she’rlarining badiiy - tasviriy xususiyatlari (1925-1968)
Qudrat Hikmatning bolalar shoiri sifatidagi qirralari rang-barang. Uning badiiy olami nihoyatda boy. Shoirning so‘z va topilmalari, o‘z fikrini badiiy tamsillar yordamida obrazli ifodalash orqali betakror badiiy nutq yarata olish mahorati o‘ziga xos uslubini belgilaydi.
Qudrat Hikmat Toshkentning eng qadimgi mahallalaridan biri bo‘lgan Sebzorda 1925-yil kambag‘al dehqon oilasida dunyoga kelgan. U onasidan yoshligidanoq yetim qoladi. O‘rta maktabni bitirib chiqqach, adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan ixlosi ijodkorlar huzuriga boshlaydi. U o‘quvchilik chog‘lardayoq, Q.Muhammadiy rahbarligidagi ijodkorlar to‘garagiga qatnagan. 1945-yildan Qudrat Hikmat she’rlari o‘sha davr matbuotida nashr etila boshlagan.
1947-yilda esa Oybek tavsiyasi bilan xalq og‘zaki ijodini puxta o‘rganish maqsadida Samarqandga borib, Islom shoirning kotibi sifatida ish boshlaydi. 1950- yilda yosh shoirning ilk kitobi “Mening Vatanim” nomi bilan nashr etildi. Shundan so‘ng Qudrat Hikmat nafaqat matbuotdagi chiqishlari, balki birin-ketin chop qilingan “Baxtli bolalar”(1951), ”Obodlik”(1954), “Do‘stlik”(1955), ”Moskvaga sayohat”, ”Chirchiq”, ”Ilonshoh va uning amaldori Ari haqida ertak”, “Uch o‘rtoqning sovg‘asi”, ”Soatjonning soati ”(1964) kabi she’riy to‘plamlari orqali tanilib bordi. Qudrat Hikmatning mehnat faoliyati ham asosan, bolalar matbuoti va nashriyotlarida kechgan.
Qudrat Hikmat she’rlaridagi lirik qahramonlar obrazi, umuman bolalik olami ifodasi keng va mo‘l. Ularning ko‘pchiligi juda kichkina, hatto endi tili chiqqan-u shunda ham o‘z mulohazasiga ega. Shoirning “Ajoyib” she’ri shu jihatdan e’tiborli. She’rda lirik qahramonning kechinmalari kichkintoy qizaloqning xarakter
xususiyatini eng yorqin detallarda izohlay olishi orqali teranlashadi. U qizning do‘mbillab yurishini, chug‘irlashini behuda ta’kidlamagan. Demak qizchasi endi 3- 4 yoshga kirib, biyron gapirishga o‘tayapti. Ammo hali na o‘simliklar va na tabiat hodisalarini yaxshi tushunmaydi. Shu sababli osmondagi quyoshni ham o‘zining qo‘lidagi pufagi kabi tasavvur qiladi:
Talpinib der quyoshga Qarang ular katta shar Ustlariga o‘rashib Qo‘yishibdi tilla zar
Unga o‘rtoq yuboray Qulog‘iga gul taqib Bog‘imizdan ketmasin Boshqa yoqqa uloqib
Qizcha o‘z pufakiga gul taqib, yuqoriga uzatmoqchi. Quyosh boshqa yoqqa uloqib ketmasin tag‘in, degan xayol uni bezovtalantirgan. Shoir lirik qahramon tilidan qizchadagi ana shu holatni yorqin tasvirlaydi.
Qudrat Hikmatning ko‘pgina she’rlarida bolalar tilidan hikoya qilish ustuvor. Shoir she’rlarini o`qigan kattalar ham beixtiyor bolalar dunyosining sirli olamiga kirgandek his qiladi o‘zini. “Yomg‘ir va men” she’rida buni yaqqol ko‘rish mumkin:
Asfalt yo‘ldan kelardim Uyim ham yaqin
Bo‘ldi momoqaldiroq Chaqnadi chaqin
Yig‘lab tuya bulutlar Qochdilar qirga
Yo‘l yarqirar oynadek Uchrab yomg‘irga
Men o‘zimga qoyilman Bosib ancha yo‘l Botinkam yap-yangiday Bo‘lmapti hech ho‘l
Qudrat Hikmat bola tilida uning dilidagilarni shundaygina qofiyaga sola olgan. Bulutlarni tuyaga o‘xshatilishi, ularning qirga qarab qochishi esa aynan kichkintoy tasavvurlariga xos. Muhimi, bolajon botinkasining yomg‘irda yap-yangiday bo‘lishidan behad xursand. Bu detal shoirning kichkintoylar istagi va sodda tasavvurini yaxshi bilganligidan dalolatdir.
Qudrat Hikmatning bolalar uchun yozilgan ko‘pgina she’rlari kitobxonlarni o‘ylantiradi, ularni fikrlashga, hayot haqida mulohaza qilishga da’vat etadi. Jumladan, “Nok nusxa lampochka”, “Qo‘lqop kiygan askarga, o‘xshaydi mix polvon ham”, “Tog‘dan kelar pildirab, ariqlarda shildirrab”, ”Serhosil, qaychi
bargcha, xuddi bir qarich archa” kabi satrlari ko‘p jihatdan sodda topishmoqlarga o‘xshaydi.
Shoir she’rlarining badiiy olami ulardagi rang-barang tasviriy ifodalar, obrazlar orqali ko‘zga tashlanadi. Masalan,“Bahor” she’rida o‘ziga xos topilmalar mavjud:
Uchib yurar mayin shamollar, Yelpib- yelpib anhor yuzini. Qirg‘oqlarda soyabon tollar, Oyna suvda ko‘rar o‘zini.
Tong yellari o‘ynoqlab sekin, Jiydazorga kirib yo‘qolar Maysa o‘tlar tebranib sekin, Orqasidan kuzatib qolar.
Chumchuqlarning og‘zida cho‘p- xas, In qo‘yishar tutlar ustiga.
Ko‘kni quchgan teraklar to‘ymas, Oro berar kulrang po‘stiga
She’rni o‘qigan har qanday kitobxon uning estetik tasviri va jozibadorligini darrov ilg‘aydi. Bolalar she’riyatida fasllar to‘g‘risida ko‘plab she’rlar bitilgan. Ammo, shoir bahorni shunday tasvirlaydi-ki, natijada she’rning har bir misrasida yangi-yangi obrazlar jilolanadi. Bunda shoir tashxis san’atidan mohirona foydalanib, ko‘klam obrazini qaytadan inkishof etadi. Natijada, bahor o‘ziga oro, zeb berib, husnidan sarxush bo‘lgan go‘zal qiz timsolida yaxlit umumlashma obrazga aylanadi; tonggi shabboda, tol, maysa, o‘t-o‘lanlar, chinor va teraklar bir- birlarini kuzatadilar, ilhomlanadilar, yoki o‘zlarini yelpiydilar. Bunday tasviriy usul o‘quvchilarning xayolot olamini yanada kengaytirib, mushohadalashga o‘rgatadi. Shu bilan birga, yosh avlodga tabiat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlik va o‘xshashlikni anglashga yordamlashadi.
Qudrat Hikmat bolalar shoiri sifatida she’r ohangdorligiga katta e’tibor beradi. Uning “Eshak nega hangraydi?” she’rida dolzarb ijtimoiy g‘oya ham aks etgan. She’r mazmunidan hayvonlarning podshosi sanaluvchi Sher bir kuni o‘rmonda fil, tulki, kiyik, eshak va cho‘chqani chaqirib majlis qiladi. Ularga savol tashlaydi:
– Qaysi hayvon dunyoda Kuch-quvvatda ziyoda?
Boshqa hayvonlar nima deyishlarini bilmasdan, o‘ylanib qolishganda,”Eshak hangrab tepib yer: – Ho men, i-ho men der.” Sher uni chindan ma’qullab: “–mayli, sen zo‘r, ko‘p kuching!” deydi. Sher yana:
–Qaysi hayvon dunyoda Go‘zallikda ziyoda?!–
deb savol berganida, na bo‘rsiq, na jirafa, na kenguru biror marta gapga og‘iz ochmay, eshak yuqoridagi javobni qaytaradi.“Xo‘p, sen ko‘rkam”,– deb qutuladi Sher. Nihoyat, Bahsda go‘yo tong otar,
Sher so‘ng marta so‘z qotar:
– Dunyoda eng ahmoq kim? Majlis ahli qolar jim.
Bu gal ham el burundan Eshak turib o‘rindan
–I-ho men, i-ho men!– der
–Ha, sen o‘zing!– deydi sher.
Demak, shoir ahmoqlik belgilarini eshak xatti-harakatlari misolida aks ettiradi. Zukko o‘quvchi she’rdagi kinoyani tez payqaydi. Jamiyatda, insonlar orasida o‘zini dono sanaydigan nodonlar ko‘pligi va ularning kulgili ahvoli haqida xulosa chiqaradi. Kamtarinlik insonga kamol bag‘ishlashiga iqror bo‘ladi. Zotan, shoirning g‘oyaviy maqsadi ham shu. Qudrat Hikmat she’riyatning badiiy xususiyatlari
serjilo, shoir fikrlarni rassom singari chizayotganga o‘xshaydi.
Qudrat Hikmat “Ilon shoh bilan uning amaldori Ari haqida ertak” nomli she’riy- adabiy ertakda esa folklor motivlaridan keng foydalangan. Buni shoir quyidagicha e’tirof etadi:
Yangi emas bu ertak, Tinglang aytib beraman, Uni xalqdan olgandim, Xalqqa qaytib beraman…
Darhaqiqat, shoir bu adabiy ertakni yozishda xalq rivoyatiga asoslanadi. Ammo uni ifodalashda, obrazlarni tasvirlashda, voqea sujetini bayon etishda bolalarbop ohang, sodda tilni asos qilib oladi. Shoir ertak- rivoyat boshlanmasida dastlab, ilon, bo‘ri, tulki kabi hayvonlar fe’l-atvori, yashash tarziga ham e’tibor qaratadi. Shuningdek, qovoq arining “ayg‘oqchiligi”ni uzun kun g‘ung-g‘unglab turli mish-mishlarni shohga yetkazishi, hukmdor shoh Ilonning tulki kabi hiylakorlar ichida qanday siyosat yuritishni birma-bir ta’kidlab o‘tadi.
Xalq rivoyatiga ko‘ra, Ilon ariga eng shirin qonni aniqlashni buyuradi. Ari barcha jonzotlarning qonini birma-bir totib chiqqach, eng mazali qon insonning tanasida oqayotganini bilib oladi. Bu xushxabarni Ilonga yetkazish uchun shoshilib ketayotgan ariga duch kelgan qaldirg‘och, bu ma’lumotni sevinch bilan qarshi oladi va tilidan o‘pish bahonasida arining tilini uzib oladi. Shundan buyon xalq orasida ari nuqul “g‘ung‘illaydi”, qaldirg‘och esa inson tepasida in qo‘yib, osoyishta yashaydi, degan inonch bor.
Bu sujet Qudrat Hikmat she’riy -adabiy ertagida yangicha talqin, qo‘shimcha voqealar va obrazlar bilan to‘ldirilib, she’riy ifodalangan. Shoir bo‘rining yovuzlik, tulkining ayyorligini xalq ertaklari an’anasiga tayanib, teranroq ochib beradi..
Masalan, hukmdor shoh vaziri – tulkini yurt kezib, yerning xayrixohligini, sir- asrorini bilib kelishga yuborganida, tulki o‘z odati bo‘yicha ish ko‘radi. Avval qo‘raga ko‘z olaytiradi, g‘ozni yemoqchi bo‘lganida, it vovullab huradi. Shunda odamlar uni ushlab, kaltaklab uradilar. Arang qutulib qolgan tulki odamga nisbatdan kekini unutmaydi.
Yoki Ilonshoh do‘lga qolib, betob bo‘lganda tulki paytdan foydalanadi: qovoq ariga eng shirin qon topib kelish amrini buyuradi. Garchi adabiy ertak xalq rivoyatidagidek yakun topsa-da, arining qon ta’mini aniqlashdagi sarguzashtlari, ari va qaldirg‘och, qaldirg‘och va Ilon shoh muloqotlari yorqin voqealar ta’sirida jozibador hikoya qilingan. Natijada asar nihoyasidagi g‘oya tarbiyaviy xarakter kasb etadi: Ilon xilvatda baqa ovlaydi. Yuzi shuvut tulki esa har joyda pisib yuradi. U qush, odam bor joyda qorasini ko‘rsatmaydi. Ammo:
Katta-kichik qaldirg‘och, Uchib keng yer kaftida Yashar ekan shod- inoq. Har xonadon shiftida, Hanuzgacha insonlar, Uni chorlab qoshiga,
Sof dilligi tufayli, Ko‘tarishar boshiga.
Binobarin, xalq rivoyatidagi aqida she’riy ertakda yanada ta’sirchan tarbiyaviy g‘oyalarga boy tarzda aks etgan. She’riy ertakda fabula o‘zgarishsiz saqlansa ham shoir g‘oyaviy maqsadini allegoriya va antropomorfizm usullari vositasida ifodalaydi. Ya’ni, tulki, arining xatti-harakatlarida kinoya, istehzo yarq etib ko‘zga tashlansa, hayvonlar va qushlarning o‘zaro so‘zlashuvida, ularning hukmdor, vazir, soqchi va ayg‘oqchi kabi vazifalarni bajarishida insonga xos xususiyatlar mujassamdir. Bu esa o‘z navbatida, Qudrat Hikmat asarida ham ma’rifiy- axloqiy maqsadlarni singdirish imkoniyatini bera olgan. Zotan, bu kabi she’riy-adabiy ertaklar nafaqat xalq rivoyatlari talqini nuqtayi nazaridan diqqatga sazovor, balki, ular orqali bolalarga jamiyatdagi turli toifali insonlarning xarakter xususiyatlari, munosabatlari mohiyatini real ifodalashi bilan ahamiyatlidir.
Qudrat Hikmat bundan tashqari, “Chovkar”, “Toshbaqalar hujumi”, ”Qum ostida qovunlar” kabi she’riy ertaklarida ham xalq og‘zaki ijodining u yoxud, bu qirrasi zamonaviy masalalar omixtaligida talqin etiladi.
Zotan, Qudrat Hikmat she’rlaridagi voqeabandlik, obrazlilik qofiyalarning ixchamliligi, hatto, sodda tuzilishi, til xususisyatlari – barcha-barchasi shoir she’rlarining g‘oyaviy-badiiy emotsionalligini oshirishga xizmat qiladi. Hamchunin, Qudrat Hikmat she’rlarini o‘qib- ulg‘aygan o‘quvchi o‘z ona tilimiz boyliklaridan voqif bo‘lib, badiiy so‘z qudratini teran his etadi, Vatan va yurt iftixori bilan yashaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |