Riksrod yoki rigsrod – XIII asrda Norvegiyada vujudga kelgan davlat (qirol) kengashi. 1305-yil Daniya va 1319-yil Shvetsiyada tashkil etilgan. Shvesiyada 1284-yildan qirol huzurida chaqirila boshlagan dunyoviy feodallar va yepiskoplardan iborat kengash degan ma’lumotlar ham mavjud.
Rim kuriyasi – Rim papasi saroyining, katolik cherkovining barcha markaziy-ma’muriy cherkov apparatining umumiy nomi.
Rim papasi (yunon.ota) – katolik (rim–katolik) cherkovining boshligʻi. Xristianlik Rimga taxminan I asrning oʻrtalarida kirib kelgan va tez orada Rim xristian jamoalarining eng yirik markazlaridan biriga aylangan. Rivoyatlarga koʻra, Rimning birinchi yepiskopi apostollar yetakchisi Pyotr boʻlgan. Bu holat yepiskoplarga keyinchalik oʻzlarini butun xristian cherkovi ustidan yetakchilik da’vosi bilan chiqishiga olib kelgan. Antik davrda asosan, Sharqiy Rim imperiyasidagi ruhoniylarning raqobati tufayli Rim yepiskoplari butun xristianlar ustidan yetakchilikni qoʻlga ola bilmaganlar. Lekin Konstantinopol (381-y) va Xalkidon soborlari (451-y) qarorlariga koʻra, Rim papalari yepiskoplar ichida birinchi darajali sifatida tan olingan. Ilk oʻrta asrlarning ogʻir sharoitida R.P.lari gʻarbiy xristianlikda oʻz ustunligini (primat) oʻrnatishga muvaffaq boʻlgan. Bunda Yevropagi eng yirik davlati boʻlgan franklar bilan uzviy aloqalar oʻrnatganligini hal qiluvchi ahamiyat kasb etgan. Pipin Pakananing tortigʻi evaziga VIII asr oʻrtalarida (756-y.) papalar Oʻrta Italiyada oʻz davlatiga ega boʻlib, uning monarxlariga aylandi. Rim papalari umrbod muddatga saylanadi. Dastlab uning saylovida ruhoniylar bilan birga dunyoviy kishilar ham ishtirok etgan. 1059-yildagi Lateran sobori qaroriga muvofiq papalarni faqatgina kardinallar kollegiyasi (konklav) saylashi belgilab qoʻyilgan. Dastlab Rim papalari “Apostol Pyotr oʻrinbosarlari”, rivojlangan oʻrta asrlarda boʻlsa “Iso Masix oʻrinbosarlari” sifatida e’tirof etishgan. Xuddi shu vaqtdan Rim papalarining oʻziga xos boʻlgan bosh kiyimi – tiara paydo boʻlgan, u ikki qismli boʻlib, bu papalar qoʻlida ham diniy, ham dunyoviy hokimiyat mujassam-ligini anglatgan. Ayrim Rim papalari (Nikolay I, Grigoriy VII, Innokentiy III va boshqalar) papalik hokimiyati dunyoviy hokimiyatdan ustunligi haqidagi doktrina bilan chiqishgan. Bu holat biroz boʻlsada oʻz samarasini berib, XIII asr davomida Rim papaligi butun Yevropada oʻz qudra-tining choʻqqisiga chiqishiga olib kelgan.
Ring – Avar hoqonligi poytaxti. Dunay boʻyida, Bolgariyaning hozirgi Pereslav shahri oʻrnida boʻlgan. 796-yilda Buyuk Karlning ittifoqchi qoʻshinlari tomonidan egallash mushkul boʻlgan ushbu shahar qoʻlga kiritilgan.
Ripuar haqiqati – varvar haqiqatlaridan biri. Ular germanlarning frank qabilalaridan biri boʻlgan ripuarlarning an’anaviy qonunlari hisoblangan. VI asrdan VIII asrgacha boʻlgan davrda tuzilganligi sababli, unda qadimgi sud, qabilani boshqarish, qirol qonunlari va shunga oʻxshash boshqa tartiblar mavjud boʻlgan. R.H. asosan, qirol Dagobert (629–639) davrida yaratilgan. Shu bilan birga unda yer egaligi tartiblarining vujudga kelishi, erkin dehqonlarning huquqlari, cherkov ta’siri ortib borishi kabi ma’lumotlarni olishimiz mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |