O‘ZBEK BOLALAR ADABIYOTINING SHAKLLANISHI Reja:
Milliy uyg‘onish harakatining bolalar adabiyotini yuzaga keltirishdagi roli
Abdulla Avloniy – islohotchi pedagog va bolalar shoiri
Hamza Hakimzoda Niyoziy – ma’rifatparvar bolalar shoiri
Elbek – bolalar shoiri, nosiri va islohotchi muallimi
MAVZUGA DOIR TAYANCH TUSHUNCHALAR: jadid, usuli savtiya, alifbo, masal, allegoriya, rus-tuzem, devon, g‘azal, poema, “Chig‘atoy gurungi”, jurnalistika, nazm, obraz, ramz.
Milliy uyg‘onish harakatining bolalar adabiyotini yuzaga keltirishdagi roli. O‘lkamizning ilmiy-ma’rifiy taraqqiyoti tarixida buyuk islohotlar ko‘p kuzatilgan. Miloddan yetti asr ilgari Xorazm zaminida yuzaga kela boshlagan “Avesto” ming yildan ziyodroq vaqt mobaynida O‘rta Osiyo xalqlarining nafaqat diniy, balki ma’naviy-ma’rifiy mayog‘i bo‘lib keldi. IX-XI asrdayoq yurtimizdan yetishib chiqqan Forobiy, Xorazmiy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abulqosim Zamaxshariy, Imom Ismoil Buxoriy singari o‘nlab mutafakkir allomalarning ilmiy- badiiy merosi nafaqat bizning, umuman, insoniyatning ma’naviy-madaniy taraqqiyoti uchun bebaho xazina sanaladi. Shuningdek, temuriylar davrida ilmiy kashfiyotlari bilan jahonga dong taratgan Mirzo Ulug‘bek, Ali Qushchi, Qozizoda Rumiy ilm-ma’rifat olamida yakdillik bilan e’tirof etiladi. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi mutafakkirlarning so‘z va qalam sehri ham dunyo tamaddunida alohida o‘ringa ega.
asrdagi O‘rta Osiyoning Buxoro amirligi, Xiva hamda Qo‘qon xonligidagi iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, diniy inqiroz va nizolarning oqibati, o‘lkaning jaholat va mustamlaka botqog‘iga botirgan edi. XX asr Sharqining eng mashhur, eng taraqqiyparvar harakati – jadidchilikka asos solgan Ismoilbek Gasprali to‘g‘ri e’tirof etganidek: “Shijoat maydonida Temurlarning, Shayboniylar ismi-shariflari unutilgani kabi ilm maydonida Ibn Sinolar, Farobiylar, maorif maydonida Ali Qushchi, Ulug‘beklar yoddan chiqib, butun Movarounnahr bir xonaqoyi parishon va diyori darveshon o‘lmish edi. Ilm, hilm, maorif izzat-nafs va haysiyat (hurmat-e’tibor) riyokorlikka aylangan edi...”
Alal-oqibat XIX asrning 90-yillarida yangi usuldagi maktablar tizimi Turkistonga ham yetib keladi. 1893-yili Ismoilbek Gaspralining o‘zi Buxoroga kelib, amir bilan uchrashadi va yangi maktab ochishga muvaffaq bo‘ladi. Chor hukumatining maqsad va intilishlariga zid bo‘lgan bunday maktablar Turkistonning boshqa o‘lkalarida ham birin-ketin ochila boshlaydi. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, 1907- yili Turkistonda 30 ta jadid maktabi bo‘lib, 1300 nafar bola o‘qigan. Rost, 1884 -yilda Toshkentda birinchi rus-tuzem maktablari ochilgan edi. 1892- yilda o‘lkada ularning soni 21 taga yetgan bo‘lsa, 1917 yilning boshlarida
170 tani tashkil qilgan.
Shunday bo‘lsa-da, “ikki buyuk asr oralig‘i”da o‘zbek bolalar adabiyotining chinakam mohiyatiga mos qiyofasi uch asosiy voqelik asosida qad rostladi. Birinchisi, davr adabiy hayotining yangilanishiga ko‘ra, Xorazmda Ogahiy,
Bayoniy kabi ijodkorlar tashabbusi bilan tarjima maktabining maydonga kelishidir. Shu munosabat bilan o‘nlab asarlar fors tilidan tarjima qilindi. Toshkentda mashhur hind eposi “Kalila va Dimna”ni Fazlulloh Almaiy (1852-1891), arab ertaklari “Ming bir kecha”ni Sidqiy Xondayliqiy (1884-1934) forschadan o‘zbekchaga o‘giradilar. Shuningdek, Murodxo‘ja domla tomonidan Sa’diy Sheroziy “Guliston”ining yangi tarjimasi amalga oshiriladi. Natijada, XIX asrning 80- yillarida L.N.Tolstoy, 90-yillarda A.S.Pushkin, A.A.Krillov nomlari badiiy tarjimalar orqali o‘zbek o‘quvchilariga tanila bordi. Keyinchalik bu adiblarning asarlari jadid maktablari darsliklariga ham kiritilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |