www.ziyouz.com
kutubxonasi
145
Usta Alim uning hazilini fahmladi-da, tahorat ola-ola qiziq voqi’adan so‘z ochdi:
— Marg‘ilondan ketmagan bo‘lsangiz, o‘zingiz ham eshitkandirsiz Shokirbek, siz bilan
menga tarjimai hollari ma’lum bo‘lg‘an Homid bilan Sodiqni va tag‘in Mutal degan yana
bir yigitni Mirzakarim akaning havlisi orqasida o‘ldirib ketibdirlar. Yomonlar o‘z jazalarini
to-pibdirlar.
— Eshitdim, — dedi Otabek va tag‘in kulib qo‘ydi.
Usta Alim uning bu kulgisiga e’tibor qilmag‘an edi, so‘zida davom etib so‘radi:
— Siz bularni kim o‘ldirgan deb o‘ylaysiz?
— Siz-chi? — dedi Otabek va tag‘in iljayib qo‘ydi.
— Menga qolsa, — dedi usta Alim, — o‘ldirguchi albatta Mirzakarim akaning kuyavi
Otabekdir... zap ish qilg‘an-da, men unga qoyilman. Men uning O‘tabboy qushbegiga
qilg‘an muomalasini eshitib, yuragiga bali degan edim... zap yigit ekan-da!
Otabek o‘ng‘aysizlanib ketdi. Usta Alim yuz-ko‘zini artib Otabekning qo‘lini olib
ko‘rishmakchi bo‘lg‘an edi, ko‘zi o‘ralg‘an dokaga tushdi:
— Qo‘lingizga nima qildi, Shokirbek?
— Pichaq kesib ketdi...
— Yomon kesdimi?
— Sal.
Usta Alim Otabekning yonig‘a o‘lturdi va:
— Nega Toshkand jo‘namadingiz, birarta mone’ chiqib qoldimi? — deb so‘radi.
— Mone’ chiqib qoldi...
— Qanday mone’? — dedi usta.
— Mone’mi? — dedi Otabek va kulimsirab: — Men sizga bir katta gunoh qilib ketkan
edim... Yo‘lda boraturib gunohimdan o‘kindim-da, sizga tavba qilg‘ali Qo‘qondan
qaytdim... Agar siz gunohimni kechirsangiz, men shu daqiqada Toshkand jo‘nayman.
Usta Alim ajablanib Otabekka qaradi:
— Hazillashasiz...
— Hazillashmayman, agar siz kechiraturgan bo‘lsangiz, gunohimni ham hozir iqror
qilaman.
Usta Alim kulimsirab so‘radi:
— Qani iqror qilingiz bo‘lmasa.
— Ilgari kechirishka va’da berib qo‘yingiz.
— Menga qolsa sizning hech gunohingiz yo‘q... Menga noma’lum gunohingiz bo‘lsa
kechirdim.
— Rahmat, — dedi Otabek va so‘radi: — men kim?
— Sizmi, siz Shokirbek!
Otabek uyat aralash kulib qo‘yib dedi:
— Ana usta, manim borliq gunohim sizning shu kungacha meni Shokirbek, deb
bilishingizdagina!
— Bo‘lmasa, siz kim?
— Gunohimni kechirgansiz-a?
— Kechirganman.
— Men siz bilgan Shokirbek emas, toshkandlik Yusufbek hojining o‘g‘li va marg‘ilonliq
Mirzakarim akaning kuyavi — Otabek!
Usta Alim bir oz o‘zini keyinga tashladi va ko‘ziga jiq yosh chiqardi.
— Siz-a? — dedi. Kelib Otabekni quchoqladi... Bu favqulodda holg‘a tushuna olmay
qolg‘an Sayfi ishini to‘xtatib do‘konxonadan qarab turar edi. Usta yig‘lag‘an holda
Otabekni quchoqlab o‘pdi-da, ayvonga ko‘rpacha sola boshladi.
— Nima qilmoqchi bo‘lasiz, usta? — deb Otabek so‘radi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |