www.ziyouz.com
kutubxonasi
152
— Foydasi Toshkandga ketib qolg‘animi?
— Ketib qolg‘an bo‘lsa, tag‘in bir kun kelar.
— Kelmaydi, — dedi o‘ksib Kumush, — uning hamma harakati dushmanidan o‘chini
olish uchun ekan.
— Kim aytdi sanga?
— Xat olib kelganning so‘zidan payqadim.
Oftob oyim kuldi:
— Ering sani tashlab ketmas, qo‘rqma qizim, — dedi,— saning boshingg‘a tikilgan bu
balolarni o‘zining shirin jonidan kechib daf’ qilg‘an Otabek, seni sira ham unutmas,
sanga yozg‘an xatini otangdan olib o‘qub ko‘r-chi oldin.
Kumushbibi yig‘idan qizarg‘an ko‘zini katta ochib so‘radi:
— Menga xat yozg‘anmi?
— Haligi kishi sanga atab dadangga bir xat berdi-ku, bilmadingmi?
— Bilmadim, — dedi. Chunki ul usta Alimning «muhmal javob berdi» so‘zini eshitkach,
tamoman o‘zini unutib, berilgan xatni payqamay qolg‘an edi.
Ikki yildan beri suratini ko‘z o‘ngidan ketkuza olmag‘an, Otabekning yuzini ko‘ralmay,
so‘zini eshita olmasa ham yozg‘an xatini o‘qub eshitish Kumush uchun katta qiymatka
molik edi. Otasining yo‘lakdan kirishi bilan latif ko‘kragi kuchlik tin olish ila ko‘tarilib
tashlandi-da, go‘yo Otabek bilan uchrashaturg‘andek yuragi o‘ynamoqqa boshladi.
Qutidor kelib tanchaga o‘lturg‘ach, o‘ziga «amonatni topshiring» degan kabi qarab
turg‘an Kumushka xatni uzatdi:
— Sanga xat.
Kumushbibi uyalib-netib turmadi va kimdan, deb ham so‘rab o‘lturmadi, darrov
tokchada yonib turg‘an sham’ yonig‘a borib xatni ocha boshladi. Sham’ qarshisida
qizarg‘an shahlo ko‘zlari, yosh bilan sing‘an jinggila kipriklari, chimirilg‘an to‘sdek qora
qoshlari uni allaqanday bir holga qo‘yg‘an edilar. Qoshi ustiga to‘zg‘ib tushkan sochlarini
tuzatib xatni o‘qudi:
«Oy yuzlik rafiqam, qunduz qoshlik ma’shuqam Kumush xonimga!
Shayton ustasi bo‘lg‘an Homidning manim otimdan sizga yozg‘an taloq xatisi ila
menga qarshi yonib ketkan yurakingizning nafrat o‘ti ehtimol endi o‘cha tushkandir.
Soxta taloq xatini olg‘an so‘ngingizda menga xitob qilib yozg‘an fikrlaringizdan ehtimol
endi qaytayozg‘andirsiz... Bu xatni yozar ekan, muhabbatingiz bilan to‘luq bo‘lg‘an
yurakim mudhish bir haqiqat ehtimolidan yafroq kabi titrar va o‘zining to‘lib-toshqan
hasratlarini, faryodlarini ifodasidan adashar edi... Sizga ochib so‘zlay, go‘zal rafiqam:
go‘yo manim bu maktubim sizning Komilbek uchun hasratlik yoshlar to‘kkan, o‘tlik ohlar
tortqan chog‘ingizda erishar-da unutilg‘an, eskirgan bir yurakning arzini tinglay olmassiz
va yonib turg‘an yurak o‘tingiz bilan kuydirarsiz...
Ammo xatimni o‘qumasangiz-da va marhumingiz uchun tortqan ohingiz o‘tida
kuydirsangiz-da, manim uchun farqsizdir. Nega deysizmi? Chunki siz manim shar’iy
rafiqamsiz — yaxshiliq bilan-da va yomonliq bilan-da men buni isbot qilishg‘a hozirman!
Uyingiz orqasida qilg‘an adabsizliklarim, xunxo‘rlik-larim uchun meni kechiringiz...
Chunki men bu vahshiylikni ishlashda ixtiyorsiz edim: hayotingizning, nomusingizning
saqlanishi buni taqozo etar edi... Albatta men ishonamankim, siz manim bu yaxshilig‘im
uchun minnatdorlik qilarsiz. Lekin men bu minnatdorlikka o‘zimni sazovor hisoblay
olmayman.
Men o‘shal kuni kechasi dushmanlardan birini o‘ldirdim-da, so‘ng darajada zaiflandim,
ikkinchi dushmandan yengilishimni va ko‘yingizda jon berishimni aniq bilib rohatlanib
ketdim... Manim uchun ko‘yingizda va oyog‘ingiz uchida jon berish juda shirin edi va
ko‘bdan beri g‘oyam edi. Shuning uchun yaqinrog‘ingizda o‘lmak uchun, o‘lar ekanman,
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |