Maktabgacha ta’lim(tarbiya) yoshidagi bolalar kitobxonligi xususiyatlari L.N.Tolstoyning quyidagi san’atkorona bahosi bilan yaqqol oydinlashadi: “Axir men hozir nimalarda yashayotganimni o‘shanda kashf qilmaganmidim? – deya xotirlagandi u yetmish yillik umriga sarhisob qila turib. –Shuncha ko‘p, shuncha tez kashf etgan narsalarimning yuzdan birini ham, qolgan butun umrim davomida kashf eta oldimmi? Aslo! Besh yashar boladan mengacha – faqat bir qadam, yangi tug‘ilgan chaqaloqdan besh yashar bolagacha – dahshatli masofa!”7.
Lev Tolstoy fikrlaridan bolalar dunyosini idrok qilish, his-tuyg‘u, o‘lchovlari va qiziqishlarini ulardek anglash kattalar uchun naqadar og‘ir va mas’uliyatli ekanligi anglashiladi. Yoki, Korney Chukovskiyning mashhur “Ikkidan beshgacha” asarida ham aynan shu yoshdagi bolalarning o`ziga xos olami tadqiq etilgani bejiz emas. Muallif insondagi ko`pgina fazilat va qirralar, qobiliyat va qiziqishlar, tasavvur va tushuncha aynan 2-5 yoshlik davrida to‘la namoyon bo‘lishini qator misollar tahlili orqali isbotlaydi.
Zotan, umr ibtidosidayoq so‘z san’ati sehri bilan tarbiyalanish beqiyos ijtimoiy-estetik qimmat kasb etadi. Aslida ham xalq ijodiyotidagi erkalamalar, ovutmachoqlar, qiziqmachoqlar, ertaklar va aytim-olqishlar shunday vazifani ado etib kelgan. Murg‘ak bolani so‘z ohangida erkalash, ardoqlash ular ruhiyatida o‘zgacha ta’sir etishi folklorshunos, psixolog va pedagoglar tomonidan qayta-qayta ta’kidlanmoqda.
Ulug‘ mutafakkir Ibn Sino bundan ming yillar avval yozgan “Axloq haqida risola”sida shunday yozadi: “Tarbiyani bolaning eng yosh paytidan boshlash kerak, zero unga yaxshi xulq odat bo‘lib qolsin”. Bu kabi fikrlar Unsurulmaoliy Kaykovus, Shayx Sa’diy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy kabi mumtoz so‘z san’atkorlarining didaktik asarlariga ham singdirilgan. XX asr boshlarida esa Abdulla Avloniy o‘zining pedagogik risolasida tarbiyaning zamoni haqida mulohaza yuritib, shunday yozadi: “Emdi ochiq ma’lum bo‘ldiki, tarbiyani tug‘ulgan kundan boshlamak, vujudimizni quvvatlandurmak, fikrimizni nurlandurmak, axloqimizni go‘zallandurmak, zehnimizni ravshanlandurmak lozim ekan…”
Binobarin, ana shu e’tiroflarning o`ziyoq maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar kitobxonligining dolzarb ahamiyatini asoslashga xizmat qiladi. Bu yoshdagi bolalar hali kitob o‘qishni, uning mazmunini idrok etishni bilmasa-da, atrof- olamdagi narsa-predmetlarga qiziqishlari kuchli bo‘ladi, taqlidchilik asosida hayotni o‘zlashtira boradilar. Shu sababli kichkintoylar eng ko`p eshitadigan, sevib tinglaydigan ertaklari va she’rlarining personajlari – hayvonlar, qushlar, hasharotlar, dov-daraxtlar hisoblanhsa-da, insonga xos taqlidiy suratga ega: gapiradi, yig‘laydi, xafa bo‘ladi va h.k.
