Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish vakillik organlari-mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni tashkil etishda saylov orqali tashkil etiladigan organ. O‘zbekiston Respublikasining 1999 yil 14 aprelda qabul qilingan “Fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga asosan, fuqarolar yig‘ini-fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishning yuqori organi bo‘lib, aholi manfaatlarini ifodalash va uning nomidan tegishli hududda amal qiluvchi qarorlar qabul qilish huquqiga egadir. Fuqarolar yig‘inida o‘n sakkiz yoshga to‘lgan hamda shahar, qishloq, ovul va mahalla hududida doimiy yashayotgan shaxslar qatnashadilar.
Oliy Majlis-O‘zbekiston Respublikasining oliy qonun chiqaruvchi organi.
Oliy Majlis 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi asosida joriy etilgan va unga birinchi saylov 1994 yil 25 dekabrda bo‘lib o‘tgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan-Qonunchilik palatasi va Senatdan iborat. Ularning vakolat muddati 5 yil.
Oliy Majlisning Qonunchilik palatasi xududiy saylov okruglari bo‘yicha ko‘ppartiyaviylik asosida saylanadigan 120 deputatdan iborat.
Oliy Majlis Senati a’zolari 100 nafar bo‘lib, ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Viloyatlar, tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining tegishli qo‘shma majlisida deputatlar orasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan teng miqdorda 6 kishidan saylanadi. Senatning qolgan 16 nafar a’zosi fan, san’at, adabiyot, ishlab chiqarish sohasida katta amaliy tajribaga ega bo‘lgan hamda alohida xizmat ko‘rsatgan eng obro‘li fuqarolar orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan saylanadi.
Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi va Senatining mutlaq vakolatlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XVIII bob, 76-88 moddalarida belgilab berilgan.
Ombudsman-inson huquqlarining amal qilishini nazorat qiluvchi muassasalarning xalqaro yuridik atamashunoslikdagi nomi. Bu shvedcha so‘z bo‘lib, kimningdir manfaatini ifodalovchi, degan ma’noni anglatadi. Ombudsman ayrim mamlakatlarda saylanadigan, ayrim mamlakatlarda tayinlanadigan shaxs bo‘lib, u inson huquqlariga amal qilishni nazorat qiladi. Agar prokuratura organlari inson huquqlariga amal qilishni faqat qonun asosida nazorat qilsa, Ombudsmanlar bu masalani maqsadga muvofiqlik, vijdonlilik, adolat nuqtai nazaridan nazorat qiladi.
Aksariyat mamlakatlarda Ombudsmanlarga har qanday fuqarolar bevosita murojaat qilishlari mumkin. Ular huquq va erkinliklar buzilishini aniqlasa, tegishli idoralarga huquq va erkinliklarni tiklash haqida taklif kiritadi. Ombudsmanlarning taklif va tavsiyalari tegishli organlar tomonidan bajarilmasa, rad etilsa ular sud organlariga yoki parlamentga murojaat qilishlari mumkin.
Ombudsman instituti ilk bor 1809 yilda SHvetsiyada joriy qilingan bo‘lib, O‘zbekistonda Ombudsman (Oliy Majlis huzuridagi inson huquqlari bo‘yicha Vakil Instituti deb yuritiladi) 1995 yil 24 fevralda tashkil etildi. “Inson huquqlari bo‘yicha Oliy Majlis vakili-Ombudsman to‘g‘risida”gi qonun esa 1997 yil 25 aprelda qabul qilindi.
Do'stlaringiz bilan baham: |