www.ziyouz.com
kutubxonasi
106
— Qani bo‘lmasa, juring biznikiga, mehmon, — aytkuchining so‘z ohangidan o‘rtoqliq
bo‘yi kelib Otabekning dimog‘iga ursa ham:
— Rahmat sizga, aka, — dedi, lekin uning bu so‘zi ham o‘rinsiz ketkan edi.
— O‘zingiz adashdim, dedingiz-ku, tag‘in qayoqqa bormoqchi bo‘lasiz?
— Sizga og‘ir kelmasa...
— Og‘irlig‘i yo‘q, yuringiz, — dedi va olding‘a tushib Otabekka yo‘l boshladi: — Man
ham sizga o‘xshagan bir g‘arib.
Otabek kishi orqasidan ketdi, oldinma-keyin so‘zlashmasdangina ko‘chaning oyog‘ig‘a
qarab borar edilar. Anchagina yurgach, boshlovchi «otingizga ham joy bor», deb qo‘ydi.
Otabek javob bermadi. Shu ko‘yi so‘zsizgina ko‘chaning burilishiga yetdilar-da, kishi
Otabekni to‘xtashg‘a buyurdi, o‘zi shoshilib o‘qug‘uchig‘a ma’lum Jannat opa eshigining
chap tomonidag‘i ikkinchi eshikni ochish uchun qulfni timiskiladi. Eshikni ochishi bilan:
— Otdan qo‘ningiz, mehmon, — dedi otni Otabek qo‘lidan olg‘ach, — siz xurjiningizni
olib yo‘lakdan to‘g‘rig‘a kiraberingiz, — dedi. Otabek xurjinni ko‘tarib eshikka kirdi, usti
yopiq qop-qorong‘i yo‘lakdan o‘tib kattagina bir havliga chiqdi va xurjunni havlining
o‘rtasig‘a eltib qo‘ydi. Kishi otni burchakdagi usti yopiq oxirg‘ami, sufagami bog‘lag‘ach,
kelib xurjinini oldi.
— Qani ayvong‘a, — deb yo‘l boshladi. Kishi Otabekni o‘tquzg‘ach, tokchadan sopol
lagan bilan qovuqni olib chaqmoq surtdi. Sham’ yoqildi. Bu kishi qirq yoshlar chamaliq,
qonsiz yuzlik, siyrakkina soqollik, qo‘y ko‘z, ko‘b vaqt madrasa riyozatini chekkannamo,
qotma, uzun bo‘ylik bir odam edi. Ayvonning polos va asboblarida uncha boyliq
ko‘rilmasa ham puxta, ozoda, chirk yuqturilmag‘an yo‘sunda yig‘ishtiril-g‘anlig‘idan
egasining rind tabi’atlik ekaniga shahodat bermakda edi. Ayvonning so‘l tomonida
ko‘rilgan bir eshik ila uymi, hujrami, borlig‘i bilinar edi.
Uy egasi Otabekni yaxshilab ko‘z ostidan o‘tquzg‘ach, so‘radi:
— Qorningiz albatta ochdir, mehmon? — Otabekdan javob kutib turmay o‘zi hukum
ham berib qo‘ydi. — Yo‘l bilan albatta ochiqqansiz, savzi-piyoz va go‘shtlarim hammasi
tayyor, faqat o‘choqqa olov yoqsam, xolos, o‘zim ham hali xo‘rak qilg‘anim yo‘q, ko‘b
emas ozg‘ina, bir chimdimgina qilaman. — Otabekning uzriga quloq bermay oshg‘a
urnashka oldi. Otabek endi o‘tkan ishlarni ko‘z o‘ngidan o‘tkuza boshlag‘an edi. Bu kungi
besh daqiqa orasida bo‘lib o‘tkan voqi’ani hech bir yo‘sun bilan miyasiga sig‘dira olmas,
chindan bo‘lg‘an ish deb o‘ylashg‘a aqli bovar qilmas edi. Lekin quloqlari ostida
hozirg‘ina aytilgan «Uyatsizga maning uyimdan o‘rin yo‘q... Boringiz, eshigim yonida
to‘xtamangiz!» so‘zining sadosi qanday bo‘lsa ham unga bir haqiqatni ochiq so‘zlar va
nafsida sezilgan xo‘rlanish va hayajon buni tasdiqlar, bugina emas yuziga yopilg‘an
darboza-ning, shildir-shildir qilib bog‘langan zanjirning sadosi ham bu haqiqatni ta’kidlar
edi. Bundan so‘ng Kumushning zaharlik muammo maktubi bir sidira ko‘z o‘ngidan o‘tib
ketdi. Maktubdagi tushunishi qiyin bo‘lg‘an nukta va ishoratlar yana bir qayta zahar
sochib o‘tkandek bo‘ldilar. Lekin bularning barchasini yig‘ib ochiq-oydin bir natija
chiqarish kuchidan ojiz, go‘yo isitma vaqtida bo‘laturg‘an tuturiqsiz, bog‘lanishsiz alji-bilji
holatni kechirib, ishni bir-birisiga bog‘lay bilmas edi. Ammo hozirgi daqiqada unga eng
ochiq ta’sir etkan narsa: «Boringiz, eshigim yonida to‘xtamangiz!» jumlasi bo‘lib,
to‘lqinlang‘an izzati nafsi hamisha «qora ohu ko‘zlarni» ko‘rishka o‘rganmish yurak
ko‘zini xo‘rlik pardasi bilan yashirishg‘a tirishar edi. Voqia’n tug‘ilib erkalikdagina o‘skan,
hayotning dag‘al muomalasidan begona, faqat uning chuchuk so‘zlarinigina tinglab
kelgan Otabekka bu xo‘rlik turmishdan birinchi zarba edi. Shuning uchun Kumushka
bag‘ishlang‘an yurak tugunini yeshilg‘an holda ko‘rar, go‘yo marvarid tugilgan harir
ro‘ymol o‘g‘irliqdan so‘ng oyoq ostlarida bo‘m-bo‘sh yotqandek va egasi shu o‘g‘irlang‘an
javohirotining alamini chekib turg‘andek edi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |