www.ziyouz.com
kutubxonasi
103
bu ikkinchi soxta xatni yozdirishda garchi hozir Otabekning qo‘lyozmasi o‘z qo‘lida bo‘lsa
ham yana qo‘rqunchi yo‘q emas edi. Endigi xatni niho-yatda ehtiyot bilan nusxaga
qarab yozdirishni ko‘nglidan o‘tkazdi-da, yana qaysi to‘g‘ridadir uzoq o‘ylab olg‘ach,
Sodiqqa dedi:
— Inim Sodiqboy, sizga ham yana katta bir xizmat bor, basharti...
— Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman!
Homid Sodiq bilan Jannat opag‘a qarab oldi va: — Shundoqmi? — deb
ishonmag‘ansumon takror so‘radi, undan ijobiy javob olg‘ach, yonini kavlashdira berib:
— Jannat opa, — dedi Sodiq horib qorni ochib kelgan ko‘rinadir, man ham ertadan beri
tomoq yegan emasman, biz Sodiq bilan so‘zlashib o‘ltursak-da, siz mana shu pulga
guzardan chiqib bir chorak et keltirib, sho‘rba qilib bersangiz. — Jannat opa paranjisini
yopinib etka ketdi, so‘ngra Homid Sodiqdan takror so‘radi:
— Kishining xizmatidan qochqan yigit emasman, deng-chi? — negadir Homid
Sodiqning takror-takror: «qochqon odam emasman, sinamasdan xizmatini aytabering»,
deyishiga ishonmas edi. Nihoyat:
— Basharti sizga buyuradirg‘an xizmatim bu kungacha qilg‘an ishlaringizdan tamoman
boshqa va og‘ir bo‘lsa-chi», — dedi. Sodiq Homidning maqsadig‘a tushungandek bo‘ldi
va o‘ylab turmay:
— Odam o‘ldirishmi? — deb so‘radi. Homid Sodiqqa ishonmag‘ani holda bir daqiqa
chamasi qarab turdi, so‘ngra tevaragiga alang‘lab olg‘ach, hazil tariqasida:
— Basharti odam o‘ldirish bo‘lsa-chi? — deb so‘radi.
— Bu kungacha ikkitasini joylashdirdim, uchunchiga o‘tsa nima qiladi? — dedi Sodiq
va mag‘rur kulib qo‘ydi. Bu so‘zdan so‘ng Homid ustidagi yukni otqandek so‘lish olib
qo‘yg‘an edi.
— Man kishining xizmatini unutaturg‘an yigit emasman, — dedi Homid va davom qildi,
— o‘g‘ul bola uchun o‘g‘ul bolalig‘im, yomon uchun yomonlig‘im bor, basharti shu
xizmatni bajarib berishni bo‘yningga olsang, ond bilan aytamanki, davlatimning yarmisi
saniki bo‘lsin!
Sodiq o‘lturgan joydan qo‘lini Homidga uzatib «qaytmaysizmi?» deb so‘radi. Homid
qo‘lini olib «so‘z ham bir, xudo ham bir» javobini berdi.
Shu kunning ertasidan boshlab, Sodiq qutidorning eshik oldi tevaragida Otabekni
kutmakchi, ul kelib yo‘lakka kirdi deguncha orqadan borib uning ishini saranjomlamoqchi
edi. Sodiqning fikricha, bu ishni darbozadan tashqarida bajarish muvofiq bo‘lsa ham,
nima uchundir Homid bunga ko‘nmay qutidorning uzun qorong‘i yo‘lagini qulay bilmish
edi. Sodiqning «qay vaqtda kelar ekan?» savoliga:
— Albatta, shaharning darbozasi ertalab ochilib, shom bilan yopiladir, gumonimcha
ertalab Qo‘qondan chiqsa, asr vaqtlarida Marg‘ilong‘a kiradir, — dedi va so‘z oxirida
orada so‘zlanib o‘tilgan shartni yana ta’kidladi.
— Yaxshi o‘yla, Sodiq. Olam hodis qo‘lg‘a tushib qolsang, so‘roq kezida aybni faqat o‘z
bo‘yningga olib, orag‘a meni qotishtirmaysan.
— Xotirjam’ bo‘ling, Sodiq deganingiz bunday xumsalikni jallodning qo‘lida ham
qilmas, azbaroyi xudo.
— Undan so‘ng ikkinchi shart: bu sir faqat ikkimiz-ning oramizdag‘ina qoladir, o‘zing
ham sezgan bo‘lsang kerakkim, Jannat opani etka ovora qilishim uni ham bu sirdan
tashqarida tutish uchun edi.
— Ko‘nglingizni mendan juda to‘q tutabering, aka! Avg‘oni xanjaringizni beraman
degan edingiz-a?
— Sho‘rba pishguncha kelturaman, — dedi Homid va ketdi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |