Adabiyotshunoslik tarixida
tazkirachilikning o‘rni
Tazkirachilik tarixi shoirlar tazkirasi, valiylar tazkirasi, dabirlar va adiblar yoki olimlar tazkirasi kabi turlarda yoyilgan. Shundan nisbatan keng tarqalgani tazkiratu-sh-shuaro (shoirlar tazkirasi) va tazkiratu-l-avliyolardir. Shuning uchun ham mazkur antologiya ikki qismga ajratilib, ularning har birini tarixan tasavvur qilishni engillashtirish maqsadida yuzyilliklar (asrlar) bo‘yicha tasnif qilish ma’qul ko‘rildi (zero, bunday usul Sharq tazkirachilik tarixida mavjud123). To‘g‘ri, tazkiralarni asrlar bo‘yicha tasnif qilish ilm uchun u qajar ahamiyatsizday ko‘rinishi mumkin, biroq tazkiralarda ko‘proq mualliflar o‘zining yaqin o‘tmishdoshlari va asosan, zamondoshlari haqida ma’lumot berganlari tufayli, birinchidan, muallifga zamondosh bo‘lgan ijodkorlar tarjimai hollari, ijodi va adabiy jarayondagi o‘rnini aniqlashda yordkm berishini; ikkinchidan, bizning adabiyotshunosligimizda etarli o‘rganilmagan adabiy muhit mohiyati va qamrovi masalalarini tadqiq etishda; uchinchidan esa, adabiyot tarixining u yoki bu mammolarini yoritishda tezroq foydali bo‘lishi uchun ushbu yo‘l tutildi. Qolaversa, ko‘rsatkichlar alifbo tartibida tuzilgani uchun ushbu tartibda ish ko‘ruvchilar uchun ko‘rsatkichlardan mundarija sifatida ham foydalanishlari mumkinligi nazarda tutildi. Demak, avval asar nomi va yozilish sanasi, muallifi va uning hayoi sanalari, ushbu tazkira tavsifi, muallifning qisqa hayoti sanalari, ustozlari, ilmiy maktabga mansubligi va asarlari ham tasnif etildi. Ushbu risolada birinchi marta o‘zbek adabiyoti tarixida muhim o‘rin tutgan yoki adabiyotimizga ta’siri benazir bo‘lgan ayrim tazkiralarda tilga olingan ijodkorlar nomlarini asardagi ketma-ketlik bo‘yicha nomma-nom sanash tajribasi qo‘llanildiki, bundan murod adabiyot tariximizda etarli yoritilmagan ijodkor shaxslar haqidagi manbalardagi barcha fikrlarni to‘plash va ularni qiyosan o‘rganish mumkin bo‘lsin. Shu vaqtga qadar umumEvropa yoki Amerika adabiyoti tarixiy shaklda yaratilgan bo‘lsa ham umumOsiyo adabiyoti, hech bo‘lmasa musulmon Sharqi adabiyoti hatto davrlar bo‘yicha umumlashtirilmaganini hisobga olganda mazkur ishning ro‘yobga chiqishi jadallashuviga xizmat qilar degan umidda ushbu tasnifotga qo‘l urildi.
“Inna hozihi tazkiratun...” oyati karimasiga asosan, ushbu kitobga Markaziy va Kichik Osiyo, Yaqin va O’rta Sharq mamlakatlari, Kafkaz va Kafkazorti mamlakatlarida IX asrdan boshlab XX asrning oxiriga qadar arab, fors va turk (o‘zbek) tillarida yozilgan tazkiralar jamlandi. Ilk tazkiralar arab tilida yozilgani va ularning mualliflari sifatida Jumahiy, Ibn Qutayba va Ibn Mu’tazz ekani manbalardan ma’lum. Marzuboniyning “Mu’jamu-sh-shuaro” tazkirasi adifbo tarzida tartib berilgan ilk tazkiradir. Ilk arab tazkiralarida qadimgi shoirlar bo‘lib, ularda muallifga zamondosh shoirlarga o‘rin berilmagan (1); bu tazkiralar antoliya shaklida yaratilgan, bu she’riy namunalar unutilib ketmasligi nazarda tutilgan (2); shoirlarning shaxsiyati va qaerdan ekanligiga alohida ahamiyat qaratganlar (3); tazkiralarning muqaddimalarida she’r va shoirlik haqida ma’lumotlar berilgan (4).
Fors tilidagi ilk tazkira Avfiy Buxoriy (1171–1233)ning “Lubobu-l-albob” (“Bilimlar mag‘zi”) bo‘lib, u Buxoro va Xorazmda boshlanib, 1222–23 y.da Hindistonda yakunlangan.
Mutaxassislarga ma’lumki, turkiy tildagi ilk tazkira Hazrat Navoiy qalamiga mansub bo‘lib, Hirot tazkira maktabining an’analari so‘ngra Movarounnahr, Kichik Osiyo, Kafkaz va Hindistonga tarqalgan.
Markaziy Osiyoda Avfiy Buxoriyning “Lubobu-l-albob” tazkirasidan Po‘latjon domlaning “Tazkirai Qayyumiy” (1960) asarigacha, Ozarboyjon va Eronda Som Mirzoning “Tuhfai Somiy” tazkirasidan G’ulom Mamadlining “Tazkira”siga qadar, Hindiston va Pokiston hududlarida ning “Nusxai zeboi Jahongir”dan tortib Oftobroy Lakhnaviyning “Riyozu-l-orifin” (1982)ga qadar, Abu Abjulloh Jumahiyning “Tabaqatu-sh-shuaro”sidan Misrda an’anaviy tazkirachilik maktabining yangilanishiga sabab bo‘lgan Jirji Zaydon asarigacha bo‘lgan tazkirachilik jarayoni qamrab olindi. Arab tilidagi ilk tazkiralar deyilganda butun arab dunyosi emas, balki fors va turk tazkirachiligi taraqqiyotiga ta’sir ko‘rsatgani uchun ularning ilk namunalari yoki bevosita hududiy jihatdan forsiy va turkiyzabon ijodkorlarni qamrab olingani uchun ham tanlab olindi.
Tasnif tartibi: Avval asrlar, so‘ngra yillar tartibida tazkiraning nomi va hozirgi o‘zbek tiliga tarjimasi, muallif ismi-sharifi, mazkur tazkira haqida ma’lumot, muallif hayoti va boshqa asarlari xususida; tazkira mundarijasi (undan o‘rin olgan shoirlarning ismi-shariflari muallif bergan tartibda), asarning manbalari (saqlanish o‘rni va raqami bilan) va u haqdagi adabiyotlar. Agar shu muallifning boshqa tazkiralari, unga zayl (ilova, davomi) va tataimma (qo‘shimcha)lar bo‘lsa, ular ham davriy tartibda keltirildi. Tasnifga olingan ayrim asarlar bevosita shoirlar tazkirasi hisoblanmasa ham (mas., Nizomiy Aruziy Samarqandiy “Chahor maqola”, Abdurahmon Jomiy “Bahoriston” v.b.) ularlarning ayrim boblari tazkirachilik an’analari bo‘yicha tartiblangani uchun, o‘z zamondoshlari va zamonaviy tazkirashunoslar ro‘yxatlariga kiritilgani uchun ham ularni tazkira tartibida tasnifga kiritdik. Manbalarida ayrim noaniqliklar ko‘rinishi, tavsiya etilgan adabiyotlar to‘la bo‘lmasligi mumkin. Buning uchun avvaldan uzr so‘ragan holda uni isloh qilishga qaratilgan taklif va mulohazalarni keyingi nashrlarda hisobga olishga harakat qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |