O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY VA O’RTA MAXSUS TA’LIM
VAZIRLIGI SAMARQAND DAVLAT UNIVERSITETI
MAKTABGACHA VA BOSHLANG’ICH TA’LIM FAKULTETI
Maktabgacha ta’lim yo’nalishi
3-kurs talabasi
ABDUSAITOVA MAFTUNA SADRIDDIN QIZINING
BITIRUV MALAKAVIY ISHI
MAVZU: ERTAK VA TOPISHMOQLAR VOSITASIDA
MAKTABGACHA YOSHDAGI BOLALARNING NUTQINI O’STIRISH
Ilmiy rahbar: Rashidova U.
Samarqand - 2022
MUNDARIJA
Kirish……………………………………………………………………………3
I BOB. Xalq og’zaki ijodi maktabgacha yoshdagi bola nutqini o`stirivchi vosita.
1.1. Maktabgacha yoshdagi bolalar nutqining shakllanishi haqida tushuncha…….8
1.2. Bolalar nutqida xalq og’zaki ijodining ahamiyati……………………………..12
1-bob bo`yicha xulosalar…………………………………………………………24
II BOB. Ertak va topishmoq janrining bolalar nutqining shakllanishida tutgan o’rni.
2.1. Ertak janrining bolalar nutqi shakllanishida tutgan o’rni……………………..25
2.2. Topishmoq janrining bolalar nutqi shakllanishida tutgan o’rni. ……………40
2-bob bo`yicha xulosalar……………………………………………………………
Xulosa. …………………………………………………………………………
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yxati. …………………………………………
Ilova. Maktabgacha yoshdagi bolalarning nutqini ertak va topishmoqlar vositasida o’stirishga bag’ishlangan mashg’ulot ishlanmalardan namunalar…………………….
KIRISH
Muammoning dolzarbligi. Kelajak avlod tarbiyasida milliy madaniyatimizni teran anglash, mustaqillik qobiliyatlarini shakllantirish va mustaqil ishlash, izlanishlarini odat tusiga kiritish, hayotda uchraydigan voqea-hodisalarning mohiyatini tez anglaydigan zukko va bilimdon qilib tarbiyalash aynan maktabgacha ta’limdan boshlanishi kerak.
Muhtaram Prezidentimiz Sh. M. Mirziyoyev hozirgi vaqtda yurtimizda bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash, maktabgacha ta’lim tizimi samaradorligini oshirish maqsadida katta ishlarni amalga oshirmoqda. Xususan, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarori (2016 y.) yuqoridagi fikrlarning dalilidir.
Bugungi kunda maktabgacha yoshdagi bolalarni maktab ta’limiga har tomonlama puxta tayyorlash, yosh avlodni yetuk va barkamol qilib o’stirish davlat va jamiyat, oila hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarining asosiy vazifalaridan biridir.
O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. M. Mirziyoyevning “2017-2021-yillarda maktabgacha ta’lim tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi qarorida bolalarni maktabga tayyorlash darajasini tubdan o’zgartirish, ta’lim va tarbiya jarayoniga zamonaviy pedagogik texnologiyalar va ta’lim dasturlarini tadbiq etish, yosh avlodni har tomonlama rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratishga doir dolzarb vazifalar belgilab berildi.
Mamlakatimiz yoshlariga erta ta’lim-tarbiya berish mas’uliyatini hozirda yurtimizda faoliyat yuritayotgan maktabgacha ta’lim tashkilotilari o’z zimmasiga olgan. Maktabgacha ta’lim tashkilotilarida bilimlarni berish shakli mashg’ulotdir. Mashg’ulotlar jarayonida bolaning nutqi rivojlanib, undagi grammatik va fonetik qirralari sayqallanib, til boyligi oshib borish bilan bir qatorda undagi psixologik va intellektual jihatlari rivojlanib boradi.
Maktabgacha ta’lim tashkilotlarida 5 ta metodika bo’yicha bolalarga ta’lim-tarbiya saboqlari berib boriladi. Bulardan eng asosiysi «Nutq o’stirish mashg’ulotlari» desak mubolag’a bo’lmaydi. Chunki, nutq o’stirish nafaqat bolaning so’z boyligini oshirish, balki uning muloqot qobiliyatini rivojlantiradi, undagi bilish jarayonlarining, shu jumladan bolaning tafakkurini o’stirishda ham muhim vosita bo’lib hisoblanadi. Hozirgi paytda maktabgacha katta yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirishga yanada yuqori talablar qo’yilmoqda. Bu talablarga javob berish nutqni rivojlantirishga oid yangi izlanishlarni taqozo etadi1.
Bolalar adabiyoti va xalq og’zaki ijodiga oid asarlar, shu jumladan, kichik folklor janrlari (topishmoqlar, tez aytishlar, maqollar, matallar, sanoq she’rlar va boshq.) bolalar nutqini o’stirishning eng muhim manbalari hisoblanadi.
Badiiy so’zga muhabbatni ilk yoshdan boshlab tarbiyalab borish zarur, bola bog’chadan maktabga ana shu muhabbat bilan o’tadi va keyinchalik Vatan adabiyotini sevadigan bo’lib qoladi. Xalq og’zaki ijodi – ertaklar, topishmoqlar, maqollar, qo’shiqlarning ko’plari uzoq o’tmishda va hozirgidan tubdan farq qiladigan voqeligidan tubdan farq qiladigan turmush sharoitida yaratilgan xalq ijodi asarlaridan faqat tarbiya vazifalariga javob beradiganlari tanlab olinadi.
Aql-idroki yoki jasurligi bilan, sabr-toqati yoki mehnati bilan har qanday qiyinchiliklarni yengadigan dovyurak, vijdonli qahramonlar ishtirok etadigan ertaklardan bolalar juda hayratlanadilar, bunday ertaklar bolalarni ijobiy qahramonlarga nihoyatda hayrixoh bo’lishga, yovuzlikka, nohaqlikka, qizg’anchiqlikka, makr-xiylaga nisbatan murosasiz bo’lishga majbur etadi.
Bolalar folklori bolalar xotirasini rivojlantirish, eslash, xotirlash orqali nutqini o’stirish va ijodiy fikrlashga o’gatadi. Bolalarda zehn va idroklilik, mantiqiy fikrlashga o’rgatish, kuzatuvchanlik va hozirjavoblikni o’stirish bilan birga kasb-hunarga, mehnatga,tabiatni sevishga qiziqish uyg’otadi. Buning uchun tarbiyachi nutq o’stirish mashg’ulotlarida bolalar folklori namunalaridan aytishga ahamiyat berishi lozim.
Shunday qilib, maktabgacha yoshdagi bolalar nutqini rivojlantirish uchun nafaqat nutq o’stirish mashg’ulotlarida yangi pedagogik texnologiyalardan foydalanish, balki ayni paytda xalq og’zaki ijodi, bolalar folklori namunalari bilan tanishtirishni ta’minlash ham dolzarb masaladir.
Do'stlaringiz bilan baham: |