Muhokama uchun savollar
5.1.1.Kirishlar qanday ma’no vazifalarni ifodalaydi ?
5.2.1.Kirishlarning ifodalanishi.
5.3.1.Kirishlar va modal so’zlarning uzviy aloqadorligi.
6- MASALA . Kiritmalarning semantik-sintaktik xususiyatlari .
Darsning maqsadi: Kiritmalarning o’ziga xos xususiyatlari to’g’risida aniq tushuncha hosil qilish.
IDENTIV O’QUV MAQSADLARI:
6.1.Kiritmalarning ta’rifini aytib beradi ?
6.2.Kiritmalarning ma’no-vazifalarni bayon qiladi.
6.3.Kiritmalarni topib beradi.
6.4.Kiritmalarni tuzilishiga ko’ra tasnif qiladi .
6.5.Kirish va kiritmalarning farqli hodisalar ekanligini asoslab beradi.
6-masala bayoni:
Kiritma gap mazmuniga yoki uning ayrim bo’laklari ma’nosiga oid qo’shimcha izoh, ma’lumotlar beruvchi ifodalardir. Bular gap tarkibiga nutq jarayonida kiritilib, gap bilan logik-semantik jihatdan (grammatik emas) munosabatga kirishadilar. Kiritmalar ohang jihatdan mustaqillikka ega bo’ladi. Ular biror so’roqqa javob bo’lmaydi, sintaktik vazifa bajarmaydi,gap bo’lagi yoki qo’shma gapning biror komponenti hisoblanmaydi. Kiritmalar tushunilishi qiyin yoki notanish so’zlar ma’nosini, ayrim leksik birliklarning etimologiyasini izohlash, so’zlovchining sub’ektiv, emotsional munosabatini ifodalash, xabar manbaini ko’rsatish, qo’shimcha ma’lumotlar berish uchun xizmat qiladi: Boshidagi qalampir nusxa qora do’ppisi ham (na chust nusxaga o’xshaydi, na marg’ilon nusxaga) yangi. «Iqbol» ko’rik tanlovida Nargiza Muhammedova (filologiya fakultetidan– 1-o’rin), Nilufar Ahmedova (pedagogika fakultetidan - 2-o’rin) va Mamlakat Pochchaeva (Chet tili fakultetidan -3-o’rin)lar g’olib chiqishdi.
Kiritmalar tuzilishiga ko’ra uch tipga bo’linadi: kiritma so’zlar, kiritma birikmalar, kiritma gaplar.
1) kiritma so’zlar ayrim mustaqil so’z shaklida bo’ladi. Saida Sultonova snayper(mergan) bo’lib jang qildi.
2) Kiritma birikmalar so’z birikmasi shaklida bo’ladi: U (safardan qaytgan kishi) … juda mayda odatiy voqealarni ham qoldirmay so’zlar edi.
3) Kiritma gaplar gap shaklida bo’ladi: O’rmondan (u erda yirtqich hayvonlar bor edi) bo’kirgan va uligan ovozlar eshitildi.
Kiritmalar kirishlardan farq qilib gap boshida kelmasligi bilan xarakterlanadi. Ular ko’pincha gap ichida, ba’zan gap oxirida keladi. Kiritmalar gaplarning barcha tiplari tarkibida kelishi mumkin. Ba’zan bir gap (ko’proq murakkablashgan gaplar) tarkibida bir necha bo’lishi ham mumkin: Mehmonxonaga joylashib, soqol-mo’ylovlarini olib (ochil sho’x xarakatlar bilan yuzini siladi) keyin agitator sifatida (u ko’kragini kerdi) salobat bilan kirib bordi.
Do'stlaringiz bilan baham: |