Xunka adabiyoti. Yaponlarning ma’lum qismi XII-XIII asrlarda (sharqona ritsarlik) samuraylik qonunlari bo‘yicha yashab, dushman guruhlar hokimiyat uchun o‘zaro qirg‘in urushlar qilganligi “Xeyke monogatari” (“Tayr qissasida”)da, “Xogen monogatari”, “Xeydzi monogatari” asarlarida badiiy aksini topdi. Samuriylar jangi haqida qissalar Yaponiyada “xunka adabiyoti” deyiladi. Bu asarlar poetikasida jangovarlik, jasurlik, kuch-quvvat, mubolag‘a, fantastika, romantizm ruhi hukmronlik qiladi. Lekin mualliflar hozirgi o‘quvchilar kutganiday, jangovar, jasur samuraylarni maqtamaydi, aksincha, ular bor kuch-g‘ayrati, iste’dodi, qobiliyatini arzimas va tuban ishlarga, urush-qirg‘inlarga sarflab, hayotini hazon qilganligi afsuslanarli ekanligi bildiriladi. Bu jangovar odamlarga ham mualliflar buddaviylik falsafasi va umuminsoniy ideallar, gumanizm mavqeidan turib qaraydilar127.
N.I.Konrad “Ise monogatari” asarini yigirma yoshlarida M.Gorkiy etakchiligida boshlangan “Jahon adabiyoti kutubxonasi” loyihasiga kiritgan edi. Bu asarning har sohasida badiiy nasr va she’r aralashib keladi. Asosiy mavzu – sevgi, ishqiy kechinmalar. Uni o‘zbekchasiga “Taashshuqnoma”, oshiqona adabiyot, deyish mumkin. “Ise monogatari” Ispaniyadagi Provansal va Fransiyadagi kurtuaz adabiyotini eslatadi. Asarda tasvirlangan ishqiy lahzalar Ise viloyatida yuz berganligi aytiladi. Bu kichik hikoyachalarda nasr she’rni izohlab keladi. Buni arab va boshqa xalqlar adabiyotidagi eng nafis janrlardan biri - mansuralar deyish mumkin. Tarjimon bu asarni “X asr yapon lirik qissasi” deb atagan. Lekin undagi barcha mansuralar bir qissani tashkil etmaydi. Bularning har biri alohida kichik lirik hikoyadir. Asar, asosan, ishqiy she’rlarning har qaysi munosabat bilan yozilgani haqida lirik talqinlardir. Shu jihatdan bu asarni huddi shu asrda Arabistonda ijod qilgan Abul Faroj Isfaxoniyning “Kitob-al-og‘ani” (“Ohanglar kitobi”)ga qiyoslash mumkin. Farq shundaki, Arabistonda she’r va qo‘shiqqa e’tibor yana-da kuchliroq bo‘lgani uchun har bir qo‘shiq, she’rning hayotiy ildizlari keng va chuqur ochib berilgan.
1252 yilda yozib tugallangan “Dzikkinsyo” (“O’n nasihat haqida”) kitobining muallifi Rokuxara Dzirodzaemon didaktik fikrlar, pand-nasihatlarni badiyat, nafosat bilan yo‘g‘rilgan bo‘lishiga harakat qildim, deydi. Qizig‘i shundaki, yapon adabiy yodgorligining tuzilishi, o‘n nasihatning mazmuni, mohiyati Sa’diy Sheroziyning “Bo‘ston” asaridagi o‘n bobda aytilgan pand-nasihatlarni eslatadi. “Dzikkinsyo” muallifi 1-bo‘limda hukmdor bilan unga tobe’ vazir munosabatlari haqida, 2-bo‘lim: takabburlik og‘ir gunoh ekanligi haqida, 3-bo‘lim: nafrat va hazar, haqoratning yomonligi haqida, 4-bo‘lim: g‘iybatning yomonligi haqida, 5-bo‘lim: do‘st topish va xotin tanlash haqida, 6-bo‘lim farzandlarning ota, ona oldidagi burchlari haqida, 7-bo‘lim hayotda baxt-saodatga erishuv haqida, 8-bo‘lim me’yorni bilish, sabr-qanoat haqida, 9-bo‘limgina, kek saqlashning yomonligi haqida, 10-bo‘lim ma’naviy kamol topish yo‘llari haqida ajoyib pand-nasihatlardan iborat. Muallif muqaddimasida bu kitob yosh avlodni tabiyalashga foydasi tegishini umid qiladi.
She’r nazariyasining shakllanishi. Yapon olimi Tatibana Narisue 1254 yili kitobat qilgan “Kokontomondzyu” (“Qa- dimgi va hozirgi rivoyatlar to‘plami”) asariga yozgan muqaddimasida she’riyatga muhabbat go‘zal fazilat ekanligini aytadi, u Arastu kabi hikoyat va rivoyatlarni ham poeziya san’atiga kiritadi. Asar 20 o‘ram, 30 qismdan (bobdan) iborat bo‘lib, bu qismlarda sintoizm (ajdodlar ruhiga sig‘inish, bu ajdodlar ko‘pincha totemizmdagi kabi, hayvonlarga ham aloqador, turkiy xalq ko‘k bo‘rini o‘z ajdodi, deb tasavvur qilganidek), buddaviylikning Shakyamuni mazhabi, davlatni va xalqni boshqarish qoidalari, she’riyat, musiqa, qo‘shiq, tasviriy san’at nazariyasi haqida fikr-mulohazalar aytilgan.
Yapon olimlari she’riyat nazariyasi sohasida qadimgi Xitoy olimi Chjun Jun (469-518) yozgan “She’r kategoriyalari (tushunchalari)” kitobidan foydalanganlar. Bu kitob muallifi qadimgi xalq poetik ijodi – she’riyat an’analariga xos uch qoida: fu, bi va sin tushunchalarini talqin qiladi. Chjun Jun fikricha, fu - faqat xis-tuyg‘ular ifodasi bo‘lib qolmay, ko‘chma ma’nodagi so‘zlardan ham foydalanishdir. Bi - ifoda ichida ifoda. Sin-yozilgan so‘zlarning ma’nolari ifoda qilingani bilan tugamasligidir.
Xalqona she’rlar to‘plami “Man’yosyu” VIII asrda tuzilgan bo‘lsa-da, yapon olimlari X asrdan boshlab she’riyat nazariyasi bilan shug‘ullana boshladilar. “Kokinsyu” to‘plami (905 yil) tuzuvchisi Tsurayuki, “Yapon qo‘shig‘ining o‘n uslubi” kitobi (910 yil) muallifi Tadamine yozgan muqaddimalarda ularning adabiy-estetik qarashlari bayon qilingan. Tsurayyuk fikricha, she’riyat “Kokoro” – ko‘ngil istaklarini ifodalashi zarur, ya’ni she’rda his-tuyg‘ular ifodalanadi. Bu esa yaponcha “sama” – obraz vositasida amalga oshadi. Tadamine fikricha, shoir janr qoidalari va inson xarakterini ochuvchi “tey” – uslubni topishi zarur. Tsurayuki “Man’yosyu” she’riy to‘plami nomini izohlab aytadiki, “She’r, qo‘shiq manbai ko‘ngildir. Shoir yagona urug‘ – inson ko‘nglidan nihollar o‘stirib, milliard barglarni – so‘z yaproqlarini chiqaradi”. “Kokinsyu” to‘plamidagi she’rlarni ma’no va mazmunga, mavzulariga ko‘ra turli bo‘limlarga ajratishda ham uning estetik qarashlari ifodalangan: “Bahor she’rlari”, “Yoz she’rlari”, “Kuz she’rlari”, “Qish she’rlari”, “Sayru sayohat she’rlari”, “Qutlov she’rlari”, “Qayg‘uli (yoki mayus) she’rlar”. Bu bo‘limlardan tashqari she’rlarni olim “Turli mavzudagi she’rlar” bo‘limiga kiritgan. 1205 – yilda tuzilgan “Sin-ko-insyu” (“Yangi Kokinsyu”) to‘plamida ham she’rlar shunday mavzularga qarab farqlangan.
“Kokinsyu” to‘plami tuzuvchisi Ki-No Tsurayuki “Tos qishlog‘idan poytaxtga sayohat kundaligi asarida ham o‘tmishdagi va o‘z zamonidagi she’riyat haqida qiziqarli fikr-mulohazalarini bildiradi. “Kundalik”da yozilishicha, qudratli vazir Fudzivara Tokidzanie bir guruh yapon olimlari va shoirlarini, xizmatkorlari va bolalari bilan birga sayohatga jo‘natish oldidan katta ziyofat uyushtirgan (Ehtimol, bu olim va shoirlar xalq orasida yurib, xalq qo‘shiqlarini va she’riyatlarini yozib olishga topshiriq bergan). Sayyohlar dengiz safarida har orolda to‘xtab, atrofni tomosha qilgan vaqtlarida mahalliy hokimlar, nufuzli, davlatmand odamlar ularni shodiyona kutib olib, rosa mehmon qilar edilar. Mezbon va mehmonlar ziyofat qiziganida davrada may qadahini aylantirib, xitoycha va yaponcha she’rlar o‘qiganlar, yangi she’rlar to‘qiganlar.
Bir orolda yangi hokim kelib, sobiq hokimni izzat–hurmat bilan kuzatib, ziyofat beradi, bu o‘tirish ham bayramga aylanadi. She’rlar, qo‘shiqlar yangraydi. Yaponlar oddiy, samimiy tuyg‘ularini, qayg‘u va shodligini, mehmonlarga hurmatini she’r bilan izhor qiladilar. Ular samimiy, beg‘araz hazil-mutoyibani ham nozik tushunadilar.
Sayyohlar ziyofat berib kuzatilganidan keyin ham yo‘lda to‘xtaganlarida orqalaridan kemada hokimning ukasi savg‘a-salomlar, may ko‘zalari, noz-ne’matlar keltirib, yana ziyofat beradi. Yana xayrlashuv she’rlari o‘qiladi, shodon qah-qaha yangraydi. Kema darg‘azasiga yana bir hazil: hokimning ukasi dengizda shamol turganida kema og‘irroq bo‘lsin, deb kema tumshug‘igacha may to‘la bochkalarni taxlab chiqadilar. Kema darg‘asi kulmaydi, u sayyohlarni yo‘lga shoshiradi, u kemani eson-omon manzilga etkazishni o‘y- laydi.
Sayyohlar nihoyat sohildan kemaga chiqadilar. Yana ba’zilari shu holatga muvofiq qadimiy xitoy she’rlarini o‘qiydilar, boshqalari o‘zlari Yaponiya g‘arbida yashasalar ham sharqona yapon she’rlarini zavqlanib o‘qiydilar. She’r va qo‘shiqlar avjiga chiqqanida kema tomonidagi chang-tuproq ham raqs tushadi, osmonda bulutlar ustimizda sekinlashib, (musiqaga mos) chayqaladilar. Dengizda bo‘ron turadi. “Bulutlar boshi qayda, dengizning tubi qayda, bari birlashib, aralashib ketadi”. Bir amallab, yaqinroq sohilga tushadilar. Bo‘ron bosilgunicha kema langarda chayqalib turadi. Sayyohlar shu erda ham she’r o‘qiydilar va she’r to‘qiydilar, Xitoy sayyohi to‘qigan she’r ma’nolarini yapon shoiri tarjima qilib berganida qichqirib, she’rni maqtaydilar.
Muallif Tsurayuki shu erda aytadiki, she’r so‘zlarida farq bor, lekin Xitoyda ham, Yaponiyada ham shu yakka Oy nur sochadi, odamlar turli tilda gaplashsalar ham qalblari o‘xshashdirlar128.
Yapon adabiyotshunosligida she’rlar “tatae-uta” “tashbehli” (o‘xshatilish), “nazora-uta” (topishmoq she’r), “tadagoto-uta” (oddiy so‘zli) deb tasnif etilgan. Ki-No Tsurayuki “Kokinsyu” muqaddimasida IX asr shoiri Arivara Narixira she’rlari haqida fikr bildirib, bunday deydi: “Uning she’rlarida his-tuyg‘ular (kokoro) jo‘shqin, lekin ularni ifodalashga munosib so‘z (kitoba) topilmay, qiynaladi. Arivara she’rlari to‘kilib so‘la boshlagan, lekin xushbo‘yligini yo‘qotmagan gullarga o‘xshaydi. Yasuxide so‘zga usta, lekin uning she’rlarida mazmun munosib shaklda (sama) emas. Uning qo‘shiqlari qimmatbaho shoyi liboslar kiygan savdogarga o‘xshaydi... Udzi tog‘ida yashovchi shoir – rohib Kisen she’rlarining so‘zlari mavhum, tumanli, boshi ham, oxiri ham tushuniksiz. Uning qo‘shiqlari kuz fasli kechasidagi tongga yaqin bulutlar orasidagi oyga o‘xshaydi... Otomo Kuronasi she’rlari shaklan (sama) yoqimsiz, uning qo‘shiqlari elkasiga shoh-shabba ortgan o‘tinchining gulzor oldida dam olib o‘tirishiga o‘xshaydi.
Ma’rifatli aslzodalarga mansub Fudzivara Kinto, Fudzivara Syuzey (vaf. 1204), Fudzivara Teyka (vaf. 1241) kabi shoirlar ham she’riyatda ma’no, shakl, ritm, garmoniya, ohangdorlik haqida adabiy-badiiy qarashlarini aytib ketganlar.
Akademik N.I.Konrad ijodiy maktabi shogirdlaridan biri G.G.Sviridov yapon shoirlari va she’rshunoslari X asr hind olimi Ananda-vardxana “Dxanviloka” asarida asos solgan “dxanvi” she’riyat javhari nazariyasidan xabardor ekanligi haqida yozadi129.
Yaponiya madaniyati muhiblaridan shoira Lyudmila Skirda “Sakura gullari” to‘plamiga kirgan bir she’rida yozishicha, 616 yilda shahzoda Syoto Nu Tays Nara tog‘i yaqinida go‘zal ibodatxona qurdirgan va uni “Qonunlar koshonasi” deb atagan. Bu bilan u dunyo - koinotning qonunlarisiz, inson – jamiyatining tartiblarisiz hech qachon yasholmasligini bildirgan. Shahzoda topshirig‘i bilan yapon olimlari qadimiy xalq qo‘shiqlari, termalari, laparlarini to‘plab, uch tomli “Man’yosyu” majmuasini tuzganlar. “Eng mahobatli ibodatxona va eng ko‘p nafis she’rlar to‘plangan kitob majmua, qonun va she’riyat shu nuqtada birlashadi – sayyoraning eng go‘zal, eng mavzun burchida, bizlarga bu yil haqiqat yo‘li ekanini isbotlamoq uchun”.
O’rta asr yapon olimlari “Qonunlar koshonasi”da “Man’yosyu” she’riy to‘plamining saqlanishida davlat qonunlarini emas, balki xalq qo‘shiqlari, she’rlari, laparlarida ifodalangan butun koinotga aloqador adolat va haqiqat, tartib, garmoniya, tinch, osuda hayot qonunlarini nazarda tutganlar130.
O’rta asrlarda Yaponiyada hozirgi ma’nodagi filologik tadqiqotlar faqat mashhur xalq qo‘shiqlari va she’riy to‘plamlarga yoki setsuva hikoyatlari majmualariga tuzuvchilar yozgan so‘zboshilarda aytilgan fikrlar tarzida edi. Lekin XII–XVI asrlarda yaxshi rivojlangan memuarlar, xotiralar tarzida yozilgan yirik adabiy asarlarda ham adabiyot, she’riyat, musiqa, tabiat nafosati, san’at asrlari haqida o‘rni bilan adabiy fikrlar aytilgan edi. Shu asarlarning o‘zida bo‘lgani uchun ham bu adabiy fikrlar juda qimmatli va e’tiborga loyiqdir. Shu jumladan, “Sarir bitiklari” muallifi Sey-syonagon xonim aytgan fikrlarda yapon lirik prozasi janrlari haqida qimmatli ma’lumotlar bor. “Men bu kitobda ko‘rgan– kechirganlarimni, xis etganlarimni, ko‘z oldimda yuz bergan, qalbimni to‘lqinlantirgan fikrlarimni qalam uchidan qog‘ozga to‘kdim. Bu bitiklar uyimda, tinchgina xilvatda xayolimga kelgan”. Asarning ko‘p o‘rinlari she’riyat bilan bezalgan va she’r haqida taassurotlar aytilgan.
Yaponshunos filolog olimlar N.N.Konrad, V.Markova, T.Grigoreva esse janriga mansub Sey-syonagon asarini “mo‘yqalamdan to‘kilgan tasvir” – dzuyxitsu janri adabiyotining durdonasi, deb baholaydilar.
“Sarir bitiklari”da turli mavzudagi, turli sohalarda, orol, daryolar, xovuzlar, bog‘lar, tog‘lar, o‘rmonlar, ibodatxonalar, muqaddas kitoblar, badiiy asarlar, musiqa, she’r haqida yo‘l-yo‘lakay aytilgan teran, qisqa fikrlarni uchratamiz. Muallif muqaddas kitoblardan “Nilufar (lotos) sutrasi”, “Ming qo‘lli Kannon”, “Olmos sutra”, “Shifokor Budda sutrasi”, “Iltijo sutrasi” tilga olinadi. Sutralarning nomidan ham bilinadiki, hind, xitoy, yapon dinida asl tarixiy Budda bir chetda qolib, yanada qadimiy hind mushriklarining minglab ilohlarini ham Budda deb atay boshlaganlar.
Bu e’tiqodga ko‘ra, istalgan din ulamosi agar tariqatga kirsa, bu dunyo tashvishlaridan qutilib, faqat ezgu ishlarni, ilohlar rizoligini o‘ylab, ularning ruhlarini shod qilsa, o‘zi ham avval boddisatvaga, so‘ng Buddaga aylanadi. Bu shartlarni bajara olgan so‘fiylar ko‘p bo‘lgan shekilli, buddalar ham ko‘payib, turli setsuva hikoyatlariga ham, she’riyatga ham asosiy mavzular bo‘lib kirgan.
Yapon dzuyhitsusining hozirgi tushunchadagi essedan farqi shundaki, unda mo‘yqalamdan fikrlar erkin to‘kilishidan tashqari (o‘rta asrlar yapon va xitoy yozuvlari rasm kabi mo‘yqalamda bitilgan), nozik lirizm, intim tuyg‘ular, kechinmalar bilan birga, tabiat, odamlar, ashyolar, muhitga doir realistik tafsilotlar, detallar hozirgi romandagi kabi aniq-ravshan tasvirlanadi. Shu haqqoniylik, detallashuv, saroy a’yonlari va xalq hayoti manzaralari, mavjud syujet doirasining cheklanmagani dzuyhitsu muallifiga juda katta imkoniyatlar beradi. Bu haqda Sey-syonagon xonim o‘zi bunday deydi: “Kaminaga (do‘stlarim) tog‘–tog‘ oppoq, nafis qog‘ozlarni sovg‘a qiladilar. Men xayolimga nima kelsa, olamdagi bor narsalar haqida yozaverdim, yozaverdim, qog‘ozimni tugatguncha yozdim”. Demak, dzuyhitsu - yapon badiasida mualliflar bir mavzu bilan cheklanmay, “olamdagi bor narsalar”, barcha his-tuyg‘ularni qog‘ozga tushiraverganlar. Buning natijasida ismlari aniq imperatorlar va sobiq hukmdorlar, turli–tuman mansabdagi ijtimoiy toifalar tarixan aniq, ham sub’ktiv, ham ob’ektiv – xolis tasvirlangani uchun bunday asarlar o‘sha davrdagi Yaponiya tarixining ham tiniq ko‘zgusi sifatida keyingi davr tarixchilari, filologlar, etnograflar, rassomlar va shoirlar, madaniyatshunoslar uchun ham bebaho manba hisoblanadi.
Sey-syonagon xonimning “Sarir bitiklari” Yaponiya tarixida Kioto-Xeyan davri madaniyatining tiniq ko‘zgusi bo‘lsa, yana bir aslzoda, imperatorning turmush o‘rtog‘i, adiba Nidzyo xonimning “O’zi kelgan qissa” (yaponshunos olima I.Lvova tarjimasida “Neproshenaya povest”) asari tinch, osuda Xeyan davri tugab, imperatorlar nufuzi keskin pasayib, hokimiyatni jangovar feodallar egallab olgan samuraylar davri haqida adabiy-tarixiy manba sifatida qimmatlidir. Yapon va rus adabiyotshunoslari bu asarga ham juda yuqori baho beradilar. Janr jihatidan “O’zi kelgan qissa” yanada realistik tasvirlarga boydir131. U hozirgi ma’nodagi memuarlarga ancha yaqin keladi.
Sobiq qirolicha, so‘ng saroy hayotidan voz kechib, ibodatxonaga rohiba bo‘lib, xilvatga chekingan Nidzyo xonimning bu asari yapon adabiyotida lirizmni yanada kuchaytirdi, esdaliklar, kundaliklar janrini boyitdi.
Yapon shoiri va adibi Kamo-no-Tyomey qalamiga mansub “Xonaqoh bitiklari” (yaponchadan ruschaga N.I.Konrad tarjima qilgan) asarida muallif fikrlari, taassurotlari, kechinmalari Xeyan davridagi nafosat, lirizm o‘rnini achchiq haqiqatlar, hayotga jiddiy va hushyor qarash egallaydi. Buni yapon o‘rta asrlar adabiyotidagi tanqidiy realizm deyish mumkin. “Odamlar o‘rtasida do‘stlik qolmadi, - deydi Tyomey “Xonaqoh bitiklari”da, - endi odamlar faqat mol-dunyoni do‘st deb biladilar. Endi bizning do‘stlarimiz – Oy, musiqa, gulzorlardir”132.
Yapon olimi, dunyoviy mansablardan voz kechib, monax bo‘lib, xonaqoxda ijod qilgan Kenka–xosi (Monax Kenko) yapon adabiyoti durdonalari “Man’yosyu”, “Gendzi monogatari”ni aytadi. “Man’yosyu” to‘plamidagi xalq qo‘shiqlaridan ilhomlanib, u buyuk shoir bo‘lib etishdi. Uni olim zamondoshlari “to‘rt samoviy shoirdan biri” deb e’zozlar edilar. U tanka she’riyatining mohir “Sarir bitiklari” va “Xonaqoh bitiklari” va Nidzyo xonimning “O’zi kelgan qissa”sidan so‘ng dzuyhitsu janrining to‘rtinchi durdonasi bo‘lmish “Zerikkanda yozilgan bitiklar” asarining muallifi sifatida shuhrat topdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |