ADABIYOT – SO’Z SAN’ATI.
XX ASR BOSHIDAGI O’ZBEK ADABIYOTI
REJA:
1. Adabiyot – so’z san’ati.
2. XX asr boshidagi o’zbek adabiyoti.
3. Jadid adabiyotining rivojlanishi.
San’at turlari orasida adabiyot alohida o’rin tutadi. Badiiy adabiyotda hayot boshqa san’at turlariga qaraganda to’laqonliroq aks ettiriladi. Shuningdek, badiiy adabiyotda aks ettirilgan hayot serqirra va ta’sirchan bo’ladi. Tasavvur qilaylik, siz Abdulla Qodiriyning “O’tgan kunlar” romanini o’qish bilan mashg’ulsiz. Bilasizki, romandagi voqealar, bundan bir yarim yil oldin ro’y bergan, asar qahramonlarining dunyodan o’tib ketganligi ham sizga yaxshi ma’lum. Buning ustiga, ular sizga qarindosh ham, yaqin bo’lmaganlar. Lekin asardan bosh ko’tara olmaysiz. Roman qahramonlarining taqdiri sizning taqringizga, ularning tuyg’ulari siznikiga qo’shilib ketganday bo’ladi. Ular qiynalsa, azob chekasiz, quvonsa, rohat qilasiz. Ba’zan esa, hatto, yig’lab olishga ham to’g’ri keladi. Kumushni opangizday, balki undan ham ortiqroq, Otabekni akangizday yaxshi ko’rib qolasiz.
Fanlar orasida badiiy adabiyotga eng yaqin turadigani tarixdir. Chunki tarix ham odamlar hayoti, ularning faoliyati va o’zaro munosabatlarini o’rganadi. Lekin bir-biriga g’oyat yaqin deb hisoblanadigan tarix bilan badiiy adabiyot o’rtasida ham jiddiy farqlar mavjuddirki, bu farqlar solishtirganda ko’zga yaqqol tashlanadi.
Ijodkor yaratgan asl badiiy manzaradadoimo fikr bilan birgalikda tuyg’u, hissiyot ham bo’ladi. Yozuvchi hamisha yo nimanidir yoqlaydi, yoki inkor qiladi. Betaraf badiiy ijod bo’lishi mumkin emas. Chunki inson tafakkuri va ruhiyatida betaraflik tugagandan so’nggina chinakam badiiy asar yaratiladigan holat paydo bo’ladi.adibning tuyg’ulari nechog’lik kuchli, nigohi qanchalar o’tkir, tili qanchalik boy bo’lsa, o’quvchi uning asariga ta’siriga shunchalik qattiq beriladi. Yaratilgan badiiy matnning qanchalik hissiy, ta’sirchan bo’lishi uning timsoliyligi – obrazliligi darajasiga bog’liq.
Shunday qilib, badiiy adabiyotning ilmiy adabiyotdan asosiy hal qiluvchi farqi uning obrazliligidadir. Badiiy adabiyot obrazli bo’lganligi uchun ham odamga kuchli ta’sir etadi. Xo’sh, u holda badiiy timsol – obrazning o’zi nima degan savol tug’iladi. Bu haqda oltinchi sinfda ham qisman fikr yuritilgan edi. Yuqoridagi misollardan kelib chiqadigan bo’lsak, ijodkorning fikr, tuyg’u, hissiyot va kechinmalari singdirilgan tasvirni badiiy timsol yoki obraz, deyish mumkin.
Badiiy adabiyot san’atining boshqa turlaridan asosiy ish quroli ham, asosiy materiali ham so’z ekanligi bilanfarq qiladi. Yozuvchi insonning ko’z bilan ko’rish, quloq bilan eshitish, qo’ying-chi, biron-bir sezgi a’zosi bilan bilish imkoni bo’lmagan eng yuksak fikrlari, murakkab tuyg’ulari, nozik sezgilarini birgina so’z orqali ifoda etadi.
Ko’p asrlik o’zbek adabiyoti tarixida XX asr adabiyoti alohida mavqeni
egallaydi. Zero, xuddi shu davrda adabiyotimiz xazinasida roman, qissa, drama, komediyalari ilg’or jahon yozuvchilarining badiiy tajribalaridan tom ma’noda bahramand bo’la boshladilar. Adabiyotning xalq va jamiyat hayoti bilan aloqasi barqarorlashdi.
XX asrda o’zbek xalqi hayotida ro’y bergan bir qator voqealar olamshumul ahamiyatga molik bo’lib, ular shu asr adabiyoti tarixini turli davrlarga ajratib o’rganishni taqozo etadi. Bu davlar esa quyidagilardir:
1. Asr boshidagi o’zbek adabiyoti (1905-1917-yillar).
2. 20-yillar adabiyoti.
3. 30-40-yillar adabiyoti.
4. 50-80-yillar adabiyoti.
5. Hozirgi adabiy jarayon (90-yillar).
An’anaviy aruz vazni qatoriga barmoq vazni kelib qo’shildi. Og’ir zamonadan va chor istibdodidan norozilik ruhidagi folklor namunalari, xalq qo’shiqlari ko’paydi. Sahna asarlari paydo bo’ladi. Xalq sahnada o’z dardi, muammolari, orzu-umidlari, ideallari badiiytalqini bilan yuzma-yuz uchrasha boshladi. Bu o’zbek madaniyati uchun yangilik edi. Adabiy tanqid jonlandi. Dastlabki e’lon qilingan maqollarning ta’sir kuchi va doirasi kengaydi. Davr adabiyotida realistik, romantik, satirik yo;nalishlar paydo bo’ldi.
Inqilobiy adabiyotning tug’ilishi shu davrga to’g’ri keladi. Bu yo’nalishdagi asarlarning ilk namunalari 1905-yildan keyin vujudga keldi.
Qilib hururiyatu erklik taloshin,
Ko’ring, yurt erlari so’ng bo’ldi badnom –
deydi Rusiyadagi hodisalar haqida Nozimaxonim 1907-yilda yozgan “Bayon et” nomli she’rida.
Shoirlar ijodida boshqacha hayotni qo’msash ruhi kuchli bo’lgani bilan yangi, ozod, baxtli turmushga qanday qilib erishish mumkinligi haqida ularning bu davrdagi asarlarida aniq javob ham yo’q edi. Bu holatning aniq ifodasiga Abdulla Avloniyning “Nadir, bilmam” radifli g’azalida (1912) duch kelamiz.
Dunyoning o’zi, bilmam, bo’lg’usi qachon barbod,
Bu g’am uyidur hijron, ijrosi nadur, bilmam.
Biroq hayot bunday davom etishi mumkin emas, degan fikr shoirlar dunyoqarashida yildan-yilga mustahkamlanib bordi va bu g’oya o’zining turlicha badiiy talqinini topdi. Masalan, Zavqiy bu zamonda inqilob bo’lishi muqarrar, degan fikrga keldi.
H.H.Niyoziy esa, bunday deb yozdi:
O’ylama o’lguncha har kim bu razolatda ketar,
Shohlar bir kun gado, bir kun gado shahzoddir.
Avloniy esa kelajakka ishonch ruhi bilan bunday yozdi:
Inqilob bo’lmak tabiiy har zamonning oxiri,
Shodlikka do’nmayurmu har fig’onning oxiri.
Oktabr to’ntarishigacha bo’lgan davrda yaratilgan inqilobiy ruhdagi asarlar, ayniqsa, Shavkat ijodida yorqin ko’rindi. Uning “Qahramon fidokorlar haqida”, “Toshkentlik yoshlar haqida” nomli she’rlari va “Toza hurriyat”, “Rusiya inqilobi” kabi dostonlari o’zbek adabiyotida inqilob mavzui ancha keng va chuqur yoritilgan dastlabki asarlardir.
Xususan, “Rusiya inqilobi”ni janr nuqtai nazaridan yangi yo’nalishdagi birinchi o’zbek tarixiy dostoni deb atash mumkin.
Bu davrda maktab va madrasalarda “usuli jadid” degan tushunchalar paydo bo’lib, jadid maktablari ochildi (jadid “yandi” degan ma’noni bildiradi). Qrim-tatar xalqining buyuk farzandi Ismoilbek Gaspirali tashabbusi bilan paydo bo’lgan bu yangilikni Turkiston maktablarida Avloniy, Hamza, Shakuriy kabi ilg’or pedagoglar hayotda joriy eta boshladilar. Ular, ayni vaqtda, maktablar uchun qator yangi darsliklar yaratdilar.
Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidov, Abdurauf Fitrat, Hoji Muin, Sadriddin Ayniy, Abdulla Avloniy, Ismoil Obidiy, Abdulvohid Munzim va boshqalar jadidchilik g’oyalarini yoyishda nashriyot ishlariga, matbuot sohasiga katta e’tibor berdilar. Ular va ularning maslaklari “Vaqt”, “Osiyo”, “Shuhrat”, “Hurriyat”, “Ulug’ Turkiston”, “Buxoroyi sharif”, “Sadoi Turkiston” gazetalarida Turkistonning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, milliy, madaniy-ma’rifiy va tarbiyaviy ishlardagi ravnaqi uchun zarur bo’lgan muammolarni ko’tarib chiqdilar, kezi kelganda, mustamlaka siyosatiga qarshi fikrlarni ilgari surishda jasorat ko’rsatdilar.
Munavvar qori 20-yillardagi maqolalaridan birida “chor hukumatini yo’qotish jadidlarning tilagida bor edi”, deb yozdi.
Mohiyat e’tibori bilan XX asr tongida dunyoqarashi shakllanib ulgurgan o’zbek adabiyoti va madaniyatining eng ko’zga ko’ringan arboblarining deyarli barchasi jadidchilik harakatining rahbarlari, asoschilari yoki bu harakatga faol ravishda ijobiy munosabatda bo’lgan kishilar edi. Behbudiy, Fitrat, Qodiriy, Cho’lpon, Ayniy, Avloniy, Tavallo, Hamza, Hoji Muinlar ana shunday ijodkorlardir.
Jadidchilik harakatining natijalari o’laroq Turkiston hayotida jiddiy ilg’or madaniy jarayonlar kechdi. O’lkada teatr vujudga keldi, fan-texnikaga qiziqish kuchaydi, milliy til qadriga ahamiyat ortdi, tor biqiqlikdan chiqib, farzandlarni jahon ma’naviyatiga, talimiga oshno etish tamoyili mustahkamlandi, uy-joy tutish muomala-munosabat, kiyim-kechak, tabobat, me’morchilik, matbaa, aloqa masalalarida jahonning ilg’or tajribalarini o’zlashtirish boshlandi, ommaviy kutubxonalar ochildi va hokazo.
Matbuot va adabiyot. Bu davrda matbuot sohasida kuchli jonlanish ro’y berdi. O’zbek matbuotining dastlabki taraqqiyoti shu yillarga to’g’ri keladi. Munavvar qori muharrirlik qilgan, 1906-yilning sentyabridan noyabrigacha chiqqan “Xurshid” gazetasi hech qaysi guruh yoxud firqaga mansub emasligini e’lon qilsa-dayerli bo’lmagan sarmoyadorlarni tanqid ostiga olgani, millatni uyg’otish yo’lida harakat qilgani uchun yopildi.
O’sha yilning boshida tashkil etilib, deyarli bir yarim yil davomida chiqib turgan jadidlarning birinchi gazetasi “Taraqqiy” ilg’or g’oyalarni yoyishga intildi. Uning muharriri Ismoil Obidiy eski maktablarni isloh qilishga chaqirdi, millat manfaati yo’lida vatandoshlarni birlashishga da’vat etdi, sinfiy tabaqalanmaslikka chorladi.
Turkistonda milliy uyg’onish, o’zlikni anglash g’oyalarini targ’ib etishda, ayniqsa, “Sadoi Turkiston” (1914-1915) gazetasi katta ishlarni amalga oshirdi.
Gazetaga turli muddatlarda Rauf Muzaffarzoda, Abdulla Avloniy, Ubaydulla Asadullaxo’jayev kabi millat jonkuyarlari muharrirlik qildilar.
“Oina” (1913, Samarqand) va “Al-isloh” (1915, Toshkent) oynomalari ham ijtimoiy-siyosiy va adabiy-madaniy hayotdagi muammolarni ko’tarib chiqishga alohida e’tibor berdi.
Behbudiy “Oina” jurnalida e’lon qilingan “Yoshlarga murojaat” maqolasida yoshlarni zamonaviy ishlarni, ayni vaqtda, o’ris tilini mukammal o’zlashtirishga chaqirdi, biroq bu ishlarni milliy va diniy e’tiqodni buzmasdanamalga oshirish kerakligini ta’kidlaydi. “Din va millatga xizmat ilm va aqcha bilan bo’lur”, deb yozdi u.
Bu yo’nalishda Behbudiy, Avloniy, Mirmuhsin singari so’z ustalari, ayniqsa, barakali ijod qildilar. Milliy uyg’onishni va haq-huquqni anglashga chaqirish masalasi ilg’or publitistlarning diqqat markazida turdi. “Bilmoq kerakki, haq olinur, berilmaydur”, deb yozdi, masalan, Behbudiy “Bayoni haqiqat” deb nomlangan maqolalaridan birida. Bu davr publitistikasida faol ijod qilganlardan biri Mirmuhsin Shermuhammedov.
1917-yilda yozilgan “Tarixiy ikki voqea” Mirmuhsin ma’rifat dushmanlarini qattiq tanqid qildi. Hatto Buxorodagi shunday kishilarni “Buxoro mikroblari” deb atadi. Maqola katta shov-shuvlarga sabab bo’ldi. Uni e’lon qilgan “Turon” gazetasi yopib qo’yildi. Muallifi esa dinsizlikda ayblanib, sazoyi qilindi.
Mardikorlikka olish voqealari adabiyotda chuqur iz qoldirdi. H.H.Niyoziyning “Salom ayting”, “Sog’inib”, Shavkatning “Rabochiylar”, “Sizlarga mujdam” kabi asarlari vatanidan olis o’lkalarda mardikorlik tufayli azob-uqubatlarda qolgan yurtdoshlarimizning kechinmalari, otalari, farzandlari, erlarini kutib, ko’zlari to’rt bo’lgan jigargo’shalarning ruhiy holatlari yoritildi:
Qachon ozod bo’lur, tangri, boshimiz,
Vatan borib qurur ko’zdan yoshimiz,
Ko’p qatori rahm aylag’il bu zora,
Ado bo’ldim ellarimni sog’inib,
deydi H.H.Niyoziyning “Sog;inib” she’ridagi lirik qahramon.
Shavkatning “Sizlarga mujdam” she’rida esa o’z yurtiga omon qaytganlar mehri va sevinchiga aytilgan shukronalarni o’qiymiz:
G’ariblikda jafo chekkan, sitam ko’rgan, alam ko’rgan,
Qaddi g’amdin duto bo’lgan, mashaqqatparvarim keldi.
G’ariblig’ yurtida hayronu sarson o’lmasin hechkim,
G’aribu notavon o’g’lon, sitamkash rahbarim keldi.
Avloniyning “Mardikorlar ashulasi” (1917) ruhi, g’oyasi, qahramonlari, hatto, badiiy tasvir vositalari bilan yuqoridagi asarlarga hamohangdir.
Mardikorlik bilan bog’liq mavzu Oktyabr to’ntarishidagi arafasidagi o’zbek adabiyotining o’ziga xos xususiyatlaridan biridir. Shu sabab bu masalaga faqat ayrim she’rlar, qo’shiqlar emas, hatto maxsus to’plam va dostonlar bag’ishlandi, M.Ibrohimov tuzgan “Loshmon” (1916) nomli to’plam, H.H.Niyoziyning “Safsargul” to’plami, Po’lkanning “Mardikor” dostoni ana shular jumlasidandir.
Bu davr adabiyotida milliy uyg’onish bilan bir qatorda erk va ozodlik ohaglari, xususan, ozodlik harakati bilan aloqador ohanglar kuchaydi.
Tayanch iboralar:
Jadidchilik, inqilobiy, milliy mafkura, ozodlik harakati, uyg’onish, diniy, ijtimoiy, siyosiy, publitsistika, g’oya, erkinlik.
Do'stlaringiz bilan baham: |