Qadimgi Eronda adabiyotshunoslik
Qadimgi Sharq xalqlari yozma adabiyot paydo bo‘lishdan avval mifologik tasavvurga va hayot haqiqatlarini bildiruvchi hikmatlarga boy xalq poetik ijodiga katta e’tibor bilan qaraganlar. O’sha zamondagi adabiy-estetik qarashlar ham shu boy madaniy meros asosida vujudga kelgan. Eron-Yunon, Eron-Turon, Eron-Vizantiya xalqaro munosabatlarida (urush-qirg‘inlardan boshqa vaqtlarda) savdo-sotiq, madaniy aloqalar intensiv, samarali rivoj topgan. Qadimiy hind hikmatnomasi “Kalila vaDimna” Eron podshohlarini qiziqtirib qolgani, Xusrav Anushirvon bu hikmatlar kitobining shon-shuhratini eshitib, uning yozilish tarixini hakimlar etakchisi, donishmand Barzuyadan so‘ragani, donishmand Eron shohiga hind hikmatnomasining yozilish tarixini aytib bergani, bu asarning pahlaviy tiliga tarjimasi muqaddimasida bayon etilgan. Fors ulamolari qo‘shgan bu maqaddimaning o‘zi ham hikmatlarga boy, so‘z san’ati yodgorligidir74.
Antik davr Rim tarixchisi Klavdiy Elian “Rangin hikoyalar” kitobida yozishicha, qadimgi Eron shohlari va ziyolilari Yunoniston bilan savdo-sotiq va madaniy aloqalari natijasida Maqduniyali Iskandar istilolaridan avvalgi asrlarda ham (ya’ni, ellinizm davridan ham avval) Homerning “Iliada” dostoni shon-shuhratini bilib, undan saylanma boblarni, turli vaqtlarda pahlaviy tiliga tarjimasini amalga oshirganlar. Elian o‘sha joyda hindlar ham Homer dostonidan xabardorligini, bu xalqlarni varvar deyish xato ekanligini aytgan edi75.
Antik davr tadqiqotchi Elian bu fikrining dalili uchun Eron podshohlarining xalqparvarligi, adolati, yuksak axloqiy, manaviy madaniyati haqida ayrim qiziqarli voqealarni keltiradi: “Forslarda shunday bir odat bor. Podshoh a’yonlari bilan biror joydan o‘tayotganida o‘sha joyning aholisi, boyroq bo‘lgani podshohga qimmatbaho sovg‘a, o‘rtahol yoki kambg‘al bo‘lsa topganini sovg‘a qilar ekanlar. Er haydovchi dehqonlar topsa, buqa, qo‘chqor, non yoki sharbat sovg‘a qilar ekanlar. Yanada kamharjlari sut (qaymoq), xurmo, pishloq, turli mevalarni sovg‘a deb berar ekanlar”. K.Elian shu asarining boshqa bir o‘rnida (Kayxusrav) Arbakserks Mnemonning dabdaba va hashamatini ko‘rib, hayajonlanib, sovga qilishga hech narsasi bo‘lmagani uchun shu yaqinda oqayotgan Kir (Kurush) daryosi qirg‘og‘iga yugurib borib, hovuchini to‘ldirib suv olib kelib, podshohga tutibdi va “Davlating ziyoda bo‘lgur, ey podshoh, senga hurmatim baland, ammo hozir topganim ulug‘ daryodan bir hovuch suvni senga hadya qilaman, toki seni quruq qo‘l bilan qaytarishdan uyalaman, biror joyda qarorgoh qilib to‘xtab tursang, uyimdan eng qimmatbaho narsalarimni olib kelurman”, debdi. Bu so‘zlarning samimiyligidan Artakserks xursand bo‘libdi va “Suv hayot manbai, yana u Kir daryosidan bo‘lsa, yanada qadrli, bu sovg‘angni jon deb qabul qilaman”, debdi. Xizmatkorlari oltin piyolani tutib, suvni olib, podshohga tutibdilar. Podshoh yo‘lida davom etib, bir joyda qarorgoh qurgach, xizmatkorlaridan haligi odamga ming tilla va oltin piyolani sovg‘a qilib yuboribdi va “Ulug‘ daryodan oltin piyolada suv ichgin”, deb aytinglar debdi76.
Beruniy “Osoru-l-boqiya”da “Avesto”da tasvirlangan Kayumars, Faridun (Afridan), Axriman, Bahrom, Jamshid, Zahhok, Salm, Tur, Eraj, Taxmuras va boshqalar haqida fikr yuritganida, Firdavsiy “Shohnomasi”ni tilga olmaydi. “Osoru-l-boqiya” yozilgan vaqtda (1001 yil) hali Firdavsiy “Shohnoma”si yozilmagan bo‘lsa kerak. Atoqli sharqshunos Sh.Shomuhamedov yozishicha, Firdavsiy 934 va 944 yillar orasida tug‘ilgan va Daqiqiy vafotidan so‘ng u “Shohnoma”ni yozishga kirishganida 45-50 yoshlarda edi21. Shoir “Shohnoma”ni o‘ttiz yilda yozgan va 1015-1020 yillar atrofida tugatgan. Shu sababli Buruniy 1001 yilda yozilgan “Osoru-l-boqiya” asarida Firdavsiyning “Shohnoma”sini tilga olmaganligi tabiiydir. Ismatulla Abdullaev “Yatimat ad-dahr” tarjimasi muqaddimasida Abu Mansur as-Saolibiy “Shohnoma”si “G’urar axbor mushkul-u-Furus va sayruhum” (Fors va boshqa mamlakatlarning podshohlari haqida xabarlar) bilan Firdavsiy “Shohnoma”si deyarli bir vaqtda yozib tugallangan, deydi22. “As-Saolibiy “Shohnoma”si 54 bobdan iborat bo‘lib, u Firdavsiy “Shohnoma”sidan mazmunan farq qilmaydi23”. Lekin e’tibor bersak, bu ikki asarning jiddiy farqlari seziladi. Ismatulla Abdullaev aniqlashicha, as-Saolibiy “Shohnoma”sida Misr fir’avnlari, Yaman podshohlari, Suriya va Iroqda o‘tgan arab podshohlari, Yunon podshohlari tarixi ham qisqacha bayon etilgan. Uchta qo‘shimcha bobda hindlar, xitoylar, turklarning dini va urf-odatlari haqida gapirilgan.
Ismatulla Abdullaev “Yatimat ad-dahr” muqaddimasida Abu Mansur as-Saolibiy, Beruniy va Firdavsiy foydalangan manbalar qatorida quyidagi asarlarni ko‘rsatadi: Hamza ibn Husayn Isfahoniy (vaf. 970)ning “Tarix al-umam” (“Xalq tarixi”), geograf olim Ubaydulloh ibn Abdulloh ibn Hurdodbek (820-913)ning “Kitob al-mamolik” (“Masofa – yo‘llar va mamlakatlar kitobi”), Muhammad ibn Jarir Tabariy (839-923) ning “Tarix ar-rusul va-l-muluk” (“Payg‘ambarlar va podshohlar tarixi ”).
Beruniy “Osoru-l-boqiya”da yozgan Maqduniyalik Iskandar “Avesto”ning ko‘pchilik qismlarini yoqib yuborganligini Hamza Isfahoniydan, Bahman va Ardasher haqidagi ma’lumotlarni Tabariydan olgan. Firdavsiy ham Zahhok va Mazdak voqealarini Hamza Isfahoniydan “Avesto”dan olgan. Demak, Ismatulla Abdullaev to‘g‘ri ko‘rsatganiday, Beruniy ham, as-Saolibiy ham, Firdavsiy ham bir xil manbalardan foydalanganlar. Beruniy bulardan tashqari yana juda ko‘p manbalardan: Avesto, Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on, Batlimus – Ptolomey, Kleopatra, Mark Avreliy, Jolinus, Suqrot, Ibbarx (Gippar), Ya’qub ibn Ishoq, Al-Kindiy, Abu Sahl al-Masixiy, Abdulloh ibn Mu’tazz (“Kitob al-Badi’” muallifi, bir kunlik xalifa), Abu Bakr Muhammad ibn Zakariyo Roziy, Abul Vafo Buzdoniy, Muhammad al-Xozin, Abu Muso al-Ash’ariy, Abdulloh ibn Muslim ibn Qutayba, Abu Usmon al-Johiz, Abu Ubayd as-Saqafiy (“Bashoratlar kitobi”), Jayhoniy, Abu Ma’shar Balxiy, Abu Uboda Buxturiy (shoir), Sohib Abbod (vazir va shoir), Muhammad ibn Muso Xorazmiy (geograf, tarixchi, astronom, matematik, aljabr-algebra, geometriya trigonometriya asoschisi) va boshqalarning asarlaridan foydalanib, ulardan namuna keltiradi.
Shunisi qiziqki, Beruniy “Osoru-l-boqiya”ning “Eronliklar oylaridagi hayitlar” bobida Zahhok va Faridun haqida Firdavsiy “Shohnoma”sida uchramaydigan ma’lumotlarni ham keltiradi. Zolim Zahhokning (“Avesto”da Adji-djahona, Ajdaho) Jamshidni engib, taxtni egallagach, ikki elkasidan ikki ilon chiqib, durkun yigit-qizlarni qatl etib, miyalarini ilonga edirishini Beruniy majoziy ma’noda tushunadi. U Zahhokning asl ismi Bivarosf ekanini aytadi. Zahhokning ikki elkasidagi ilonlarni ilmiy jihatdan talqin etib, bular o‘sma yara ekanligini, ularga sog‘lom yigit-qizlarning miya suyuqligi surkalganida og‘riq qolishini taxmin qiladi. Oshpaz Ismoil (Izmail) esa har kuni ikki yoshning birini o‘ldirib, bittasini qutqarib qolib, yashirincha Damovand (Dunbovand) etagidagi g‘or ichiga yashirib qo‘yganligini aytadi. Bahodir Faridun xalq qo‘zg‘olonchisi, temirchi Kova yordamida zoli Zahhokni o‘ldirgandan so‘ng Damovand tog‘ida omon qolgan yigit-qizlarni ko‘rish uchun boradi. Ismoil avval chopar – xabarchi yuborib, omon qolganlarning miqdorini bilish uchun ularga gulxan yoqishni buyuradi. Aridun (Faridun) yuzga yaqin yigit-qiz omon qolganini ko‘rib sevinadi, Ismoilga “Masimug‘on” (“Mug‘lar boshlig‘i”) unvonini beradi va gulxan atrofida dasturxon yozilib, yuz xil taom qo‘yiladigan Sada bayramini joriy etadi. Firdavsiy “Shohnoma”da sada bayramining kelib chiqishi mutlaqo boshqacha. Firdavsiy tasvirlashicha, Kayumarsning nabirasi (Siyomak o‘g‘li) Xushang tog‘ yo‘lida navkarlari bilan borayotgan, qoyatoshda sudralayotgan bahaybat ilonni ko‘radi. Xushang, pahlavon yigit og‘ir gurzisini ilonga otadi, ammo ilon qochib ketadi. Temir gurzi toshga urilganida olov chiqadi. Shundan so‘ng Xushang shu yo‘l bilan birinchi marta olovni kashf etadi va gulxan atrofida bayram – sadani joriy qiladi.
Sada bayrami ikkala versiyada olov, gulxan bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Firdavsiy tasvirida sada bayrami tasodifiy tug‘iladi. Beruniy versiyasida esa poetik, ijtimoiy-falsafiy jihatdan chuqur ma’no, mohiyatga egadir.
Beruniy eronliklarning birinchi odamlar – Misho va Mishona, Malhiy va Malhiyona (Odam va Havoning boshqacha ismlari) haqida Kayumarsni Axriman halok etayotgan vaqtida uning ikki tomchi nutfasidan birinchi erkak va ayol odamlar paydo bo‘lgani haqidagi mifni keltiradi. Bu o‘rinda Beruniy Muhammad ibn Ahmad Balxiy o‘zining “Shohnoma” asarida bu rivoyatni Abdulloh ibn al-Muqaffa (“Kalila va Dimna”ni hind tilidan forschaga tarjima qilgan, xalifaga tahqirlovchi maktub yozgani uchun qatl etilgan – M.M.) Shopur shahrining donishmandi Bahrom ibn Mardonshoh va Bahrom ibn Mixron al-Isfahoniylarning “Siyaru-l-muluk” (“Shohlarning siyratlari”, ya’ni “Shohnoma”) asarlaridan foydalanib, bu rivoyatni boshqacha bayon qilganini aytadi: (Shoir Abu Ali) Muhammad Balxiy (“Shohnoma”sida) bunday deydi: “Kayumars jannatda uch ming yil turgan, bu hamol, Savr, Javzo ming yilliklaridir. So‘ng Erga tushib (zardushtiylar tasavvurida – M.M.) Ahrimon tufayli yomonliklar yuz berguncha (yana) uch ming yil tinch, omon turgan (o‘z toju taxtida). Bu Saraton, Asad va Sumbula ming yilliklaridir. Kayumarsning Girshoh deb atalishiga sabab shuki, gir pahlaviycha tog‘ demakdir. Kayumars tog‘larda istiqomat qilgan va ko‘zi tushgan hayvonlar hayron qolib, o‘zidan ketadigan darajada husnli bo‘lgan”. Bu erda biz uchun qiziqarlisi, Firdavsiygacha yozilgan “Shohnoma” muallifi Abu Ali Muhammad Balxiy va Beruniyning hayvonlarda ham go‘zallikni his etishday estetik shuur mavjudligini e’tirof qilishidir. Kayumars (ehtimol, olamiy to‘fondan keyingi) birinchi odam bo‘lganligi sababli uning go‘zalligini his etuvchi insonlar hali yo‘q edi. Beruniy shoir Balxiyning “Shohnoma”sidan keltirishicha, Ahrimanning Hazuro ismli o‘g‘li bor ekan. U Kayumarsga yomon qasd qilganida, Kayumars uni o‘ldirgan. Bu vaqtda Ahriman ilohga (Hurmuzdga) Kayumarsdan shikoyat qilgan va iloh Kayumarsga avval bu dunyo hamda qiyomat oqibatlarini ko‘rsatgan. Nihoyat, u o‘limni orzu qilgan. So‘ng iloh uni o‘ldirgan. Bu vaqtda uning (Kayumarsning) pushtidan Istahrdagi Domdod tog‘iga ikki tomchi tomgan va ulardan ikkita ravoch daraxti ko‘karib chiqqan. (Oradan 8 oy o‘tib), to‘qqizinchi oyning avvalida ikkovida ko‘ringan a’zolar tugal bo‘lib, ikkovi insongan aylangan. Bular Misho va Mishonadir24.
Shoir Muhammad Balxiy “Avesto”dan ko‘p foydalanib yozgan “Shohnoma” asarida (Firdavsiy ham “Avesto”dan ko‘p foydalangan, “Avesto”da Afrosiyob – Ahriman avlodi deb, la’natlangan) aytilishicha, Misho va Mishona (Erdagi jannatda) 50 yil hech narsadan aziyat tortmay, ovqat ham emay farovon yashaganlar. Nihoyat, ularga Ahrimankeksa (dono) kishi suratida ko‘rinib, daraxt mevalaridan eyishni taklif etgan. Buni egan yosh bo‘lib qoladi, degan. Avval o‘zi eb ko‘rsatgan va yosh yigitga aylangan. Misho va Mishona ham o‘sha daraxt mevasini eganlar va yosharib, bir-biriga mayl qo‘yib, qo‘shilganlar. So‘ng farzand ko‘rganlar. “Bularning 6 farzandi ismlari “Avesto”da ko‘rsatilgan”, - deb yozadi Beruniy. U eronliklarning inson paydo bo‘lishidan boshlangan yil hisobini shunday tasavvur qilishlarini tanqid qiladi. “Bu gaplardan dil nafratlanadi”, - deydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |