16.Афина халқаро ва дипломатик муносабатлар тизимида. Miloddan avvalgi 478 yilda Delos simmaxiyasining (ittifoqining) tashkil etilishi urushning yana bir muhim natijalaridan biri bo‘ldi. Bu - tashqi siyosatdagi asosiy maqsadlari bir - biriga mos kelgan, tez sur’atlarda iqtisodiy rivojlanishdan manfaatdor bo‘lgan, bir xil demokratik tuzumga ega yunon shaharlarining mustahkam birlashmasi va harbiy ittifoqi edi. Ammo ushbu ittifoqning tashkil etilishi paytidan boshlab Afinaning ustunligi ko‘zga tashlandi. Chunki ushbu shahar yirik boy polis bo‘lib, eronliklarga qarshi urushning asosiy og‘irligini o‘z gardaniga oldi. Miloddan avvalgi 454 yilda ittifoqining xazinasi Delos orolidan Afinaga o‘tkazilishdan so‘ng ushbu ustunlik yanada yaqqol bo‘lib qoldi. Ittifoqchilar Afinaga teng a’zolar sifatida emas, balki ma’lum jihatdan fuqarolar sifatida ko‘rilardilar. Miloddan avvalgi 454 yil Delos simmaxiyasining Afina arxesiga (davlatiga) aylanish davrining chegarasi hisoblanadi. Urushdan so‘ng yunon polislarining gullab - yashnash davri boshlandi. Ushbu davr iqtisodiyotning o‘sishi va madaniyatning yuksak rivojlanishi bilan ifodalanadi. Afina davlatiga strateg sifatida boshchilik qilgan Perikl birinchi Afina dengiz ittifoqiga kirgan polislarni birlashtirishga va yagona ittifoqchi davlatni barpo etishga intildi. Bu esa dengiz ittifoqining ichida keskin nizolarga olib kelardi. Bir vaqtning o‘zida tashqi siyosiy tusdagi to‘qnashuvlar ham etilmoqda edi: Afina va Korinfning G‘arbga olib boradigan savdo yo‘llar uchun kurashi; Afina va Spartaning Yunonistonda gegemonlik qilish uchun kurashi. Ushbu barcha qarama- qarshiliklar yunon polislarning ko‘pchiligini o‘z domiga tortib ketgan Peloponnes urushiga (mil. avv. 431 - 404yy.) olib keldi. Peloponnes urushi ikki asosiy davrga bo‘linadi: Birinchi davr - “Arxidam urushi” ( mil. avv.431 - 421yy. ); Ikkinchi davr - Afinaliklarning Sitsiliyaga qo‘shin yuborishi va “Dekeley” urushi (mil. avv. 415 – 404 yy.). Miloddan avvalgi 421 - 415 yillar davomida vaqtincha sulh saqlandi. Harbiy harakatlar bir paytning o‘zida turli hududlarda olib borildi: Egey dengizi havzasida, Peloponnesda, O‘rta Yunonistonda, G‘arbiy viloyatlarda, Sitsiliyada. Urushning ikkinchi davrida Sparta yordam so‘rab Eron davlatiga murojaat qildi. Ko‘mak berish evaziga eronliklar Kichik Osiyoda joylashgan yunon shaharlarini nazorat qilish huquqini talab qildilar. Sparta bunga rozi bo‘lmadi, biroq rad javobini ham bermadi. Bu - Yunonistonning milliy manfaatlariga nisbatan sotqinlik edi. Urush Spartaning g‘alabasi bilan yakunlandi. Birinchi Afina dengiz ittifoqi tarqatib yuborildi. Spartaning gegemonligi davri boshlandi. Polislar o‘rtasidagi doimiy urushlar ularning shundoq ham tang ahvolini yanada zaiflashtirardi.