Nazorat uchun savollar
1.Transfert tushunchasi?
2.Qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalar transferti?
3.Innovatsion texnologiyalar transferti bosqichlari?
4.Agrosanoat majmuida innovatsiyalar transfertini takomillashtirish yo‘llari?
5.Innovatsion ishlanmalarni amaliyotga tadbiq etish yo‘llari?
6.Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar samaradorligi?
7. Innovatsion faoliyat sub'ektlari faoliyatini maqbullashtirish?
8.Agrobiznesda innovatsion faoliyat tashkil etish holati tahlili?
10-MAVZU. AGROBIZNESDA INNOVATSIN FAOLIYATNING TASHKILIY-IQTISODIY MEXANIZMLARI
1.Agrobiznesda innovatsion siyosatni amalga oshirish yo‘nalishlari.
2.Agrobiznesda innovatsion faoliyat yuritish tizimi.
3.Agrobiznesda innovatsin faoliyatning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish
Tayanch so‘zlar: ilmiy faoliyat, bosqich, innovator, xususiyat, taraqqiyot, qaror, fan-texnika, tendensiya, samaradorlik, tadqiqot, ishlanma.
Dunyodagi zamonaviy taraqqiyot tendensiyasi shuni ko‘rsatmoqdaki, iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishini rag‘batlantirish, ilg‘or ilm-fan yutuqlarini iqtisodiyot tarmoqlariga joriy qilish barqaror iqtisodiy o‘sishning bosh omili hisoblanadi. Masalan, hozirgi kunda GFRda YaIMning 2,7%ini, AQShda -2,8%ini va Yaponiyada 3,5% ini aynan innovatsiyalarni rivojlantirishga qaratilayotgani yuqoridagi fikrning yaqqol dalilidir.
Ushbu sohada to‘plangan tajriba va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasida innovatsion faoliyatni yanada rivojlantirish yo‘lida bir qator muammolar mavjud bo‘lib, ular ichida ayniqsa, innovatsiya faoliyatini tartibga soluvchi alohida qonun hujjatining yo‘qligi; ayniqsa, innovatsiyalarni yaratuvchi sub'ektlarga va innovatsiyalardan foydalanuvchilarga tegishli imtiyozlar beruvchi va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ko‘zda tutilmaganligi bu borada zudlik bilan hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalardan biri hisoblanadi23.
Bir so‘z bilan aytganda, innovatsiyalarning hayotimizga keng kirib kelishi yo‘lida hali qator tashkiliy-huquqiy ishlarni amalga oshirilishi lozim. Bunda “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi qonun loyihasini tezroq qabul qilishni bugungi davrning o‘zi taqozo etib turibdi.
Shu maqsadda maxsus tuzilgan ishchi guruhi tomonidan taqdim etilgan “Innovatsion faoliyat to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ana shu huquqiy bo‘shliqni to‘ldirish maqsadida ishlab chiqilgan.
Qonun loyihasi qator progressiv normalarni o‘z ichiga olgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi innovatsion faoliyat sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat. Unda, eng avvalo, innovatsiyalar va innovatsion faoliyat bilan bog‘liq asosiy tushunchalarning ta'riflari keltirilgan hamda ushbu sohada davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish tamoyillari shu bilan birga mexanizmlari ochib berilgan. Qonun loyihasida shuningdek, innovatsiyalar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish bilan shug‘ullanuvchi asosiy organlar hamda ularning vakolatlari nimalardan iboratligi birma-bir sanab o‘tilgan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va boshqa vakolatli organlarning bu sohadagi vakolatlari, innovatsion faoliyat sub'ektlarining huquq hamda majburiyatlari ko‘rsatilgan.
Shu bilan birga, innovatsion faoliyatni amalga oshiruvchi jismoniy shaxslar, ularning huquq va majburiyatlari ham qonun loyihasida ko‘rsatib o‘tilmoqda.
Shu kunlarda mazkur qonun loyihasi keng jamoatchilik muhokamasidan o‘tmoqda. Jumladan, Toshkent Davlat Texnika universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, Fanlar Akademiyasi, Fan va texnologiyalar agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va boshqa qator tashkilot va muassasalarda ushbu qonun loyihasi yuzasidan muhokamalar tashkil qilinib, unda keng jamoatchilik, mutaxassislar, ekspertlar, deputatlar, olimlar, shu jumladan, yosh olimlar ishtirok etmoqda.
Bildirilgan takliflar ishchi guruhi tomonidan diqqat bilan o‘rganib chiqiladi va ularni umumlashtirish asosida qonun loyihasi takomiliga yetkazilib, ko‘rib chiqish uchun Qonunchilik palatasiga taqdim etiladi.
Mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tashkil etildi.
Vazirlikning tashkil topgan vaqti: 2017 yil 29 noyabr.
Vazirlik tashkil etilishining huquqiy asosi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida»gi 2017 yil 29 noyabrdagi PF-5264-son Farmoni.
Vazirlik maqomi: O‘zbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirishga, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
O‘tgan vaqt davomida innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar asosida iqtisodiyotning barcha tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal innovatsion rivojlantirishni ta'minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, ularning yanada rivojlanishini ta'minlovchi normativ-huquqiy bazani yaratish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 3 ta farmoni, 11 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 8 ta qarori va 4 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjatlari (jami26ta) tasdiqlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi PF-5308-son Farmoni 3-bandi ijrosi ta'minlash maqsadida Vazirlik tomonidan O‘zbekiston Respublikasining «Fan to‘g‘risida»gi hamda «Innovatsion faoliyat to‘g‘risida»gi Qonunlari loyihalari ishlab chiqildi. Mazkur qonunlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. O‘zbekiston Respublikasining «Fan to‘g‘risida»gi Qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishdan so‘ng qabul qilindi. Ayni paytda ushbu Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash ishlari amalga oshirilmoqda.
2018 yilning mart oyi boshida «Fan to‘g‘risida»gi Qonun loyihasiga Interaktiv davlat xizmatlari yagona portalidagi «O‘zbekiston Respublikasining normativ-huquqiy hujjatlarini muhokama qilish» (regulation.gov.uz) veb-sahifasiga joylashtirildi va u fuqarolarning juda keng muhokama mavzusiga aylandi. Ushbu Qonun loyihasi 2210 ta izoh qoldirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasi sifatida yetakchi o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 5 maydagi PQ-3697-son «Innovasion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalarni amaliy joriy qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Toshkent shahri, Andijon, Farg‘ona, Namangan, Jizzax viloyatlarida innovatsion loyihalar-startaplarni ishlab chiqish, sinovdan o‘tkazish va o‘zlashtirish, innovatsion faoliyat natijalarini transfer qilish va tijoratlashtirishni amalga oshiruvchi innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalar markazlari tashkil etildi.
Davlat-xususiy sherikchilik asosida Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan hamkorlikda o‘z faoliyatini boshlagan Namangan shahridagi «Innovatsiya markazi» shahar markazida joylashgan bo‘lib, belgilangan talablarga javob beradigan moddiy-texnika bazaga ega hamda hozirgi kunda ushbu markazda 10 dan ortiq xodim faoliyat olib bormoqda.
Xorazm viloyati hokimligi huzuridagi hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalarni transfer kilish markazi «Xorazm viloyati va Xiva shahrining turistik salohiyatidan samarali foydalanish va uni yanada oshirish strategiyasini ishlab chiqish» mavzusida amaliy ilmiy-texnik tadqiqotlar loyihasini bajarmoqda.
Respublika hududlarida faoliyat yuritayotgan o‘quv muassasalaridagi internetga ulanish, hamda o‘quv, axborot, ta'lim va zamonaviy onlayn darslik va ma'lumotlarni olish bo‘yicha mavjud muammoni hal qilish maqsadida «Internet Q-Box» loyihasi ishlab chiqildi.
Mazkur loyiha joriy etiladigan Surxondaryo viloyatida 100 ta maktab belgilab olindi. Moslamalarga joylashtiriladigan kontent Xalq ta'limi vazirligi multimedia markazi tomonidan taqdim etildi.
Q-Box moslamalarini xarid qilish va yetkazib berish maqsadida 2018 yil 28 sentyabrda «Realan computer products limited» kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Innovasion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan 2 oktyabr kuni 83244,60 AQSh dollari miqdorida oldindan dastlabki to‘lov amalga oshirildi.
Agrar sohaga innovatsion g‘oyalar, ishlanma va texnologiyalarni joriy etib, qishloq xo‘jaligi ekinlarining yangi seleksiya navlarini yaratish maqsadida Xalqaro-urug‘chilik Federatsiyasi va boshqa urug‘chilik assotsiatsiyalari bilan aloqalar o‘rnatildi. Ushbu tajribadan kelib chiqib, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan, Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida ham urug‘chilik klasterlarini tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Mazkur maqsadlarni amalga oshirish uchun har bir klasterga 10 mln. AQSh dollaridan,jami 60 mln.AQSh dollari ajratilmoqda. Turkiyaning «Agrobest» va Yaponiyaning «Musashino Seed Co., Ltd.» kompaniyalari bilan hamkorlikda urug‘chilik klasterlarini tuzishga kelishilmoqda.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi 723-son Qarori bilan Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan Andijon viloyati Marhamat tumanida yangi turdagi yuqori oqsilli omixta yem ishlab chiqarishning innovatsion texnologiyalarini joriy etish, dorivor o‘simliklar o‘stirish uchun plantatsiyalar tashkil etish va qurilish materiallari uchun tez o‘suvchi daraxtlarning yangi turlari (pavloniya)ni ko‘paytirish, farmatsevtika sanoati uchun biologik faol qo‘shimchalar olishga qaratilgan dorivor o‘simliklarni qayta ishlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari, biogaz uskunalari, suv chiqarish moslamalarini yaratish kabi vazifalarni bajarishga ixtisoslashgan, shuningdek, fermerlarni qishloq xo‘jaligi sohasidagi innovatsion texnologiyalar bilan tanishtirishga mo‘ljallangan maslahat punktlarini o‘z ichiga olgan Innovatsion poligon tashkil etiladi.
Davlat-xususiy sherikchilik asosida «Qo‘qon klaster» va «Qarshi-klaster» urug‘chilik korxonalarini tashkil etish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori loyihalari tayyorlandi. Mahalliy investorlar “Sidbad” MChJ va “Kamol Sulton” f/x tomonidan mazkur loyihalar uchun 2,5 mln. AQSh dollaridan investitsiya kiritish ko‘zda tutilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |