Modulli-kredit tizimi mohiyati. Bolonya deklaratsiyasi va Yevropa yagona taʼlim muhiti
XX asrning ikkinchi yarmida ilmiy-texnik taraqqiyot oʻzining yuksak choʻqqilariga erishdi. Ilmiy texnik taraqqiyotining hozirgi darajasi shundayki fan texnika va texnologiya rivojining erishilgan surʼatlarini mamlakat qay darajada rivojlangan boʻlmasin alohida olingan mamlakatda uni taʼminlab boʻlmaydi. Ilmiy texnik taraqqiyotining keyingi rivoji faqat turli mamlakatlardagi olim va mutaxassislarning hamkorligi ilmiy-tadqiqot ishlarning integratsiyasi natijasida amalga oshirilishi mumkin. Fan texnika va texnologiyaning taraqqiyoti taʼlim taraqqiyoti darajasi bilan chambarchas bogʻliqligini eʼtiborga oladigan boʻlsak taʼlim sohasidagi xalqaro integratsiyaning ustuvorligi yaqqol muammoga aylanib qoladi. Bu kredit texnologiyani yaratilishini va qoʻllanishining dolzarbligini belgilaydi. Chunki taʼlim sohasidagi xalqaro integrallashuvi eng avvalo oʻquv jarayonini kredit texnologiyasi asosida tashkil etishiga tayanadi.
Modulli taʼlimda kredit tizimi.
Bugungi kunda oliy taʼlim tizimi oldidagi eng asosiy vazifa malakali mutaxassisni tayyorlash. Bunday mutaxassisni tayyorlash uchun, albatta, unga nisbatan surilayotgan talablar tizimini aniqlab olish kerak. Ushbu savolga javob qidirib, quyidagi toʻrt yoʻnalishdagi talablar tizimiga duch keldik:
Oʻz sohasi boʻyicha zaruriy bilim, koʻnikma va malakalarga ega boʻlish.
Sohaga oid mavjud bilimlarini doimiy ravishda mustaqil oshirib borish, yaʼni mustaqil taʼlimga tayyor boʻlish.
Sohaga innovatsiyalar kiritish uchun mustaqil izlanish va ijod qilish koʻnikmasiga ega boʻlish.
Oʻz vaqtini rejalashtirish, boshqarish va oʻz faoliyatini tashkil etish koʻnikmasiga ega boʻlish.
Agar soha boʻyicha bilim, koʻnikma va malakalarni shakllantirishda mavjud reproduktiv taʼlim yetarli boʻlsa, mustaqil taʼlim olish koʻnikmasini va ijodkorlikni rivojlantirish, oʻz faoliyatini boshqarish masalasini hal etishda modulli yondashuv katta imkoniyatlarga ega. Modulli taʼlimning maqsadi talabaning aynan shu jihatlarini shakllantirishga qaratilgan. Modul shunday tuzilishi lozimki, talaba ushbu modulni mustaqil ravishda oʻzlashtira olish va koʻzlangan natijaga erishish imkoniga ega boʻlsin.
Bunday natijani taʼminlash uchun modulda axborot materiali aniq, loʻnda, tushunarli, mantiqiy, tizimli bayon etilishi va koʻrgazmali boʻlishi, axborotning har birini mantiqiy boʻlagi boʻyicha oʻz-oʻzini tekshirish uchun topshiriqlar ishlab chilgan boʻlishi, ana shu topshiriqlarni ishlab chiqish uchun aniq tavsiyalar berilgan boʻlishi talab etiladi. Modulli taʼlimda pedagog talabaning oʻzlashtirish jarayonini tashkil etadi, boshqaradi, maslahat beradi, tekshiradi.
Demak, modulli yondashuv yangi axborotni mustaqil oʻzlashtirish, talabaning mustaqil va hamkorlikdagi faoliyatini tashkil etish, oʻzining va oʻrtoqlarining faoliyatini baholashga qaratilgan. Bunday yondashuv zamonaviy talablar tizimiga mos tushadi.
Modulli yondashuv erishilgan natijani izchil nazorat qilib borishga asoslangan. Natijada modul-kredit tizimi vujudga kelgan.
Kredit – (Zachet birligiga aylanuvchi Yevropa tizimi (ECTS) (European Credit Transfer and Accumulating System)) kredit jamlash tizimidir. Ushbu tizim Yevropa universitetlarida 1989 yilda oʻtkazilgan tadqiqotlardan muvaffaqiyatli oʻtdi va qabul qilindi. U talabaning umumiy yuklamasiga asoslanadi. Kredit tizimini kiritishdan maqsad taʼlimning shaffofligini va akademik bilimlarni hamda kvalifikatsiyani tan olishni osonlashtirish boʻlib hisoblanadi. Dastlab kredit chetdan kelib oʻqiyotgan talabalar uchun ishlatilgan va unga ishonch bildirilgan. Oliy taʼlim muassasalari uchun yagona kreditlarni oʻrnatilishi esa talabalarning mobilligini taʼminlashga yordam berdi. Bugungi kunda Yevropa kredit tizimi Yevropaning deyarli barcha davlatlarida tan olingan va amal qiluvchi tizimdir. Talaba oʻrnatilgan kredit ballarini toʻplagan taqdirdagina diplom olishga muvaffaq boʻladi. Dunyoning oliy taʼlim tizimida kredit tizimining bir necha turi mavjud.
Yuqorida aytib oʻtilgan ECTS bilan bir qatorda, USCS — Amerikaning kredit tizimi CATS — Britaniyaning kredit tizimi, UCTS — Osiyo davlatlari va tinch okeandagi davlatlarning kredit tizimlari mavjud.
Yevropa kredit tizimining asosini uch unsur tashkil etadi: oʻquv dasturlari haqida axborot, talabaning erishgan natijalari va talaba faoliyatining hajmi.
Har bir oʻquv yili 60 qismga boʻlinadi va zachyot birligi hisoblanadi. Bir haftalik yuklama 54 soatdan oshmasligi kerak, 54 soat 1,5 kreditga teng. Oʻquv yilining davomiyligi Yevropada oʻrtacha 40 hafta. Ammo Yevropaning turli davlatlarida oʻquv yilining davomiyligi turlicha boʻlishi maʼlum darajada muammolarni keltirib chiqaradi.
Kredit tizimi barcha oʻqitish shakllarini nazoratini oʻz ichiga oladi (auditoriya va auditoriyadan tashqari).
Kredit tizimi taʼlim jarayonida oʻqilgan soatlar miqdorini emas, balki erishilgan natijani koʻrsatib beruvchi oʻlchov birligidir. Yaʼni mutaxassisni kompetentlik darajasiga baho beruvchi natijaga qaratilgan oʻlchov birligidir.
Demak, kredit nafaqat oʻquv faoliyatiga berilgan baho, balki, bajarilgan oʻquv yuklamasini koʻrsatib turuvchi birlikdir. Bir kredit 36 akademik soatga teng (54 akademik soat 1,5 kreditni tashkil etadi). Har bir oʻquv moduli 1 yoki 1,5 kreditga moʻljallanadi va, odatda, uning soni uchtadan oshmasligi lozim.
Kreditining oʻquv jarayonidagi oʻrni va u bilan bogʻlangan unsurlar quyidagi sxemada koʻrsatilgan.
Yevropa kredit tizimida birinchi bosqichda (bakalavriat) talaba 180 kreditdan 240 kreditgacha toʻplashi mumkin.
Ikkinchi bosqichda (Magistr) 90-120 gacha kredit yigʻish imkoniga ega. Kredit tizimining asosini albatta reyting ball tizimi tashkil etadi.
Taʼlim sohasidagi integratsion jarayonlar ilk bor Yevropada boshlangan edi. 1989 yilda Yevropaning minglab talabalari Yevropa hamjamiyatining ERASMUS (European Community Action Scheme for mobility of University students) TEMPUS va boshqa dasturlari asosida chet ellarda tahsil olish imkoniyatiga ega boʻladilar.
ERASMUS dasturi boʻyicha Yevropa hamjamiyati universitetlari oʻrtasidagi talabalar almashinuvi sxemasi dastavval 145 oliy oʻquv yurtlarini qamrab olgan edi.
ERASMUS dasturining yutuqlaridan biri bu Yevropa universitetlaridagi oʻqitish natijalarini oʻzaro tan olish tizimi – (bu) (European Credit Transfer System (ESTS) ni yaratish sinash va amaliyotga keng qoʻllash deb aytish lozim.
2001 yilda oʻquv jarayonini tashkil etishning kredit texnologiyasi ESTS Yevropaning 1200 ta universitetlarida allaqachon qoʻllanilgan edi.
2001 yilda 29 ta Yevropa davlatlari taʼlim vazirlari tomonidan Bolonya deklaratsiyasining imzolanishi Yevropa taʼlim hududini yaratilishida muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Bolonya deklaratsiyasiga koʻra diplomlarning oʻzaro tan olinishi, yaʼni oʻqitish natijalarini yakuniy koʻrsatkichlarning oʻzaro tan olinish muddati – 2010 yil deb belgilangan edi.
Bolonya deklaratsiyasiga kirish uchun quyidagi dastlabki talablar qoʻyiladi:
oliy oʻquv yurtigacha 12 yillik taʼlim:
ikki bosqichli oliy taʼlim-bakalavriat va magistratura;
oʻquv jarayoni va oʻqitish natijalarini baholash ESTS kredit texnologiyasi asosida tashkil etilishi.
“Kredit” atamasi (ESTS- credit) – sinovdan oʻtdi, maʼlum bir
kursni oʻquv yurtida oʻtganligi haqidagi guvohnoma maʼnosini anglatadi.
“Kredit – shartli sinov birligi boʻlib, talabaning oʻquv fanining maʼlum bir qismini oʻtganligi haqidagi maʼlumot beradi. Har bir oʻquv faniga maʼlum miqdordagi kredit birliklari ajratiladi. Kredit birliklari soni talabalarning mehnat sarfiga mos holda belgilanadi.
ESTS kreditlari — bu yagona Yevropa taʼlim hududini yaratishning boshlanishidir.
Talabaning mehnat sarfi–auditoriya mashgʻulotlari mustaqil ishlar va oʻquv rejasida koʻzda tutilgan boshqa faoliyatlarini oʻz ichiga oladi. Yaʼni ESTS kreditlari faqat auditoriya soatlari bilan chegaralanmasdan talabalarning toʻla yuklamasiga tayanadi. Shuning uchun ESTS kreditlarini talaba mehnat sarfining oʻquv fanlari boʻyicha shartli-sonli ifodasi deb hisoblash mumkin.
Odatda oʻquv rejasidagi fanlarga ajratiladigan kreditlar soni 3 ga teng, undan koʻp va kam sonli fanlar ham mavjud.
ESTSda kreditlar yigʻindisi semestrda–30, oʻquv yilida–60, bakalavriatdagi oʻquv davrida–240 ni tashkil etadi.
ESTS kreditlari barcha oʻquv fanlariga yaʼni majburiy va talaba tanlovi asosida fanlarga taqsimlanadi. Ular mazkur fan boʻyicha kurs loyihalari va ishlarining mavjudligini hisobga olishlari zarur.
Oʻquv faniga ajratiladigan kreditlar miqdori, fanning murakkabligiga va oʻzlashtirishga bogʻliq boʻladi. Yaʼni har qanday murakkab fan ham katta miqdordagi kreditlarga ega boʻla olmaydi.
Agar murakkab fan bilish va tushunish darajasida oʻzlashtiriladigan boʻlsa, kam murakkabli oʻquv fani malaka darajasida oʻzlashtirilsa tabiiyki oxirgisiga koʻproq kreditlar ajratiladi. Shuning uchun turli taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari uchun bir fanning oʻzi turli oʻquv dasturlariga va unga muvofiq turli mehnat sarfi va kreditlarga ega boʻlishi mumkin.
Koʻrinib turganidek, bizning mamlakatimizda birinchi va ikkinchi talablar bajarilgan. Endi navbat uchinchi talabni bajarishda – yaʼni oʻquv jarayonini kredit texnologiyasi asosida tashkil etish.
Ushbu texnologiya asosida oʻquv jarayonini tashkil etishdan maqsad nimadan iborat?
Oʻquv jarayonini tashkil etishning ESTS kredit texnologiyasiga oʻtishda quyidagi maqsadlar koʻzlanadi:
xorijda oʻqishni davom ettirish uchun oliy oʻquv yurtini tanlashda shart-sharoit yaratish;
Oʻzbekistonda taʼlim olgan muddatni xorijiy davlatlarda tan olinishini taʼminlash;
Yevropa oliy oʻquv yurtlari oʻquv rejalarini oʻrganish va shu asosida oʻquv jarayonini takomillashtirish;
talabalar qobiliyatini toʻlaroq ochilishiga va oʻqitishning yuqori natijalariga erishish.
ESTSning asosiy tamoyillari
ESTS quyidagi asosiy tamoyillarga tayanadi:
1.Transferancy- bu ESTS tizimiga xohlagan shaxs yoki tashkilotning toʻsiqsiz kirishiga shart-sharoit yaratish. Ushbu shart-sharoit kuchli axborot targʻiboti vositasida yaratiladi, uning natijasida umumiy yangilik, aniqlik va ochiqlik muhiti shakllantiriladi.
Axborot targʻiboti quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
almashish sxemasiga kiritilgan talabalarning oʻqish natijalari haqida bir-biriga oʻz vaqtida axborot etkazib turish;
oliy oʻquv yurtlarining oʻz axborot paketlari bilan muntazam almashib turishlari, taʼlim xizmatlari doirasida bir-birini imkoniyatlarini oʻrganish;
oliy oʻquv yurtlarida, ESTS haqida toʻla maʼlumotlarning mavjudligi.
2.Agreement – talaba bilan ikkala oliy taʼlim muassasasining ESTS koordinatorlari orasida tayyorlash mazmuni, oʻquv tartibi va muddatlari, attestatsiya tadbirlari, oʻquv rejalaridagi farqni bartaraf etish tartiblari haqida oʻzaro kelishuvlarini anglatadi.
3.Sredits – Host universitetida (qabul qiladigan universitet)
muvaffaqiyatli oʻtilgan barcha fanlar Post – universitetda ( talabani boshqa OTMga joʻnatgan universitet) hisobga olinishi zarur.
4.Taʼlimning insonparvarlashuvi–bu shaxsning turli taʼlim xizmatlariga boʻlgan ehtiyojini qondirishi va taʼlim jarayonida inson qobiliyatining ochilishini anglatadi. ESTS taʼlimni davom ettirish uchun oliy taʼlim muassasasini, oʻquv fanlarini va oʻqituvchilarni tanlash imkoniyatini beradi.
5.Taʼlimning individuallashtiruvi – bu har bir talabaning individual reja va taʼlim dasturlariga ega ekanligini ifoda etadi. Talaba tanlovi asosidagi fanlar 70 foizni, majburiy fanlar esa 30 foizdan oshmaydi. Talabaning mustaqil ish hajmi 70 foizni, auditoriyadagi ishi esa 30 foizni tashkil etadi. Ushbu koʻrsatkichlar individual taʼlimni tashkil qilishga asos boʻlib xizmat qiladi.
6.Taʼlimning samaradorligi – guruhda individual oʻqitish auditoriya mashgʻulotlari va talabaning mustaqil ishlarini uygʻunlashtirish orqali taʼminlanadi. Auditoriya oʻquv vaqtining 70 foizgacha qismini individual oʻqitishga, shuningdek, umumiy oʻquv vaqtining 70 foizgacha qismini mustaqil ishga ajratilishi oʻquv fanlarining talabalar tomonidan oʻz qobiliyatlari darajasida oʻzlashtirishga imkon yaratadi. Ushbu bilan taʼlimning samaradorligi taʼminlanadi.
ESTS tamoyillari – shaxsning oʻz qobiliyatini toʻla rivojlanishi va roʻyobga chiqarishi uchun shart-sharoitlar yaratish zaruriyligini koʻzda tutadi.
ESTSning xususiyatlari
Zamonaviy oʻqitish texnologiyasi, oliy taʼlim muassasasining jihozlanganligi, professor-oʻqituvchilar tarkibi faqat darajali, yuqori malakali kadrlardan iborat boʻlishi, oʻqitishning yuqori sifatlari – ESTS uchun dastlabki zaruriy talablar hisoblanadi. Oʻquv jarayonini tashkil etishning ushbu tizimi, quyidagi oʻziga xos xususiyatlarga ega.
Oʻquv rejasi boʻyicha:
Barcha oʻquv fanlari ikki guruhga boʻlinadi – majburiy va talaba tanlovi asosidagi fanlar. Bu nisbatan taxminan 1:2 ga teng qabul qilinadi; Har bir talaba shaxsiy oʻquv rejasiga ega boʻladi.
Asosiy hujjat transkript (transcript of ruords) — unifikatsiyalashgan hujjat boʻlib, yagona shaklda tuziladi, oʻqitish natijalarini tan olish uchun majburiy hujjat hisoblanadi. Transkriptda, talabaning mazkur davlatda qabul qilingan baholash tizimida ham, xususiy tizimi boʻyicha ham olgan baholari, olingan hususiyatli kreditlari boʻyicha maʼlumotlar keltiriladi:
Har bir semestrda oʻrganiladigan fanlarning soni 3...5 ta boʻlishi;
Mustaqil ishga ajratilgan soatlar, auditoriya soatlaridan koʻp boʻlishi;
Kredit oʻzida talabalarning oʻquv fanini oʻzlashtirish uchun zarur boʻlgan barcha mehnat sarflarini mujassamlashtiradi. Oʻquv fani uchun ajratiladigan kreditlar soni, aksariyat hollarda 3 ga teng boʻladi.
Oʻquv fani dasturining mazmuni (sllabus) quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
oʻquv fanining toʻliq nomlanishi va uning oʻquv rejasidagi tartib raqami;
oʻquv fanini oʻrganish maqsadi;
oʻquv fanining qisqacha mazmuni;
taqvim reja, mashgʻulotlar jadvali bilan;
oʻqitish texnologiyasi;
talabaning masʼuliyati va unga qoʻyilgan talablar;
talabalar bilimini baholash tartibi va mezonlari;
asosiy va qoʻshimcha adabiyotlar roʻy xati.
Oʻqituvchining oʻquv yuklamasini hisoblashda:
Umumiy mehnat sarfi miqdori (auditoriya va mustaqil ish soatlari) bir oʻquv yilida 750-800 soatni tashkil etishi – eʼtiborga olinadi.
Oʻqitish jarayonining asosini:
shaxsga yoʻnaltirilgan oʻqitish texnologiyalari;
talabaning mustaqil ishida oʻqituvchi maslahatchi sifatida ishtirok etadi;
talaba oʻquv fanini va oʻqituvchini tanlash huquqiga ega.
Har bir talabaga axborot paketi beriladi. U quyidagilarni oʻz ichiga oladi.
Oliy taʼlim muassasi haqida maʼlumot;
Oʻquv rejasi;
Oʻquv jarayonining grafigi;
Oʻquv fanlarining mazmuni;
Oliy taʼlim muassasasida qabul qilingan taʼlim tizimining metodik xususiyatlari haqida maʼlumotlar:
talabalar bilimini baholash tizimi va baholar shkalasi haqida maʼlumotlar;
ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlarga tegishli maʼlumotlar;
tarixiy va madaniy sohaga oid maʼlumotlar;
qoʻshimcha taʼlim xizmatlari toʻgʻrisida maʼlumotlar
ESTS – oliy maktabda oʻquv jarayonini tashkil etishning demokratik tizimining namunasidir.
Kredit-modul tizimida oʻquv jarayonini rejalashtirish quyidagi bosqichlardan iborat boʻladi:
namunaviy oʻquv rejasi va fanlar katalogini ilgʻor xorijiy taʼlim tajribasi asosida respublika iqtisodiyoti tarmoqlarida amalga oshirilayotgan islohotlar, kadrlar isteʼmolchilari talablari va milliy qadriyatlarni eʼtiborga olgan holda ishlab chiqish hamda qoʻshimcha ravishda tanlov fanlar katalogini shakllantirish, mahalliy va xorijiy yangi avlod adabiyotlariga tayangan holda fanlar katalogi boʻyicha namunaviy fan dasturlarini ishlab chiqish;
fanlarning ishchi dasturini (sillabusni) ishlab chiqish;
oʻquv rejasi va tanlov fanlari roʻyxatiga mos ravishda guruh murabbiyi yordamida oʻquv-metodik boʻlim (boshqarma) va fakultet dekani nazorati ostida har bir talabaning shaxsiy taʼlim trayektoriyasini shakllantirish;
ishchi oʻquv rejalarini tuzish;
oʻquv jarayoni jadvalini tuzish;
akademik guruhlar boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari jadvalini tuzish.
Semestr davomida talaba tomonidan toʻplanishi lozim boʻlgan kreditlar miqdori oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarini oʻz ichiga oladi. Majburiy fanlar tarkibi va ularni oʻrganishga ajratiladigan kreditlar miqdori tayanch oliy taʼlim muassasasi tomonidan belgilanadi. Tanlov fanlari tarkibi va ularni oʻrganishga ajratiladigan kreditlar miqdori oliy taʼlim muassasasi tomonidan mustaqil belgilanadi. Talabalar shaxsiy taʼlim traektoriyasida belgilangan tanlov fanlari doirasida fanlarni mustaqil tanlashi mumkin.
Oʻquv yili davomiyligi 36 haftagacha boʻlib, shundan 30 haftasi akademik davrga, 2 haftasi fanlarni tanlash uchun roʻyxatdan oʻtishga, 4 haftasi attestatsiyalarga ajratiladi. Oʻquv yili davomiyligi oʻquv jarayoni jadvaliga muvofiq oliy taʼlim muassasasi kengashining qarori bilan oʻzgacha tartibda belgilanishi mumkin.
Kredit-modul tizimida 1 kredit oʻrtacha 25 — 30 akademik soatlik oʻquv yuklamasiga teng. Yaʼni talaba muayyan fandan tegishli kreditlarni toʻplashi uchun maʼlum miqdordagi oʻquv yuklamasini oʻzlashtirishi zarur. Oʻquv yuklamasi bakalavriatda — 40 — 50% auditoriya soati, 50 — 60% mustaqil ish soatiga, magistraturada — 30% — 40% auditoriya soati, 60-70% mustaqil ish soatiga (malakaviy amaliyot va bitiruv malakaviy ishlari bundan mustasno) boʻlinadi. Kreditning soatlardagi miqdori va oʻquv yuklamasi miqdori oliy taʼlim muassasasi kengashi tomonidan belgilanadi va oliy taʼlim muassasasi veb-sahifasida shaffof tarzda joylashtiriladi.
Bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarida talaba odatda bir semestrda 30 kredit, bir oʻquv yilida 60 kredit toʻplashi belgilanadi. Semestr davomida talaba tomonidan oʻzlashtirilishi lozim boʻlgan kreditlar hajmi oʻquv rejasida koʻrsatilgan majburiy va tanlov fanlarini oʻz ichiga oladi. Talaba oʻzining shaxsiy taʼlim traektoriyasini shakllantirishda har bir semestr uchun 30 kredit hajmidagi fanlarni oʻzlashtirishni nazarda tutishi, ular tarkibida namunaviy oʻquv rejasidagi majburiy fanlar boʻlishi shart.
Talaba bakalavriatda oʻqish muddati kamida 3 yil boʻlganda 180 kredit, oʻqish muddati kamida 4 yil boʻlganda 240 kredit toʻplashi zarur. Magistraturada oʻqish muddati kamida 1 yil boʻlganda 60 kredit, oʻqish muddati kamida 2 yil boʻlganda 120 kredit toʻplashi talab etiladi6.
Do'stlaringiz bilan baham: |