20.Эллин давлатларини Рим томонидан забт этилиши.
Antiox III Janubiy Suriyani, Finikiyani, Falastinni, Kichik Osiyoda Ptolomeylarga tegishli qator shaharlarni bosib olishga erishdi. Aynan shu paytda Antiox III Rim bilan to‘qnash keldi. Chunki u, Frakiyani zabt etib, Yunonistonda Rim hokimiyatidan norozi bo‘lganlarning barchasini qo‘llab - quvvatladi. Salavkiylar sharqiy O‘rta er dengizi mintaqasida ustivorlikka ochiqdan - ochiq da’vogarlik qilardilar. Bu esa Rim bilan urushga olib keldi. Rim bilan bo‘lgan urushda (mil.avv. 192 - 188yy) mag‘lubiyatga uchrashi va rimliklar tomonidan majburan qabul qildirilgan Apamey shartnomasi (mil.avv. 188 y.) Salavkiylarning Egey dengizi havzasidagi ta’sirini to‘laligigacha yo‘q qildi. Antiox IV Epifan (mil. avv. 175 – 163 yy.) Salavkiylar davlatining qudratini tiklashga (mil. avv. 170 va 168 yillarda Misrga yurishlar) va zo‘raki ellinlashtirish yo‘li bilan uning birligini mustahkamlashga urindi. Ushbu siyosat Yaxudiyada (mil.avv. 171, 167 – 160 yy) qo‘zg‘olonlarni keltirib chiqardi. Ezilgan ommaning kurashi va ichki sulolaviy nizolardan zaiflashgan Salavkiylar o‘z erlarini yo‘qotib bordilar. Miloddan avvalgi 64 yilda Salavkiylar davlatining oxirgi qismi (Suriya) Rimga tegishli viloyatga aylandi. Ichki ziddiyatlar va sulolaviy kurashlar oqibatida emirilgan Ptolemeylarning Misr davlati ham asta - sekin zaiflashib bordi va mil. avv. 30 yilda Rim tomonidan zabt etildi. Pergam, Vifiniya kabi boshqa ellin davlatlarining taqdiri shunga o‘xshash bo‘ldi. Ular Rimga qo‘shib olindi va viloyatlarga aylantirildi. Yirik ellin davlatlarining tashkil topishi faqat sharqiy O‘rta er dengizi mintaqasiga xos holat emas. Miloddan avvalgi IV asrning oxiri va III asrning boshida o‘xshash davlatlar G‘arbda ham paydo bo‘ldi. Bular - Agafoklning Sitsiliya davlati va Pirr boshqaruvi davridagi Epir. Ammo ushbu yunon davlatlarining umri qisqa bo‘ldi - ichki ahvol mustahkam emasdi va ular Karfagen va Rim kabi qudratli qo‘shnilari bilan bo‘lgan kurashda o‘z mustaqilligini saqlab qolaolmadilar. Yunonistonda hukmronlik qilish uchun kurashni davom ettirgan davlatlar va harbiylashgan ittifoqlarning (Makedoniya, Axeya ittifoqi, Etoliya ittifoqi, ba’zi davrlarda – Sparta) ustunligi ellinizm davri Yunonistoni uchun xos holatdir. Davlatlarning ko‘pchiligida podsholar va oligarxiya mavjud edi. Aleksandrning o‘limidan so‘ng Afina boshchiligidagi davlatlarning Makedoniyaga qarshi kurashi (“Lamiya urushi” - mil.avv. 323\322 yy.) Makedoniyaning g‘alabasi va yunon demokratlarini jazolash bilan yakunlandi. Afina sarkardasi Xremonid nomini olgan urushda ( mil. avv. 267 – 261 yy.) ikkinchi marta mag‘lub etilganidan so‘ng Afina vayron etildi va butunlay Makedoniya monarxiyasiga qaram bo‘lib qoldi. Biroq Makedoniya ham butun Bolqon yarim oroli ustidan hokimiyatini tiklay olmadi. Unga qarshi, goh bir - biri bilan birlashib, goh alohida - alohida, ikki yangi qudratli ittifoq - Axeyya ittifoqi (mil.avv. 280 yilda tashkil etilgan) va Etoliya ittifoqi (mil.avv. 367 yilda barpo etilgan) - kurash olib borardi. Axeyya ittifoqi Peloponnesning katta qismi (Spartadan tashqari ) va yirik shaharlarni (Sikion, Korinf, Megara) qamrab olgandi. Etoliya ittifoqiga Etoliyaning o‘zidan tashqari, O‘rta Yunoniston polislari (Afinadan tashqari), Janubiy Fessaliya va boshq. kirardi. Aleksandr vorislari, keyinchalik Makedoniya va ikki ittifoqning Yunonistonda hukmronlik qilish uchun olib borgan kurashi shaharlarning ommaviy vayron etilishi, aholini qul qilib sotilishi, iqtisodiyotning tanazzulga yuz tutishiga olib kelardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |