www.ziyouz.com
kutubxonasi
94
Bu gapni aytkandan so‘ng xatni buklay berdi. Ha-sanali fotiha o‘qub Otabek yonig‘a
keldi.
— Kinoyalar yozishi kechikkaningiz uchundir, — dedi. Otabek tasdiq ishorasini
bergandek bosh silkib qo‘ydi.
— Ayniqsa shu gal kechikishingiz bechora kelinga og‘ir tushib kinoyalar yozishg‘a
majbur bo‘lg‘an, — dedi Hasanali: — Anig‘i ham bechoraga juda og‘ir, «kundash— xotin
zotining o‘lumi» deganlar. Endi, nima bo‘lg‘anda ham orangizda oz qoldi, charlarni
o‘tkaza jo‘naysiz-da. Otabek javob bermadi, chunki Hasanalining keyingi so‘zidan rizo
bo‘lmag‘an edi.
Hasanali uni tinchitish uchun: — Agar ko‘nglingiz tinchimasa, — dedi kulib, — siz ham
kinoyalik bir xat yozib beringiz. Xat keltirguchi ertaga xabar olib o‘tishini bildirgan edi.
Otabek bu so‘zdan bir oz jonlang‘andek bo‘ldi. Chunki uning ko‘ngliga bu kinoyalik
maktubni jo‘rttaga yozilg‘an bo‘lg‘anlig‘i kelib tushgan edi.
— Bu gap to‘g‘rimi? — deb so‘radi.
— To‘g‘ri. Ertaga erta bilan kelib, xat bo‘lsa olib ketmakchi edi.
— Yaxshi, — deb kulimsiradi Otabek, — ertalab kelsa xat beraman.
Hasanali mehmonxonadan chiqg‘ach, o‘zini to‘xta-tib olg‘ani holda ikkinchi qayta xatni
ko‘zdan kechirdi:
«Vafosizga. Men o‘zimning bu maktubimni ko‘z yoshlarim bilan yozaman. Negaki
hozirda manim yolg‘iz ko‘z yoshlarimgina emas, butun borlig‘im siyohdir. Men endi
og‘izlardag‘i «vafo» so‘ziga ishonmayman. Chunki men o‘zimning vafosiga ishong‘anim
bir yigitdan ulug‘ vafosizlik ko‘rdim. Uyatimdan ko‘zlarimni ocholmayman. Negaki yeru
ko‘klar, tog‘u toshlar va dunyodagi barcha narsalar manim aldang‘anim uchun kulib
masxara qilg‘andek qaraydirlar... Bu kunimdan, bu hasratimdan qutilish uchun o‘zimga
ajal chaqiraman. Lekin ajal ham men sho‘rlikdan nafratlangandek, go‘yo ul ham menga
vafosizlik qiladir.
Begim, garchi achchig‘lansangiz ham aytishka majburman: sizda vijdon, insof, rahm,
va’da, vafo, yaxshiliqni bilish, boring-chi, odamgarchilikdan hech gap yo‘q emish. Bil’aks
siz: hiylakor bir tulki, og‘zi qon bir bo‘ri, rahmsiz bir jallod, uyatsiz bir yigit!
Sizni hiylakor dedim: esingizda bormi, sodda otamni, go‘l onamni qandog‘lar qilib
aldadingiz? Yodingizda bormi, sham’ yonida meni aldab aytkan so‘zlaringiz, bergan
va’dalaringiz, «manim orzum» deb qilg‘an xitob-laringiz, to‘kkan ko‘z yoshlaringiz?..
Bas, bu hiylalar, bu makrlar sizdan boshqa kimda topilsin?
Sizni og‘zi qon bir bo‘ri dedim: chunki sizda rahm yo‘q. Siz o‘zingizning zaharlik
tishlaringiz bilan mazlumlar ko‘ksini, bayovlar bag‘rini chok etasiz; yangi ochilg‘an
gullarni, endi bosh tortqan lolalarni vaqtsiz so‘ldirasiz, ochilib bitmay o‘ldirasiz!
Sizni uyatsiz dedim: ilgarigi vahshatingiz bilan o‘zingizning haqqingiz bitkanligini
bilaturib ham yana uyalmay-qizarmay vijdonsizlar amrini berasiz va uyatsizlig‘ingizni
yana bir qat ortdirasiz!
Men sizning ba’zi bir da’volaringizga hayron qolaman: otam Toshkandda ekan chog‘da
bu gapni aytishka uyalg‘an emishsiz... Go‘yo buning ila nomuslik bo‘lib ko‘rinmakchisiz
shekillik?!
Onam ba’zi vaqtlarda:
Yangi yor topqanda do‘stlar, eskidan kechmoq kerak,
Eskini o‘lgan sanab, latta kafan bichmoq kerak
baytini o‘qub qo‘yar, men bo‘lsam ul vaqtlarda buning ma’nosiga tushunmas edim.
Ammo... endi bu baytni kimga aytilganiga va uning ma’nolariga xo‘b tushunmakdaman.
Tashlandiqliqning so‘ng o‘tinchi qilib sizdan shuni so‘rayman: uchunchi yor topqanda
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |