www.ziyouz.com
kutubxonasi
97
mendan begona va nikohimdan tashqari hisoblasangiz bo‘ladir. Manim bu taloq xatimni
albatta shariat peshvolari shar’iy hisoblab iddangiz bitish bilan sizga boshqa er qilmoqqa
ixtiyor bersalar kerak. Otabek Yusufbek hoji o‘g‘li.
13-inchi javzo, 1265-inchi yil, Toshkand».
...Ul bu maktubni o‘zining so‘ng tomchi kuchi bilan o‘qub tamom qildi-da, jonso‘z bir
tovush ila «uyatsiz!» deb qichqirdi va yerga yiqilib o‘zidan ketdi... Yiqilishda qo‘lidan
chiqg‘an qog‘oz parchasi shamol bilan uchib borib boshi yonig‘a tushdi. Yo‘lak panasidan
mudhish bashara chiqib bir-ikki qayta unga kulib qarag‘ach, yo‘qoldi...
Bozordan qaytqan qutidor yerda hushsiz yotqan qizi ustiga dahshat ichida yugurib
keldi. Chakkasini zax yerga berib yiqilg‘an va kesak kabi hissiz qizini jon holatda
quchog‘ig‘a oldi. «Qizim... Kumush... ko‘zingni och!» Ammo Kumushdan javob yo‘q edi.
Dahshati yuz daraja ortqan holda Kumushni ko‘tarib olib ichkariga yurdi. Uyda Oftob
oyim bilan To‘ybeka qiychuv qo‘pordilar. Ayvong‘a yotqizg‘an bo‘lsalar ham Kumushni
o‘ziga keltirish chorasini bilmay, to‘g‘risi nima chora ko‘rishni eslari topmas edi. Barakat
bersinki, esi yarim bo‘lsa ham To‘ybeka umrida birinchi ish qildi: sovuq suv keltirib
Kumushning manglay va ko‘ksiga sepkan edi, seskanib o‘ziga keldi. Hushdan
ajralayozg‘an bechoralar bu holdan so‘ng bir oz jonlang‘andek bo‘ldilar. Kumushni sovuq
ter bosib bir necha vaqt jim yotdi, shundan keyin ohistag‘ina o‘nglanib yotib olg‘ach,
ko‘zini ochdi.
— Nima bo‘ldi qizim, ko‘zingga bir narsa ko‘rin-dimi?
Kumush ko‘zini yumdi-da, entikib qo‘ydi. Javob bermadi. Bu savol otasi tomonidan
ham berilgandan so‘ng:
— Meni tashqaridan kim olib keldi? — deb so‘radi.
— Men, qizim!
— Yonimda hech narsa ko‘rmadingizmi?
Qutidor bu savoldan boshqa gap tushundi:
— Yo‘q, qizim, sen o‘zing yolg‘iz yotar eding.
— Shundoq yo... — dedi. So‘zining so‘ngg‘ini aytalmadi.
— Gapur, gapur, qizim.
— Yonimda bir xat bor edi... meni bu holg‘a qo‘yg‘uchi shu xatdir, — dedi, bu so‘zni
nihoyatda kuchlanib aytdi.
Vaqt xuftanga yaqinlashg‘an edi. Qizining haligi javobi bilan sabrsizlikka tushkan
qutidor qo‘lig‘a sham’ olib tashqarig‘a chiqdi va yerdan xatni oldi. Qizini bunchalik
falokatka solg‘an xatni olg‘an yeridan qo‘zg‘almayoq o‘qub chiqdi. Xat haqiqatan jonso‘z
edi. Qutidorning ham oz qoldikim, hushi boshidan uchsin... So‘ng chekda xo‘rlang‘an va
favqulodda chayqalg‘an yuragi bilan ixtiyorsiz «makkor, insofsiz!» dedi. Ko‘z o‘nglari
qorong‘ulanib bir necha vaqt serraygancha qoldi. Yana «yaxshiliqni bilmagan
haromzoda» deb qo‘ydi. Boya bu xatdan xabarsiz edi. Endi qizining oldig‘a kirib, uning
betiga qarash unga juda ham og‘irlashqan, chunki bu foji’aning bosh omili deb o‘zini
tanig‘an edi. Borib ayvonning oldig‘a o‘lturdi va boshini qo‘llari orasig‘a oldi. Bu xo‘rlik,
bu odatdan tashqari uyatsizlik bechora qutidorni juda ezgan; nima qilmoqg‘a,
xo‘rlang‘an, tahqir etilgan qizini ne yo‘sunda yupatishka, bu qora kunlarni qandog‘ qilib
o‘tkazishka bilmas edi. Shu holda ne vaqtg‘achadir qoldi. Erining kechikishidan xavfka
tushib, Oftob oyim uning yonig‘a chiqqanda ham ul boyag‘i holda edi.
Eru xotin qizlarining yonig‘a kirdilar-da, uning oyoq tomonig‘a o‘tib sekin-sekin
o‘lturishdilar. Anchagina bir-bilariga qarashib qolg‘ach, Oftob oyim olg‘an taassurotini
ichiga yutaberishka chidalmadi-da, yog‘murdek ko‘z yoshini to‘ka berdi. Qutidor ham
xotinini kutib turgandek ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvmakka oldi. Ko‘zi yumuq bo‘lsa
ham ularning hozirgi hollarini sezib yotg‘an Kumushningda qaynab chiqg‘an ko‘z yoshlari
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |