Qit’a ta’rifi. Alisher Navoiy qit’alari. Uch qit’a tahlili.
Qitʼa - shakliga koʻra gʻazalga yaqin turadi, aruzning istalgan vaznida yaratiladi. Undan faqat dastlabki bayt qofiyasining erkinligi bilan farqlanadi. Uning qofiyalanish tartibi a: a, d: a, e: a, f: a,… koʻrinishida boʻladi. Odatda, qitʼaning eng kichik shakli ikki baytdan iborat boʻladi. Qitʼaga aniq chegara qoʻyilmagan. U koʻproq falsafiy, ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-maʼnaviy masalalarni tilga olishi bilan ajralib turadi. Maʼlumki, mumtoz adabiyotda ayrim janrlar (masalan, ruboiy, tuyuq) uchun qatʼiy vaznlar belgilab qoʻyilgan. Qitʼa bu jihatdan ham erkindir.
Saxo-vu buxl bobida nukta surmak va arolarida ikki vosita kelturmak
Debon bergan kishi erdur, va lekin
Demay berganga erlik bil musallam.
Ne deb, ne bersa bilgil ani xotun,
Debon bermasni xotundin dagʻi kam.
Bu yerda ham sarlavha asar haqidagi tasavvurlar uchun asos vazifasini ado etadi. Qitʼa mavzusi sarlavhada oʻz aksini topgan. Unda gap “saxo” va “buxl” haqida boradi. “Saxo” – saxovat, saxiylik, qoʻli ochiqlikni, “buxl” esa baxillik, xasislik, qurumsoqlikni anglatadi. Shu yerda “musallam” soʻziga ham izoh berish zarurati bor. U qarshilik qilmay, inkor etmay maʼqullangan degan maʼnoni bildiradi. Demak, muddao qoʻli ochiqlik va qurumsoqlik haqida mulohaza yuritishdan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |