Inflyasiya (lot. Inflatio-bo‘rtish, shishish, qappayish)-narx-navo umumiy darajasining oshishi, real tovarlar takliflariga nisbatan pul massasi ortib, pulning qadr-qimmati va xarid qobiliyatining pasayib ketishi. Iqtisodda vujudga keladigan muommolar pul bosib chiqarishni ko‘paytirish orqali hal qilinsa yoki qog‘oz pullar hajmi o‘zgarmagan holda tovar hajmi kamaysa inflyasiya yuz beradi.
Infrastruktura (lot. infra-quyi, structura-tuzilish, joylashuv)-xalq xo‘jaligi faoliyatini ta’minlash uchun turli tuman xizmat ko‘rsatuvchi tarmoqlar kompleksi: transport, aloqa, savdo, moddiy-texnika ta’minoti, suv bilan ta’minlash, fan, maorif, sog‘liqni saqlash, atrof muhitni muhofaza qilish va boshqalarni o‘z ichiga oladi. Asosiy ishlab chiqarish infrastrukturasi-elektr ta’minoti, transport, yo‘l, ombor xo‘jaligi va aloqa tarmoqlari hisoblanadi.
Ipoteka (yunoncha hypotheke-garov)-ssuda, qarz olish maqsadida ko‘chmas mulk (er, imorat)ni garovga qo‘yish. Qishloq xo‘jaligida va sanoatda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash maqsadida maxsus ipoteka banklari tashkil etiladi.
Kapital (lot. capitalis-eng muhim, asosiy, bosh)-o‘z egasiga daromad keltiruvchi mablag‘ va vosita; yangi qiymat keltiradigan, ya’ni o‘zini-o‘zi ko‘paytiruvchi qiymat. U ishlab chiqarish vositalarining egasiga ish kuchini yollash orqali qo‘shimcha daromad keltiradi va uni boyitadi. Ishbilarmon ixtiyoridagi mablag‘lar ham kapital (sarmoya) deb ataladi.
Konsessiya (lot. concessio-ruxsat, yon berish)-davlatga tegishli tabiiy boyliklar, korxonalar va boshqa obektlarni xorijiy davlatlarga, kompaniyalarga va ayrim shaxslarga ma’lum muddatga foydalanishga berish
Liberalizatsiya-davlatning iqtisodiy hayotga aralashuvini cheklash, bozor munosabatlari sohasini kengayishi, bozorlarning va raqobatning ochilishi, bozorning amal qilishiga qo‘yilgan turli xil cheklashlarning olib tashlanishi, baholar, foizlarni ma’muriy yo‘l bilan nazorat qilishning susayishi, markazlashgan holda dotatsiya berish, subsidiya shaklidagi kreditlarning kamayishi va shu kabilar.
Lizing (lot.-bog‘layman)-ijaraga beruvchi shaxsning moliyaviy ijara shartnomasi bo‘yicha ijarachi ko‘rsatgan mulk (mashina, asbob-uskuna, transport, ombor kabilar)ni u ko‘rsatgan sotuvchidan sotib olishi va ijarachiga ushbu mulkni haq evaziga tadbirkorlik maqsadida egalik qilish va foydalanish uchun muayyan vaqtga berishi.
Litsenziya (lot.-erkinlik, huquq)-maxsus vakolatli davlat organi amaldagi qonun hujjatlariga ko‘ra litsenziyalanishi lozim bo‘lgan faoliyat turi bilan muayyan muddat davomida shug‘ullanish uchun beradigan ruxsat.
Do'stlaringiz bilan baham: |