silliq muskul tutamlaridan tuzilgan bo'lib, ularning qisqarishi natijasida lablar bir-biriga tegadi va u naychaga aylanadi; bunday holatda suyuq oziqa qizilo'ngachdan to'g'ridan-to'g'ri qaqoringa tushishi mumkin.
Qizilo'ngach ariqchasini tubida silliq muskul tutamlari ko'ndalangiga joylashgan bo'lib, ularning qisqarishi natijasida lablar ochiladi va dag'al oziqa katta qorin va to'r qoringa tushadi.
To'r qorinning devori shilliq hamda zardob pardalardan tashkil topgan. Shilliq parda ari uyasiga o'xshash bir-biri bilan birlashuvchi to'rt, besh yoki olti oyoqli katakchalar - cellulae reticulares dan iborat varaqchasimon burmalar payda qiladi. Ushbu katakchalarning tubida yanada mayda ikkinchi qatorli kanalchalarni chegaralab turuvchi shilliq pardaning bir oz pastroq katakchalari joylashadi. Shilliq pardaning hamma joyida mayda shoxlashgan so'rg'ichlar tarqalgan. Qoramollarda katta qorin va qizilo'ngach ariqchasi yaqinidagi katakchalar kamayib boradi, keyin esa umuman yo'qoladi.
To'r qorinning muskul va zardob pardalari katta qorindagidek tuzilishga ega. To'r qorin devorining ventral tomonida, qalqonsimon tog'ay sohasida joylashib, uni qalqonsimon o'simtani orqasida paypaslab ko'rish mumkin.
Qatqorin - omasum bir tomondan bevosita to'r qorinning davomi hisoblansa, boshqa tomondan shirdonga o'tadi va yumaloq shaklga ega. Qatqorinning shilliq pardasida bargchalar - lamellae deb yuritiluvchi nafis varaqsimon burmalar bo'ladi. Ular hatto katta-kichikligiga qarab, katta bargchalar - lamellae mojores, o'rtacha bargchalar - lamellae mediae, kichik bargchalar - lamellae minores va eng mayda bargchalar - lamellae minimae ga bo'linadi. Bargchalarning yon tomonlarida so'rg'ichlar joylashadi.
Qatqorinning tubi - basis (fundus) omasi ichki tomondan to'r qorindan shirdonga boruvchi kalta jiyaklar ko'rinishiga ega. Jiyaklar yon tomonlardan baland so'rg'ichli valiklar bilan chegaralanib turadi. Shirdonga ochilgan teshik - ostium omasoabomasicum oldida qatqorinning tubida silliq muskul to'qimadan sfenkter payda bo'lgan. Qatqorin bilan shirdon oralig'ida, teshikning yon tomonlarida qatqorin pardasi - vellum omasi joylashadi. Qatqorin tubidagi jiyaklar va bargchalarning bo'sh burchaklari orasida qatqorin kanali - canalis omasi bo'ladi. Qatqorin o'ng qabirg’alari ostida, 8 - 9-nchi qabirg’alarning pastki yarmida joylashadi.
Shirdon - abomasum asosiy oshqozon hisoblanib, noksimon shaklga ega. Shirdon o'ng qabirg’alar ostida va qalqonsimon tog'ay sohasida joylashadi. Uning pilorik qismi orqaga qaragan bo'ladi. Shirdonning qisqargan qismi pilorus - pylorus bevosita o'n ikki barmoq ichakka o'tadi. Unda pastki qavariq katta hamda yuqorigi botiq kichik egri joyi farqlanadi. Shirdonning devori shilliq muskulli va seroz pardalardan tuzilgan.
Shilliq pardasi - bir qavatli silindrsimon epiteliydan tarkib topgan bo'lib, unda kardial, fundal hamda pilorik oshqozon bezlari bo'ladi. Bu parda silliq, nafis, yumshoq, spiral shakldagi 12 - 16 ta burmalar - plicae spirales ni payda qiladi.
Muskul pardasi - tashqi uzunchoq va ichki aylana qavatdan iborat. Shirdonning kichik egri joyining oxiridan pilorusni ichiga pilorusning o'ziga xos sfinkteri vazifasini o'tovchi yarim aylana ko'ndalang valik chiqadi. Jigarning visseral yuzasidan kichik charvi ajralib, u shirdonni va o'n ikki barmoq ichakni o'raydi.
NAZORAT UCHUN TOPSHIRIQ VA SAVOLLAR
qizilo'ngachning anatomik tuzilishi, qavatlari,qismlari va funksiyasini ayting.
bir kamerali oshqozonning anatomik tuzilishini ayting.
bir va ko'p kamerali oshqozon qaysi haywanlarda uchraydi?
ko'p kamerali oshqozonning anatomik qismlari va tuzilishini ayting.
jigarning anatomik tuzilishi va topografiyasini ayting.
Do'stlaringiz bilan baham: |