QISHLOQ XO’JALIGIDA QO’LLANILADIGAN MIKROO’G’ITLAR
Borli o’g’itlar. Borli mikroo’g’itlar har xil tuproqlardagi turli o’simliklar uchun juda zarur o’g’itlardan biri hisoblanadi. Bunda bor birikmalari juda kam miqdorda (1 gektar yerga 1 — 1,5 kg) solinib, ko’pincha juda yaxshi natijalarga erishiladi.
V.R. Vilyams nomidagi yem-xashak instituti xodimlari azot, fosfor, kaliyli o’g’itlar solingan qumoq—ohakli tuproqlarda tajriba o’tkazdilar. Bor birikmalari ishlatilmaganda, 1 gektar yerdan 0,5 sentner beda urug’i olindi. Gektariga 1,5 kg bor birikmasi solingan daladan esa 3 barobar ko’p, ya’ni 1,7 sentnergacha hosil olindi. Xuddi shunday sharoitda 2 marta ziyodroq bor solinganda, gektaridan 0,8 sentner o’rniga 4,7 sentner, ya’ni 6 marta ko’proq beda urug’i olindi.
Ohakli va ohaklangan tuproqlarga borli o’g’itlar juda yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Masalan, zig’ir ekilgan tuproq ohaklanganda ko’pincha u bakterioz kasalligi bilan zararlanadi (ohak tarkibida kalsiy bo’lib u bakteriyalarning rivojlanishini kuchaytiradi). Olimlar o’simlik bor mikroelementiga kuchli muhtoj bo’lganda bakterioz kasalligi sodir bo’lishini aniqladi. Bor bakterioz kasalini qo’zg’atuvchilarga qarshi kurashib, o’simliklarga yordam beradi.
Urug’ hosili 2 martadan ziyodroqqa ko’paydi, tola sifati yaxshilandi. Bundan tashqari, mikroelement qo’llangan uchastkalarda zig’ir erta gulladi va tezroq pishib yetildi. Keyinchalik bunday tajriba ko’pchilik xo’jaliklarga tarqaldi va oldingi yillarga qaraganda zig’ir urug’i va tolasidan yuqori hosil olina boshlandi.
Borning yana bir ajoyib xususiyatlaridan biri tuproqqa oziq elementlar (N:P:K) noto’g’ri nisbatlarda solinsa, bor birikmalari bu tengsizlikni barobarlashtiruvchi sifatida ta’sir etadi. Azotli almashinish tiklanadi. Shu narsa juda muhimki, bor birikmalari va ohak solingan uchastkalarda o’stirilgan zig’irning urug’i birinchi yildagina emas, balki bundan keyingi yillarda ham yuqori hosil berish imkoniyatiga ega bo’ldi. Zig’irdan boshqa ekinlarga ham bu mikroo’g’it ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Ko’pgina hollarda qand lavlagisi “o’zak chirishi” kasalligi bilan kasallanib turadi. Bu kasallik boshlanish paytida o’simlikning o’rta qismida joylashgan yosh barglar so’liydi va o’rala boshlaydi, so’ng qorayib qurib qoladi. Natijada barg bandining o’zi qoladi. Ko’pgina hollarda tuproqda o’simliklar oson o’zlashtira oladigan bor birikmasi kamayib ketsa, bu kasallik yuzaga keladi.
Bor yetishmasligi natijasida kartoshka o’simligi ham “parsha” deb nomlangan kasallikka chalinadi. Borli o’g’itlar qo’llanilganda esa bunday kasallik batamom yo’qoladi.
Borli mikroo’g’itlar jumlasiga borat kislota, bor-magniyli o’g’it va borli superfosfatlar kiritiladi (8.4.1 - jadval).
Do'stlaringiz bilan baham: |