Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
qorayib koʻrinardi. Yoriqqa u barmogʻini tiqdi, keyin esa qoʻlini yelkasigacha yoriqqa
joyladi. Ichkarida nimadir shitirladi, Santyago Alkimyogarning koʻzlarida (uning faqat
koʻzlarini koʻrib turardi) jiddiy e’tiborni uqdi: goʻyo u birov bilan olishayotganday
serdiqqat edi. Keyin u qoʻlini yoriqdan ilkis tortib oldi, kutilmagan bu harakatdan
Santyago bir seskandi va Alkimyogar irgʻib oʻrnidan turdi. U ilonni dumidan ushlab
koʻtarib turardi.
Santyago ham chaqqon turib, ortga tislandi. Ilon tipirchilab sahroning oʻlik sukunatini
buzib, Alkimyogarning barmoqlariga oʻzini urardi. Bu bir chaqishdayoq oʻldiradigan
kobra iloni edi.
«Qoʻrqmas ekan-a?» — boʻzbolaning xayolidan shu fikr oʻtdi. Alkimyogar ilonning iniga
qoʻlini tiqib, hayotini xavf ostiga qoʻydi, biroq uning yuzi xotirjam edi. «U ikki yuz
yoshda», — Santyago angliyalikning gapini esladi. Demak, sahroda ilonlar bilan
muomala qilishni bilar ekan.
Mana, u otining oldiga keldi va egarga tangʻigan qayirma qilichini qinidan chiqardi.
Qumga doira shaklini chizib, oʻrtasiga tinchib qolgan kobrani qoʻydi.
— Qoʻrqma, — dedi Santyagoga. — Bu yerdan chiqib ketolmaydi. Sen esa sahroda
hayot mavjudligiga dalilni koʻrding. Menga shu kerak edi.
— Bu shunchalik muhimmidi?
— Juda muhim. Ehromlar sahrolar bilan oʻralgan.
Santyago yana ehromlar haqida gaplashishni istamayotgan — kechadan beri koʻngliga qil
sigʻmayotgan edi. Xazinalarga borish Fotimadan ajralish bilan teng edi.
— Men oʻzim senga yoʻl boshlovchi boʻlaman, — dedi Alkimyogar.
— Vohada qolganim ma’qul edi, — javob qildi Santyago. — Fotimani uchratgan
boʻlsam, axir, u menga dunyodagi barcha xazinalardan koʻra aziz.
— Fotima — sahro qizi. Unga erkaklarning bir kuni uylariga qaytib kelishi uchun safarga
joʻnab ketishlari oyday ravshan. U ham oʻzining xazinasini qoʻlga kiritdi — bu sen. Endi
esa sening oʻzing qidirayotgan narsangni topishingga umid qilayotir.
— Vohada qolishga qaror qilsam-chi?
— Unda Oqsoqolga Maslahatchi boʻlasan. Tillang koʻp boʻladi, son-sanoqsiz qoʻy, tuya
sotib olasan. Fotimaga uylanasan, bir yilcha u bilan baxtli yashaysan. Sahroga mehr
qoʻyasan, besh ming toʻp xurmo daraxtining har birini taniydigan boʻlasan, boʻyini
boʻyingga oʻlchab, ularning qanday oʻsishini, dunyo muntazam oʻzgarib turishini
tushunasan. Kun osha belgi-alomatlarni teranroq farqlay borasan, zotan, sahrodan-da
yaxshi muallim yoʻq. Biroq oradan yil oʻtib, sen xazina haqida oʻylaysan. Belgilar uni
tez-tez yodingga solaveradi, biroq sen bunga e’tibor qilmaslikka urinasan. Bor bilimingni
voha, uning ahli farovonligi uchun sarflaysan. Qabilalar boshliqlari sendan mamnun
boʻlishadi, tuyalar senga koʻp boylik keltiradi va hokimiyatingni mustahkamlaydi.
Yana bir yil oʻtadi. Belgilar xazina va Yoʻlni muntazam uqtirib turadi. Uzoq tunlarda
azongacha vohada sanqiysan,
Do'stlaringiz bilan baham: |