Oshqozon - ventriculus, s.gaster - bu ovqat hazm qilish nayining xaltasimon kengayishidan payda bo'lgan organdir. Oshqozon bir kamerali (otlarda, cho'chqa va itlarda ) hamda ko'p kamerali (kavsh qaytaruvchilarda) bo'ladi. SHilliq pardasining tuzilishiga qarab, oshqozon qizilo'ngach yoki bezsiz tipga, ichak yoki aralash tiplarga bo'linadi.
Otlarning oshqozoni bir kamerali, qizilo'ngach-ichak (aralash) tipida bo'lib, unda katta qavariq joyi - curvatura ventriculi major va kichik botiq -curvatura ventriculi minor farqlanadi. Oshqozonning diafragmaga qaragan tomoni - parietal yuzasi - facies parietalis va ichki organlar bilan chegaralanuvchi tomoni esa visseral yuzasi - facies visceralis deyiladi.
Bundan tashqari, kardia - ostium cardiacum, ya'ni qizilo'ngachni oshqozonga kirgan joyi, pilorus - ostium pyloricum ya'ni oshqozondan 12 barmoq ichakka chiqadigan teshik va kengaygan qismi yoki oshqozon tubi - fundus ventriculi farq qilinadi.
Oshqozon 3 qismga: chap - kardia bilan chegaralanuvchi - kardial qismi - pars cardiaca, o'ng -pilorus qismi - pars pylorica va kardial hamda pilorik qismlari oralig'ida fundal qism - pars fundalis ga bo'linadi.
Kichik botiq joyidan oshqozon ichiga kardial va pilorik qismlarning chegarasi hisoblanuvchi chuqur burchak burmasi - plica angularis o'tadi. Otlar oshqozonining kardial qismi yaxshi taraqqiy etgan va ko'r xalta - saccus caeccus ventriculi si bo'ladi. Oshqozonning pilorik qismida 2 ta jiyak bilan pilorik bo'shliq - antrum pyloricum ajraladi.
Oshqozon devori shilliq, muskul va zardob pardalardan tashkil topgan.
Shilliq parda (ichki qavat) - tunica mucosa ko'r xalta sohasida burmali burchak - margo plicatus payda qilib, u oshqozonning bezsiz va bezli qismlarini chegarasi hisoblanadi. Bezsiz qismda shilliq parda oq rangli, mustahkam va dag'al, ko'p qavatli yassi epiteliydan tarkib topgan. Bezli qismda esa bu parda nafis, qizg'ish rangli silindrsimon epiteliy bilan qoplangan, limfa follikulalari mavjud; shilliq pardaning yuzasi notekis, kichik oshqozon chuqurchalari - foveolae gastricae bo'lib, ularga oshqozon bezlari ochiladi. Oshqozon bezlari qaysi zonada joylashuviga qarab: kardial, pilorik va fundal bezlar bo'lishi mumkin. Bu bezlar oshqozon shirasini ajratadi.
Muskul pardasi - tunica muscularis silliq muskul to'qimasidan tuzilgan bo'lib, uch qavatdan iborat: uzunchoq qavat - stratum longitudinale katta qavariq, kichik botiq va pilorik xaltada yotadi; aylana qavat - stratum circulare pilorik qismda yaxshi taraqqiy etgan, kardial qismida esa bo'lmaydi, pilorik xaltaning burmasida 2 ta sfinkter - m. sphincter pylori payda qiladi; qiyshiq qavat - stratum obliguum faqatgina kardial bo'limda bo'lib, tashqi qiyshiq tutamchalar - fibrae obliguae externi va ichki qiyshiq tutamchalar - fibrae obliguae interni ga bo'linadi. Ular mustahkam kardial sfinkter - m. sphincter cardiae ni payda qiladi.
Zardob parda - tunica serosa oshqozon devorining tashqi qavati hisoblanadi. U bir organdan ikkinchisiga o'tishda erkin yotuvchi burmalar payda qilib, ular pay sifatida xizmat qiladi. Oshqozon sohasida va unga tegib turuvchi organlarda zardob parda quyidagi paylarni: oshqozon-diafragma payi - lig. gastrodiaphragmaticum, oshqozon-jigar payi - lig. gastrohepaticum va oshqozon-o'n ikki barmoq ichak payi - lig. gastroduodenale payda qiladi. Zardob parda burmalaridan payda bo'lgan bu paylar birgalikda kichik charvi - omentum minus deb yuritiladi. Zardob parda varaqlari oshqozonning yon yuzalarini qoplab, katta qavariq joyga keladi. Shu erdan shilliq pardaning bir qismi taloq darvozasi tomon yo'naladi va oshqozon- taloq payi - lig. gastrolienale ni, boshqa qismi esa ichaklar tomonga o'tib, katta charvi - omentum majus ni payda qiladi.
Otlarning oshqozoni asosan, chap qabirg’alar ostida, faqatgina pilorusning kichik qismi o'ng qabirg’alar ostida joylashadi. U 14 - 15-nchi qabirg’alar oralig'ida, pastdan esa 9 - 14-nchi qabirg’alar to'g'risida, elka Buwini liniyasida qorin devoriga tegib turadi.
Cho'chqalarda - oshqozon bir kamerali, qizilo'ngach-ichak (aralash) tipida bo'lib, uning kardial qismida oshqozon divertikulasi - diverticulum ventriculi mavjud; burchak burmasi yaxshi ko'ringan. Shilliq pardasi oshqozonga kiradigan joyda bezsiz, ko'p qavatli yassi epiteliy bilan qoplangan. Bezsiz uchastkaning chegarasi yaxshi ko'rinadi. Shilliq pardaning qolgan hamma qismi silindrsimon bezli epiteliy bilan qoplangan va uchala zona bezlari ham bo'ladi. Muskul pardasi uzunchoq, aylana va qiyshiq qavatlarini payda qiladi. Aylana qavati pilorik va fundal qismlaridan tarqalgan bo'lib, katta qavariq tomondan pilorus ichiga olib boruvchi valik - trochlea va kichik botiq tomondan oshqozon ichiga chiquvchi zamburug'simon do'nglik - torus pyloricus payda qiladi; qiyshiq qavati - ichki va tashqi qiyshiq tutamlari orqali kardial qismga kirish joyida sfinkter payda qiladi. Zardob pardasi xuddi otlardagidek tuzilishga ega. Oshqozonning kardial qismi chap qabirg’alar ostida, pilorik qismi esa o'ng qabirg’alar ostida joylashadi. Katta qavariq joyi oshqozon to'lgan paytda qorin devorining ventral yuzasiga qalqonsimon tog'ay tomon tegib turadi. Diafragma tomonida u jigarga tegib turadi. Katta charvisi kuchli rivojlangan va pastdan hamma ichaklarni qoplaydi.
Itlarda - oshqozon hajmdor, bir kamerali, ichak tipida, bezli. SHilliq pardasi silindrsimon epiteliy bilan qoplangan, kardial, fundal va pilorik bezlari mavjud. Burchak burmalari yaxshi ko'ringan. Tashqi qiyshiq tutamchalar aylana qavatni, ichki qiyshiq tutamchalari esa oshqozonga kirish joyini qoplaydi. Zardob pardalarning tuzilishi va oshqozonni joylashuvi cho'chqalarniki singaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |