Tayanch iboralar
Diskont stavka, innovatsion loyiha samaradorligi, Innovatsion loyiha narxi, Blek-Skoulz modeli, WACC modeli, FCFE uslubida pul oqimlari, CAPM modeli
Nazorat savollari:
Innovatsion loyihaning rivojlanish bosqichlari bo‘yicha uning asosiy xatarlarini ajratib ko‘rsating.
Loyihani amalga oshirish va uning samaradorligini nazorat qilish usullarini ko‘rsating.
Diskont stavkasini aniqlashning asosiy yondashuvlarini aytib bering.
Innovatsion loyiha samaradorligining asosiy parametrlarini ko‘rsating.
Innovatsion loyiha narxini baholashning asosiy yondashuvlarini sanab o‘ting.
Innovatsion loyihalarning samaradorligi va narxini baholash amaliyotidagi asosiy cheklovlarni ko‘rsating.
Mavzu. Davlat innovatsion siyosati Reja
Davlat innovatsion siyosatining shakllanishi va uning asosiy yo‘nalishlari
Innovatsion sohada davlat tomonidan tartibga solish usullari
Innovatsion faoliyat rivojlanishining huquqiy asoslari
Davlat innovatsion siyosatining shakllanishi va uning asosiy yo‘nalishlari
Davlat innovatsion siyosati innovatsion faoliyatni kuchaytirish, uning samaradorligini oshirish va natijalarini mamlakatning jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi va ijtimoiy ehtiyojlarni to‘liq qondirish maqsadida keng qo‘llashga qaratilgan chora-tadbirlar majmuidir. U uch bosqichdan iborat:
innovatsion faoliyat rivojlanishining ilmiy asoslangan konsepsiyalari (qarashlar tizimi) ning ishlanmasi – innovatsion salohiyat holatining tahlili asosida amalga oshiriladi;
davlat tomonidan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;
innovatsion faollikni oshirishga qaratilgan qo‘yilgan maqsadlarni bajarish bo‘yicha amaliy harakatlarni amalga oshirish. Innovatsion siyosatda ikki yo‘nalishni ajratish lozim – strategik va taktik. Davlat innovatsion siyosat strategiyasi mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy rivojlanishining uzoq muddatli konsepsiyalari asosida shakllanadi. Innovatsion siyosat strategiyasini tanlash davlat tomonidan innovatsion faoliyatni tartibga solishning asosiy yo‘nalishlarni belgilashni va ilmiy salohiyatni qo‘llashni, innovatsion rivojlanishning ijtimoiy-iqtisodiy maqsadlarga muvofiq bosh maqsadlarni belgilashni taqozo etadi. Taktika esa ulkan samaradorlik bilan ushbu maqsadlarga erishishni ta’minlaydigan joriy maqsadlar va aniq chora-tadbirlarni belgilashni taqozo etadi. Taktik vositalar – bu tadqiqot va loyihaviy-konstruktorlik ishlanmalarni moliyalashtirish, moddiy-texnik va axborot
ta’minoti, kadrlarni saralash, innovatsion rivojlanish chora- tadbirlarini amalga oshirish uchun huquqiy va tashkiliy shart- sharoitlarni yaratish.
Davlat innovatsion siyosatning, uning shakllanish usullari va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlarining samaradorligi ma’lum darajada ilmiy-texnik yetakchilikda o‘z aksini topadi. U xalqaro miqyosda namoyon bo‘ladi: ilmiy-texnik axborot natijalari (litsenziyalar, patentlar va h.k.)ni eksportini kengaytirish, tayyor yangiliklar eksportini ko‘paytirish, boshqa mamlakatlarga beg‘araz ilmiy-texnik innovatsion keng yordam ko‘rsatish. Ilmiy-texnik yetakchilik – bu davlat innovatsion siyosatini shakllantirish va olib borish bo‘yicha tanlangan strategik yo‘l va taktik harakatlar to‘g‘riligini isbotlashdir. Ilmiy-texnik yetakchilik tadqiqotlar yo‘nalishlarining to‘g‘ri tanlanganligi natijasidir (selektiv va frontal usullarini qo‘llash). To‘g‘ri tanlov rivojlanishida ustuvorlikka ega bo‘lgan yo‘nalishlarda yetakchilikka olib kelishi lozim.
Davlat innovatsion siyosati asosan innovatsion jarayonlarni amalga oshirish uchun qulay iqtisodiy, tashkiliy, huquqiy, axborot va ijtimoiy-psixologik sharoitlarni yaratishga qaratilgan. Innovatsion siyosatning ushbu sharoitlari va shakllanish usullarining turli-tumanligi davlat tomonidan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi. Davlat tomonidan innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
ilmiy (fundamental, izlanish, amaliy) tadqiqotlar, avvalambor, istiqbolli yo‘nalishlarning rivojlanishiga yordam ko‘rsatish;
innovatsion faoliyatning kadrlar bilan ta’minlanishi;
innovatsion faollikni oshirishga qaratilgan ishlanmalarga (hukumat idoralari doirasida) ko‘maklashish;
keyinchalik (ichki va tashqi) bozorda keng tarqaladigan ko‘pgina yangiliklarga boshlang‘ich talabni ta’minlaydigan innovatsion ishlanmalarni o‘tkazishga shartnomalar ko‘rinishida davlat buyurtmalarini shakllantirish;
davlat tomonidan tartibga solishning ayrim firma (korxona) larning innovatsion qarorlari zarurligi va samaradorligini ta’minlaydigan, tashqi muhitning kuchaytiruvchi ta’sirlarini shakllantiradigan fiskal va boshqa vositalarini qo‘llash;
davlatning turli fan sektorlari (akademik, sohaviy, otm va zavod) ning samarali o‘zaro ta’sirini tashkil etishda va innovatsion ishlanmalar sohasida sanoat firmalari (korxonalar, aksionerlik jamiyatlari) va oliy ta’lim muassasalari (universitet, akademiya, institutlar) o‘rtasida kooperatsiyani kuchaytirishda vositachi rolida ishtirok etishi;
hududlarda innovatsion faoliyatni muvofiqlashtirish;
innovatsion faoliyatning huquqiy bazasini yaratish;
innovatsion jarayonlar sohasida xalqaro aloqalarni tartibga solish.
Keyingi ikki yo‘nalish davlatning innovatsion faoliyatni qo‘llab-quvvatlashda ishtiroki nuqtai nazaridan muhimdir. CHunki innovatsion faoliyatni huquqiy tartibga solish davlatning alohida imtiyozidir, innovatsion jarayonlar sohasida xalqaro aloqalarni tartibga solish ham davlat tomonidan amalga oshiriladi.
Innovatsion faoliyatda davlat tomonidan xalqaro aloqalarni tartibga solish shakllari turli-tumandir. Ayrimlarini sanab o‘tamiz:
xorijiy innovatsion investitsiyalarni rag‘batlantirish;
eng istiqbolli, ustuvor hamkorlik yo‘nalishlarini asosli tanlash;
innovatsion ishlanmalar (texnologiya, mahsulot, retsepturalar) ning bojxona tomonidan tartibga solinishi va eksport nazorati;
kichik innovatsion tadbirkorlikning xalqaro kontakt (aloqa) larini qo‘llab-quvvatlash;
ko‘p tomonlama (ikki tomonlama) xalqaro innovatsion loyihalarni moliyalashtirish;
qo‘shma innovatsion loyiha va ishlanmalarni amalga oshirishda ishtirok etadigan mamlakatlar (yoki tashkilotlar) uchun maxsus soliq va kredit imtiyozlarini qo‘llash;
mamlakatda xalqaro standart va me’yorlarni joriy etish.
Bundan tashqari, ushbu sohada davlat tomonidan tartibga solish shakllariga quyidagilar kirishi mumkin: xorijiy mamlakatlarga ilmiy-texnik ko‘makni kengaytirishning federal dasturlari; ma’lum darajada innovatsiyalar masalalari bilan shug‘ullanadigan xalqaro tashkilotlar (YUNESKO, OESR, YUNIDO, YUNKTAD, MAGATE) ishida ishtirok etish; xalqaro kelishuvlarga qo‘shilish (masalan, intellektual mulk huquqlarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyaga); xalqaro innovatsion aloqalarni yuridik jihatdan tartibga soluvchi maxsus qonunchilik akt va me’yorlarni yaratish; xalqaro patent-litsenzion operatsiyalarda ishtirok etish va h.k.
Do'stlaringiz bilan baham: |