Mayl End dasturi – Uot Tayler qoʻzgʻaloni vaqtida Angliya qiroli Richard II ga qoʻzgʻalon koʻtargan dehqonlarning topshirgan talablari. 1381-yil 14-iyunda London yaqinidagi Mayl End degan joyda topshirilgani uchun shu nom berilgan. Dasturda qoʻzgʻalon ishtirokchilarini avf qilish, Angliya hududida erkin savdoga ruxsat berish, bir akr (Angliya va Shimoliy Amerikada 0,4047 ga teng yer oʻlchovi) uchun 4 pens miqdoridagi bir xil soliq joriy qilish, villanlik va majburiyatlarni bekor qilish kabi talablar oʻrin olgan. Qirol dastlab qoʻzgʻalonchilarning talablarini bajarishga va’da bergan boʻlsada, ammo keyinchalik ularni bajarmaydi.
Mayorat (lot. major – katta yoshli) – oʻrta asrlarda mulk va yerga egalik qilish shakllaridan biri boʻlib, M. tartibiga koʻra meros va yer toʻngʻich (katta) oʻgʻilga oʻtgan. M. tartibida asosan, yerga egalik tushunilgan. Shu bilan birga mulk, uy-joy va boshqalar uning tarkibiga kirgan. M. muayyan darajada salib yurishlariga undagan omillardan biri boʻldi.
Mayordom (lot. mojor va domus – uydagi eng katta) – franklar davlatida dastlab qirol tomonidan tayinlangan saroy boshqaruvchisi. VI asr oʻrtalari va VIII asrda oliy mansab egasiga aylangan. Ular oʻz qoʻllarida davlat boshqaruviga oid koʻplab funksiyalarni toʻplagan. VII asr oʻrtalaridan franklar davlatining har uchala (Burgundiya, Neystriya va Avstraziya) qismining nazorati M.lar qoʻliga oʻtgan. Ularni boshqarish uchun M.lar oliy aristokratlar orasidan saylangan. Avstraziyada arnulfinglar sulolasi vorisiylik asosida M.lik qilgan. 687-yilda M. Pipin Geristalskiy franklar davlatining uchala qismini birlashtirib, yagona boshqaruv joriy qilgan. Uning oʻgʻli Karl Martell amalda qirol sifatida mamlakatni boshqargan. Pipin Pakana esa oxirgi merovinglarni monastirga yuborib, yangi qirollik sulolasi – Karolinglarga asos soldi.
Mayotenlar (frans. maillotius – toʻqmoqchilar) – 1382-yil “Yuz yillik urush” davrida soliqlarning ortib ketishiga qarshi Parijda koʻtarilgan xalq qoʻzgʻaloni qatnashchilari shunday nomlangan. 1382-yil yanvarda qoʻshimcha soliqlarning joriy qilinishi natijasida soliq yigʻuvchilarga qarshi koʻtarilagan qoʻzgʻalon. Asosan, hunarmandlar, mayda savdogarlar va shahar kambagʻallari ratushani egallashib, qurollanishadi. Ular soliq yigʻuvchilarni oʻldirishib, shahar kengashi binosini talashadi, boylarning uylarini talon-taroj qilishadi. Undan tashqari qamoqdagilarni ozod qilishadi. Hukumat qoʻzgʻalonchilarni avf etadi va yangi soliqlarni bekor qiladi. Ammo keyinchalik qoʻzgʻalon rahbarlarini jazolashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |