15. DUSHANBA KUN KECHASI
Bu kungi kech Otabek bilan Homidning hayot va mamot masalalarini o‘zining qora
quchog‘ig‘a olg‘an qorong‘i bir tun edi va bulardan qaysi birlarining so‘ng soatlari
yetkanligi shu qorong‘i tun kabi qorong‘i edi. Otabek bu ikki holdan tabi’iy birisini bu
soat o‘zining ko‘z o‘ngida ko‘rar va shunga hozirlanar edi esa-da, ammo Homidning
xayoli faqat gulgina iskar, gul sayriga oshiqinar edi...
Olti qarich kenglikda uzundan-uzoq tor ko‘cha, tor ko‘cha boshida kichkinagina bir
eshikcha edi. Shom bilan xuftan o‘rtasida bu ko‘cha boshig‘a bir yigit kelib to‘xtadi-da,
tevaragiga kishi bilmas qilib razm soldi. Ko‘chada hech kim qolmag‘an, yo‘l oyog‘i
bosilg‘an edi esa-da, ul uzoqqina qarshisidag‘i darboza ichlarini, tom ustlarini, devor
raxnalarini kuzatdi va qanoat hosil etib tor ko‘chaga ohista-ohista yo‘l oldi. Tor
ko‘chaning yarmisig‘a yetkach, to‘satdan orqasig‘a qayrilib qaradi... Uning harakati bir
narsadan shubhalanib emas, ammo orqadan dushman ta’qibi bo‘lmadimi uchun edi.
Kichkina eshikcha yonig‘a yetkanda tag‘in haligidek orqasig‘a qarab qo‘ydi. Bir oz o‘ylab
to‘xtag‘ach, eshik-ning o‘ng tomonidag‘i devorning buzuq yeridan sekin-gina ko‘tarilib
maydong‘a mo‘raladi. Eshikning qulf va zanjiri bo‘lmay yuziga yopiq holda turg‘an bo‘lsa
ham ul eshikka taqilmadi, mashaqqatlanib devorga mindi. Oy shom yeb yaxshig‘ina
qorong‘i tushkan bo‘lsa ham maydon ichining daraxtsizligi uchun tikkaygan cho‘b ham
ajraturliq edi. Maydonni kishidan xoli bilgach, sekingina devordan o‘zini maydonga oldi.
Maydon ikki tanob kenglikda bo‘lib, janubi qutidor va qo‘shnisining imoratlari
orqasidan va boshqa uch jihati ham shunga o‘xshash binolardan iborat edi. Maydonga
yozda nimadir ekilgan, chuqur-chuqur jo‘yaklar tortilg‘an va yer yomg‘ur bilan ivib,
bo‘kib oyoq ko‘tarib bosishg‘a imkon bermas, har bir oyoq uzg‘anda uch chorak loy
barobar ko‘tarilur edi. Qiynala-qiynala maydonning janubiga o‘tdi. Uning chap qo‘li
tomonida bir uyning orqa devori bir bo‘yra eni kesib tushirilgan bo‘lib qorayib ko‘rinar
edi. Ul bu kesilgan o‘rinni o‘tkan kun kechasi kelib ko‘rib ketkani uchun qaytadan qarab
turmadi esa-da, lekin uning bu binog‘a iltifotsiz qarashi mumkin emas edi. Bu tegi
kesilgan bino Kumushning o‘z uyi bo‘lib, bu uy ichida Otabekning saodatlik kunlarining
shirin xotiralari saqlanar va shu daqiqada ham uning hayot tiragi bo‘lg‘an Kumushbibi
o‘lturar edi. Otabek ko‘zini to‘ldirib binog‘a qaradi, go‘yo bu qarashda ul dunyo malaki
bilan vidolashar edi. Uzoqqina binog‘a qarab olg‘ach, qo‘ynig‘a qo‘l solib bir qog‘oz oldi,
xayol ichida qog‘ozning taxlarini tuzikladi-da, qaytarib yana qo‘ynig‘a tiqdi. Shundan
so‘ng binog‘a yana bir ko‘z tashlag‘ach, maydonning kunbotarig‘a yurib, o‘n besh
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |