www.ziyouz.com
kutubxonasi
96
besh yoshlar chamasida bir xotin edi. Kumushbibi o‘ziga tomon kelguchi bu dahshatlik
xotinni umrida birinchi martaba ko‘rar edi. «Nima qilib yuribti bu och arvoh!» deb
o‘yladi. Xotin o‘n adimlab uzoqdan yuziga sovuq va tushda qo‘rqarliq bir kulgi tusi berdi.
Dimog‘i bilan «qix» etib qo‘ydi.
— Xi-xi-xi, aylanay sizdan, poshsha qiz! Mirzakarimboyning havlilari shumi? — deb
so‘radi. Kumush «shu» javobini bergandan so‘ng o‘zi bilan ko‘rishmakchi bo‘lg‘an bu
xotin oldig‘a ikki adim yurib tilar-tilamas yelkasini tutdi. Uning to‘g‘ri mavzun qomatiga
yerdan bichib oling‘an mudhish xotinning qo‘llari zo‘rg‘a yetdi-da, «esonmisiz, poshsha
qiz» deb so‘rashdi. Xotin paranjasi bilan ayvonning oldig‘a o‘lturib olg‘ach, «uff» deb
chayqaldi va «ancha yo‘l ekan, tinkalarim qurib ketdi-ya?» deb shikoyatlandi.
— Mirzakarimboyning havlilari aniq shumi?
— Shu.
— Siz kimlari bo‘lasiz boyning?
— Men, qizlari.
— Qix... sizga bersam ham bo‘lar ekan, — dedi xotin va yonchig‘idan bir xat chiqardi.
— O‘g‘lim Toshkand bilan Marg‘ilon orasida qatnab oliq-sotiq qiladir. Bu gal Toshkanddan
qaytishida birav unga shu xatni berib, Mirzakarimboyning havlilariga tez yetkuzib
berasiz, deb iltimos qilibdir. Qix, xi-xi, aylanay sizdan poshsha qiz, qix... Maxtang‘uliq
bo‘lmasin, o‘g‘lim ham o‘zimga o‘xshash biravning xizmati yo‘lida o‘lib qutiladir: bu kun
tush vaqtida Toshkanddan keldi-da, onasi bilan so‘rashishni ham bilmay shu xatni
qo‘limg‘a tutqizdi. «Jon ona, o‘zim yo‘lda juda urinib keldim, sanga adabsizlik bo‘lsa ham
darrav Mirzakarimboynikini so‘rog‘lab shuni eltib ber, berguvchi tez berasiz deb o‘tingan
edi», dedi. Men ham ko‘ngilchangman, aylanay poshsha qiz, kasaldan yaqinda turganim
uchun bir qadam bosishg‘a toqatim bo‘lmasa ham savobdan quruq qolmayin, deb
surgala-surgala havlingizni so‘rog‘lay-so‘rog‘lay topqunimcha o‘lib bo‘ldim... qix... —
dedi. Kumush xatni xotinning qo‘lidan olib rahmat aytdi va xatning unvoniga ko‘z
tashladi: «Marg‘ilon shahrida sokin Mirzakarim qutidor havlisig‘a».
— Yanglishmabsiz, oyi.
— Nega yanglishay aylanay sizdan, poshsha qiz. Ulug‘ dargohlaringizni ko‘chadagi har
kim bilar ekan, — dedi xotin va yaltoqlanib o‘rnidan turdi. — Endi men ketaqolay,
bolag‘inam yo‘ldan och kelib, bir qoshiq issiqqa zoriqib o‘lturgandir.
— Ichkariga kiring, choy qaynatayliq.
— Rahmat, poshsha qiz. Anchon icharmiz choy bo‘lsa... qix. Bir ko‘rgan bilish, ikki
ko‘rgan tanish, deydirlar...
Kumushbibi xotinni ortiqcha qistab o‘lturmadida, yo‘lakkacha kuzatib bordi. Xotin
yo‘lakka burilar ekan qayrilib to‘xtadi:
— Bu dunyoda shunaqa hojat chiqarishlardan topqanmiz, agar Toshkandgami,
Qo‘qong‘ami otan-gizning xat-patlari bo‘lsa o‘g‘lim bajonudil olib ketadi. Shu o‘rtalarg‘a
kelib qolsam xabar olib o‘taymi? — deb so‘radi. Kumushning «yo‘q» deyishka og‘zi
bormay «maylingiz, og‘ir kelmasa» deb javob berdi. Xotin yo‘lakka burildi. Kumush
ayvon tomong‘a qaytar ekan oshiqib xatni ochti. Xat kichikroq qog‘ozda o‘lchavlik
so‘zlardan iborat edi.
«Kumushbibi binti Mirzakarimboyga — zavji toshkandlik Otabek Yusufbek hoji
o‘g‘lidan. Otangiz Toshkandda ekan vaqtida men bu ishni ochmoqqa og‘irsing‘an, to‘g‘risi
uyalg‘an edim. Ma’lumingiz Toshkanddan uylanganimdan so‘ng yolg‘iz boshimg‘a ham
Toshkanddan, ham Marg‘ilondan ikki xotin ushlab turish og‘irliq qila boshladi. Shuning
uchun bu ikki xotinning birisidan kechishka to‘g‘ri kelib, nihoyat turmishim uchun yengil
va orzumga muvofiq bo‘lg‘an bir narsaga qaror berdim. Ul ham toshkandlik xotinim
bilangina qolib, sizni taloq qilish edi. Maktubni olg‘an kuningizdan boshlab o‘zingizni
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |