Duogo’y
Said Ahmad aka boshchiligida bir guruh adiblar olis tog’ qishlog’iga yetib keldik. Mehmonga chaqirishdi. Uy to’la odam. Davra boshida to’rvadek soqoli ko’ksiga tushgan qariya o’tiribdi. Hamma unga ta’zim bajo qiladi. Davraga kim kelib qo’shilmasin, chol uzundan-uzoq duo qiladi. “Sen ham mening yoshimga yetib yurgin, bacham”, deb fotiha tortadi.
Bir xil duo takrorlanavergach, Said Ahmad aka so’radi:
-Necha yoshga chiqdinggiz, taqsir?
-Menba? – dedi chol salmoqlab. –Ikkam jetmishga bordim.
-Voy bo’-o’-o’! –dedi Said Ahmad aka bosh chayqab. –Agar sening duoying mustajob bo’lsa, men sakkiz yil avval o’lib ketishim kerak ekan-da, ukam? Men yetmish oltiga chiqdim! Turaqol endi, joy almashamiz! (O’.Hoshimov)
1.Bu matn kichik hikoya hisoblanadi. Ushbu matnni o’qigandan so’ng, albatta yuzimizda kulgu paydo bo’lishi aniq. Chunki matndagi so’zlar o’z o’rnida va mahorat bilan qo’llangan. Lekin matndagi asosiy mavzu va g’oya anashu kulgu orqali asl haqiqatni ko’rsatib berish hisoblanadi. Matnda kibrli va maqtanchoq inson tasvirlangan. Garchi bunga loyiq bo’lmasa-da, u o’zini boshqalardan ustun ko’radigan, hamma undan o’rnak olishi kerak deb o’ylaydigan inson edi. Matn so’ngida taniqli yozuvchi, Said Ahmadning aytgan gaplari o’rinli hisoblanadi. Har qanday paytda ham kamtar inson bo’lish kerak deb o’ylayman.
2.Matnda beshta abzas mavjud. Albatta birinchi abzas matn boshlanishida qo’yilishi kerak. 2-5 abzaslar esa dialog tarzida ketganligi va 1-abzasdan mazmun jihatidan bir-birini taqozo etmaganligi uchun qo’llangan.
3.Ushbu matn badiiy uslubga mansub. Yuqorida aytib o’tganimdek, O’tkir Hoshimov asariga mansub, kichik hikoya hisoblanadi. Badiiy matn turlarining hikoya mazmunli matn tipiga kiradi. Bu hikoya mazmunli matn - muallifning o’zi ko’rib, guvohi bo’lgan matn hisoblanadi.
4.Bu matn shakl va mazmun jihatidan bir-birini to’ldiradi deb aytolmayman. Chunki matn shaklan juda qisqa, ammo ma’no va mazmun jihatidan o’zida ko’p narsalarni jamlagan.
5.Matn makon va zamon ma’no jihatida bir-biriga judayam bog’liq. Ushbu matnda mustaqillikdan keyingi yillardagi insonlar, ularga xos xususiyatlar, shunga muvofiq til birliklari va so’zlardan foydalanilgan. Matn ham aynan o’sha paytlar oralig’ida yozilgan.
6.Matnda umumxalq va adabiy til me’yorlaridan ham unumli foydalanilgan. Chunki matnda shevaga oid so’zlar ham uchrab turadi. U zamonaviy matnning, bugungi kun mavzusidagi zamonaviy matn turiga kiradi.
7.Ushbu matnda: “to’rvadek soqoli ko’ksiga tushgan qariya” kabi chiroyli o’xshatishdan foydalanilgan. Metafora usulida ma’no ko’chish hodisasi yuz bergan.
Shu bilan birga, “bacham”, “menba”, “ikkam jetmish” kabi shevaga oid so’zlardan ham foydalanilgan.
Voy bo’-o’-o’! – undov so’zi ham qo’llanilgan.
8.Men bu matnni tanlaganimning sababi, matn kichik bo’lishiga qaramasdan o’zida ko’plab komponentlarni tashkil etgan. Mazmun jihatidan fikr tugalligi ham mavjud. Shu o’rinda juda ham qiziqarli matn hisoblanadi.
306-guruh talabasi Rahimova Muyassar.
Do'stlaringiz bilan baham: |