3. Urug‘chilik ishlarini tashkil etish bo‘yicha maslahatlar
Urug‘chilikda xizmatlarni xalqaro miqyosga olib chiqish hamda bu sohani jahon integratsiyasiga qo‘shish uchun qonunlarimizdan tashqari navlarni sinash hamda urug‘larni tahlildan o‘tkazish bilan bog‘liq bo‘lgan me’yoriy hujjat va uslubiyatlarni takomillashtirish lozim.
Biz bunga erishsak, navlarni muhofazalash Xalqaro ittifoqqa a’zo bo‘lishimiz mumkin. Bu o‘z navbatida respublikamiz olimlari yaratgan navlarni xalqaro bozorda muhofazalash kafolatini berishi mumkin.
Ushbu yo‘nalishda qabul qilingan qonunlar mamlakatimizda bo‘layotgan islohotlarni o‘z ichiga qamrab olgan. Bundan tashqari ushbu qonunlar asosida respublikamiz urug‘chilik siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan.
1996 yilda qabul qilingan Vazirlar Mahkamasining 328-sonli qarorida urug‘chilikdan fermerlar kengroq foydalanishi nazarda tutilgan. Bu qarorda xususiy sektor urug‘chilikdagi barcha yo‘nalishlarni qay tarzda olib borilishi aniq ko‘rsatilgan. Qabul qilingan qonunlar va qarorlarga hech qanday o‘zgarishlar kiritishga zarurat yo‘q. Aksincha, mas’ul tashkilotlar, olimlar va mutaxassislar tomonidan fermer uchun zarur bo‘lgan me’yoriy hujjatlar, uslubiy qo‘llanma va yo‘riqnomalarga zarur o‘zgarishlar kiritib, tezroq amaliyotga tadbiq qilish zarur. Bu holda albatta, seleksiya va urug‘chilikda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 1998 yil 25- noyabrdagi 491-sonli qarori bilan urug‘lik yetishtiruvchi xo‘jaliklar, seleksioner olimlar va urug‘chilikda ishtirok etuvchi sub’yektlarning moddiy manfaatdorliklarini oshirish maqsadida 1999 yil hosilidan boshlab, elita urug‘lik paxta uchun 100 foiz, birinchi reproduksiyaga 75 foiz, ikkinchi reproduksiyaga 50 foiz, uchinchi reproduksiyaga 25 foiz paxta xom ashyosining xarid narxlariga qo‘shimcha haqto‘lanmoqda.
Ustama haqlar ikki bosqichda urug‘lik paxta tayyorlanganda birinchi bosqichda 50 foizi, urug‘lik paxta tozalanib, chigitlar saralanib, dorilanib muvofiqlik sertifikatlari berilgandan so‘ng 2- bosqichda qolgan 50 foizi to‘lanadi.
Birinchi bosqichda ustama haq 100 foiz urug‘chilik xo‘jaliklariga berilsa, 2- bosqichda esa to‘lanadigan mablag‘ 100 foiz hisoblanib uning 40 foizi xo‘jalikka, 10 foizi elita urug‘chiligi laboratoriyalariga, 30 foizi nav mualliflari va urug‘lik yetishtirishga aloqador sub’yektlariga, 10 foizi «O‘zpaxtasanoat» uyushmasining urug‘lik tayyorlagan zavodlariga, 10 foizi urug‘chilikni tashkil etuvchi Respublika paxta urug‘chiligi boshqarmasi va uning viloyat bo‘limlariga ajratiladi.
Urug‘lik uchun ekilgan maydonlarda qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining buyrug‘iga asosan kelgusi yilda foydalaniladigan navlarning yetarli miqdorda urug‘lik fondlarini yaratishni hisobga olgan holda belgilangan maydonlarda g‘o‘za aporobatsiyasi natijasida nav tozaligi, kutilayotgan umumiy hosildorlikning, shu jumladan urug‘lik paxta miqdori aniqlanib hujjatlashtirildi. Respublikada aporobatsiya yakunlari jamlanib tahlil qilingandan so‘ng qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi va «O‘zpaxtasanoat» uyushmasining urug‘lik paxtani navlar, avlodlar bo‘yicha tayyorlash to‘g‘risida qo‘shma buyrug‘i chiqarildi.
