www.ziyouz.com
kutubxonasi
93
— Muhabbat degan narsa husnga qaramaydir.
— Qaraydirmi, yo‘qmi, sandan uni so‘rayotqanim yo‘q. Qaysi birisi ko‘hlikrak deb
so‘rayman?
Hasanali qiynaldi va gapni boshqag‘a chalg‘itish uchun:
— Endi maslahat nima bo‘ldi? — deb so‘radi.
— Oldin so‘zimga javob ber-chi, yer yutkur!
— Savolingiz qiziq, nima deb javob berishga hayronman... To‘g‘risini aytaymi?
— To‘g‘risini!
— To‘g‘risini indallo so‘zlasam, — dedi va qiynalib to‘xtadi, — har bir gulning isi o‘z
yo‘lig‘a.
— To‘g‘risini deyman!
— Anuv keliningizning o‘lsa o‘ligi ortiq...
— Gapirma-gapirma, — dedi O‘zbek oyim, — boshda shu marg‘ilonliq balosiga o‘zing
sababchi bo‘lg‘anmisan, hali ham o‘shaning tomonini olib so‘zlaysan! Sandek soqoli
uzun, aqli qisqadan kengash so‘rab o‘lturg‘an men ham ahmoq!
Hasanalining chalg‘itishi va hayron bo‘lishi O‘zbek oyimning tabi’atini yaxshi bilgani
uchun edi. Ul o‘z xohishiga teskari kelgan haqiqatni ko‘rmaydirgan qiziq bir tabi’atka
molik edi.
— O‘zingiz to‘g‘risini so‘zlatib, tag‘in nega mendan xafa bo‘lasiz, oyi, — deb muqobala
qila boshlag‘an edi, O‘zbek oyim yana gurullab ketdi:
— Bo‘ldi-bo‘ldi... tuzingni ichib, tuzlig‘ingga tupurganni xudoy ko‘tarsin, — dedi.
Hasanali xo‘jabekasining qarg‘ish va koyishi ostida kula-kula uydan chiqdi.
Bu musohaba ko‘rinishda O‘zbek oyimg‘a uncha o‘zgarish bermagandek sezilsa ham,
lekin ruhan uni ancha bo‘shashdirg‘an edi.
* * *
Shu gapdan bir hafta chamasi keyin va charlar kutishning o‘n beshinchi kunlari edi.
Otabek meh-monxonada toqchadag‘i kitoblar orasidan qandaydir bir kitobni axtarar
ekan, Hasanali uning yonig‘a kirdi.
— Panjshanba kun charlar emish, xabarini berib ketdi.
Otabek kitoblardan birini sug‘urib oldi va varaqlar ekan, «charlari ham qursin», deb
qo‘ydi. Ko‘nglidan kechirdi: — «Bu kun dushanba bo‘lsa, tag‘in orada to‘rt kun bor».
— Mana bu xat ham sizga emish, — dedi-da, Hasanali unga bir maktub uzatdi, —
boya birav berib ketkan edi, — dedi va shoshib-pishib qazo bo‘layozg‘an asr namozini
o‘qush uchun joynamoz yozdi. Otabek maktubning unvoniga ko‘z tashladi:
«Toshkandda... mahallasida turg‘uchi Otabek Yusufbek hoji o‘g‘lig‘a tegsin». Kim
tomondan yozilg‘anligi unga ma’lum bo‘lib, qo‘lidag‘i kitobni toqchag‘a qo‘ydi va shosha-
pisha xatni ochdi.
Katta qog‘ozda tussizroq siyoh bilan yozilg‘an uzun bir xat. Uning ko‘zi yozuv ustida
suzdi. Suzgan sayin negadir uning tusida ulug‘ bir o‘zgarish, vujudida bir titroq voqi’ edi.
Bu xat unga so‘yinch berar edimi, dahshatmi o‘zidan boshqag‘a majhul edi. Shu majhul
o‘zgarishlarning so‘ng chekiga borib yetkandan keyin xatdan ko‘zini oldi va ixtiyorlikmi,
ixtiyorsizmi, haytovur bor tovshicha «qo‘rqutmoqchi!» deb yubordi. Bu so‘z bilan
Hasanali ham nari-beri namozini bitirdida, joynamozdan burilib qaradi:
— Nima gap?
— Hech gap yo‘q, — dedi Otabek va esankirash vaziyatida unga qaradi:
— Qo‘rtqutmoqchi, dedingiz-ku, xat kimdan?
— Xatmi? — dedi va shuning ila bir oz esini o‘ziga yig‘ib olg‘andek bo‘ldi, — xat
keliningizdan... Qo‘r-qutmoqchi bo‘lib ba’zi bir kinoyalarni yozibdir...
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |