ADABIYOTDA IJOD BAXTI – OILAVIY NIGOHDA
REJA:
Said Ahmad va Saida Zunnunova hayoti.
Hamid olimjon va Zulfiya ijodi.
Abdulla Qahhor va Kibriy Qahhorova Turmushidagi yutuqlar.
Said Ahmad bizga o‘zining mashhur “Kelinlar qo‘zg‘oloni” – komediya, “Ufq” – triologiyalari bilan xalqimizning qalbidan joy olgan sermahsul ijodkorlardan biridir. Uning kichik hajviyalari-yu, yirik asarlarida xalqimizning sodda-donishmandligi, bag‘rikengligi, jo‘mardligi aks etib turadi. Uning yumorga boy, hajviyona gap-so‘zlari davralarga fayz bag‘ishlagan.
Said Ahmad nomi odatda Saida Zunnunovasiz tilga olinmaydi. Uning nomini eshitishingiz bilan ko‘z o‘ngingizda Saida Zunnunova – vafodor ayol, po‘lat irodali inson timsoli gavdalanadi.
Saida Zunnunova juda ham mehmondo‘st, samimiy inson bo‘lgan.
Bir safar Said Ahmad Vodilga boradi. Ustoz o‘zining “tesha tegmagan” xushchaqchaq gurungi bilan davrani obod qilib o‘tirgan bir paytda, ittifoqo, bir kishi Saida opaning hayotdan erta ketgani haqida o‘kinib gapirib qoladi. Said Ahmad aka indamay o‘rnidan turadi-da, sigaretining uchini ezg‘ilagan ko‘yi nari ketadi. Anchagacha ustozdan darak bo‘lmagach, ko‘ngliga g‘ulg‘ula tushgan yozuvchi O‘tkir Hoshimov uni izlab borsa, soy bo‘yidagi kattakon xarsangtosh ustida sigaret chekib o‘tirgan ekan.
Suvning shovullashidan kelganini eshitmaydimi, qayrilib ham qaramaydi. Yaqin borib qarasa, botib ketayotgan quyoshga tikilib o‘tiribdi. Ikki ko‘zi jiqqa yosh! Qo‘rqib ketgan yozuvchi “Unaqa qilmang, ustoz” deb yelkasiga kaftini qo‘yadi, chuqur xo‘rsinadi. “Bolam, bu dunyoga nuqul azob chekish uchun kelgan ekanman”, – deydi-da yuzini kafti bilan to‘sib oladi...
Keyin boshiga tushgan savdolarni birma-bir gapirib berdi. Umrining eng baxtli onlari ham baxtsizlik bilan qorishib ketganini aytdi. Saida opaga uylangan kuni Toshkentda to‘y bo‘lgan, Andijonda – aza! O‘sha oqshom Saida opaning ukasi to‘satdan vafot etib qolgan. Yosh kelin-kuyov bir-birining diydoriga to‘ymay turib, 1950 yilning bahorida ko‘chada ketayotgan yosh yozuvchini ikki “so‘xtasi sovuq” qo‘lidan ushlab, mashinaga tiqqan-u, he yo‘q-be yo‘q “xalq dushmanisan”, deb o‘n bir oy “odinochka”ga o‘tqazib qo‘ygan. Gunohi nimaligini bilmagan odamning, ayniqsa, ko‘ngli qog‘ozdek oppoq ijodkorning salkam bir yil qorong‘u kamerada o‘tirishini tasavvur qiling. Bunisi ham mayli, Said Ahmad qamalgach Saida Zunnunovani ham siquvga oladilar. Yozuvchilar uyushmasida majlis qilib, “Yoki erim xalq dushmani, undan voz kechaman, deb tilxat yozib berasan, yoki yozuvchilar safidan o‘chirilasan”, deb shart qo‘yadilar.
O‘sha mash’um yillarda erining “xalq dushmani” ekanini tasdiqlab, gazetaga yozib chiqqanlar ham, erini qamatib yuborganlar bilan “apoq-chapoq” bo‘lib ketganlar ham bo‘lgan. Balki shoirani o‘rtaga olib “talagan” hamkasblar Saida Zunnunovadan ham shuni kutgandir. Ammo Saida opa boshqacha yo‘l tutgan:
– Mayli, erimni “xalq dushmani” deyishim mumkin. Ammo mening ham bitta shartim bor. Meni erim bilan yuzlashtiringlar. Erim o‘z og‘zi bilan “Ha, men xalq dushmaniman”, desa, o‘shanda ishonaman...
Shoirani haqorat qiladilar. Yozuvchilar uyushmasidan haydaydilar. Asarlarini bosishni taqiqlab qo‘yadilar. Yosh kelinchak bilan qaynona nochor kun kechira boshlaydi. Shunda Saida opa kelinlik bisoti – tilla taqinchoqlarini sotib, yozuv mashinkasi xarid qiladi. Qozoq adibi Muxtor Avezovning davlat nashriyotida chiqayotgan “Abay” romani tarjimasini mashinkadan chiqaradi va mehnati evaziga haq olish uchun nashriyotga boradi.
O‘sha yillari nashriyotda Kasabov, degan mashhur buxgalter ishlagan ekan. Laqabi “Qassobov” bo‘lgan. Sababi – qalam haqi olishga kelgan odam borki “Qassobov”ga “cho‘tal” to‘lashga majbur ekan. Hatto Oybek, G‘afur G‘ulom kabi buyuk shoirlar ham “Qassobov”ga shirinkoma berishgan.
Shunday qilib Saida Zunnunova ham “mashinistkalik” qilib topgan pulini olish uchun nashriyotga boradi. O‘ziga tegishli bo‘lgan haqni olgach, “Qassobov”ga “ulush” tashlab, chiqib ketadi. Shunda buxgalter uning orqasidan yugurib chiqadi. Yo‘lak boshida unga yetib olib, shunday deydi:
– Qizim, kelib-kelib sendan pul olamanmi? Ma, o‘zingga ishlat. Sen qizim, xafa bo‘lma. Xudo xohlasa, ering qutulib keladi. Bu kunlar unutiladi.
Xo‘rliklar ko‘raverib, haqoratlar eshitaverib, yuragi tosh qotib ketgan, butun irodasini mushtiga tugib, hech kimning oldida bir tomchi yosh to‘kmaslikka qasam ichgan Saida opa, qo‘ni-qo‘shnilar u yoqda tursin, uncha-muncha qarindoshlar ham “xalq dushmani”ning xotinidan yuz o‘girgan bir paytda yetti yot begona odamdan bu gapni eshitib, yig‘lab yuboradi.
Inson qalbini larzaga keltiruvchi ushbu hayotiy hikoya qahramonlarining sadoqati, vafosi, jasorati bugungi tinchlik-to‘kinchilik zamonida “xarakterlarimiz to‘g‘ri kelmadi, bir-birimizni tushuna olmadik” yoki bo‘lmasa “erim ishlamaydi” singari vajlar bilan oilasidan noliydigan, turmushidan ajralayotgan ayollarimiz uchun saboq bo‘lsa, ajabmas.
...Odamlar, qadrlang bir-biringizni,
Gul ham, muhabbat ham tirikka kerak...
Saida Zunnunova ijodiga mansub ushbu misralarni o‘qir ekanman, bu ikkala shaxs o‘zbek adabiyotining yirik darg‘alari, mehr-muhabbat, sadoqat, vafo ramzi ekanligiga yana bir bor amin bo‘laman.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumot. “O‘zbekkino” milliy agentligi buyurtmasiga asosan suratga olingan “Said va Saida” nomli badiiy filmda yozuvchi Said Ahmadning tuhmat bilan qamalishi, qatag‘on qilinishi hamda rafiqasi Saida Zunnunovaning sadoqati, ularning o‘zaro yozishmalari bilan bog‘liq hayotiy voqealar aks ettirilgan.
Boshiga tushgan ko‘p ko‘rguliklarga qaramay, nolimagan, hayotdan bezmagan, aksincha, go‘zal, nurli asarlar yaratgan, mustaqillikdan so‘ng yanada samarali ijod qilgan O‘zbekiston Qahramoni Said Ahmad va uning rafiqasiga bag‘ishlangan mazkur film bugungi yosh avlod uchun o‘rnak bo‘ladi, albatta.
Cho‘ri ham emasman, qul ham emasman,
Mehnat, aqlim bilan safda tetikman.
Vatanim uqtirgan haq-huquqimning
Baxti himoyasi yo‘lida hatto
Kirmoqqa tayyorman janglarga tikka.
Do'stlaringiz bilan baham: |