Abu Ali ibn Sino
HIKMATLAR
Haqiqatni ochinglar, to’g’ri yo’ldan yuringlar. Bir-biringizdan ilm o’rganib, kamol topishingiz uchun dil pardasini ochib tashlanglar.
Quyosh ko’rlarga ko’rinmay berkinganidek, johillarga ham dunyoda to’g’ri yo’l belgilari ko’rinmay qoladi.
Kundalik rizq ko’p, qayg’uraverma. Shu bilan birga mol orttiraman, deb o’zingni ko’p qiynaverma. Chunki har kim o’z nasibasidan ortiq bitta ham don yeya olmaydi.
Mol-dunyoing seni aldamasin, chunki asragan mol-dunyoing boshqalarniki bo’ladi. Ularni sarf eta olsang, o’sha seniki bo’ladi.
Boylikni topishibdi-yu aql-idrokni yo’qotishibdi. Ajabo, topgan narsalari bilan yo’qotgan narsalarining bahosi bir xilmidi?
Kishi uchun eng foydali, dilni yorituvchi narsa qanoatdir. Eng zararli va nafratli narsa hirs va g’azabdir.
Boshqalarda ko’rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.
Ey havoyu havasga berilgan nafs, tez bo’l. Chunki sen bir nafasning himoyasidasan.
Yordam berishning go’zalligi undan kishining tasalli topishida ko’rinadi.
Taroq aslida sochni tartibga solish uchun ishlatiladi-yu, ammo shu bilan birga u sochlarning ba’zilarini joyidan yulib tushiradi.
Qora tuproq qa’ridan tortib, to Zuhal cho’qqisigacha bo’lgan dunyoning hamma mushkul masalalarini hal qildim. Men har qanday makr va hiyla tuzog’idan qutilib chiqa oldim-u, ammo o’lim tugunini yecha olmadim.
Men ko’p joylarni kezdim va olam ahvoliga qaradim. Unda hayronlik kaftini iyagiga tirovchidan yoki pushaymonlik barmog’ini tishlab turuvchidan boshqani ko’rmadim.
Odamlarning botiri kelajakdagi ishlardan qo’rqmaydi. Kamolot hosil qilishdan chetlangan kishi odamlarning eng qo’rqog’idir.
Keksaygan odam yoshlik o’tida yonolmaydi.
Agar kelajagim xayrli bo’lsa edi, mayli tinchgina, bemalol tirikchiligimni qilaverar edim. Bordi-yu agar unday bo’lmasa, ming ko’z bilan yig’lardim.
Falak — juft soqqa, olam taxtasidir, ajal o’ynaydi — bizlar donai xom.
Minglab nafar ulug’ zotlar borliqdan yo’qlikka ketdilar. Axir bu ulug’ zotlarning birortasi ham yo’qlikdan borliqqa qaytib kelmayaptilar-ku.
Har kim hodisalardan ibrat ola bilsa, boshi qattiq otga o’xshagan bu falak unga bo’ysuna beradi.
Inson toki o’zini mayda gap, o’chakish, janjal, shikoyat, norozilik, ohu vohlardan ozod qilolmas ekan, u iflos va pastlik tabiatidan xalos bo’lolmaydi.
Yaxshiliklarning eng foydalisi sadaqadir.
Bir kishi sen bilan munosabatida xato qilsa-yu, senga uzr bayon etsa, uzrini qabul qilishni kechiktirma!
Agar havoda chang va tutun bo’lmasa edi, kishi ming yil yashagan bo’lardi.
Quruq gapning o’zi hech qachon dalil bo’lolmaydi.
So’zning yomoni amal qilinmay bekor ketganidir.
Ruh — shamchiroqqa, bilim — ana shu shamchiroqdan taralayotgan yog’duga, Allohning zakosi — moyga o’xshaydi. Shamchiroq yonishdan to’xtamas ekan — sen tiriksan. Agar u o’chsa — sen halok bo’lasan.
Har bir tabiiy narsa o’lchangan bo’ladi, lekin har bir o’lchangan narsa tabiiy bo’lavermaydi.
Qanoat deb, o’ziga kifoya qiladigan narsaga erishishga aytiladi; buni bo’shashganlik ham deyishadi. Qanoat kamtarlik va uncha-muncha narsani nazarga ilmaydigan xislat bilan hirs o’rtasida bo’ladi.
Sabr deb, inson boshiga tushgan alam va chidab bo’lmaydigan og’riqni to yengunga qadar ushlab turishga aytiladi.
Kishini qabih va bemaza ishlarga qadam qo’yishdan tutib turadigan va uni yaxshi xulq va ishlarga yo’llashiga hayo deyiladi.
Iffat esa yomonlik bilan shahvat hamda bunga o’xshagan narsalar o’rtasida turadi. Yana u serhafsalalik bilan behafsalalik o’rtasida turadi.
Saxovat esa baxil hamda ziqnalik bilan sarf qilish o’rtasida turadi.
Shijoat — dovyuraklik esa qo’rqoqlik bilan qo’pollik o’rtasida bo’ladi.
Yaxshi va yomon xulqning hammasi sharoit, tarbiya, odatlanish natijasida vujudga keladi. Yaxshi xulqqa ham odat tufayli erishiladi.
Haqiqat mantiq ilmidan talab qilinsin! Ichki quvvatlarning ta’sirlari va ta’sirlanishlari takrorlanaversa, ular uchun kuchli bir malaka hosil bo’ladi. Axloq ham shunday vujudga keladi.
His ichki ruhga qattiqroq ta’sir etadi va uni harakatga solishda aqldan kuchliroqdir.
Yaxshilik hammaga bevosita sevimli. Agar shunday bo’lmaganda edi, har kim o’z istagan yoki orzu qilgan va yoki o’zicha yaxshilik deb tasavvur qilgan biror narsani o’z oldiga maqsad qilib qo’ymagan bo’lardi.
To’g’rilik, agar u to’g’riligi isbotlanayotgan narsaning bevosita o’zida topilsa, u holda u o’sha narsani mustahkamlaydi, yaxshilaydi.
To’g’ri deb o’ylanilgan qanchadan-qancha narsalar bo’ladiki, ular aslida to’g’ri bo’lmay, balki faqat xatolardan iborat bo’ladi.
Xulqning muvozanatda bo’lishi badan salomatligini saqlaydi.
Kek aslida aziyat bergan narsaning fikrda takrorlanishi bilan hamda undan o’ch olish orzu-xayolining takrorlanishi bilan paydo bo’ladi. Uning paydo bo’lishiga g’azabning bir qadar davom etishi ham sabab bo’ladi.
Bilginki, agar g’azab tez o’tib ketsa, uning surati xayolda takrorlanmaydi va yo’q bo’lib ketadi, natijada kek hosil bo’lmaydi.
Ma’rifatchi (orif) botir odam bo’ladi, shunday bo’lmay ham bo’larmidi! U o’limdan ham qo’rqmaydigan, saxovat egasi bo’ladi. Shunday bo’lmay ham bo’larmidi! U barcha behad narsalarga hirs qo’yishdan uzoq va barcha adashganlarga mehribondir, shunday bo’lmay ham bo’larmidi! U o’z nafsoniyati bilan ulug’vor bo’ladi, shunday bo’lmay ham bo’larmidi!
Tabiatda bekorchi narsalar bo’lishining o’zi bo’lmagan narsadir.
Ma’ruf va mashhur bo’lmagan narsalarni odat etishga ko’proq intilinadi. Chunki odat bo’lgan narsalar ko’pincha sezilmaydi.
Hujum qilib kelayotgan qo’shinlardan qo’rqib qochish, insonlardagi qo’rqoqlikni boshqalar tomonidan fosh etilishi, boylikni yerga ko’mish, adolatsizlikning ko’rinishlari, ifloslikka befarq qarash, shubhali joylarda bo’lish, razillikni istash, axloqiy tubanlikka borish, kambag’alni talash, o’liklar kafanini qazib olish, gadoychilik qilish, haddan tashqari ziqnalik qilish, sudxo’rlik qilish, kechirim so’raganlar iltimosini rad etish, sud oldida turishgacha borish, muruvvatsizlik kabilar sharmandalikka kiradi.
Insonlarni doimiy tobe bo’lib yashashlari, boshqalar tomoni-dan o’z nafsini masxara qilinishga chidash, jabr-zulmga toqat qilish, yetishmovchilik kabilar kishini qiziqqon bo’lishiga sabab bo’ladi.
Ulug’lik insonga eng yomon hodisalarni yaqinlashishiga yo’l qo’ymaydigan bir matonatni jamlovchi kuchdir.
Farosat — sezgidan keladigan ishoraning asl ma’nosiga tezda yetishmoqqa aytiladi.
Ilm — narsalarning inson aqli yordami bilan o’rganilishidir.
Bilim deb, narsalarni idrok qilishga aytiladi. Bu shundayki, inson aqli uni xato va yo’ldan toymasdan turib unga erishishi kerak bo’ladigan narsadir. Bordiyu bu dalillar ochiq-oydin bo’lsayu, isbotlar chinakamiga bo’lsa, u holda bunga hikmat — donishmandlik deyiladi.
Bayon — inson fikriga kelgan ma’noni yaxshi ifodalanishidir.
Barvaqt aytib qo’yib, oshkor qilish zarar keltiradigan bir narsani aytishdan o’zni tiyib turish ishini inson vijdoniga havola qilinganiga sir saqlash deb aytiladi.
Insondagi sir saqlay bilish xislati oshkor qilish xavfi tug’ilganda uni ushlab tura biluvchi kuchdir.
Boshqalarda ko’rganni juda qattiq istamaslik ham qanoat hisoblanadi.
O’z kuchini zarur bir me’yorda ushlab turish ham qanoat sanaladi.
Ochko’zlik, yaxshi ovqat, ichkilik, xotin-xalajga berilishdan o’zni tutish iffat sanaladi.
Kishini qabih va bemaza ishlarga qadam qo’yishdan tutib turadigan va uni yaxshi xulq va ishlarga yo’llashiga hayo deyiladi
Do'stlaringiz bilan baham: |