O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
www.ziyouz.com
kutubxonasi
83
* * *
Qayin ota, qayin ona, kuyav... Bu uch burchaklik o‘lturmishdan Otabek ko‘nglida
necha turluk shubha tug‘ilmoqda edi. Bu odatdan tashqari chaqiriq nega me-
hmonxonag‘a bo‘ldi? Nega Kumush bu o‘lturishka chaqirilmadi? Qayin onasi nega unga
termulib boqadir? Qutidor tomonidan shu orada ul kutmagan bir savol ham tashlanib
qo‘yildi.
— Otabek, uyalmay, tortinmay javob beringiz; bu gal Toshkanddan chiqishingizdagi
asl maqsadingiz nimaga edi?
Otabek tarafidan kutilmagan bu savol uni shoshirdi va nima deb javob berishni bilmay
qoldi.
— O‘zim... sizlarni ko‘rish uchun.
— To‘g‘risini so‘zlangiz, bek, — qutidor bu gapni yarim jiddiy qilib kulib aytdi. Chunki
Otabekni shu yo‘sun ba’zi yoqlardan ta’min etmakchi va unga bu to‘g‘rida jasorat
bermakchi edi.
— Aytdim-ku.
— To‘g‘ri aytmadingiz...
Otabek shoshqan holda edi:
— Toshkanddan chiqg‘animdagi maqsadni so‘zlash sizlarga bir behuzurlik berganidek
o‘zimga ham og‘ir... U to‘g‘rida qat’iy bir qarorg‘a kelganim uchun sizlarga so‘zlab
o‘lturish ham foydasiz, — dedi.
Oftob oyim eriga qarab oldi, qutidor yovoshqina bir tovush bilan so‘radi:
— So‘zlash og‘irmi?
— Mengagina emas, hammamizga ham og‘ir...
— Agarda biz rizoliq bersamiz-chi?
Erining bu jasoratiga qarshi Oftob oyimning yuziga rizosizliq belgusi chiqdi. Otabek
ersa seskanib uyqudan uyg‘ong‘andek bo‘ldi va ikkilanib so‘radi:
— Siz nimaga rizoliq berasiz?
— Bu gal Toshkanddan nima maqsadda chiqg‘an bo‘lsangiz — o‘shanga.
Otabek xijolat bilan ter chiqardi:
— Toshkanddan nima maqsadda kelganimni bilasizmi?
— Bilamiz, — deb kuldi qutidor.
— Sizni bunday ishka rizoliq uchun kim va nima majbur etadir?
— Hech kim majbur qilmaydir, — dedi kulib qutidor,— majbur qilg‘an narsa: shunday
kunlar uchun o‘g‘ul o‘sdirg‘an ota-onaning rizoliqlarig‘ina, balki sizni ham shu gap
majbur qilar.
— Otam bilan onamning rizoliqlari uchun shundan boshqa sabab qurib qolg‘anig‘a
nima deyishimni ham bilmayman. Garchi Toshkandda ekan chog‘imda bu rizoliq yo‘lig‘a
bel bog‘lang‘an bo‘lsam ham, endi bu bel bog‘lashni butunlay o‘rinsiz bo‘lg‘anig‘a
tushundim...
Oftob oyim oz qoldiki, «to‘g‘ri!» deb qichqirsin. Ammo qutidor xotinig‘a xo‘mrayib
qaradi.
— Qisqaroq o‘ylaysiz, Otabek, — dedi, — otangiz bizga murojaat qilmag‘anda edi, biz
bu ishda betaraf qolsaq bo‘lar edi. Hozirda biz ham sizning so‘zingizga qo‘shilsaq siz
emas, yomon otliq biz bo‘lamiz.
— Uning mulohazasini qilmang.
— Nega qilmayliq?
— Hamma aybni manim ustimga yuklab javob yozingiz.
Qutidor kuldi va so‘radi:
— Toshkandda ekan chog‘ingizda otangizning taklifini qabul qilg‘an edingizmi?
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |