Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
bosayotganini topishga urinadi. Shamol orqali oʻzining qaynoq oʻpichlarini yoʻllab, ular
Santyagoning yuziga tegishiga umidlanadi va pichirlab oʻzining sogʻ-salomat ekanini,
uni kutayotganini aytadi. Bugundan boshlab sahro Fotima uchun umid makoniga
aylanadi: u yoqdan Santyago yoniga qaytadi.
— Ortda qolganlar haqida oʻylama, — dedi Alkimyogar, ular qum tepalar oralab yoʻlga
tushishganda. —Hammasi allaqachon Olam Qalbida qayd etildi va shu joyda mangu
saqlanadi.
— Odamlar ketishdan koʻra qaytish haqida koʻproq oʻylashadi, — dedi Santyago,
sahroning sukunatiga tagʻin koʻnika boshlarkan.
— Agar sen topgan topildiq pishiq narsadan yasalgan boʻlsa, unga hech qanday insu jins
daxl qilolmaydi. Va sen bemalol qaytishing mumkin. Agar bu narsa, xuddi yulduz bir yilt
etib uchgani kabi, nari-beri yasalgan boʻlsa, qaytgan chogʻingda ham hech nimaga ega
chiqolmaysan. Biroq sen, harqalay, yilt etgan nurni koʻrgan boʻlasan. Demak, bu boshdan
kechirishga arzirli hol.
U alkimyo haqida gapirayotganga oʻxshardi, Santyagoga esa u Fotimani nazarda tutib
gapirayotganday tuyuldi.
Ortda qolganlar haqida oʻylamaslik mushkul edi. Sahroning yakrang koʻrinishi eslashga,
orzu qilishga majbur etardi. Santyagoning koʻz oʻngidan xurmozor, quduqlar va
suyganining chehrasi ketmasdi. U angliyalikni shisha idishlari, asbob-anjomlari bilan
uchratdi, Tuyakashni — Oʻzining aql-idrokini peshlamaydigan chinakam donishmandni
uchratdi. «Balki Alkimyogar hech qachon hech kimni sevmagandir», — Oʻyladi u.
Alkimyogar sal oldda yoʻrtib borayotir, uning kiftida qirgʻiy oʻtiribdi — qush sahro
tilidan toʻla voqif — ular toʻxtashgan chogʻda oʻlja izlab havoga koʻtariladi. Birinchi
kuni u changalida quyon bilan qaytdi. Ikkinchi kun — bir juft qush bilan.
Tunda ular koʻrpani yoyishdi. Sahro tuni etni junjiktiradigan salqinligiga va oy botishi
bilan qorongʻulik quyuqlashganiga qaramay gulxan yoqishmadi. Safarning birinchi
haftasida yoʻldoshlar, gurunglashgan boʻlishsa-da, faqat jang qilayotgan qabilalarni
chetlab oʻtish haqida gapirishdi. Urush davom etayotgandi — ba’zan shamol qonning
achqimtil hidini olib kelardi. Uncha uzoq boʻlmagan joyda jang borardi va shamol
boʻzbolaga Belgilar Tili mavjudligini, bu til koʻz koʻra olmaydigan narsalardan xabar
berishga tayyor ekanini eslatdi.
Safarning sakkizinchi kuni Alkimyogar, odatdagidan koʻra barvaqtroq, dam olish uchun
qoʻnishga qaror qildi. Qirgʻiy osmonga uchdi. Alkimyogar suv solingan suvdonni
Santyagoga uzatdi.
— Sening jahongashtaliging poyoniga yetmoqda, — dedi u. — Qutlayman. Sen Oʻz
Yoʻlingdan chetga chiqmading.
— Sen esa yoʻl boʻyi churq etmading. Men boʻlsam, bilganlaringni oʻrgatarsan, deb
oʻylabman. Men sahroni alkimyoga doir kitoblari bor bir odam bilan bosib oʻtgandim.
Biroq ulardan hech nimani tushunmadim.
Do'stlaringiz bilan baham: |