Kichkintoylarda 2-3 yoshidan boshlab so‘z o‘rganish, so‘zni anglash va aytish ehtiyoji jiddiy tus oladi. Ular 3 yoshda 1200-1500 so‘z bilsa, 4-5 yoshda 2500 tacha so‘zni o‘z nutqida faol qo`llaydi. Bola hech qanaqa grammatik qoidadan xabarsiz holda so‘zlarni mantiqan to‘g‘ri aloqaga kiritib, o‘z fikri va istagini bildira oladi,
7 Толстой Л.Н. Собр. Соч. т.1, М. ГИХЛ, 1952, с. 330
hatto o‘zicha so‘z yasab, uni ifodalagan bo‘ladi, shu tariqa o‘z lug‘atini aks ettiruvchi tili yuzaga keladi. Xuddi shunday bir vaziyatda bolaga hayvonlar, qushlar va hasharotlarning yorqin rasmlari, ularga daxldor voqelikni ifodalovchi voqeaband rasmlardan tashkil topgan pishiq kartondan ishlangan animal kitoblar, hayvonlar haqidagi ertaklar mazmunini aks ettiruvchi dekorativ, kesma yoxud yig‘ma kitobchalar berilmog‘i lozim. U bunday rangli kitobchalarni o‘zi ochib varagqlamog‘i, rasmlariga qarab, tasvirdagi narsalarning holatini, rangini, shaklini, a’zolarini, aytmog‘i, yoxud kattalar yordamida shularni o‘rganib qayta so‘zlamog‘i shart. Bunday kitobchalar bolada hajm, shakl va rangni his qilishda ham muhim rol o‘ynaydi. Xususan, “O‘zing bo‘ya” ruknidagi kontur suratli kitobchalar bu jarayonni yanada faollashtiradi, bolalar bu kitoblarni bo‘yab turib konturda ifodalangan ma’nolarni, shakllar va ularning ranglar garmoniyasida o‘qib idrok qiladigan bo‘ladilar. Bu holat ularda so‘zga, so‘zlashga rag‘batni yanada kuchaytiradi. Shuningdek, har bir jumlaning jarangdorligi, musiqiyligi, ertaklarni rolli va didaktik o‘yinlar orqali, she’rni esa qo‘shiq qilib ayta olishi muhim. Zero, bolalar adiblari kitobxonlikning bu davriga alohida e’tibor qaratmog`i, ularning til va nutq boyliklari, quvnoqlikka moyil tabiatini inobatga olishi g‘oyat zarur. Rost, maktabgacha tarbiya yoshidagi bola o‘zi qiziqqan ertak yoki she’rni, hikoyani tanlash imkoniyatiga ega emas. Ammo tanlab eshita oladi. Zukko ota-onalar, maktabgacha ta’lim muassasalarining pedagoglari kichkintoy ko‘zidagi hayrat, quvonch yoki o‘ychanlikni ilg‘ay biladi. Aytaylik, Z.Diyorning “Kapalak”, “To‘p”, “Suv bilan suhbat”, Sh.Sa’dullaning o‘yinchoqlar tilidan aytiluvchi “Ayiq”, “Buzoq”, “Toychoq”, “Uloqcham” she’rlari shu ma’noda kichkintoylar tilidan tushmay keladi. Bunday she’rlarda 2-6 yoshli kichkintoylarning fe’l atvori (kapalakni quvlashi, suv bilan suhbatga kirishishi, o‘yinchoqlar tilga kirib, unga arz qilishi ), nutqi (“jiyron toycham”, “o‘ynab-kishnab”, “suzoq” ) ohangi aks etgani, ular sho‘xligiga mos ifodalar (kapalak, buzoq, toychoq, sharqiroq soy, to‘p, uloqcha...) bilan tasvirlangani, qolaversa, so‘z va qofiyalarning aniqligi (buzoq- suzoq) diqqatga sazovor .
Shunga o`xshash S.Barnoyevning “Feruza aytgan qo‘shiq” she’ri zamondosh kichkintoylar kuylab kelayotgan qo‘shiq hisoblanadi:
Quyosh bo‘lsin, oy bo‘lsin, O‘zbekiston boy bo‘lsin.
Menga atlas, ukamga Gijinglagan toy bo‘lsin.
Dadam yuzga kirsinlar, Oyim yuzga kirsinlar, Bizlar yuzga kirganda Yonimizda yursinlar.
She’rda katta-yu kichikning samimiy tilagi bor. U juda sodda, o‘ynoqi ohangda bitilgan. Ayni paytda jajji qizaloq oila farovonligini istayotirki, bunda osmon-u zamin tinchligi bilan birga milliylik (atlas) hamda yurt tinchligi, ota-bobolar an’analariga sodiqlikning (“gijinglagan toychoq”) umrboqiyligi ko‘zlanayotir.
Kichkintoylar shunday she’rlarni kuylab ulg‘aysa, albatta, uning mazmun- mohiyati ham qulog‘iga singib boradi.
Yoki R.Farhodiyning “Tonggi so‘z” hikoyasida qator taqlid so‘zlar ishlatilgani e’tiborga loyiq. Ya’ni, “Miyov-miyov!”, “G‘uv-g‘uv”, “Chiriq, chiq-chiriq!”, “Vov-vov-vov!”, “G‘oq-g‘oq-g‘oq!”, “G‘a-g‘a-g‘a!”– bular tongda uyg‘ongan Ahmadning yo‘lda uchratgan do‘stlari – mushuk, shamol, Qoplon, g‘oz va o‘rdaklarning erta tongda aytgan so‘zlari –“Assalomu-alaykum!”– degani ekan. Darhaqiqat, bunday hikoyalar jajji kichkintoylarga estetik zavq berish bilan birga tarbiyaviy vazifaga ham ega. Shu sababli kichkintoylarga bag`ishlangan she’r va hikoyalar ularda hayotni anglash, vatanparvarlik tuyg‘ularini shakllantirish, mavhum tushunchalarining reallashuvi, so‘z boyliklarining muttasil boyib borishiga xizmat qilishi asosiy tamoyillardan hisoblanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |