4
1 mavzu. Qadimgi Sharqda xalqaro munosabatlar va
diplomatiya.
Miloddan avvalgi III - II ming yilliklardagi Mesopotamiyaning tashqi siyosiy
tarixi, birinchi galda, Mesopotamiya ichkarisida mavjud bo‘lgan davlatlar o‘rtasidagi
munosabatlar tarixidir. Yozuv oldi davrining oxiri va ilk sulolalar davrining boshida
Mesopotamiyada yigirmaga yaqin “nom” turdagi shahar - davlatlar mavjud edi.
Mesopotamiyada gegemonlik qilishga qaratilgan da’volar dastavval “Kish podshosi”
unvoniga ega bo‘lish bilan bog‘liq bo‘lgandi. “Kish lugali” unvoni podsho -
gegemonning an’anaviy unvoni bo‘lib qoldi.
Mesopotamiyaning tashqi aloqalari asosan sharq tomon qaratilgan edi.
Miloddan avvalgi IV ming. yillikda Mesopotamiya Eronning yassi tog‘lik hududlari
bilan jadal savdo aloqalariga ega bo‘lgan.
Miloddan
avvalgi
III
ming
yillikda
Mesopotamiyaga
keltirilgan
mahsulotlarning aksariyat qismi aynan savdo orqali ta’minlanardi. Bu esa tabiyki,
savdo almashuvining yo‘lga qo‘yilgan tartibini nazarda tutadi. Qolaversa, savdo
karvonlarining erkin qatnovini ta’minlovchi o‘zaro kafolatlar ham mavjud bo‘lishi
kerak edi.
Kish hukmdori Menbaragessi ( mil. avv. 2600 y. ) ishtrokidagi bizga ma’lum
bo‘lgan harbiy to‘qnashuvlardan eng qadimgisi Elam bilan bog‘liq edi. Elam keyingi
asrlar davomida Mesopotamiya davlatlarining eng xavfli dushmani bo‘lib keldi.
Mesopotamiya aynan shu paytda to‘xtovsiz harbiy to‘qnashuvlar davriga kirib
borgandi. Kish hukmdorlaridan tashqari, Ura, Uruka, Lagash hukmdorlari ham
o‘zlarini “Kish podshosi” deb nomlay boshladilar. Akkad sulolalariga tegishli
bo‘lgan shohlar keyinchalik ushbu unvonni o‘zlarining unvonlari qatoriga kiritdilar.
Ikki yirik “nom”lar - Lagesh va Umma o‘rtasida ikki asrdan ko‘proq vaqt davomida
cho‘zilgan to‘qnashuvni, hamda “Kish podshosi” Mesilimning ushbu nizoda
o‘ynagan rolini yoritib beradigan bir qator matnlar bizgacha etib kelgan. Bu erdagi
voqealar “ikki darajada” ro‘y berdi: Enlil (Shumerning oliy xudosi) Ningersu
(Lagashga xomiylik qilgan xudo) va Shara (Umma shahriga homiylik qilgan xudo)
o‘rtasida chegara o‘rnatdi, ya’ni ular o‘rtasidagi nizoni hal etdi. “Nom” lar o‘rtasidagi
to‘qnashuv shunday qilib, ushbu “nom”- larning ilohlari o‘rtasidagi nizo sifatida
ifodalanadi va xudolar orasida hal etiladi. Demak, bizga ma’lum bo‘lgan eng qadimgi
kelishuvlardan birida zamonaviy xalqaro - huquqiy amaliyotning ko‘plab
elementlarini ko‘rishimiz mumkin: aniq belgilangan erlarga egalik qilish da’volari
negizida yuzaga kelgan nizo, hakamlar sudi, janjalda ishtrok etgan birinchi
tomonning talash bo‘lib turgan erlar ustidan suverenitetining tan olinishi, hamda shu
paytning o‘zida ikkinchi tomonga ushbu erlarni ijaraga topshirilishi. To‘qnashuv, goh
pasayib, goh avj olib, Umma hukmdori Lugal zagesi Lagashni hal qiluvchi
mag‘lubiyatga uchratmaguncha (tax. Mil. avv. 2312 y.) davom etdi. Lugalzagesi hech
qanday istilochilik maqsadlarga ega bo‘lmaganligiga inontirardi va faqat “adolatni”
tiklaganligini ta’kidlaydi.
Shu tarzda Mesopotamiya davlatlari o‘rtasidagi eng qadimgi va yaxshi
hujjatlashtirilgan to‘qnashuvlardan biri yakunlandi. Bo‘lib o‘tgan voqealarning
5
ko‘plari, hamda to‘qnashuv haqidagi rasmiy xabarlarning frazeologiyasi (barqaror
so‘z birikmalari va iboralar) uch - to‘rt ming yildan so‘ng ro‘y bergan jarayonlarni
hayron qolarli darajada eslatadi.
Mamlakatni birlashtirishga qaratilgan tendensiya haqida “Mamlakat lugali”
deb nomlangan yangi unvonning paydo bo‘lishi dalolat beradi. Miloddan avvalgi III -
II ming yilliklarda markazdan qochirma kuchlar markazga intilma kuchlardan
qudratliroq ediki, buning oqibatida siyosiy tarqoqlik holati o‘sha davrdagi
Mesopotamiya uchun xos edi.
Butun Mesopotamiya hududlarini o‘z ichida qamrab olgan davlatni birinchi
bor Sargon barpo etdi. Ushbu davlat o‘zining ichki tuzilishi jihatidan ham
konfederatsiya, ham markazlashgan davlatni eslatadigan ko‘rinish kasb etgandi.
Sargon tomonidan barpo etilgan davlat Osiyodagi birinchi “buyuk” davlat edi, Yaqin
Sharqda esa - ikkinchi (Misrdan so‘ng) Old Osiyodagi xalqaro vaziyat shahar -
davlatlar va ularga to‘g‘ridan - to‘g‘ri tahdid solgan “buyuk” davlat o‘rtasidagi
qarama - qarshilik bilan ifodalanadi. Sharq (Elam) va g‘arbga (Suriya) qaratilgan
yurishlar endi Mesopotamiya hukmdorlari uchun an’anaviy tusga kirdi. “To‘rt iqlim
podshosi” Naram - Sin va elamliklar hukmdori Xit o‘rtasidagi bizga ma’lum bo‘lgan
birinchi xalqaro shartnoma Elam zamonidan hozirgi kungacha etib kelgan. Ushbu
shartnomaga ko‘ra Elam podshosining majburiyatlari quyidagilardan iborat edi:
1. Akkadaga nisbatan to‘la loyallik (samimiyat) (Elamda Naram -Singa
nisbatan g‘animlikka yo‘l qo‘ymaslik, Akkadning har qanday dushmanlariga qarshi
harakatlarda unga harbiy yordam ko‘rsatish);
2. Qochoqlarni tutib berish, ya’ni Naram – Singa dushmanlik qilganlarga
panoh berishdan voz kechish.
Asosan Elam bilan olib borilgan urushlardan tashqari ro‘y bergan tashqi
siyosiy voqealar haqidama’lumotlar kam. Elam bilan munosabatlar yomon yoki juda
yomon holatda bo‘lar edi. Shu paytgacha mutlaqo nufuzga ega bo‘lmagan Bobilning
siyosiy tartibsizlik sharoitida yuksalishi nafaqat harbiy muvaffaqiyatlar, balki
maqsadga intiluvchan va o‘ta ustalik bilan olib borilgan diplomatiyaning natijasi edi.
Sulolaviy nikohlar to‘g‘risida ham ma’lumotlar uchraydi. Ittifoqlar (teng huquqli
yoki tengsizmi, lekin baribir umri qisqa) ko‘plab miqdorda tuzilardilar. Agar ittifoq
teng huquqli bo‘lmasa, unda podsho - gegemon qaram podsholiklarga, ularni doimo
nazorat qilish maqsadida, o‘zining “maslahatchilarini” (xazianu) yuborardi. Qaram
podsholar bunday ittifoqning rahbariga yuborgan maktublarida uni “ota” yoki
“hukmdor” deb nomlashadi. Ularning majburiyatlari aftidan, bitimlarda aniq
belgilangan va birinchi galda harbiy yordam ko‘rsatishdan iborat bo‘lgan. Ittifoq
tuzilishi xudolar oldida qasam ichish bilan mustahkamlangan. Siyosiy maqsadlarga
erishish yo‘lida harbiy kuch, ayyorlik, pora berib sotib olish, isyonlarni keltirib
chiqarishdan foydalanilgan. Ushbu barcha usullarni Bobil sulolasi eng muvaffaqiyatli
tarzda qo‘llagan.
Siyosiy maqsadlarga erishish yo‘lida iqtisodiy “yordam”dan foydalanilgan
holat hujjatlar negizida o‘z tasdig‘ini topgan tarzda birinchi marotaba tarixda Mari va
Bobil o‘rtasidagi munosabatlarda qayd etilgan.
6
Hammurapi barpo etgan davlat, garchand, u o‘z bunyodkoridan keyin ko‘p umr
ko‘rmagan bo‘lsa ham, butun Mesopotamiyani va hattoki Elamning bir qismini
qamrab olgandi. Aynan Hammurapi va uning vorislari davlati markazlashgan davlat
deb nomlanishi mumkin.
Miloddan avvalgi II ming yillikning o‘rtalarida Yaqin Sharqda siyosiy vaziyat
quyidagicha ko‘rinish kasb etdi. Ma’lum darajada bir - biroviga teng hisoblangan bir
necha “buyuk” davlatlar mavjud edi: Misr, Kassitlar Bobili, Shimoliy
Mesopotamiyadagi Mitanni davlati va Kichik Osiyodagi Xett podsholigi. Suriya,
Falastin, Finikiya, Shimoliy Mesopotamiya va Kichik Osiyodagi kichik va mayda
podsholiklar yoki knyazliklar yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan “buyuk” davlatlarga qaram
bo‘lib qoldilar.
“Buyuk” davlatlari podsholari o‘zaro yozishmalar chog‘ida bir - birovlarini
“birodar” deb nomlashgan. Muayyan munosabatlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, ular,
albatta, davr talabi va kuchlarning amaldagi nisbatiga asoslanardi. Misr malikasiga
uylanish masalasiga Bobil hukmdorlari ulkan tashqi siyosiy obro‘ga ega bo‘lish
imkoniyati sifatida qarardilar. Ammo fir’avnlar bunga nisbatan o‘zgacha fikrga ega
edilar: ular bunday nikohni Misrning obro‘sini erga uradigan deb hisoblashardi.
Sovg‘alar bilan o‘zaro almashish diplomatik munosabatlarning muhim tarkibiy
qismi edi. Ham Bobil, ham Ossuriya, ham Mitanni podsholari o‘z maktublarida
fir’avndan ko‘proq oltin yuborishni tom ma’noda yalinib - yolvorib so‘ragan. Ko‘rib
chiqilayotgan davrning ohiriga kelib Yaqin Sharqdagi siyosiy vaziyat sezilarli
darajada o‘zgargan: Mitanni va Xatti yo‘q bo‘lib ketdi, Bobil va Misr zaiflashdi,
Ossuriya va Elam esa o‘ta kuchaydi.
Diplomatiyaning qadimgi Misrning siyosiy hayotida o‘ynagan roli haqidagi
saqlanib qolingan ma’lumotlar asosan giksoslar hukmronligi va keyingi Yаngi
podsholik davriga oid.
Giksoslar hukmdorlari, Misr fir’avnlari kabi, o‘z hokimiyatini butun Nil
vodiysiga yoyishdi. Ushbu davrda Misr siyosiy jihatdan, giksos fir’avnlariga nisbatan
o‘z qaramligini tan olgan bir qator unchalik katta bo‘lmagan egaliklardan iborat edi.
Ayni o‘sha paytda Misr va Osiyo mamlakatlari o‘rtasida qalin iqtisodiy va madaniy
aloqalar o‘rnatildi.
Nil vodiysining janubida, Fivada, o‘zlarini fir’avnlar deb e’lon qilgan yuqori
Misr hukmdorlarining mahalliy sulolasi yuksala boshladi. XVII sulolaga oid Fiva
fir’avnlarining giksoslar hukmdori Apopiga qarshi olib borgan ozodlik kurashi
davrida Misrda yuzaga kelgan murakkab siyosiy vaziyat haqida bizga ma’lum
bo‘lgan manbalar dalolat beradi.
Ushbu kurashda diplomatik yozishmalar, elchilarni yuborish, ittifoqlar va
bitimlar tuzish, hamda sulolaviy nikohlar katta rol o‘ynagan. Giksoslar hukmronligi
davridagi Misrning davlat tuzilishi turli shartnomalarning imzolanishi, hamda giksos
hukmdorlari va ularga qaram bo‘lgan mahalliy hokimlar o‘rtasidagi sulolaviy
nikohlarning yuzaga kelishini rag‘batlantirardi.
Giksoslarga qarshi uzoq davom etgan ozodlik kurashi Fiva fir’avnlarining to‘la
g‘alabasi bilan yakunlandi. Yangi podsholik davri qadimgi Misr diplomatiyasini Al -
Amarna arxivida topilgan xatlar ajoyib tarzda tasvirlab beradi. Al - Amarna arxivi -
7
mil. avv. XIV asrga oid tarixiy matnlarning noyob majmuasidir. Al - Amarna
arxivining deyarli barcha sopol lavhalarida diplomatik tusdagi xatlar qayd etilgan.
Ushbu xatlar Amenxotep III va Amenxotep IV saroyiga Bobil, Mitanni, Ossuriya,
Xettlar podsholigi, Arsava mamlakati, Kipr oroli, hamda Misr tomonidan
bo‘ysundirilgan Falastin, Suriya, Finikiya shahar - davlatlari hukmdorlaridan etib
kelgan. Ushbu tarixiy davrda Misr Yaqin Sharqning eng qudratli davlatlaridan biri
edi. Dastavval faqat Mitanni va kassitlar Bobilni unga teng keladigan davlatlar edi
Amenxotep IV hukmronligi davrida esa Kichik Osiyoda Xettlar podsholigi anchagina
kuchaydi.
Ushbu davrda Misrning Osiyodagi egaliklari Amuru, Upe va Xanaan deb nom
olgan yirik hududiy qismlardan - “viloyat”lardan iborat edi va misrlik noiblar
tomonidan boshqarilardi. Old Osiyoda Misr hokimiyati ostidagi erlarni idora qilishga
taaluqli masalalar bilan podshoning “Fir’avn maktublar uyi” nomli maxsus
muassasasi shug‘ullangan. “Fir’avn maktublari uyi” - ga rahbarlik qilgan amaldor
juda katta ta’sirga ega bo‘lgan. Ushbu shaxs Misrning Old Osiyodagi egaliklarni
boshqarishga oid barcha masalalar bo‘yicha fir’avnning maslahatchisi edi.
Misrliklar, odatda, zabt etilgan Old Osiyo viloyatlarining an’anaviy siyosiy
tuzilishini o‘zgartirmaganlar. Fir’avn va Misrga qaram bo‘lgan Falastin va Suriya
xumdorlari o‘rtasidagi yozishmalarda murojaat qilishning ma’lum qoidalariga rioya
qilingan. Teng huquqli va do‘stona munosabatlarda bo‘lgan podsholar bir -
birovlarini “birodar” deya atashgan. Qudrat jihatdan ustunroq yoki yoshi kattaroq
hukmdorga “ota” deb murojaat qilishgan, o‘zini esa “o‘g‘il” deya atashgan. Qaram
hokimlar yuborgan xatlarda fir’avnni “hukmdor (yoki sulton, janob)”, o‘zlarini “qul”,
“qarol (xizmatkor)” deyu nomlashgan. Olqishlash, tabriklash va aloqa qilishning
ma’lum shakllari mavjud bo‘lgan. Qaram hokimlar o‘zlarining tayinlanishi chog‘ida,
hamda Misrda yangi hukmdorning hukmronligi boshlanganda maxsus formula
bo‘yicha sodiqlik qasamini ichishi lozim edi. Garovga olish mahalliy hokimlarni
itoatkorlik holatida saqlab kelishga va bo‘ysundirilgan erlarda Misrning ta’sirini
mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim vosita edi.
Al - Amarna arxivida saqlangan xatlarning aksariyatini Misrga maxsus elchilar
va choparlar etkazishgan. Elchilar va choparlarni ikki toifaga bo‘lish mumkin:
1. Alohida ishonchga ega bo‘lgan shaxslar, ular vositasida fir’avnlarning
mustaqil davlatlar podsholari bilan munosabatlari ta’minlangan.
2.
Mansabdor xizmatchilar, ular orqali esa Misr saroyining noiblari, hamda
Falastin, Suriya va Finikiyada joylashgan ko‘plab shahar - davlatlarining hokimlari
bilan aloqalari amalga oshirilgan.
Ham fir’avnning, ham Osiyo hukmdorlarining har bir elchisi u yuboriladigan
mamlakatni, uning urf - odatlarini, madaniyatini, yo‘llarini geografik xususiyatlarini
yaxshi bilishi lozim edi. U mohir diplomat va jangchi bo‘lishi shart edi. Ko‘p
paytlarda elchi yuboriladigan mamlakatning tilini ham yaxshi bilardi, aks holda
tarjimon unga hamrohlik qilgan.
Osiyodan Misrga etib kelgan elchilarning maqomi va vazifalari ular qaram
hokimlar yoki teng huquqli, mustaqil, do‘stona munosabatdagi podsholiklarning
hukmdorlari tomonidan yuborilganligiga qarab farqlanardi. Osiyoda joylashgan
8
mustaqil podsholiklarning Misrdagi elchilariga nisbatan munosabat, o‘z navbatida,
fir’avnning ushbu mamlakatlaridagi elchilariga nisbatan munosabat kabi, o‘sha
paytdagi muayyan tarixiy vaziyatga bog‘liq edi.
Elchilarning shaxsiy dahlsizligi, diplomatik immuniteti to‘g‘risidagi tasavvur
xalqaro huquqning hamma qabul qilgan me’yorga hali aylanmagandi. Shuning uchun
ham u yoki bu podshoning huzuriga etib kelgan elchining taqdiri hukmdorning to‘la
ihtiyorida bo‘lgan.
Al - Amarna arxividan topilgan xatlarda Old Osiyo hukmdorlarining fir’avn
bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash maqsadida tuzilgan sulolaviy nikohlari
to‘g‘risida ma’lumotlar mavjud. Misr va Old Osiyoning mustaqil, do‘stona davlatlari
o‘rtasidagi munosabatlarda bir - biriga teng podsholar vaqti - vaqti bilan bir - biroviga
qimmatbaho sovg‘alar yuborishi odat edi, ayniqsa sovg‘a oluvchining taxtga o‘tirishi
yoki hukmronligi davrida uning uchun muhim voqealar ro‘y bergan paytlarda. Misrga
tobe bo‘lgan erlarning hokimlari o‘lpondan tashqari fir’avnga turli sovg‘alar
yuborishlari lozim edi. Mustaqil davlatlarining hukmdorlari ham, fir’avnning
iltifotiga sazovor bo‘lish maqsadida, unga qimmatbaho sovg‘alar jo‘natishgan.
Misrdan Old Osiyoning mustaqil va do‘stona davlatlari hukmdorlariga asosan oltin
va qora daraxtdan yasalgan buyumlar yuborilardi. Fir’avnning alohida ishonchini
qozongan shaxslar, ularning ayrimlari “jirkanch Rechenu mamlakatida Yuqori Misr
podshosining ko‘zlari, Quyi Misr podshosining qulog‘lari” deb nomlangan rasmiy
unvonga ham ega bo‘lib, Osiyoda ro‘y berayotgan jarayonlarni kuzatishardi.
Aksariyat hollarda ular fir’avnning mahfiy topshirig‘i bilan Misrning Osiyodagi
egaliklariga jo‘natilgan vakillari edi. Hech qanday rasmiy unvoni yo‘q ayrim shaxslar
ham fir’avnning xabarchilari bo‘lishi mumkin edi.
Tarix faniga ma’lum bo‘lgan abadiy tinchlik, birodarlik, tashqi tajovuzni
qaytarish va ichki siyosiy ixtiloflarni hal etish yo‘lida hamkorlik to‘g‘risidagi eng
qadimgi shartnomalardan biri mil. avv. XIII asrda Misr fir’avini Ramzes II va xettlar
podshosi Xattusili III tomonidan tuzilgan. Uzoq muddatli, lekin natijasiz urushdan
so‘ng ushbu shartnoma muvofiqlashtirildi va tasdiqlandi. Unda abadiy tinchlik,
do‘stlik va birodarlik, hamkorlik, tajovuzdan o‘zaro voz kechish, ittifoqchilik va biror
- bir tomon harbiy tajovuzga uchraganda unga ko‘maklashish ichki tartibsizliklar
yuzaga kelganda o‘zaro yordam berish, qochoqlarni, oqsuyak yoki oddiy inson
bo‘lishidan qat’iy nazar, ularga muruvvatli munosabatda bo‘lish sharti bilan, qaytarib
berish to‘g‘risida shartnoma imzolanganligi ta’kidlanardi.
Kichik Osiyo erlarining katta qismida tashkil topgan va mil. avv. XVII - XII
asrlar davomida mavjud bo‘lgan Xett podsholigi (yoki Xatti mamlakati) qadimgi
Sharqning eng qudratli davlatlaridan biri bo‘lgan.
Xettlar poytaxti bo‘lgan Xattusa shahri arxivlarida topilgan mixxat bilan
yozilgan sopol parchalari (tablichkalar) ushbu podsholik diplomatiyasi tarixiga oid
asosiy manbalar deb hisoblanadi. Xett podsholarining solnomalarida ham qiziqarli
ma’lumotlar mavjud.
Hatti mamlakati podsholarining faol tashqi siyosati Qadimgi podsholikning ilk
hukmdorlari davrida boshlandi. Xettlar “dengizdan - dengizgacha yoyilgan
mamlakat” konsepsiyasining o‘zini Markaziy Anatoliyada ulardan avval mavjud
9
bo‘lgan aholining an’analaridan meros qilib olganlar. Xett podsholigi harbiy jihatdan
qudratli mamlakatga aylandi va Yaqin Sharqning buyuk davlatlari qatoriga qo‘shildi.
Xatti mamlakatining asosan harbiy kuch tufayli erishgan tashqi siyosiy
muvaffaqiyatlarini xett hukmdorlari diplomatik aktlar - shartnomalar orqali
mustahkamlashga intilardilar. Muayyan majburiyatlar bilan qo‘li bog‘langan,
harakatlari esa ayg‘oqchilar va kichik garnizonlar yordamida nazorat qilinadigan
mahalliy sulola vakilining ihtiyorida qo‘shni shahar yoki mamlakatning taxtini saqlab
qolish ishonchliroq yo‘l ekanligini ular yaxshi tushunishgan. Sheriklar o‘rtasidagi
munosabatlarning xususiyatiga mos keladigan turli xil shartnomalar mavjud edi.
SHartnomalarda davlatlar o‘rtasidagi chegaralar kelishib olingan, ularni
buzmaslik, birovning hududida yangi shaharlarga asos solmaslik va biror tomonning
shunga o‘xshash urinishlariga yo‘l qo‘ymaslik kabi majburiyatlar belgilangan. Qaram
bo‘lgan podshoga uchinchi tomon bilan ittifoq tuzish man etilgan. Xett podshosi
urushga kirgan paytda u bilan shartnoma tuzgan tomonning “betarafligi” yoki xettlar
dushmani bilan maxfiy aloqalarda bo‘lganligi g‘animlik harakati deb baholangan.
Shartnomalarning ko‘plab moddalari ichki va tashqi dushmanlarning har qanday
tajovuzlariga qarshi birgalikda kurashishga bag‘ishlangan. Birinchi da’vatning o‘zida
kontragent (shartnoma tuzgan har ikki tomonning biri) o‘zining qo‘shinlari bilan
yordamga kelishi lozim edi. Shartnomaning ayrim bandlari faqat bir tomon uchun
taaluqli bo‘lishi mumkin edi. Shartnomada ko‘zda tutilgan shartlarning to‘liq
bajarilishi ustidan nazorat qilish asosan guvox - xudolar zimmasiga yuklatilgan.
Xatti mamlakatining tashqi siyosatida sulolaviy nikohlar muhim o‘rin
egallagan. Xett podsholarining qizlariga bosh xotin, ya’ni mamlakat malikasi
maqomini kafolotlovchi shartlar ilgari surilardi. Xettlarning sulolaviy nikohlariga oid
konsepsiyasi aynan shunda o‘z ifodasini topgan.
Xett podsholigining tashqi siyosatida elchilar, vakillar, choparlar va boshqalar
muhim rol o‘ynagan. Xett an’analarida diplomatik elchilik vazifasini ado etuvchi
mansabdor shaxs, “aso odami” (gerold) unvoniga ega bo‘lgan inson uchraydi. Ushbu
daraja elchi va vakil darajasidan yuqori hisoblangan, chunki “aso odami” unvoniga
ko‘p hollarda podsho urug‘iga a’zo bo‘lgan amaldorlar ega edi.
Hukmdorlarning diplomatik munosabatlarida mirzalar (kotiblar) muhim rol
o‘ynagan. Aynan ular nafaqat o‘z hukmdorining ko‘rsatmalariga, balki, birinchi galda
xettlarning o‘zida shakllangan mezonlarga tayanib, shartnomalar va xatlarning
matnlarini tayyorlashgan. Xett jamiyatining talabalaridan kelib chiqib, mirzalar bir
necha tillarni bilishlari lozim edi. Bunga ularni maxsus mirzalik maktablarida
o‘rgatishgan.
Miloddan avvalgi I ming yillikda Yaqin Sharq mamlakatlarida iqtisodiy
yuksalish ro‘y berdi. Davlatlar o‘rtasida doimiy, va birinchi galda savdo aloqalar,
shuningdek, siyosiy, diplomatik va madaniy munosabatlar yo‘lga qo‘yildi. Mintaqa
esa ushbu davrda to‘xtovsiz urushlar maydoniga aylanib bordi.
Yaqin Sharq xaritasi va undagi kuchlarning o‘zaro nisbati tubdan o‘zgardi.
Allaqachonlar kuchli bo‘lgan davlatlardan (Xett podsholigi, Mitanni) faqatgina
parchalar qoldi-ki, ularni boshqa qudratliroq davlatlar asta - sekin yutib yubordi.
Ikkinchilari saqlanib qolgan bo‘lsa ham, biroq ichki va tashqi siyosiy tanazzulni
10
boshidan kechirayotgan edilar. Buning natijasida, ular qachonlardir jahon siyosatida
o‘ynagan etakchilik rolini boshqa davlatlarga, ayniqsa Ossuriyaga topshirib
qo‘yishdi. Miloddan avvalgi I ming yillikda o‘sha davr ko‘lamlariga ko‘ra “jahon”
gegemoniyasi uchun ulkan qamrovli kurash olib borildi-ki, unda eng qudratli
davlatlar g‘olib chiqishdi. Bu esa, o‘z navbatida, dastlabki “imperiyalar”ning, yirik
harbiy - siyosiy birlashmalarining, o‘ziga xos “jahon” miqyosidagi saltanatlarning
barpo etilishiga olib keldi.
Bundan avvalgi davrlardayoq Ossuriya Yaqin Sharq davlatlari orasida asta -
sekin yuksalib bordi. Miloddan avvalgi IX asrda Ossuriyaning tashqi siyosati to‘rt
yo‘nalish (shimoliy, janubiy, sharqiy va g‘arbiy ) bo‘yicha rivojlandi. Yaqin Sharqda
Ossuriya davlatining mavjud bo‘lguncha, bir tomondan uzluksiz tarzda harbiy -
siyosiy ittifoqlar tashkil etilardi, ikkinchi tomondan, esa - Ossuriya ushbu
ittifoqlarning tarqab ketishi uchun barcha harakatlarni qilardi va ularni birma - bir
bo‘ysundirishga intilardi.
Miloddan avvalgi VIII asrning birinchi yarmi Ossuriya uchun chuqur inqiroz
va tushkunlik davri bo‘ldi. Inqiroz holati Ossuriyaning xalqaro mavqeiga ham salbiy
ta’sir ko‘rsatdi. Ossuriya davlatining tashqi siyosiy qudrati mil. avv. VIII asrning
ikkinchi yarmida, hokimiyat tepasiga Tiglatpalasar III (mil. avv. 745 - 727 yy.)
kelganda tiklandi. Tiglatpalasar III zamonida asosiy e’tibor yana g‘arb
mamlakatlariga qaratildi. Janubda ham unga omad kulib boqdi. Bobil uchun
ossuriyaliklarga qarshi kurash olib borgan xaldey qabilalari ustidan g‘alaba qozonildi.
Tiglatpalasarning o‘zi Pulu nomi bilan Bobilda toj kiygan. Bu orqali Ossuriya
ma’lum darajada moyil siyosat va diplomatiyaga ega ekanligini namoyish qildi,
chunki Bobilga maxsus maqom berildi.
Sargon II hukmronligi davrida Ossuriyaning tashqi siyosati quyidagilar bilan
tavsiflanadi:
1)
tashqi siyosatga oid barcha an’anaviy yo‘nalishlarning yagona, o‘zaro
bog‘liq tugunga chatishib ketishi;
2)
harbiy harakatlarning hujumkor xususiyatga, ya’ni yangi erlarni bosib
olish intilishiga ega emasligi, balki asosan, jazo sifatida zabt etilgan hududlarni
bo‘ysundirilgan holatda saqlab qolishga qaratilganligi.
Sinaxxerib esa (mil. avv. 705 - 681 yy) o‘z hujumlarini asosan ikki yo‘nalishda
(g‘arbiy va janubiy) olib bordi. G‘arbda Ossuriyaga qarshi koalitsiya (ittifoq) tuzildi.
Sinaxxerib unga qarshi shiddatli kurash olib bordi. Natijada koalitsiya ishtirokchilari
birma - bir jazolandi va Ossuriya hokimiyati ostiga qaytarildi. Hukmronligining
butun davri davomida Sinaxxeribning o‘y - fikrlari Bobilga qaratilgandi. Ossuriyaga
qarshi Bobil – Elam- Dengiz bo‘yi (O‘rta er dengizi) - arablar ittifoqi doim mavjud
edi. Miloddan avvalgi 689 yilda Sinaxxerib Bobilni shafqatsizlarcha er bilan yakson
qilib tashladi. Sinaxxeribning o‘g‘li podsho Asarxaddon (mil.avv. 681 - 669 yy.)
“Bobil masalasini” hal etishni tashqi siyosatining birinchi galdagi vazifasi deb
hisobladi. Sharqiy yo‘nalishda Ossuriya uchun havfli vaziyat yuzaga keldi.
Midiyaliklarning Ossuriyaga qarshi tuzgan ittifoqiga manneylar, kimmeriylar, skiflar
va boshqalar kirdi. Miloddan avvalgi 674 - 673 yillarda Ossuriya Kashtariti (Fraort)
boshchiligidagi qo‘zg‘oloni bostirishga urindi, lekin muvaffaqiyatsizlikka uchradi.
11
Natijada mustaqil Midiya podsholigi barpo etildi. Biroq Ossuriya diplomatiyasi
koalitsiya (ittifoq) a’zolarini bir - biridan ajratib, qo‘zg‘olon ko‘lamini kamaytirishga
erishdi. Miloddan avvalgi 674 va 671 yillardagi yurishlar natijasida Ossuriya o‘zining
eng ulkan istilosini amalga oshirdi - Misrni zabt etdi. Ammo Ossuriyaning Misr
ustidan hukmronligi mustahkam emasdi va uzoqqa cho‘zilmadi.
Asarxaddon o‘g‘li - Ashshurbanapalga (mil. avv. 668\635 - 627 yy.) ulkan
saltanat meros bo‘lib qoldi. Ashshurbanapal boshqaruvi davrida Ossuriyaning tashqi
siyosati ikki bosqichga bo‘linadi. Hukmronligining birinchi yarmi (mil. avv. 654 yy.)
Yaqin Sharqda Ossuriya ustivorligining saqlanib qolishi va mamlakat gullab
yashnaganligining davom etishi bilan tavsiflanadi. Haddan tashqari zo‘r berishlar,
qarshilik ko‘rsatuvchilar va qo‘zg‘olonchilar ustidan shafqatsiz jazolar evaziga,
hamda josuslik faoliyatining mohirona tarzda yo‘lga qo‘yilganligi va tajribali
diplomatiyaning harakatlari tufayli Ossuriya gegemon maqomini vaqtinchalik saqlab
qola oldi. Bunga kimmeriylar va skiflar bilan tuzilgan ittifoq ham yordam berdi.
Miloddan avvalgi VIII asrning o‘rtalarida Ashshurbanapal hukmronligi davridagi
Ossuriya tashqi siyosatining ikkinchi bosqichi boshlandi. Mamlakatda siyosiy inqiroz
bora - bora avj olib bordi. Ushbu inqiroz Old Osiyoda ossuriyaliklar tomonidan
bo‘ysundirilgan davlatlar va xalqlarning eng yirik qo‘zg‘olonida keskin tarzda
namoyon bo‘ldi. Qo‘zg‘olon mil. avv. 654 - 648 yillarda eng yuqori cho‘qqisiga
chiqdi. Ossuriyaga qarshi chiqishlar yuz berganligining o‘zi Bobil atrofida ulkan
koalitsiyaning (ittifoqning) jipslashishiga olib keldi. Koalitsiyaga Elam, xaldey -
aramey knyazliklari va O‘rta er dengizi bo‘yi qabilalari, Suriya, Finikiya va
Ossuriyaning viloyatlari kirdi. Ossuriya, ittifoqchilarning o‘zaro ziddiyatlaridan
foydalanib, bu safar ham qo‘zg‘oloni shafqatsizlarcha bostirishga erishdi.
Biroq, ichidan emirilgan Ossuriya saltanati Bobil va Midiyadan iborat qudratli
ittifoqqa qarshi dosh bermadi va parchalanib ketdi. Ossuriya diplomatiyasi tarixiga
oid manbalarda talaygina va rang - barang ma’lumotlar mavjud. Podshoga taaluqli
yozuvlar ular orasida birinchi o‘rinda turadi. Asosan Nineviya shahri arxivida
saqlanib qolgan, podsholarning yozishmalari bizlargacha ko‘plab miqdorda etib
kelgan.
Ossuriya va unga qaram bo‘lgan davlatlar o‘rtasida shartnomalar og‘ishmay
bajarilishi lozim edi. Shartnomani tuzish marosimi sexr -jodu va taomillariga oid
amallar, xudolar qasam ichishlar bilan birgalikda oldida amalga oshirilardi va ular
muqaddas ittifoq kuchiga ega bo‘lardi. Shartnomani buzish eng tabarruk qoidalaridan
xatlab o‘tishni anglatardi. Bu esa shafqatsizlarcha jazolanardi.
Lekin shartnoma bo‘yicha kichik hamkorlar uchun man etilgan ishlarga
ossuriyaliklarning o‘zlari bemalol, hech qanday vijdon azoblarisiz qo‘l urishardi.
Turli davlatlar bilan do‘stona munosabatlarni qadrlagan Ossuriya podsholari
sulolaviy nikohlar va hukmron xonadonlar bilan qarindoshchilik aloqalarini
o‘rnatishga ma’lum darajada ahamiyat berishgan. Ossuriya davlati hukmronligi
davrida garovga olish amaliyoti tinchlik munosabatlarini kafolatlash, imzolangan
shartnomalarga rioya qilish, Ossuriya hokimiyatiga bo‘ysunish elementlarining biri
sifatida qo‘llanardi.
12
Tobe podsholar tomonidan o‘zlarining o‘g‘illarini, sodiqligi kafolati sifatida,
Ossuriya hukmdorlari saroyiga yuborishi garovga olish amaliyotining eng tarqalgan
shakli edi.
Ossuriya podsholari odatda boshqa davlatlardan kelgan shoh nasliga oid
qochoqlarni jon deb qabul qilishardi va saroyda ushlab turishardi. Ossuriya
podsholari ushbu insonlardan o‘zlarining siyosiy o‘yinlari va diplomatiyasida
foydalanishdan manfaatdor edilar. Buni o‘zga davlatlar hukmdorlari yaxshi
tushunardilar.
Miloddan avvalgi I ming yillikda muzokaralar olib borish va elchiliklar
jo‘natish davlatlararo munosabatlarda odatiy hol edi. Tinchlik muzokaralarini olib
borish Ashshurbanapal davrida keng quloch yoydi. Zero Ossuriya davlati maksimal
darajada kengayib ketdi, endi esa uning oldida zabt etilgan hududlarni tobe holatida
saqlab qolish vazifasi turgandi. Buning uchun esa nafaqat harbiy kuchlar, balki
diplomatiyaning barcha usullari va nayranglari zarur edi. Ashshurbanapal iloji bor
joyda masalani tinch vositalar bilan hal etishga intilgan, chunki harbiy ustunlik har
doim ham samarali bo‘lmagan va kuchlarni haddan tashqari safarbar qilishni talab
qilgan. Ossuriya hukmdorlari o‘zlari olib borgan muzokaralar natijasi bo‘yicha jiddiy
ikkinlanishlar
his
qilgan
paytlari
ham
bo‘lgan.
Ashshurbanapalning
Shamashshumukin qo‘zg‘oloni qatnashchilari bilan olib borgan muzokaralari
to‘g‘risidagi ma’lumotlar saqlanib qolingan.
Ossuriya hukmdorlarining diplomatik harakatlari g‘oyat muvaffaqiyatli bo‘lib
chiqdi. Ular Shamashshumukin qo‘zg‘oloni ishtrokchilarining safini buzishga va
mag‘lubiyatga uchratishga yordam berdi.
Muzokaralar olib boradigan tomonlarning bir - biriga murojaat qilish tartibi
to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish lozim. “Birodar” va “birodar” (yoki “og‘a” va
“ini”), “ota” va “o‘g‘il” - ushbu so‘zlar davlatlar - hamkorlar o‘rtasidagi
munosabatlarning turli nyuanslarini (sezilar - sezilmas farqlarni, tafovutlarni) ifoda
etardi. Ossuriyaning boshqa mamlakatlarning ustidan hukmronligi harbiy kuch
vositasida o‘rnatilgan davrda “hukmdor” (yoki “sulton”) - “qul” formulasi ko‘proq
ishlatilardi. Bunday tartibni buzishga urinishlar yomon oqibatlarga olib kelishi
mumkin edi.
Ish yuritish Ossuriya davlatida ikki tilda olib borilardi: akkad tilining ossuriya
shevasida va aramey tilida. Diplomatik tusdagi hujjatlar orasida nomalar, xatlar,
“muhrli hujjatlar”, “uzuk osti” hujjatlar, oddiy “hujjatlar” (“tablichkalar” - sopol
parchalari), maxfiy maktublar, ma’lumotlar va boshqalar tilga olinadi. Muzokaralarda
turli darajadagi omilkor va e’tiborli kishilar qatnashgan.
Davlat nomidan muzokaralarni podsholar, shahzodalar, taxt vorislari, podsho
amaldorlari: abarakku, rabshaku va boshq, elchilar, choparlar (“mar shipri”) olib
borishgan, sarkardalar va aholi istiqomat qiladigan joylarning boshliqlari ham
uchraydi. Ossuriya razvedka (josuslik) xizmatining juda katta va ko‘p tarmoqli
apparatiga ega edi. Razvedka (josuslik) masalalari bilan odatda shahzoda - taxt vorisi
shug‘ullanardi.
Ashshurbanapal ham, taxt vorisi deb e’lon qilingandan so‘ng razvedka
(josuslik) masalalari bilan faol shug‘ullandi. Ashshurbanapalning podsholik davrida
13
esa razvedka (josuslik) Ossuriya tashqi siyosatining extiyojlarini qondirish yo‘lida
g‘ayrat bilan ishlardi. Ossuriya diplomatiyasining harakatlari hamkor - davlatlarning
ichki ziddiyatlarini, ushbu davlatlar tarkibidagi turli viloyatlarning va ayniqsa
qabilalarning separatizmini, ularning boshqa davlatlar bilan qarama - qarshiligini
hisobga olgan holda amalga oshirilardi. Bularning barchasi haqidagi ma’lumotlarni
Ossuriya ma’muriyatiga, shu jumladan diplomatiya xizmatiga, razvedka (josuslik)
etkazib berardi.
Manbalarning o‘ziga xos xususiyatga ega ekanligi Qadimgi Hindiston
tarixining har qanday yo‘sinlarini o‘rganishdagi eng asosiy qiyinchiliklardan biridir.
Biror - bir arxiv hujjati bizgacha etib kelmagan, biror - bir qadimgi hind
yilnomasi ma’lum emas, yozuvlar esa kam sonli va har doim ham etarli darajada
ma’lumotlarga ega emas.
Qadimgi hind tashqi siyosat nazariyasi bo‘yicha asosiy manba Kautilyaning
“Artxashastra”-si hisoblanadi va hozirda uning sanasi milodiy birinchi asrlar bilan
belgilanadi. Ushbu asarda davlat tuzilishi, ma’muriy - xo‘jalik boshqaruvi, sud
ishlari, harbiy va diplomatik san’at bo‘yicha ma’lumotlar mavjud. Bundan tashqari
nitishastra turidagi asarlar ham borki, ularning asosiy mazmuni podsholarga axloqiy
nasihatlar, shuningdek ichki va tashqi siyosatiga oid maslahatlardan iborat. Qadimgi
Hindistonda davlatlararo munosabatlar nazariyasining asosida mandala (ya’ni
“doira”, odatda “davlat doirasi” ma’nosida izoxlanadi) konsepsiyasi yotadi.
“Istilolar qilishga intilgan” hukmdor uchun o‘z raqiblarini bo‘ysundirish
faqatgina eng birinchi maqsad deb hisoblangan. Agar unga erishsa, keyingi mo‘ljal -
bu “o‘rtadagi” va “betaraf” hukmdorlarning erlaridir. Ushbu istilolarning natijasida
dunyo ustidan hukmronlik o‘rnatilishi lozim edi.
Mandala - bu tashqi siyosatga oid muayyan harakatlar va chora - tadbirlar
majmuasi sifatida tasavvur qilish mumkin - ki, u yanada yirik davlatga aylanib ketish
tendensiyasiga egadir. Buyuk davlatning (va oxiri kelib “jahon” saltanatining) barpo
etilishi siyosatning oxirgi maqsadi deb hisoblangan.
Dushman ustidan g‘olib chiqishning eng muhim vositasi sifatida u va uning
ittifoqchilari orasida adovatni keltirib chiqarish, raqib ittifoqchilari bilan separat
(boshqalar bilan kelishilmagan, bir tomonlama) shartnomalar imzolash yoki ularga
to‘g‘ridan - to‘g‘ri harbiy yordam ko‘rsatish, ya’ni dushman mandalasini parchalab
tashlash tan olingan. Mandalaning yana bir ahamiyatli xususiyatini ta’kidlash kerak:
podshoning ittifoqchilari, taxtda o‘tirib va hokimiyatga ega bo‘lib, o‘z ittifoqchilarini
ham saqlab qolishgan.
Beqaror va chidamsiz siyosiy birlashmalar tashkil etilgan - ki, ular o‘z
yahlitligi va muhtoriyatini saqlab qolgan mayda davlatlardan iborat bo‘lgan. Mandala
tushunchasi bilan bir qatorda qadimgi hind siyosiy nazariyasida “etti xadli (a’zoli)
davlat” konsepsiyasi muhim o‘rin egallaydi. Uning asosiy elementlari quyidagilardan
iborat: podshoning o‘zi, vazirlar, shahar - qal’alar, qishloq erlari, xazina, qo‘shin va
ittifoqchilar. “Artxashastra”- da tez - tez tilga olinadigan “qo‘shinlar” yoki
“ittifoqchilar”ning tavsifida alohida to‘xtalish kerak, chunki “davlatlararo
munosabatlarga” oid ko‘plab maslahatlarning katta qismi aynan ular bilan bog‘liqdir.
“Artxashastra” ga binoan, ittifoqchining asosiy xususiyati - “foyda keltirish”.
14
Itoatkorlik - uning eng muhim fazilatidir. Siyosat sa’natini egallagan podsho, birinchi
galda shartnomalarning murakkab tizimiga tayanib, yakka hokimlikka intilishi lozim.
Har xil tinchlik bitimlari siyosatining eng birinchi va muhim vositasi sifatida nazarda
tutilgan.
“Artxashastra” tuzuvchisi, qasam ichish marosimida qisqacha to‘xtalib,
qulayroq usul sifatida tan olingan garovga olishning muhokamasiga asosiy e’tiborini
qaratgan. “Tinchlik” davlatlarning uzoq va doimo birga (bir joyda va bir vaqtda)
mavjud bo‘lishini anglatmasdi. Tinchlikka erishish faqatgina kuchliroq dushman
ustidan g‘olib chiqishning eng yaxshi vositasi sifatida tavsiya etilardi. Murosa -
madora munosabati bilan “siyosatning to‘rt usuli” ham tilga olinadi. Bular - “o‘gitlar,
pand - nasihatlar”, “sovg‘alar”, “nizo urug‘ini sepmoq” va “kuch ishlatish”. Ushbu
usullardan birin - ketin foydalanish mumkin. Murosaga kelish ayniqsa dushmanga
nisbatan ochiqdan - ochiq kuch bilan qarshilik qilishga ojiz bo‘lgan zaif podsholarga
tavsiya etiladi.
Diplomatik tusdagi turli xil shartnomalarning ta’rifiga “Artxashastra”da katta
e’tibor qaratilgan. Ular orasida teng huquqli va tengsizlari, foydali va foydasizlari,
shartlari mavjud va shartlari yo‘q shartnomalar alohida belgilab ko‘rsatilgan.
Tashqi siyosatning an’anaviy usullari orasida ahamiyati jihatdan ikkinchi
o‘rinda urush turadi. Urush barcha usullardan foydalanib bo‘lgandan keyingina,
oxirgi vosita sifatida ko‘rilgan. Podshoga g‘alabalarga jangsiz erishish tavsiya
qilingan, chunki tinch yo‘l bilan bo‘ysundirish kamroq kuchni va harajatni talab
qiladi.
“Duta” (“elchi”) atamasining braxmanlarda tilga olinishi elchilik xizmati
Hindistonda davlatchilik taraqqiyotining ilk bosqichida (mil. avv. I ming yillikning
birinchi choragi) vujudga kelgan deb so‘z yuritishga imkon berardi.
Kautilyaning “Artxashastra”sida maxsus bob elchining vazifalariga
bag‘ishlangan. Shu erda, jumladan, elchilarning turkumlari keltirilgan - “muxtor”,
“cheklangan vakolatlarga ega” va “chopar” (maktublar etkazuvchi).
Elchilik xizmatini bajargan amaldorlar boshqa, doimiy vazifalarga ham ega
bo‘lgan-ki, ularning ma’muriy apparatdagi o‘rni va mansablarining nomlari aynan
shu orqali belgilangan. Elchining mahalliy aholi bilan aloqa qilishi podsho farmoniga
ko‘ra man etilishi yoki cheklanishi mumkin edi. Siyosiy asarlarda elchiga ko‘proq
sukut qilish va eshitish qat’iyan tavsiya etiladi. Elchi o‘zga mamlakatga jo‘nab ketar
ekan, sayoxati uchun zarur bo‘lganlarning barchasini - otlarni, aravalarni, pullarni
puxtalik bilan tayyorlagan. Uzoqda joylashgan mamlakatlarga elchiliklar juda kam
yuborilgan. Manbalarda asosan Hindiston ichkarisida mavjud bo‘lgan davlatlarga
yuborilgan elchiliklar haqida gap yuritiladi. Hindiston hududida ko‘plab kichik
davlatlarning mavjud bo‘lishi elchiliklar sonining shunga mos bo‘lishini talab qilardi.
Tobe davlatlar oliy hukmdor poytaxtida doimiy vakillariga ega bo‘lishgan. Elchilik
xizmatining tashkil qilinishi Qadimgi Hindiston davlatlarining rivojlanish darajasiga
mos bo‘lgan. Maxsus diplomatik muassasa, aftidan, shakllanmagan bo‘lsa ham,
elchilik vazifalarini podsho nomidan ish olib borgan oliy mansabdor shaxslar yoki
batafsil ko‘rsatmalar olgan oddiy amaldorlar bajargan. Elchilardan nomalarni
15
(maktublarni, xatlarni) etkazib berish niqobi ostida raqibni yoki uning eng qudratli
amaldorini yo‘q qilish maqsadida ham foydalanilgan.
Shuningdek, elchilar dushmanning joylashuvi, kuchlari, zahiralari haqida
ma’lumotlar to‘plagan. “Artxashastra” da turli xil nomalarning (maktublar va
xatlarning), shu jumladan, diplomatik tusdagi yozishmalarning formulyarlari
berilgan.
Miloddan avvalgi I ming yillikning dastlabki choragida Shimoliy Hindistonda
ilk davlatlar shakllanib bordi, ammo manbalarning taqchilligi davlatlararo
munosabatlarning bir qadar ishonchli va aniq manzarasini kasb etishga imkon
bermaydi. Hindiston shimolida davlatlararo munosabatlarning xususiyatlari
to‘g‘risidagi ayrim ma’lumotlar Aleksandr Makedonskiyning Hindistonga yurishini
ta’riflagan yozma manbalarda mavjud.
Aleksandr satraplarining hokimiyati faqatgina miloddan avvalgi 317 yilgacha
saqlanib qolindi. Shu paytning o‘zida Mauryalar sulolasining asoschisi Chandragupta
Nandlar davlatini bosib oldi. Sal kechroq Chandragupta Aleksandr imperiyasining
xarobalarida barpo etilgan Salavq davlati bilan to‘qnash keldi. Ular o‘rtasida tuzilgan
tinchlik shartnomasiga ko‘ra Salavq Hindistondan 500 jangovor filni oldi,
Chandragupta esa Hind daryosidan g‘arbda joylashgan katta erlarni qo‘lga kiritdi.
Ashoka hukmronligi davrida Maurya davlatining gullab-yashnashi eng yuqori
cho‘qqiga etdi. Ashokaning eng yirik istilosi – bu Kaling davlatining bo‘ysundirilishi
edi. Shundan so‘ng deyarli butun Hindiston Mauryalar hokimiyati ostida edi. Ashoka
davridagi Mauryalar davlatining tuzilishi shundan dalolat beradi-ki, Ashoka bir qator
viloyatlarning boshqaruvida an’anaviy shakllarni saqlab qolgan. Ashoka davlatining
katta qismi shahzodalar tomonidan idora qilingan provinsiyalar va yarim mustaqil
viloyatlarga bo‘lingan. Shu bilan bir qatorda, ushbu erlarning chegaralari, boshqaruv
shakllari o‘zgarmagan; shahzoda faqatgina avvalgi podshoning o‘rniga taxtga
o‘tirgan va sezilarli darajada hokimiyatga ega bo‘lgan.
Qudratli Maurya podshosining o‘z hokimiyatini saqlab qolishga va davlatning
yaxlitligini mustahkamlashga qaratilgan choralari etarli bo‘lib chiqmadi. Qadimgi
Hindiston tarixida mavjud bo‘lgan ushbu eng yirik davlatning strukturasi (tuzilishi)
uning tez qulashiga sabab bo‘ldi. Milodiy IV asrning boshida Guptalar sulolasi
davrida Magadxa davlati yana kuchayib bordi. Ushbu sulolaga tegishli eng qudratli
podsholardan birinchisi Chandragupta I edi. Guptalar Shimoliy Hindiston ustidan o‘z
hokimiyatini V asrning ikkinchi yarmiga qadar saqlab kelishdi.
Miloddan avvalgi II ming yillikning ikkinchi yarmida Xuanxe daryosining
o‘rta oqimida Shan davlati mavjud edi va uning ta’siri Shimoliy Xitoydagi ilk
davlatchilik tuzilmalariga, hamda qabilaviy uyushmalarga yoyilgandi. Miloddan
avvalgi II ming yillikning oxirida Xitoyning shimoliy-g‘arbiy qismida istiqomat
qilgan chjou qabilalari shanliklarni zabt etishdi va g‘arbiy Chjou nomi bilan ma’lum
bo‘lgan anchagina yirik davlatni barpo qilishdi. Chjou davlatining poytaxti Xao
shahridan Loi shahriga (zamonaviy Loyan) ko‘chirilishi bilan (miloddan avvalgi 770
yil) Sharqiy Chjou sulolasining davri boshlandi.
Xuanxe daryosi o‘rta oqimi va Buyuk Xitoy tekisligida joylashgan davlatlar,
qolgan barcha xalqlar va podsholiklardan farqliroq tarzda, o‘zlarini xuasya
16
etnomadaniy birligi qatoriga kirgizishgan va “o‘rtadagi davlat” -lar deb
nomlanishgan. “O‘rtadagi podsholik”-larning barchasi Chjou davlatining ustunligini
tan olishgan. Chjou hukmdori – van “Samo o‘g‘li” iloxiy unvoniga ega edi,
“o‘rtadagi podsholik”-larning hukmdorlari esa uni Hitoydagi oliy diniy nufuzga ega
bo‘lgan shaxs sifatida izzat qilishgan.
Hamonki ushbu podsholiklar o‘rtasidagi urushlar doimo bo‘lib o‘tar ekan,
davlatlararo munosabatlar, ular o‘rtasida ittifoqlar tuzish tartibi, razvedkani
(josuslikni) tashkil etish masalalariga oid boy amaliy tajriba asrlar davomida
to‘plandi. Ayniqsa oxirgisi katta rol o‘ynagan. Shu paytda davlatlararo munosabatlar
nazariyasi va amaliyotiga taalluqli ta’limotlar va doktrinalar yaratildi. “O‘rtadagi
podsholiklar” - “xuasya” va “varvarlar”-ning o‘xshash emasligi to‘g‘risidagi
tasavvurlar shakllandi va bu hol tashqi siyosiy aloqalar tamoyillariga o‘z ta’sirini
o‘tkazdi. Samo o‘g‘lini butun olamning hukmdori sifatida tasvirlaydigan Chjou
doktrinasi “o‘rtadagi podsholiklar” aholisining ustunligi va “varvar”-larning tug‘ma
etilmaganligi to‘g‘risidagi Konfutsiy (miloddan avvalgi 551-479 yy.) ta’limotining
negizini tashkil etdi. Ushbu ta’limot qadimgi Xitoyda davlatlararo munosabatlar
nazariyasi va amaliyotiga sezilarli darajada ta’sir etdi. Butun olam hukmdori
hisoblanmish Samo o‘g‘li to‘g‘risidagi Chjou doktrinasi Chjou vanining unga
itoatkorligini ifoda qilishi lozim bo‘lgan yaqin va uzoqdagi xalqlar, hamda
podsholiklar bilan bir tomonlama munosabatlarining ideallashtirilgan sxemasini taklif
etardi.
Hukmdorlar huzuridagi ayrim amaldorlarning vazifalari doirasiga boshqa
davlatlar bilan munosabatlarni yo‘lga qo‘yish masalasi kirardi va maxsus kishilar
elchilar nutqini tayyorlashardi. Dastlab saroyda muhokama qilingan ushbu nutqlar
qo‘shni davlatlar bilan muzokaralar olib borilganda katta ahamiyatga ega edi.
O‘z paytida Chjou vani Si hukmdori Xuan – Gunning mustaqil ravishda tashqi
siyosiy va diplomatik harakatlar olib borish, hamda harbiy ittifoqlar tuzish,
shuningdek “ba” (gegemon) unvoniga ega bo‘lish huquqini tan oldi. Ittifoqchi
podsholiklar gegemonga birlashish muqaddas qasamini (men) ichishardi. Si
davlatidan so‘ng gegemonlik birin-ketin boshqa davlatlar qo‘liga o‘tib bordi.
Gegemonlarning siyosiy ustivorligini mustahkamlashda elchilarni qabul qilish
va yuborish marosimi muhim rol o‘ynardi. Elchilarni yo‘lga otlantirish gegemonlarni
o‘ziga yarashmasdi, shu paytning o‘zida esa ittifoqchi podsholiklar hukmdorlarining
shaxsan o‘zlari elchilar sifatida gegemon huzuriga etib kelardilar.
Ittifoqchi davlatlar podsholarining o‘g‘illarini garovga olish Chjango davridagi
davlatlararo munosabatlarning o‘ziga xos xususiyatiga aylandi. Davlatlar tomonidan
mayda podsholiklarni bosib olish jarayoni avj olgandi. Bu esa podsholiklar
o‘rtasidagi ittifoqlarning yiriklashuviga sabab bo‘lardi. Davlatlararo yirik
birlashmalarning alohida shakllari yuzaga keldiki, ular “vertikal bo‘yicha ittifoqlar”,
“gorizontal bo‘yicha ittifoqlar”, “uzoqdagi davlatlarning yaqindagi davlatlarga qarshi
ittifoqlar” deb nomlanishi bilan ma’lumdir. Ushbu sharoitda davlatlararo bitimlarni
tuzish amaliyoti bilan bog‘liq maxsus faoliyat turiga bo‘lgan extiyoj paydo bo‘ladi.
Bunday zarurat nafaqat urush vaqtida, balki boshqa paytlarda ham talab qilingandi.
17
Jamiyatning o‘qimishli qatlamlari orasida diplomatik tusdagi vazifalarni
bajarish uchun zarur bo‘lgan bilimlar va tajribaga ega bo‘lgan, siyosiy vaziyatni
nazariy va amaliy jihatdan tushunadigan, gapga chechan, ishning o‘ziga xos ustalari
paydo bo‘ldi. Diplomatiyaga taalluqli faoliyatning katta ahamiyatga ega ekanligini
Chjango davrida mavjud bo‘lgan barcha g‘oyaviy-siyosiy maktablarning vakillari
ta’kidlashgan. Jumladan, Konfutsiy diplomatiya san’atiga o‘rgatishni podsholikni
boshqarishdan keyin ikkinchi o‘ringa qo‘ygan. Elchilar yozma emas, balki og‘zaki
ko‘rsatmalar bilan yuborilgan.
Qadimgi Xitoyda diplomatik daxlsizlik haqidatushuncha mavjud bo‘lmasligiga
qaramasdan, amalda har qanday podsholikda elchiga o‘ta hurmat bilan qaralgan.
Chjango davri hukmdorlarining saroylari qoshida “yuyshi” deb nomlangan
yaqin amaldorlar bor edi. Ular hukmdor nomiga boshqa podsholiklardan etib kelgan
barcha maktublarni qabul qilish, hamda kelgusi muzokaralar uchun ma’lumotlar
tayyorlash bilan shug‘ullanardilar. Davlatlararo munosabatlar nazariyasi va amaliyoti
bilan “szun xen” maktabining faoliyati bog‘liq bo‘lgan. Odatga ko‘ra ushbu
maktabning paydo bo‘lishi donishmand Guy Gutszi (mil. avv. IV-III asrlar) nomiga
taqaladi. Maktabning nomi ikki turdagi davlatlararo ittifoqlarning nomidan kelib
chiqadi – “szun” (vertikal bo‘yicha ittifoq yoki shimol-janub ittifoqi) va “xen”
(gorizontal bo‘yicha ittifoq yoki sharq-g‘arb ittifoqi). Miloddan avvalgi 221 yilda Sin
podsholigi birinchi bor butun Xitoyni birlashtirdi. Istilolarni amalga oshirish Sin
Shixuandi tashqi siyosatining asosiy vazifasiga aylandi. Miloddan avvalgi 202 yilda
Sin sulolasi xalq qo‘zg‘olonlari natijasida ag‘darildi. Imperiyada hokimiyat tepasiga
Xan sulolasi keldi. Xan imperiyasining qo‘shni xalqlar bilan munosabatlarda avvalgi
davrdan meros bo‘lib qolgan oykumena egotsentrik (egotsentrizmga oid, o‘ta
manmanlik. O‘zini dunyoga ustun deb bilish) konsepsiyasi katta rol o‘ynagan.
Ushbu rasmiy tashqi siyosiy doktrinaga “daosizm” falsafasiga oid asarlarda o‘z
aksini topgan o‘zgacha konsepsiya qarshi turganki, unga ko‘ra “O‘rta imperiya”-ning
boshqa xalqlarga nisbatan ustunligi inkor qilingan. Xan imperiyasining, uning tarkib
topgan kunidan boshlab, eng muhim tashqi siyosiy vazifasi – chegaralarni
ko‘chmanchi Syunnu qabilalarning muntazam bosqinlaridan himoya qilish edi.
Miloddan avvalgi III asrning oxiriga kelib imperiyaning shimoliy chegaralarida
ushbu qabilalarning qudratli birlashmasi vujudga keldi.
“Tinchlik va qarindoshchilikka asoslangan shartnoma” deb ma’lum bo‘lgan va
miloddan avvalgi 198 yilda tuzilgan shartnomaga binoan Lyu Ban shanyuy (syunnu
qabilalarining oliy sardori) Modega nisbatan o‘lpon to‘lovchi ekanligini faktik
jihatdan tan oldi. Miloddan avvalgi 195 yilda Lyu Banning o‘limidan so‘ng Mode,
vaziyatni o‘zi uchun qulay deb hisoblab, yana bir marotaba nazarini Xitoyga qaratdi.
Modomiki, Xitoyga hujum qilishga rasmiy bahonasi bo‘lmagan Mode ig‘vo
qilmoqchi bo‘ldi va miloddan avvalgi 192 yilda Lyu Banning beva xotini imperatritsa
Lyuyxouga nikoh taklifi bilan maktub yubordi. Konfutsianlik axloqiga binoan beva
hukmdor ayolga nikoh taklifi bilan murojaat qilish rasm – odat bo‘lib qolgan odob
qoidalarining qo‘pol tarzda buzilishi edi. Lyuyxou darhol shanyuy Modega
qimmatbaho sovg‘alar yubordi. Shu bilan bir qatorda nikoh to‘g‘risidagi taklifiga rad
javobini berdi.
18
Aytib o‘tilgan “tinchlik va qarindoshchilik” to‘g‘risidagi shartnoma (Lyu Ban
tomonidan birinchi bor tuzilgandi). Qadimgi Xitoyda xalqaro munosabatlar tarixi,
nazariyasi va amaliyotida yangi saxifani ochib berdi. Miloddan avvalgi 198 yilda
tuzilgan ushbu shartnoma yosh Xan davlati uchun yaxshi oqibatlarga ega bo‘ldi, Xan
imperiyasining qudratli va taxlikali qo‘shnisi bilan munosabatlarni tartibga soldi.
Miloddan avvalgi 133 yilda syunnu bilan tuzilgan tinchlik shartnomasi bekor qilindi
va imperator U-di ularga qarshi yurishlar boshladi. Miloddan avvalgi 138 yilning
o‘zidayoq U-di syunnuga nisbatan dushman bo‘lgan yuechji qabilalari bilan harbiy
ittifoq tuzish maqsadida Chjan Tsan boshchiligidagi elchilikni jo‘natdi. O‘rta
Osiyoda bo‘lgan davrida Chjan Tsan ilgari Xitoyliklar uchun noma’lum hisoblangan
yirik o‘lkani kashf etdi.
Xan imperiyasi Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab joylashgan Sharqiy Turkiston
voxasining shahar - davlatlarida o‘z ta’sirini va hukmronligini yoyish uchun turli
diplomatik va harbiy usullardan foydalangan. Ushbu siyosatni amalga oshirishdagi
muhim bosqich sifatida Xan imperiyasining usun qabilalari bilan ittifoq tuzishi
namoyon bo‘ldi. Miloddan avvalgi 115 yilda usunlar huzuriga Chjan Tsan
boshchiligidagi elchilik yuborildi. Ushbu elchilik Xan davridagi Xitoy davlatining
Markaziy va O‘rta Osiyoning, hamda O‘rta Sharqning boshqa mamlakatlari bilan
savdo va diplomatik aloqalarini rivojlanishida katta rol o‘ynadi. Biroq Buyuk ipak
yo‘lini egallash U-di uchun uning “imperiya sarhadlarini 10 ming li miqdorida
kengaytirish va hokimiyatini butun dunyo bo‘ylab yoyish” g‘oyasini amalga
oshirishdagi muhim bosqichi edi xolos. Harbiy yo‘nalishdagi faol tashqi siyosat bilan
bir qatorda U-di janubiy va shimoliy-sharqiy yo‘nalishlar bo‘yicha keng istilochilik
harakatlarini olib bordi. Shu bilan birga, yillar davomida U-di tomonidan olib
borilgan urushlar davlat zaxiralarini va xazinani quritdi. Imperiyaning chekka
hududlardagi qabilalarni Xanlarga qarshi chiqishlari kengaydi. U-di vafotidan so‘ng
yirik istilochilik yurishlari deyarli olib borilmadi.
Miloddan avvalgi I asrning oxiri – milodiy I asrning boshiga qadar Xan
imperiyasining tashqi siyosati passiv ko‘rinishga ega bo‘ldi. I asrning o‘rtalariga
kelib esa Xan imperiyasi qadimgi dunyoning eng yirik davlatiga aylandi. Ushbu
davrda imperiyaning eng asosiy vazifasi – shimoliy syunnu qabilalarini bo‘ysundirish
va g‘arbiy o‘lkada o‘z hukmronligini tiklash edi.
73 yilda Ban Chao elchilik vazifasi bilan g‘arbiy o‘lkaga yuborildi. Uning bu
erlardagi harakatlari o‘sha zamon diplomatiyasiga xos tarzda olib borildi. Ban Chao
faoliyati natijasida g‘arbiy o‘lkada Xan hukmronligining mustahkamlanishi Xitoyni
g‘arbiy mamlakatlar bilan siyosiy va savdo aloqalarining kengayishi uchun katta
ahamiyatga ega bo‘ldi. 80-yillarning oxiridan boshlab Buyuk ipak yo‘li orqali
Kushon davlati, Parfiya va Yaqin va O‘rta Sharqning boshqa “Uzoq mamlakatlari”
bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatildi. Ular (munosabatlar) I va II asrlar
chegarasida eng yuqori nuqtasiga ko‘tarildi. Rim imperiyasi (qadimgi Xitoy
manbalarida Datsin deb nomlanadi) bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatishga
urinishlar ham qilib ko‘rildi.
Qadimgi Xitoyning deyarli 2000 yillik tarixi davomida yaqin va uzoq
qo‘shnilar bilan tashqi munosabatlarni amalga oshirishning muayyan tamoyillari
19
ishlab chiqildi. Qadimgi Xitoy uchun xos bo‘lgan ikki eng muhim tendensiyani,
davlatlararo aloqalar va shartnomalar negizidagi munosabatlarning ikki asosiy turini
e’tirof etish lozimdir. Ularning birinchisi “di go” -“teng davlatlar” konsepsiyasiga
tayanadi. Teng sheriklar nazariyasi birinchi galda, “o‘rtadagi podsholiklarning”
o‘zaro munosabatlari amaliyotidan kelib chiqqan va teng huquqli davlatlar o‘rtasidagi
munosabatlarni uzoq muddatli va mustahkam an’anasiga ega bo‘lgan.
Ammo U-di hukmronligi davridan boshlab qo‘shni xalqlar bilan o‘zaro
munosabatlarni amalga oshirishda o‘zgacha tamoyil ustunlik qildi. Bu tamoyil,
konfutsianlikning “dunyoni tartibga soluvchi monarxiya” doktrinasiga tayanib,
“varvar”-larning (ya’ni chegaradan narigi barcha xalqlarning) etilmaganligi
to‘g‘risidagi nazariya bilan bevosita bog‘liq edi va barcha o‘zga mamlakatlarga
Xitoyning ehtimolli o‘lpon to‘lovchisi sifatida rasman qarardi.
Garovga olish hodisalari Xan imperiyasining qo‘shni mamlakatlar va xalqlar
bilan munosabatlardagi odatiy hol edi. Xan zamonidan elchilarni qabul qilishning
maxsus marosimi ishlab chiqildiki, uning maqsadi – elchilik yuborgan hukmdorning
Xan imperatoriga nisbatan tobelik holatini ta’kidlab o‘tishi kerak edi. Saroyga
o‘rnatilgan qoidalarga bekami-ko‘st rioya qilishga katta ahamiyat berilardi. Elchilar
albatta sovg‘alar bilan etib kelardilar. Xan imperiyasi ham o‘z navbatida, in’omlar
berishga qizg‘anmasdi. Elchilarni qabul qilish va ular tomonidan sovg‘alarni
topshirish marosimi horijlik vakillarni kamsitadigan va o‘zga yurtlar hukmdorlarining
tobe holatini ta’kidlashga qaratilgan bo‘lsada ham, Xan imperiyasi va qo‘shni
mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarning haqiqiy ko‘rinishlarini buzib ko‘rsatardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |