1. Amir Temur davlati tarixshunosigi
Chingiziylar hukmronligi o`lkamizda 150 yil davom etgan bo`lsa-da, shu katta davr ichida na ijtimoiy-iqtisodiy hayotda, na ilmu madaniyatda e`tiborga molik biron-bir tadbir amalga oshirilmadi. Ko`plab olimu fozillar, shoirlar panoh izlab tinch o`lkalarga, masalan, Shimoliy Hindistonga ketib qolgan edilar.
XIV asr ikkinchi yarmida, Chig`atoy ulusining janubi-g`arbiy qismini tashkil etgan Movarounnahrda siyosiy tarqoqlik yanada kuchaydi. Feodal tarqoqlikdan barlos amirzodalaridan Amir Temur ustalik bilan foydalandi va 1370 yili oliy hokimiyatni qo`lga oldi. U 1370-1379 yy. mamlakatdagi tarqoqlikni tugatib, Movarounnahr va Xorazmni o`ziga bo`ysundirdi. 1381-1402 yillarda Amir Temur qo`shni mamlakatlar ustiga yurish qilib, Eron, Kavkaz orti, Iroq, Kichik Osiyo va Hindistonni istilo qildi, Oltin O`rda xoni To`xtamishga (1376-1395) qaqshatqich zarba berib, uni poytaxti Saroy Brkani egalladi.
Amir Temur va Temuriylar davlati mayda uluslarga bo`lingan holda idora qilindi. Amir Temur davrida davlat tepasida rasman Chingiz avlodidan bo`lgan Suyurg`atmish (1370-1380 va Sulton Mahmudxon (1380-1402 turdi. Keyinchalik xon ko`tarish tartibi bekor qilinib, oliy hukmdor o`zini podshoh deb e`lon qildi. Bu davrda ilm-fan va madaniyat rivojlandi. Nizomiddin Shomiy va Hofizi Abru, Sharafuddin Ali Yazdiy va Abdurazzoq Samarqandiy, Muhammad Mirxond va G`iyosiddin Xondamir kabi mudarrix olimlarni, Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy, Bisatiy Samarqandiy va Xoja Ismatilla Buxoriy, Shayx Ahmad Suxayliy va Kamoliddin Binoiy kabi juda ko`p iste`dodli shoir va olimlar etishib chiqdi.
Sobiq tarixshunoslik fanida Amir Temur faoliyatining faqat bir tomoni ya`ni uning jahongirlik faoliyati yoritildi. Mana endi mustaqillikdan ilhomlangan respublikamiz tarixchi olimlari, keyingi 15 yil ichida sohibqiron Amir Temur haqida bir qancha ilmiy maqolalar e`lon qilishdi, kitob va risolalar chiqarishdi. O`zbek tilida ijod qila oladigan bo`riboy Ahmedov, Ashraf Axmedov, Ahmadali Asqarov, Amriddin Berdimurodov, Abdulahad Muhammadjonov, Shodi Karimov, Rustambek Shamsutdinov, Turg`un Fayziev va shu kabi boshqa taniqli tarixchi olimlarimizning o`tmishimizdagi oltin davr – temuriylar davri haqidagi mehnatlari ayniqsa samarali bo`ldi.
O`zbekiston tarixshunosligining bu yo`nalishida, 1992 yilda bir guruh olimlar, yozuvchilar, rassomlar va jurnalistlar tarafidan ta`sis etilgan «Amir Temur ma`rifiy jamiyati» muhim o`rin egalladi. Shu tufayli mustaqil O`zbekiston yurtboshisi o`ziga xos jasorat bilan Toshkentning yuragida sohibqironga haykal qo`ydirdi, 1996 yilni Amir Temur yili deb e`lon qildi. Vazirlar mahkamasi «Xalqaro Amir Temur jamg`armasini qo`llab-quvvatlash to`g`risida» va «Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida» qarorlar qabul qildi.
Turkiy xalqlarning ilm-fan, madaniyat va san`at sohalarida jahon sivilizatsiyasiga qo`shgan hissalari Amir Temur asos solgan temuriylar davlati bilan bevosita bog`liq. Shu ma`noda, jahon tarixnavisligida bu haqda qator ijobiy fikrlar aytilgan bo`lishiga qaramay, 1995 yilning sentyabr’ oyida Rossiya Federatsiyasining Elets shahrida «Rusning Temurdan qutqarilishining 600 yilligi» mavzusida xalqaro ilmiy konferentsiya o`tkazilishi taajubli bo`ldi. Chunki borgan sari ko`proq Temur shaxsining buyukligi, uni Sharq va Ovrupo tarixchilari buzib tahlil qilganliklari ravshan bo`lib boryapti. Buni biz 1996 yilda Alisher Navoiy nomidagi O`zbekiston Respublikasi davlat kutubxonasining Amir Temur tarixiga bog`liq adabiyotlar va maqolalar bibliografik ko`rsatkichidan ham bilsak bo`ladi. Unda bir ming to`rt yuzta kitob, ham maqolalar ro`yxati berilgandir. Bularning 240 tasi chet ellarda nashr etilgan. Bu borada, ayniqsa, «Temurshunoslik» frantsuz tarixshunoslik maktabining mustaqil bir yo`nalishi desa bo`ladi. Endi o`zbek tarixshunosligida ham hech qanday bir yoqlamalik va yuzaki faxrlanishlarga imkon bermasdan, Temur shaxsi, uning davlatchilik tarixini butun murakkabliklari bilan haqqoniy talqin etish kerak bo`lgan yangi zamon etib keldi.
Darhaqiqat, sohibqiron shaxsiyati buyuk, ayni paytda ziddiyatli. Amir Temur o`zidan keyin ko`pgina jumboqlar qoldirdiki, ular hanuzgacha muarrixlar uchun izlanishlar mavzusi bo`lib qolmoqda.
Xullas, Amir Temur shaxsiyati ko`p qirrali bo`lib, uning har bir qirrasi maxsus mavzu sifatida alohida-alohidadir. O`ylaymizki, yangi zamon tarixshunosligida bu haqda hali ko`plab ilmiy asarlar yaratiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |