www.ziyouz.com
kutubxonasi
87
— Dadam musallas qovoq, oyim mosh qovoq, men bel qovoq... — dedi. Kulishdilar.
Ermakchilardan bittasi yuqorida osilg‘an qovoqni ko‘rsatib ajablandi:
— Iyi-iyi, anuv kimning qovog‘i-ya?
Devona suyukli qovog‘ini so‘rida ko‘rib quvona ketdi:
— Voy xo‘varingni... jinnilar, voy esi yo‘q xo‘varilar! Qovog‘imni ber jinnilar!
— Tuzik-tuzik, avliya. Qovog‘ingizni tushirib bersam nima berasiz?
— So‘rag‘aningni ol, jinni... Oyim qishlog‘ig‘a bek bo‘l, tentak: tilla jabduqliq ot min,
jinni...
— Men Oyim qishlog‘ining bekligi uhdasidan chiqolmayman. Qovoqlaringizning kasbini
aytib bersangiz bo‘ladi manga. Devona bu shartka ko‘ndi, qovoq tushi-rilib, devonaning
qo‘lig‘a eson-omon tegdi. Mahbuba ortiqcha bir ehtiyot va e’tibor bilan belga — boshqa
yo‘ldoshlari yonig‘a tugildi.
— Qani, endi bo‘lsin, devona!
Qovoq devona belidagi qovoqlardan bitta egri maymog‘ini ko‘rsatib: — Manov
Musulmon cho‘loq, — dedi, uning yonidag‘i kichkina tomosha qovoqni turtib: bunov,
Xudoybachcha (Xudoyorbachcha), — dedi, suv qovog‘ini erkalab «Nor kalla»
(Normuhammad qushbegi), — dedi. Qolg‘an ikkita silliq qovoqchalarni «nosqovoq,
yupqa tomoq», deb qo‘ydi. Ermakchilar ku-lishdilar. Bu qovoq o‘g‘rilari ichidan tezroq
qochib quti-lish uchun ketishka intilgan edi, biravi ushlab qoldi.
— To‘xtang hali, gap bor! — devona so‘kinib to‘xta-di.— Manavi belingizdagi belboqni
qayerdan o‘g‘irlab oldingiz?
— Qo‘y, juvonmarg bo‘g‘ur!
— O‘tkan kuni o‘g‘irlatqan belbog‘ing shu emasmi, Karimqul? — deb yonidag‘ig‘a
qaradi ermakchi.
— Ha, ha, xudda o‘g‘irlatqan belbog‘im, tutdik o‘g‘-rini!
Qovoq devona xudda belbog‘idan ajrayturg‘andek ikki qo‘li bilan beliga yopishdi.
— Saniki bu emas, tentak!
— Yo‘q, xudda maniki shu, yesh, bo‘lmasa mirshab chaqiraman.
— Xo‘varingni... nima deydi, bu!
— To‘g‘ri ayt, buni qayerdan o‘g‘irlading?!
Devona belbog‘ining tuguniga aztahidil yopishqani holda:
— O‘g‘irlamadim, tentak, hoji pochchangni to‘yidan oldim, jinni! — dedi.
— Hoji pochchang kim? Yolg‘on so‘zlama, o‘g‘ri!
— Hoji pochchangni tanimaysanmi, tentak?
— Toshkandda hoji pochchadan ko‘pi bormi, o‘g‘ri?
— Esing ketibdi, jinni... Yusufbe hojing-chi. Axir; to‘y bo‘ldi, bazm bo‘ldi, o‘g‘ul
uylandi... qo‘y, juvonmarg, bo‘g‘ur!
Devona ermakchilar qo‘lidan arang qutilib chiqdi. Ammo ularning ichidagi ko‘zini
bog‘lag‘an bir kishi nima uchundir devonaning orqasidan ergashdi. Choyxonadan
anchagina uzoqlashqan edilar.
— Devona! — deb chaqirdi haligi ergashuvchi.
Devona o‘ziga qarab kelguchi bu ko‘z og‘rig‘ini tanidi. Suyukli qovoqlar ustiga kelgan
balo bo‘lmasin uchun, ketar ekan, qovoqlarini ehtiyotlab ushladi:
— Nima deysan, ko‘z og‘rig‘i?
— Qo‘rqmangiz, devona! — dedi ko‘z og‘rig‘i va adimlarini tezlatdi.
— Nima ishing bor?
— To‘xtang.
Devona arang to‘xtadi. Ko‘z og‘rig‘i uni cho‘chitmas uchun naridan turib yonchig‘ini
kavliy berdi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |