Birinchidan,o‘tgan asrning ikkinchi yarmida global miqyosda yuzaga kelgan ekologik vaziyat keskinlashuvining tarixiy genezisini, obyektiv shart-sharoitlarini, sabablarini va subyektiv omillarini aniqlash, jahon hamjamiyatining XX1 asrdagi ekologik siyosati strategik vazifalari yo‘nalishlarini, ko‘lamini, istiqbollarini belgilab bermoqda.
Ikkinchidan, ekologik muammolar globalligini anglash, nafaqat milliy ekologik siyosatning strategik mo‘ljallarini ko‘rsatish, taktik rejalarni amalga oshirishning konstruktiv-ratsional usul hamda vositalarini tanlash imkoniyatini beradi, balki muayyan ekologik makonning real siyosiy manzarasini tashkil qilgan strukturaviy elementlar (institutsional tizim) funksiyasini aniqlashga xizmat qiladi.
Uchinchidan,davlatlarning tabiat muhofazasi sohasida geosiyosati samaradorligi uchun qulay shart-sharoit barpo qilish, uning konseptual nazariy-metodologik asoslarini ishlab chiqishga, milliy ekologik institutsional strukturalarini xalqaro ekologik siyosiy munosabatlarga “moslanuvchan (adaptatsion) muhit” yaratishga bog‘liq bo‘ladi.
Konkretlashtirib aytganda, bugungi kunda xalqaro ekologik siyosiy munosabatlarning tarixiy tajribalarni umumlashtirmasdan turib, ularning mazmunini anglab yetish qiyin. Lekin, shu qiyinchiliklarga qaramasdan, asta-sekinlik bilan, xalqaro miqyosda, ekologik siyosatning alturistik mazmundagi yangi paradigmasi paydo bo‘lib, ekologik siyosatdagi alarmizm, konformizm, avantyurizm xodisalariga qarshi qo‘yilmoqda. Xususan:
- xalqaro qonunlarni milliy, mintaqaviy darajaga transformatsiya qilish va milliy ekologik huquqiy normalarni xalqaro standartlarga moslashtirish (unifikatsiya);
- milliy ekologik siyosatning fragmentarligi, diskretligini bartaraf qiluvchi yagona tafakkur tarzini, amaliy faoliyat maydonini shakllantirish (identifikatsiya);
- xalqaro ekologik siyosiy aloqalar uchun ochiq informatsion baza, investitsiya makoni, psixologik muhit, infrastruktura va kommunikatsiya asoslarni barpo qilish (plyuralizm);
- jahon ekologik siyosatining (nisbatan mustaqil) faoliyat ko‘rsatadigan institutsional tizimi va tashkilotlarini yagona yangi integral sistemaga aylantirish (integratsiya);
- mustaqillikka erishib milliy ekologik siyosatini shakllantirayotgan davlatlar suverinitetligini umuminsoniyat ehtiyoji va sivilizatsiya manfaatlariga muvofiqlashtirish (universalizatsiya);
- milliy ekologik siyosat strategik vazifalarini belgilaydigan xalqaro ekologik munosabatlar sistemasini demokratiyalashtirish va mukammallashtirish (modernizatsiya) jarayonlarini tashkillashtirish, boshqarish va nazorat qilish muhim ahamiyatga ega.
Mahalliy, milliy, hududiy va global ekologik muammolarga pessimistik yoki skeptik munosabatlar, ekologik inqiroz oqibatlarini xalqaro xamjamiyat ishtirokisiz hal qilish mumkin emasligini anglash va e’tirof qilish hamma vaqt ham obyektiv haqiqatni tasvirlay olmaydi. Ayniqsa, xalqaro geosiyosiy munosabatlarda ayrim omillarga deterministik yondashuv, muayyan yo‘nalishlarini mutlaqlashtirish ekologik muammolar globallashuvini bir tomonlama, noxolis baholashga olib keladi. Masalan, Markaziy Osiyoda Orol dengizi qurishi bilan bog‘liq ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va ekologik muammolar doirasida davlatlararo hamkorlikning tashkiliy institutlari tarkib topishi, ularning boshqaruvi xalqaro huquq meyorlariga asoslanishini taqozo qilmoqda.
Zero, bu jarayonning umuminsoniy xarakteri globallashayotgan mintaqaviy ekologik muammolarni hal qilishda har bir davlatga alohida siyosiy mas’uliyat yuklaydi. Buning uchun esa, Orol dengizi mintaqasidagi davlatlardan milliy, hududiy va umuminsoniy ekologik manfaatlarini uyg‘unlashtirish maqsadida tor doiradagi utilitar, etnoegoistik, merkantilistik yondashuvlardan voz kechishni talab qiladi. YA’ni, Orol dengizi qurishining global ekologik oqibatlarini bartaraf etish uchun har bir mamlakat, mintaqaning o‘z xissalarini qo‘shishini taqozo qiladi. Chunki bu mintaqadagi davlatlarning ekologik siyosiy munosabatlarini integratsiyalashtirish va rivojlantirishda mintaqa tabiiy resurslaridan kelishilgan asosida foydalanish uchun o‘zaro manfaatdor shartnomalar qabul qilish va ularni so‘zsiz amalga oshirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Muammoga shu nuqtai nazardan qarash global ahamiyatga ega bo‘lgan qator savollarga javob topish imkoniyatini beradi. YA’ni: an’anaviy shakllangan stereotiplarga mos kelmaydigan zamonaviy ekologik siyosat internatsionalizatsiyasi va transnatsionalizatsiyasi qanday oqibatlarga olib keladi; zamonaviy ekologik siyosat xalqaro ekologik munosabatlarning an’anaviy modelini, shakllangan standartlarini o‘zgartira oladimi; planetadagi alohida davlatlarning milliy va mintaqaviy ekologik siyosati bilan global ekologik siyosat integratsiyalashuvi qanday yo‘nalishlarda amalga oshadi; milliy davlatlarning xalqaro ekologik siyosiy munosabatlari globallashuvi jarayoniga integratsiyalashish imkoniyatlari qanday; kelajakda sivilizatsiyalashgan global geoekologik makonning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy manzarasi qanday bo‘ladi va boshqa savollar hozirdanoq kun tartibiga qo‘yilmoqda.
Jahon ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining hozirgi zamon tendensiyasi shuni ko‘rsatadiki, yaqin kelajakda ayrim davlatlarning global ekologik makondagi siyosiy munosabatlarni umuminsoniyat manfaatlaridan ajratib tasavvur qilish mumkin emas. Shuning uchun, bir tomondan, milliy ekologik siyosat elementlarini umumiylikning xususiy ko‘rinishi sifatida kompleks-sistemali tahlil qilish muhim metodologik ahamiyatga ega. Ikkinchi tomondan, milliy yoki mintaqaviy ekologik siyosatni determinlashtiruvchi omillarni aniqlashda, ularning global strategiyani belgilashdagi roliga alohida e’tibor berish kerak. Boshqacha qilib aytganda, milliy, mintaqaviy ekologik siyosatning strategik yo‘nalishni belgilash, uni amalga oshirish uchun zarur shart-sharoit yaratish, xalqaro qonunlar transformatsiyasini aniqlash global ekologik siyosat institutsional sistemasi shakllanishga, uning strukturasiga va xarakteriga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib quyidagi xulosalarga kelish mumkin:
1) xalqaro ekologik munosabatlarning globallashuv jarayoni va har bir davlatning ekologik siyosati, obyektiv reallik sifatida, o‘tmishda ham, hozir ham, kelajakda ham, nisbatan yopiq sistemada (muayyan ijtimoiy-siyosiy ekologik makonda) sodir bo‘lishini;
2) ekologik siyosatning globallashuv jarayoni obyektiv qonuniyatlar va subyektiv omillar ta’sirida tashkiliy tizimi strukturalari qayta shakllanishi hamda ekologik vaziyat taqozosiga qarab, funksional yo‘nalishlarini, paradigmalarini o‘zgartirishini;
3) ekologik siyosat globallashuvi bilan shu sohadagi milliy siyosatning institutsional strukturasi tuzilishi, ularning strategik maksad va vazifalari yo‘nalishlarini o‘zgartiruvchi: ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, mafkuraviy omillarini aniqlashni;
4) global ekologik siyosat rivojlanish tendensiyasini boshqarish va nazorat qilishning qonuniy-huquqiy asoslarini, ma’naviy-axloqiy normalari, institutsional tizimi unfikatsiyalashish qonuniyatlarini aniqlash zaruriyatini va boshqa jihatlarini e’tiborga olishni taqozo etadi.
O‘zbekiston davlati ijtimoiy-iktisodiy hayotning bosh islohotchisi sifatida global taraqqiyotning zamonaviy tendensiyalari belgilangan va insoniyat sivilizatsiyasi istiqbollari uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan geostrategik yo‘nalishlarini belgilab olmoqda. Xususan, atrof-muhitni himoya qilishni ta’minlash tizimida nodavlat notijorat tashkilotlarning roli va o‘rnini belgilashga qaratilgan “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi Qonun va boshqa qator qonun hujjatlarining qabul qilinishi katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Insoniyat jamiyati taraqqiyotining hozirgi bosqichida, dunyo ekologik siyosati integratsiyasi va globallashuviga asos solinayotggan bir paytda O‘zbekiston o‘zining aniq milliy pozitsiyasiga ega. Chunki ekologik muammolar globallashuvi, xavfli ijtimoiy-siyosiy oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan boshqa xalqaro siyosiy munosabatlarda keskinlikni kuchaytirmoqda. Dunyo jamoatchiligi o‘z oldida turgan ekologik siyosat sohasidagi kelishmovchiliklar, nafaqat milliy va hududiy doiralarda balki global miqyosida ham xavfli ekanligini anglab yetmoqda. Shuning uchun davlatlararo ekologik siyosiy munosabatlarda ijobiy natijalarga erishishi uchun uning fundamental ilmiy nazariyasi va metodologiyasini ishlab chiqish, bu nazariyalarni, ilmiy g‘oyalarni amalga oshirishning samarali usullari, vositalari hamda imkoniyatlarini qidirib topishga yo‘naltirilgan Siyosiy ekologiya faniga zaruriyat paydo bo‘ldi va uning fanlar tizimida mavqei mustahkamlanmoqda.
Hozirgi davrda siyosiy ekologiya fani tadqiqotining vazifalari: birinchidan xalqaro ekologik siyosat subyektlarining global sistemasiga integratsiyalashish strategiyasi va taktikasini ishlab chiqishdan iborat; ikkinchidan global ekologik siyosatning dolzarb muammolari yechimi, uning prinspial yangi ilmiy yondashuvlarini taqozo qilmoqda; uchinchidanO‘zbekiston davlatining xalqaro ekologik siyosiy munosabatlarga integratsiyalashuvi, uning ichki va tashki siyosatini unifikatsiyalashtirmoqda; to‘rtinchidanmintaqadagi davlatlar ekologik vaziyatining umumiyligi, ularning shunga mos (adekvat) siyosiy usullar va vositalar qo‘llashini talab qilmoqda. Eng muhimi, ekologik siyosatda global jarayonlar bilan bog‘liq milliy va mintaqaviy taraqqiyot strategiyasini ilmiy-nazariy asoslash va siyosiy ekologiyaning differensiallashuvi natijasida xalqaro siyosiy munosabatlar rivojlanishining umumiy qonuniyatlarini muayyan ekologik makon kontekstida o‘rganuvchi maxsus“Siyosiy geoekologiya” fani vujudga kelib, uning tushunchalari tizimi, kategoriyalari apparati shakllanmoqda va ijtimoiy-siyosiy fanlari tarkibida mustahkam maqomga ega bo‘lmoqda.
Umumlashtirib va konkretlashtirib aytganda, bu fan oldiga qo‘ygan maqsadlari va nazariy xulosalariga ko‘ra:birinchidan,mahalliy, milliy, mintaqaviy, global ekologik makonning mavjudlik holati va rivojlanish (ekologik vaziyatning olamshumul miqyosda keskinlashish) tendensiyasi davlatlararo ekologik siyosiy munosabatlarning strategik maqsadlarini belgilaydigan yangi milliy, mintaqaviy kotsepsiyasi ishlab chiqilishini taqozo qilmoqda;ikkinchidan,XX asr oxirida vujudga kelgan dunyo siyosiy xaritasidagi o‘zgarishlarni va jahon davlatlari ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini e’tiborga olib, hozir amalda faoliyat ko‘rsatayotgan xalqaro ekologik siyosiy munosabatlar institutsional tizimi strukturasini zudlik bilan qayta tashkil qilish zaruriyati kuchaymoqda; uchinchidan,milliy mustaqillikka erishgan davlatlarning yangi ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy munosabatlarga o‘tishida, ularning milliy ekologik ehtiyojlariga va manfaatlariga, mintaqa ekologik vaziyati xususiyatlaridan kelib chiqib, differensial yondashgan holda ekologik siyosatini erkinlashtirish, demokratiyalashtirish masalasi hozircha ochiq qolmoqda;to‘rtinchidan,xalqaro ekologik siyosiy munosabatlar integratsiyalashuvi va globallashuvi tabiiy atrof muhitni muhofaza qilishga nisbatan muqobil qarashlar va amaliy faoliyat yo‘nalishlarini shartli hamda nisbiy qilib qo‘ymoqda; beshinchidan, xalqaro siyosiy munosabatlar globallashuvi sharoitida, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasidan qat’i nazar, har qanday davlatda milliy taraqqiyotning uzoq muddatli ekologik strategiyasi umuminsoniyat manfaatlariga mos kelishini tarixiy tajribalar isbotlab bermoqda.
O‘zbekistonning xalqaro ekologik siyosiy munosabatlardagi mavqei milliy mustaqillikka erishgandan keyin shakllandi va uning strategik yo‘nalishlari belgilab olindi. Islom Karimov rahbarligi davrida O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalarini mustahkamlashga doir qonuniy-huquqiy asoslari ishlab chiqildi. Mintaqadagi qo‘shni davlatlar bilan ekologik siyosat sohasidagi hamkorlik qilishning institutsional tizimini shakllantirish xalqaro munosabatlar modeli xarakterini va yo‘nalishini belgilab berdi. Xalqaro shartnomalarning amaliy natijalarini umumlashtirish zaminida, milliy davlatlarning strategik vazifalari konturlari aniqlanib, ularning fundamental nazariy asoslari va huquqiy boshqarish institutlari elementlarini o‘z ichiga qamrab olgan hamkorlik konsepsiyasi (obyektiv va subyektiv qiyinchiliklarga qaramasdan) shakllanmoqda.
Tabiatni muhofaza qilish sohasidagi mintaqaviy xalqaro hamkorlik hududning ekologik vaziyatini sog‘lomlashtirishda ijobiy rol o‘ynadi. Xususan, mintaqada Orol dengizi qurib borishi bilan bog‘liq ekologik muammolarini hal qilishda muayyan muvaffaqiyatlarga erishildi. Xususan Markaziy Osiyo davlatdarida transchegara daryolaridan foydalanishning asosiy tamoyillarini belgilaydigan xalqaro huquqning eng muhim hujjatlariga, shu jumladan transchegara suv oqimlari va xalqaro ko‘llarni muhofaza qilish va foydalanish (1992) hamda xalqaro suv oqimlaridan kema qatnovidan boshqacha turda foydalanish huquqi to‘g‘risidagi (1997) konvensiyalarga muvofiq, suv oqimlaridagi barcha davlatlar “o‘zining tegishli hududlari chegarasida xalqaro suv oqimlaridan adolatli va oqilona tarzda foydalanishlari” nazarda tutiladi.
Mazkur hujjatlarda, shuningdek, xalqaro suv oqimlaridagi davlatlar tomonidan o‘z hududida undan foydalanganida “suv oqimidagi boshqa davlatlarga sezilarli zarar yetkazilishining oldini olish uchun barcha tegishli chora-tadbirlarni ko‘rish”, zarar yetkazilgan holatda esa — “bunday zararni tugatish yoki kamaytirish uchun, zarur bo‘lganda, zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi masalani muhokama qilish uchun” tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha davlatlarning majburiyatlari nazarda tutilgan3.
Mintaqadagi ekologik siyosiy hamkorlikning umumiy maqsadi va vazifalarini belgilovchi shakllanayotgan model tabiatini muhofaza qilish faoliyatini boshqarish va nazorati sohasidagi xalqaro institutlar (masalan, Orol dengizini qutqarish xalqaro tashkiloti ODQXT tashkiliy-funksional tajribalarini, apparati strukturasini, har tomonlama fudamental o‘rganish asosida yaratildi. Biroq bu model hozircha mukammallikdan ancha yiroq bo‘lib, mintaqadagi ekologik muammolarni oqilona hal qilishda davlatlari o‘rtasidagi ichki ziddiyatlarni, ayniqsa, transchegaraviy suv resurslarini taqsimlanishidagiixtiloflarni(bu tushuncha tasodifiy qo‘llanilayotgani yo‘q) bartaraf qilishda noshudligini, ojizligini ko‘rsatmoqda.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, jahon xaritasida mustaqil davlatlar vujudga kelishi bilan ekologik siyosat integratsiyasi jarayonida ikki tarixiy tendensiya namoyon bo‘lmoqda. Birinchisi,milliy mustaqillikning dastlabki yillarida ayrim davlatlarda bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o‘tish davri sarosimalari, (hozir ham inersiyaini saqlab kelayotgan) “siyosiy eyforiya” mintaqa xalqlarining tarixiy taraqqiyoti jarayonida an’anaviy vujudga kelgan umumiy ekologik hayot tarziga putur yetkazmoqda.
Xususan, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasida transchegaraviy suv resurslaridan foydalanishdagi munozaralar, etnoegoistik qarashlar buning yaqqol namunasidir. O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov 2009 yil aprel oyida Orol dengizini qutqarish Xalqaro fondining Olmaota shahrida o‘tkazilgan Sammitida aytganidek: “Tojikiston va Qirg‘iziston, avvalo, faqat o‘z manfaatlarini ko‘zlamoqda. Holbuki, bu yerda gap har bir alohida davlat manfaatlari haqida bormoqda. Bu faqat bugungi kunning manfaatlari emas, balki kelajakning ham manfaatlari ekanini alohida ta’kidlamoqchiman. Chunki bu yerda aytilganidek, sovet davrida suv-energetika dasturlarini amalga oshirish borasida shu qadar ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yilganki, bugun bu haqda afsuslanib gapirishga to‘g‘ri keladi”4, degan edi.
Do'stlaringiz bilan baham: |