Urug‘lik uchun teriladigan paxta umumiy kutilayotgan hosilning 40-45 foizidan oshmasligi lozim, aks holda urug‘likning sifat ko‘rsatkichlari pasayadi. Urug‘lik paxta mutaxassislar nazoratida tanlanib, namligi 8 foizga yetkazilguncha quritilib paxta qabul qilish korxonalarida tekshiriladi. Paxta tozalash korxonalari aporobatsiya komissiyasining aktiga asosan navlar, avlodlar, sinflar bo‘yicha alohida-alohida buntlarda jamg‘ariladi.
Respublikadagi barcha soha mutaxassislari va olimlarini O‘zbekistonda paxta urug‘chiligi industriyasini rivojlantirish masalasiga jalb etish maqsadida, Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tashabbusi bilan Toshkentda «O‘zbekiston Respublikasida paxta urug‘chilik industriyasi tajriba va muammolari»ga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazilmoqda. Anjumanni o‘tkazishdan asosiy maqsad Agrokompleks tarkibiga kirmagan vazirliklar, Respublika tashkilotlari, O‘zbekison Respublikasi Fanlar akademiyasi va uning institutlari hamda konstruktorlik byurolarini urug‘chilik muammolarini yechishga jalb etishdan iborat edi.
Natijada bugungi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Polimerlar fizikasi va ximiya instituti, iqtisodiyot instituti bilan birgalikda urug‘lik chigitlarni 1980 yildan boshlangan kapsulalash texnologiyasini tubdan yangilangan variantlarini, «Paxtasanoatilm» markazida yarim tuksizlantirilgan, qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash va elektrlashtirish (O‘zMEI) institutida urug‘lik chigitni qobiqlash texnologiyalari, Toshkent mashinasozlik aksionerlik jamiyati laboratoriya "Djin"larini yangi eksperimental nusxalarini yaratish nihoyasiga yetkazildi.
Kapsulalangan urug‘lik chigit Surxondaryo viloyati Qumqurg‘on tumanidagi S.Boymatov nomli xo‘jaligida sinab ko‘rilib, chigit ekish maydoni kengaytirilib, Qashqadaryo, Namangan, Jizzax, Farg‘ona viloyatlarida ham sinab ko‘rildi.
Urug‘lik sifatiga salbiy ta’sir qiluvchi yana bir sabab, bu qonun osti hujjat hisoblangan qo‘llanma, standart yo‘riqnoma va uslubiyatlarni yangilashni muvofiqlashtiruvchi yagona tashkilot yo‘qligidir. «Urug‘chilik to‘g‘risida»gi qonunda tayyorlangan urug‘larni eksport qilish qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi xulosasi bilan amalga oshiriladi, deb ta’kidlangan bo‘lsa, bu masalani aniqlab beruvchi normativ hujjat yo‘q bo‘lganligi sababli, eksportni amalga oshirish va urug‘larni jahon bozoriga chiqarish imkoniyati bo‘lmayapti. Yoki, "Seleksiya yutuqlari to‘g‘risida"gi seleksion nav uchun muallif tomonidan olinadigan mukofot hisoblanadi. Biroq barcha qishloq xo‘jalik ekinlari navlari uchun aniq mukofot mablag‘larini taqsimlovchi mexanizm hali ishlab chiqilmagan. Faqat oxirgi yillarda paxtachilikda mualliflarni rag‘batlantirish tizimi ishga tushirildi, bu mexanizmni yanada takomillashtirish zarur.
Do'stlaringiz bilan baham: |