O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
105
* * *
Uyoq-buyoqdan shom azoni eshitila boshlag‘an edi. Ma’lum otliq qutidorning
darbozasida otini to‘xtatdida, o‘ng oyog‘ini uzangudan uzdi. Shu vaqtda shom
namozidan qolmas uchun shoshilishib qutidor ham yo‘lakdan chiqib keldi. Otini
ko‘chaning o‘rtasida qoldirib, qayin otasi bilan ko‘rishmak uchun yugirgan kuyavi oldida
namozini ham unutkan qutidor dag‘-dag‘ titrab to‘xtag‘an edi. Ko‘rishmak uchun o‘ziga
uzatilg‘an qo‘lni bo‘sh havoda qoldirib, darbozasi yonig‘a bordi. Bunday muomala oldida
Otabekning qanday holda qo-lishi izohka uncha muhtoj bo‘lmasa kerak. Ul turgan joyida
qoziqdek qoqilib qolg‘an edi. Qutidorning oldig‘a yurishnida bilmas, so‘zlashka ham tili
kelmas edi.
— Bu qanday harakat, ota?
Qutidor titroq va hayajonli bir tovush bilan:
— Uyatsizga maning uyimdan o‘rin yo‘q, uyatsiz bilan so‘zlashishka ham toqatim
yo‘q... Boringiz, ma-ning eshigim yonida to‘xtamangiz! — dedi-da, o‘zini ichkariga oldi
va darbozani yopib shildir-shildir zanjirini bog‘lay boshladi...
Otabek esini boshig‘a yig‘ib, mixlang‘an yeridan qo‘zg‘alg‘anda shom namozi o‘qulib
bitkan, kishilar uylariga qayta boshlag‘anlar edi. Ul moshinavori kelib otig‘a mindi va
«chuh» dedi, lekin ot qo‘zg‘almadi. Ikki-uch qamchidan so‘ng tolg‘a bog‘lang‘an tizgin
shart etib uzilib ketkach, boya yurib ketkan otini o‘tkunchilardan bittasining bog‘lab
turg‘anini esladi. «Chuh» dedi. Ot ko‘chaning sharqig‘a qarab ketdi.
Bu ketishda uning hushi o‘zida deb aytish qiyin, shuning uchun otning boshini
qayoqqa qarab solg‘ani ham belgulik emas, ehtimolki unga hozir ot yursa bas bo‘lg‘ay.
Ot ko‘chaning ayrilishig‘a yetib «endi qayoqqa yuramiz» degandek to‘xtag‘an edi, egasi
yana «chuh» deb javob berdi. Ot shimolga qarab burildi. Bu ko‘cha bilan uzoq yurgach,
oltinchi faslda o‘qug‘uchi bilan ta-nishdirilg‘an B... mahallasiga chiqib, ot yana qay
tomonga yurishni so‘rab to‘xtadi.
— Chuh.
Ot ko‘chaning sharqig‘a yurib o‘qug‘uchig‘a ma’lum burchakdagi ikkita eshikdan ham
yana shimolga burib, tor ko‘cha bo‘ylab uzoq ketdi. Vaqt xuftanga yaqinlashib
qolg‘anliqdan qorong‘i o‘bdan tushkan edi. Ot o‘zining bu galgi to‘xtashida egasining
chuh-chuhiga ham sirt berib turib oldi va Otabek ko‘zini ochib yo‘l qarashg‘a majbur
bo‘ldi. Otning tor ko‘chaning nihoyatiga yetib yo‘lsizlikdan to‘xtalg‘anini onglag‘ach,
o‘tkan ishlardan o‘ziga hisob bera boshladi. Qayin otasi eshigida otini yo‘lga solg‘anini bir
oz eslasa ham boshqasini bilmas edi. Har holda Marg‘ilonning chetrog‘idagi boshi berk
ko‘chada va katta bir darboza yonida turg‘anlig‘ini tushundi. Otning boshini burishni-da,
burmasni-da bilmay bir oz o‘ylab to‘xtadi. Ul o‘ylab turg‘anda darboza ichkarisidan ikki
kishining xayrlashib ajralishqanlari sezilar edi. Ichkaridagi oyoq tovushi darbozaga
yaqinlasha bergach, ul chiqg‘uchig‘a xalaqit bermas uchun otining boshini chetka burdi.
Otabek to‘xtag‘an o‘rin to‘rt tomondag‘i imoratlar bilan o‘bdan qorong‘i, shuning uchun
darbozadan chiqg‘uchining faqat boshidag‘i oq sallasidan o‘zgasi ko‘zga ilinmas edi.
Chiqg‘uchi darboza yonida turg‘an otliqdan cho‘chibmi va yo o‘zichami so‘radi:
— Kim otda turg‘an?
— Man, — dedi Otabek va o‘zining mantiqsiz javobidan o‘ng‘aysizlanib tuzik javob
berishka og‘zini jo‘blag‘an ham edi, chiqg‘uchi «siz kimsiz?» degan savol bilan uni
to‘xtatib qo‘ydi.
— Man... bir musofir g‘arib, — deb javob berdi-da, negadir tomishka intilgan ko‘z
yoshisini kuch bilan to‘xtatib qoldi. — Marg‘ilong‘a shom vaqtida kirgan edim, ko‘zlagan
joyimni topolmay adashdim...
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |