Til tafakkurning reallashuv shakli. “Tillar tarixiy ma’lumotlar xazinasi... tillar bu yonmaydigan, yuvilib ketmaydigan, mafkuraning ta’siriga berilmaydigan arxiv, bosh intellektual merosdirki, bu sonsiz ajdodlar avlodi (silsilasi)dan bizgacha etib kelgan”60. Turk tilining o‘tmishiga nisbatan tukyu, xoqoniy, chig‘atoy, eski o‘zbek tili atamalari qo‘llansa-da, olimlar turkiy tillarning genezisi haqida fikr yuritarkan, “bronza davrida cho‘pon-chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi ko‘chmanchi turklar jamiyati shakllangani, uning natijasi o‘laroq turk etnogenezi vujudga kelgani”61 haqida fikr qiladilar.
Akad. N.A.Baskakov turk tili tarixini quyidagi davrlar bilan bog‘liq holda tizimli o‘rganishni taklif qiladi: Oltoy davri (1), xunnlar davri, milodiy V asrgacha (2); qadimgi turk tili, V-X asrlar (3); o‘rtaturk tili, X-XV asrlar (4); yangi turk tili yoki ayrim qavmlar tillarining taraqqiyot davri, XVI-XX boshlari (5) va eng yangi davr sifatida 1917 yildan keyingi davr ko‘rsatiladi (6)3. Bu tasnifda sho‘rolar davrida amalga oshirilgani uchun 1917 yilgi to‘ntarishidan keyingi til siyosatiga alohida davr sifatida qaralgan, biroq Oltoy tillari davri haqidagi g‘oya jahonning ko‘p olimlari tomonidan tan olingan. Bunda Oltoy tillari davri (e.a. VI mingyillikkacha kechgan davr)da turk, manjur–tungus tillari, mo‘g‘ul tillari mavjudligi manbalarda e’tirof etiladi62. Bu fikrga aniqlik kiritish maqsadiga B.Ya.Vladimirtsov yozadi: “mo‘g‘ul tili ham turk va tungus tillari bilan birga bir bobotilga borib taqaladiki, uni shartli ravishda Oltoy tillari deb ataydilar. Oltoy tili mavjud bo‘lganmi, yo‘qmi noma’lum, biroq Oltoy tillari mo‘g‘ul, turk, tungus tillarining o‘zaro aloqasi tufayli rivojlanish davriga kirgan”63. Ma’lumki, Oltoy davriga tegishli moddiy yodgorliklar bizgacha etib kelmagan. Shuning uchun, bu davr haqidagi tasavvur tarixiy yodgorliklar yoki yozma yodgorliklar bilan emas, balki “bu davr tillari va ularning xususiyatlari haqida gipotetik tiklangan qiyosiy-tarixiy metod vositasida ayrim o‘lik va hozirgi jonli tillar, bir tomondan, tungus-manchur, boshqa jihatdan, turk-mo‘g‘ul guruhlaridagi tillarning keyingi differentsiyalashuvini kuzatamiz”64. Turklarning xo‘jalik va turmushi bilan bog‘liq ayrim so‘zlar barcha Oltoy tillari uchun umumiy bo‘lgan mo‘g‘ul va turk tillarida buqaG’bug‘a, buxa (mol), buxuG’ bug‘u (kiyiksimon hayvon), bo‘ka (qo‘y) so‘zlari o‘zakdosh bo‘lib, hayvonlarga nisbatan qo‘llanilgan. Shuningdek, bu so‘zlar faqat hayvon nomlarini ifodalabgina qolmay, balki qadimgi inson qarashlaridagi totem va kultlarni ham ifodalaganki, ayni mana shu kultlar orqali qadimgi turklarning diniy va san’at haqidagi tasavvurlari shakllangan, dastlabki ieroglifik yozuvlarda buqa tasviri hilol (yangi oy) shaklida tasavvur qilingan. G’or yoki toshlarga tushirilgan hayvonlar suratlari orasida buqa qadimgiroq ekani to‘g‘risida so‘nggi polialit (ilk tosh davri, 12-mingyillik) davriga oid Altamir (hozirgi Ispaniya hududida) g‘oridagi ho‘kiz surati, Zarautsoy qoyatoshidagi Buqalar jangi tasviri haqida qadimshunoslar xabar beradi65.
Do'stlaringiz bilan baham: |