Farhod Musajon (1933-2013) – ko‘p qirrali ijodkor.
U 1933-yilning 19-dekabrida Toshkentda tavallud topgan, nosir, dramaturg va kinosenaristdir. 1956-yilga kelib, Toshkent Davlat universitetining Sharq fakultetini muvaffaqiyatli tugatadi. Respublika radiosi, televideniyasi hamda “O‘zbekiston madaniyati” gazetasi, “G‘uncha” va “Sharq yulduzi” jurnallarida ishlagan, “O‘zbekfilm” (1967) studiyasida xizmat qilgan. 1968-1970- yillarda Moskvada senaristlar Oliy kursida o‘qib, 1976-yildan esa “O‘zbekfilm”da turli lavozimlarda, “O‘zbekkino” aksionerlik kompaniyasida ishlaydi.
F. Musajonov adabiy ijodining boshlanishi 50-yillarning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. O‘z ijodini bolalarga she’r va hikoyalar yozishdan boshlaydi. “Daradagi qishloqda” deb nomlangan birinchi hikoyasi 1956-yilda chop qilingan. Uning “Oftobni quvalab”, “Bo‘sh kelma, Aliqulov!”, “Bir qultum buloq suvi” kabi qissalari va oltmishga yaqin hikoyalari mavjud.
Ayni chog‘da u kattalar uchun ham “Bu ko‘zlarga ishonsa bo‘ladi”, “Zo‘raki kashanda” kabi asarlarni yaratgan. Bundan tashqari, F.Musajonov dramaturg sifatida “Oq kabutar”, “Najot istab”, Hamza teatrida qo‘yilgan “Olifta”, “Xizmatingga hozirman”, “Talvasa” kabi dramalarni yozadi.
Shuningdek, “Jazirama oftob ostidagi uy”, “Birovning boshi”, “Minoralar ostidagi sirk”, “Ko‘zlarim yo‘lingda”, “Huvaydo”, “Askiya”, “Qiziqchi”, “So‘nmas ziyo” kabi senariylar muallifi hamdir. Uning “Dushanba, nonushtadan so‘ng” (1974), “Bog‘ ko‘chamni qo‘msayman” (1977), “Qilich va shamshir”, “Ko‘rgulik”, “Qilich va soz” (2000), “Lafz” (2003) kabi qissalari o‘z o‘quvchisiga ega.
Iste’dodli bolalar adibi, dramaturg va senarist F.Musajonov “Shuhrat” medali bilan taqdirlanadi (2000).
Farhod Musajonov taniqli bolalar adibi sifatida kichkintoylar uchun qator hikoyalar yozdi. Uning “Sovg‘a”, “Yaxshilik”, “Saxiy bog‘bon”, “Yomg‘ir” hikoyalari kichik maktab yoshidagi o‘quvchilarda katta qiziqish uyg‘ota oladi. Aytaylik, “Yaxshilik” hikoyasining qahramoni Erkin ismli maqtanchoq bola. U ko‘chada o‘ynab yurib, qo‘shnilari Pirmat boboning tuguncha ko‘tarib kelayotganini ko‘rib qoladi va hovliqib o‘rtog‘iga maqtanadi:
–Hozir-chi, men borib Pirmat bobomlarga yordam beraman. Qo‘llaridagi tugunchani ko‘tarib kelaman. Meni Pirmat bobo juda yaxshi ko‘radilar. “Aqlli bola ekansan, haqiqiy o‘quvchi shunday bo‘lishi kerak”,– deb maqtaydilar. Ishonmasang, men bilan yurgin, o‘zing ko‘rasan.
Bolalarga yaqinlashib qolgan Pirmat bobo Erkinning so‘zlarini eshitib qoladi. Shu sababli uyiga yetganidan keyin Pirmat bobo Erkinning qo‘lidan tugunchani oladi, lekin har galgidek, “Barakalla, rahmat bolam, aqlli ekansan”,– deb maqtamaydi. Faqat “Rahmat” deydi va engashib Erkinning qulog‘iga allanarsalar deb pichirlaydi.
Ha, Erkindagi maqtanchoqlik uning yaxshiligini yuvib yuborgandi. Pirmat bobo unga ana shuni tushuntiradi. Bu xususiyat Erkin tengi ko‘pchilik bolalarga xos, albatta. Bunday o‘quvchilar biror kishiga yordamlari tegsa, maqtanish uchungina qiladilar, go‘yo. Ammo buni ta’kidlash, o‘z yaxshiligini ko‘z-ko‘z qilish odobdan emasligi hikoyaning tarbiyaviy ahamiyatini belgilaydi.
F.Musajonovning “Yomg‘ir” hikoyasida ham asosan kichik yoshdagi bolalar orasida uchrab turadigan mug‘ombirlik, yalqovlik alomatlarining paydo bo‘lishi Erkinjon obrazi orqali ko‘rsatib berilgan. Yomg‘irli kunda issiqqina uyda mazza qilib derazadan ko‘chani tomosha qilib o‘tirgisi kelib, o‘zini kasalga solgan yosh qahramon o‘rnidan turgisi kelmaydi. Unga onasining: “Ha, nima bo‘ldi senga, kasal bo‘lib qolmadingmi?”– degan gapi xush yoqib, “Boshim og‘riyapti”,– deydi. Onasi ishga ketgach, u chaqirgan doktor keladi va Erkinjonga: “kasaling og‘ir, oldini olmasang bo‘lmaydi, ishing chatoq,”– deb haqiqiy tashxisni qo‘yib ketadi. Shu tariqa, Erkinjondagi yolg‘onchilik sababi yalqovlik ekani, qolaversa onasini mug‘ambirlik bilan aldagani har qanday kasaldan ham xavfli ekani anglashiladi. Shubhasiz, bu hikoya tahlili jarayonida o‘quvchilar o‘zida mavjud shu kabi nuqsonlarni tuzatishga, ya’ni o‘z “kasali”ni davolashga harakat qiladi. Erkinjondek izza bo‘lmaslik uchun yalqovlikdan qochishi ham tayin. Hikoyada doktor Erkinjonga: “Shu dorini ichsang, tuzalib ketasan”,– deydi. Bu dorining nima ekanligini zukko o‘quvchining o‘zi tushunib olishi lozim. Ya’ni, har ertalab barvaqt turish, badantarbiya bilan shug‘ullanish, jismoniy sog‘lomlik har qanday o‘quvchini yalqovlikdan qutqazadi. Shunda yolg‘on gapirishga ham o‘rin qolmaydi.
Yozuvchining “Saxiy bog‘bon” hikoyasida esa mehnatning haqiqiy maqtov hissini tuygan kichkintoy obrazi tasvirlangan. Odiljon otasi bilan birgalikda hovliga gul ko‘chatini o‘tqazishi, uni parvarishlab, g‘uncha tukkanidagi cheksiz quvonchi, nihoyat, g‘uncha uchi yorilib, qip-qizil piyoladay atirgulga aylanganidagi shodligi jonli aks etgan. Shunday kunlarda o‘zi tengi qo‘shnisi Shohista uni tug‘ilgan kuniga taklif qiladi. Oila a’zolari Odiljonning nima olib chiqishini maslahat qilishadi. Shunda dadasi:
Atirgulingni olib chiqaqol ,–deydi.
– Ho...– deydi Odiljon,– hali men Shohista uchun shuncha ovora bo‘lib gulni o‘stirgan ekanman-da. Kerak emas,– deb e’tiroz bildiradi. Shunda dadasi va buvisi ibratomuz fikrlar aytadi. Uning yolg‘iz o‘zi uchun ish qilishidan hatto xafa bo‘lishadi. Shohistaning gulni juda yaxshi ko‘rishini ta’kidlashadi. Odiljon shundagina rozi bo‘lib, qip-qizil atirgulini Shohistaga sovg‘a qiladi. Natijada hammadan shirin maqtov, yaxshi bog‘bon shunday saxiy bo‘ladi, degan gaplarni eshitib, xursand bo‘ladi.
Farhod Musajonov hikoyalarida shu tariqa, kichkintoylarning rang-barang olami bilan birga, ulardagi endigina kurtak ota boshlagan nuqsonlarning tuzalishi tasvirlanadi. Bunday hikoyalarning o‘rganilishi o‘quvchilarda axloqiy tarbiya namunasi sifatida e’tirofga sazovor. Hikoyalardagi badiiy so‘z mohiyati, ularda qo‘llangan o‘xshatish, gullarni parvarish qilish bilan bog‘liq tasvirlar esa o‘quvchining bu boradagi ma’rifiy sabog‘ini oshiradi. Qolaversa, yozuvchida kichkintoylar ruhiyati, ular olamidagi turfa ranglarni tasvirlay bilishi hikoyalarning jonliligini, qiziqarliligini ta’minlagan. O‘z navbatida, bu kichik yoshdagi o‘quvchilarning hikoyalar mazmunini tushunishi va undan o‘zi uchun kerakli bilimni olishiga yordam beradi.
Adibning “Bo‘sh kelma, Aliqulov!”, “Bir qultum buloq suvi”, “Orzuga ayb yo‘q” qissalari esa o‘smirlar kitobxonligidan keng o‘rin olgan. Unda o‘smir
yoshidagi qahramonlarning turli kechinmalari, kattalar bilan va o‘zaro munosabatlari goh yumoristik, goh hazin, yoxud jiddiy mushohadalar tarzida ifoda etiladi.
Farhod Musajonov asarlari rus, ukrain, qozoq va qoraqalpoq tillariga ham tarjima qilingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |