Pahlavon Mahmud ziyoratgohi. Xorazm ziyoratgohlari orasida eng mashhuri shoir, juvonmardlik tariqati namoyandasi Pahlavon Mahmudga bag‘ishlab XIV asrda qurilgan maqbara hisoblanadi. Xivadagi me’moriy obidalari ichida eng chiroylisi va hashamatlisi sanaladigan bu maqbara «Polvon pir» nomi bilan mashhur bo‘lib, Ichan - Qal’aning o‘rtasiga joylashgan va gumbazining balandligi sababli shahardan 5-6 chaqirim naridan ko‘rinib turadi.
Pahlavon Mahmudning o‘zi haqidagi yozma ma’lumotlar, uning tarjimai holi va faoliyatini to‘liq tiklash uchun hali etarli emas. SHunday bo‘lsada, tarixchi olim, akademik YA.F.Fulomov va adabiyotshunos olim T. Jalolovlarning asarlaridan Pahlavon Mahmudning mashhur polvon, hunarmand po‘stindo‘z usta va buyuk faylasuf, shoir bo‘lganini bilamiz.
Pahlavon Mahmud O‘rta Osiyo, Eron va Hindistonda o‘zining nihoyatda baquvvatligi, mashhur pahlavon bo‘lganligi bilan shuhrat qozongan. SHu sababli xalq o‘rtasida juda ko‘p afsona va rivoyatlar paydo bo‘lib, uni mashhur polvon, xalq g‘amxo‘ri, ajoyib vatanparvar va shoir sifatida tilga olinadi. Butun umri xalq manfaati va vatan tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan Pahlavon Mahmud el orasida katta hurmat va e’tibor qozonganligi boisidan ham halq unga “Pahlavon” laqabini berib, uni “Pahlavon Mahmud”, “Polvon ota”, “Hazrati Polvon pir” deb e’zozlab, “Avliyo”, “Puryorvali” unvonlariga sazovor bo‘lgan. Puryorvali buyuk shoir va qahramonga o‘z zamonasida berilgan yuksak unvon bo‘lib, bu polvonlar piri, Avliyo laqabi esa Ollohning do‘sti ma’nosini anglatgan. U o‘zining fors tilida yozgan ruboiylarida Puryorvali yoki Qitoliy tahallusini qo‘llagan.
Pahlavon Mahmud 1247 yilda Xiva shahrida tug‘ilib, 1326 yilda shu shaharda vafot etgan. Rivoyat qilishlaricha, u kishi Urganchlik Piryor Valiyning o‘g‘li bo‘lgan. U kishining dunyoga kelishi haqida rivoyatlar saqlangan bo‘lib, Najmiddin Kubroning xalifalaridan bo‘lgan. Piryor baqqol oilasida dunyoga kelgan. Piryor baqqol Najmiddin Kubroning topshirig‘i bilan “Xivani razolat botqog‘idan chiqarish” uchun yuborilgan. Ota-onasi aravada Xivaga etgan vaqtida, Xivaning shimoliy qismida Qiyot qishlog‘idagi Zoir xo‘ja bobo qabristoni yaqinida onasini to‘lg‘oq tutib, Zoir xo‘ja boboni xotini doyalik qilgan. Pahlavon Mahmud ulg‘aygach, bu zoti oliyga (Zoir xo‘jaga) pirlik maqomini bergan.
Pahlavon Mahmud yoshlik yillarida Sayyid Alouddindan saboq olib, voyaga etgan. Pahlavon Mahmud dunyoga kelgach, Najmiddin Kubroning nafaslarining sharofatidan tezda polvonsifat bo‘lib o‘sganlar. Rivoyatlarga qaraganda, Pahlavon Mahmudning go‘daklik vaqtlarida SHayx Muxtor Valiy (u kishining maqbaralari YAngiariq tumani Ostona qishlog‘ida) Xiva ko‘chalaridan eshakda o‘tib borayotir ekanlar. Pahlavon Mahmud eshakning quyrug‘idan tortib, eshakni yurgizmay qo‘yganlar. SHayx Muxtor Valiy: “O‘g‘lim, Siz nihoyatda pahlavon yigitsiz, eshagimni quyrug‘ini yuboring” degan ekanlar.
Rivoyat qilishlaricha, Hazrat Pahlavon Mahmud SHayx Abbos Valini qabrini ziyorat qilishga bormoqchi bo‘lgan ekanlar. SHunda u kishi daryo yoqasiga kelib, kemaga daryoning o‘ng qirg‘og‘iga o‘tmoqchi bo‘lganida, kemachilar Pahlavon Mahmudga yomon nazar bilan qaraganlar. Lekin Pahlavon Mahmud Ollohni shaf’e qilib, “bismilloh” deb daryoga qadam qo‘yib, suv yuzasidan erda yurgandek ketaverganlar (bu u kishining karomatlaridan biri edi). Kemachilar esa buni ko‘rib, yoqa ushlab: “Ey Xudo bu odam bolasimi yoki farishtami?” – deb hayron bo‘lganlar.
Pahlavon Mahmudning shuhrati qundan-kunga ziyoda bo‘lib, Buxoro, Balx, Badaxshon, Hirot shaharlariga borib, kurash tushib, barcha pahlavonlarni enggan va unga teng pahlavon topilmagan. SHuningdek, Pahlavon Mahmudning shuhrati uzoq Hindiston podshohi Roy Rona CHunagacha etib boribdi. Pahlavon Mahmud Hindiston podshosining taklifiga binoan, u berayotgan katta to‘yda ishtirok etish uchun Hindiston safariga otlanibdi. Ko‘p mashaqqatlar tortib, u mamlakatga etib boribdi. Bu mamlakatda u xech kimni tanimas ekan shu bois uni xech kim mehmonlikka qabul qilmagan. Oxir – oqibat bir odam uchrab, Pahlavon Mahmudga bir lo‘li xotinni uyini ko‘rsatib, shu xotin mehmon qabul qilishini aytibdi. Pahlavon Mahmud lo‘li xotinni uyini zo‘rg‘a topib kelibdi. U xotin Pahlavon Mahmudni ko‘rgach, tolibi ilmlardan bo‘lsa kerak deb uyidan joy beribdi. Bu beva xotin mehmonni xorazmlik ekanini bilgach, o‘g‘li shu podshoning bosh pahlavoni ekanini aytibdi. Men bir beva xotin bo‘lsam, o‘g‘lim bu pahlavondan yiqilsa xizmatiga nuqson etar, unda bizni holimiz nima kechar deb qayg‘uga tushibdi. Buni fahmlagan Pahlavon Mahmud bevaga “o‘g‘ling Xudo xohlasa xorazmlikdan yiqilmas” – deb dalda beribdi.
Hindiston podshohi viloyatning pahlavonlarini yig‘ib, to‘y o‘tkazishga qaror qildi. Podshoh ham arkoni davlat bu to‘yda ishtirok qilib to‘yni tamosha qildilar. 3-4 kun qizg‘in kurashlar bo‘lib o‘tdi. O‘rtaga podshoni pahlavoni, ya’ni beva xotinning o‘g‘li bilan Xorazmning pahlavoni kurashga chiqdilar. YAsovullar odamlarning saflarini to‘g‘irlab, tartibga keltirib turdilar. Ikki polvon kurashni boshlab yubordilar. Necha xudoi rahmdillar Xorazm pahlavoniga zafar tilab turdilar. Agar Hazrati Pahlavon yiqsa beva xotinning ko‘ngli vayron bo‘lishiga chidamay, agar yiqilsalar muncha odamning orasida uyalmog‘iga g‘ururlari yor bermay davra o‘rtasida yoqa ushlashib yurib, Pahlavon Mahmudning oriyatlari kelib hindistonlik pahlavonni 2-3 marta erdan uzib, aylantirib-aylantirib erga qo‘yib turdilar. So‘ngra “men ul pahlavondan yiqildim” – deb tiz bukib turdilar. Podshoh va arkoni davlat o‘z pahlavonlarining ustiga zarbop chapon yopib, tillalar sochib, pahlavonimiz endi haqiqiy pahlavon bo‘ldi, tamomi mamlakatdan kelgan pahlavonlarni yiqdi, endi bunga bas keladigan hech bir mamlakatda topilmas deb lof ura boshladilar. Pahlavon Mahmudning ham yuzlab muxlislari bu sirni tagiga etaolmay hayron bo‘lib qoldilar. Oradan 10-15 kunlar o‘tib, podshoh shaharga chiqar bo‘lib, dashtu- biyobonlarga kiyik, kulon quvlab yurar edilar. Ko‘p kishi jumladan Pahlavon Mahmud ham tamoshaga chiqib bir qoyaning tagida gulxan yoqib o‘ltirar edi. Ittifoqo podshoh bir qulonni quvlab kelib oti bilan qoyadin pastga qulab tushadi. Pahlavon Mahmud “bismillohu, Ollohu akbar” deb o‘rnidan sakrab turib podshohni oti bilan erga tushirmay ushlab qolibdi va sihat – salomat erga qo‘yibdi.
Salomat qolgani uchun podshoh el-yurtga katta sadaqa berib, ot choptirib, pahlavonlarini kurash tushirib, to‘y beribdi. El ulamolari podshohga “Sizni otingiz bilan qoyadan sog‘-salomat tutib qolgan ul musofir yigit beva lo‘lining pahlavon o‘g‘lidan yiqilgan xorazmlik yigit”- debdilar. Podshoh darhol “Pahlavon Xorazmiyni topib keltiringlar” – deb buyruq beribdi. Pahlavon Mahmudni podshoh oldiga olib kelibdilar. Podshoh Pahlavon Mahmuddan: “Siz shu pahlavon Xorazmiysizmi? Bizning pahlavondan yiqilgan – deb so‘rabdi”. Ul hazrat “ori” – deb javob qaytaribdilar. YAna podshoh so‘rabdi: “Sizda buncha quvvat bor ekankim, bizni otimiz, yarog‘imiz bilan 100-150 gaz baland qoyadin yiqilganimizda omon-eson tortib olib qo‘ydingiz. Nechun ul bevani o‘g‘lidan yiqildingiz” – deb so‘rabdi. Pahlavon Mahmud shunday javob qilibdi: “Biz Hindiston mamlakatiga dohil bo‘lgan (kelgan) kunimiz hech kim bizni uyiga qabul qilmadi”. Bir beva xotin mehmon qildi. Bizning Hindistonga keluvimizni eshitib, ul beva doimo yig‘lab yurar ekan “Xudoyim o‘g‘lim yiqilsa holimizga voy, o‘g‘limga xudoyim zafar bergaysan” – deb. “Biz ul xotunga va’da berib erdik, shuning uchun yiqilib berdik. Yo‘qsa ul pahlavoningiz bizning bir hamlamizga ham tob bera olmas edi” – dedi. Beva xotinning o‘g‘li ham shunday demishlar: “Men ham darhayrat edim, shunday quvvat bilan bu kishi mandin nima uchun yiqildi ekan deb. Endi bildim yiqilganliklarini boisin” – deb turur. Pahlavon Mahmudning haqiqiy pahlavonligi hamma kishilarga ayon bo‘lgach, hamma hindistonlik musulmonlar ul kishiga e’tiqod qilibdirlar.
Podshoh Juna uning mardligiga tan berib, pahlavonga qarab, “Tila tilagingni” deydi. Pahlavon Mahmud molu dunyo, oltin-kumush talab qilmay, muhojirlikdagi hamyurtlaridan bir ho‘kiz terisiga sig‘ganini vataniga qaytarish uchun ruxsat so‘ragan. Radja o‘z yaqinlari bilan maslahatlashib, bu taklifga rozi bo‘lgan. Mahmud esa ho‘kiz terisini nozik qiymalarga bo‘lib, ularni bir-biriga ulagan. SHu tariqa yaratilgan arqon orasiga kiritgan 5 mingga yaqin xorazmliklarni yo‘l xarajatlarini ham olib yurtiga qaytarishga erishgan.
Uning Hindistonga borib kurash tushganligi to‘g‘risidagi bizgacha etib kelgan asarlardan biri 1506 yilda yozilgan Kamoliddin Husain Guzargohiyning “Majolis ul ushshoq” (Oshiqlar yig‘ilishi) asaridir.
Pahlavon Mahmud Xiva yaqinida CHingizxonga qarshi urushda halok bo‘lgan pahlavonlar qabri ustida maqbara barpo etgan va bu maqbaraning xarobalari hanuzgacha saqlanadi.
Rivoyatlarda aytilishicha, hozirgi Pahlavon Maxmud maqbarasi joylashgan er bir keksa kampirning mulki bo‘lib, bu erni rizolashib olgan ekanlar. SHamsiddin Samiyning “Qolide-ul-a’lom”, Lutf Alibek Ozariyning “Hazrat Pahlavon hikoyatlari” asarlarida, shuningdek, “Manoqibi Pahlavon Mahmud”da yozishlaricha, Pahlavon Mahmud olim, shoir, kuragi erga tegmagan Pahlavon, shu bilan birga otasi kasbini davom qildirgan po‘stindo‘z va telpakdo‘z usta bo‘lgan. Uning “Kenzil haqoyiq” (“Haqiqatlar xazinasi”) nomli masnaviy yaratgani haqida ma’lumot bor. Pahlavon Mahmudning ruboiylari juda mashhurdir. SHoir o‘z ruboiylarini fors tilida yozgan. Bu durdona ruboiylar asrlardan asrlarga o‘tib, bir necha avlodni tarbiyalab, bizning zamonamizgacha etib keldi. Tarixda Pahlavon Abusnid Rumiy (XV asr), Pahlavon Mahmud Ushshoq (XV asr) kabi allomalar nomi ham ma’lumdir. Har uchchalalari ham katta maydonlarda kurash tushgani uchun Pahlavon degan nom olganlar. Pahlavon Mahmud ruboiylarini o‘zbek tiliga To‘xtasin Jalolov, Muinzoda, Vasfiy, Jamol Kamol, Matnazar Abdulxakimov, Ergash Ochilovlar tarjima qilgan. Pahlavon Mahmud ruboiylarini o‘z javonmardiy falsafasi bilan marhum Xorazm Ma’mun akademiyasi katta ilmiy xodimi Matnazar Abdulhakim tarjima qilib, to‘liq nashr ettirdi.
Pahlavon Mahmud 1327 yilda (726 hijriyda) ona shahri Xivada, o‘z kulbasida 79 yoshida olamdan ko‘z yumdi. Rivoyatlarda aytilishicha uning jasadi vasiyatiga ko‘ra, shogirdlari tomonidan o‘z kulbasi – shoirning po‘stindo‘zlik ustaxonasiga dafn etilgan va u joy keyinroq maqbaraga aylantirilgan ekan, lekin bu to‘g‘rida aniq asoslar yo‘q. Bu maqbara XIV asrda u Sayid Alovuddin maqbarasiga o‘xshash oddiy ko‘rinishga ega bo‘lgan va asta-sekin muborak mozor atrofi qabristonga aylandi. 1701 yilda SHohniyozxon buyrug‘i bilan qabriston darvozasi tiklangan. XVII asrga kelib janubida bir qancha dahma paydo bo‘ladi va peshtoq quriladi. 1719 yil SHerg‘ozixon qabristonning janubrog‘ida maqbaraga taqlid qilib madrasa qurdirgan. O‘lchovi: 50,0 x 30,0 m.
Qo‘ng‘irotlar sulolasidan bo‘lgan Xiva xonlari ma’rifatparvar shoir Pahlavon Mahmudga nisbatan hurmat va ehtiromini bajo keltirib, uni o‘zlarining piri, madadkori, deb e’tiqod qildilar. SHu boisdan 1810 yilga kelib Xiva xoni Muhammad Rahimhon Qo‘g‘irotga zafarli yurishidan so‘ng Pahlavon Mahmud qabri ustiga pishiq g‘ishtdan baland, mustahkam maqbara va 25 metr balandlikdagi gumbazini qurdirib, uni yirik ansamblga aylantiradi. Maqbara keyingi 30-35 yillar davomida yanada kengaytirilgan va betakror koshinlar bilan bezatilgan. Bino qurilishiga xazorasplik usta Odina Muhammad Murod mulla boshchilik qilgan. Usta maqbarani go‘zal me’morchilik inshootiga mohirlik bilan aylantira olgan.
Maqbara XIX asr davomida va XX asr boshida Xiva xonlari Qo‘ng‘irot sulolasining go‘rxonasi deb ham e’zozlandi. Maqbara atrofida Xiva xonlaridan Abulg‘ozixon, Anushaxon, SHoxniyozxon, Temurg‘ozixon, Muxammad Raximxon I va boshqalar ham o‘z vasiyatlariga ko‘ra dafn qilinganlar. Xiva xoni Olloqulixon zamonida ana shu maqbara qayta qurilib, yaxlit me’moriy majmuaga aylantiriladi. Maqbara devorlariga, peshtoqlariga shoirning insonparvarlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan ruboiylari bitilgan.
Maqbara butun XIX va XX asrlar davomida olimlarning diqqatini o‘ziga jalb qilib keldi. 1873 yilda Xivada bo‘lgan rus olimi L. Kostenko shunday yozadi: “ Eng chiroyli imorat va shuning bilan birga eng muqaddas joy Xivada Polvon ota masjididir. Bu avliyo kishi bu erda xuddi Buxorodagi Bahouddindek e’zozlanadi. Gumbazining ustidagi oltin qubbasi juda chiroyli”.
Pahlavon Mahmud qabri ustiga Xiva xonlari katta maqbara, masjid, qorixonalar qurib, uni xonlar xilxonasiga aylantirganlar. Quyida shu haqda ayrim tarixiy ma’lumotlar keltiriladi: Muhammad Murod Devonbegi (Muhammad Raximxon Feruzning “Kulotasi”), xon saroyida devonbegi vazifasida 1864 yildan 1902 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi atrofida qoriyxona bino qilgan.
Tarixiy manbalarda maqbaraga Amir Temur tomonidan eshik o‘rnatilgani yoziladi. Maqbara ichida Abulg‘ozixon, Anushaxon va Arangxonlarning qabri borligi ular xukmdorlik qilgan davrlarida ham shoir qabri obod bo‘lganligidan dalolat beradi. 1701-1702 yillarda Xiva xoni SHohniyozxon maqbarani yangidan quradi, bu davrdan bizga maqbaraga kiraverishdagi eshik yodgor qolgan. Eshikdagi yozuvlardan shu narsa ma’lum bo‘ladiki, unda qur’on oyati, hadis va she’riy tarixlar bitilgan, turunch, madohil va boshqa islimiy gullar bilan bezatilgan.Ushbu eshikdagi yozuvdan bir parchani keltiramiz:
“Xasta dillarni duolarini mustajob qilg‘uvchi bu nurli bino SHoh Niyoz xon tomonidan 1702 yilda ta’mirlanib quduq ham qazilgan.Uning o‘zi ham shu joyga dafn qilingan. O‘ymakor usta Nodir Muhammad”.
Hozirgi maqbara Muhammad Rahimxon I (1806-1825) tomonidan 1810 yilda Qo‘ng‘irot shahriga qilingan muvaffaqiyatli yurishdan so‘ng qurila boshlagan va uning o‘g‘li Olloqulixon davrida qurib bitkazilgan. Maqbara 3 ta qismdan iborat. Qabrxona, xonaqo va yo‘lak. Maqbaraning g‘arbiy qismida joylashgan xonaga Pahlavon Mahmud dafn qilingan. Xonaqoni shimoliy devori yonida Muhammad Rahimxon qabri joylashgan, uning yaqiniga esa Xiva xonlari Abulg‘ozixon va Anushaxonlarning qabr toshlari o‘rnatilgan. Yo‘lakda esa Olloqulixon dafn etilgan. Pahlavon Mahmud maqbarasi atrofi XIX asr oxiriga kelib Xiva xonlari va ularning yaqinlari dafn qilinadigan xilxonaga aylantirilgan. Bino qurilishini hazorasplik usta Odinamuhammad Murod boshqargan, usta katta-kichik jismlarni (sirli koshin) yagona memorchilik inshootiga mohirlik bilan birlashtira olgan, irkor bezaklar sag‘anani, tashqi gumbaz va peshtoq qismini bezab turardi, shu vaqtda xonalarning ichi ganch suvoq qilingan edi. 1825 yilga kelib Olloqulixon (1825-1842 ) buyrug‘i bilan qabrxona, ya’ni ziyoratxonaga va xonaqoga sirkor bezak berildi. Xuddi shu davrda ziyoratxona va qabrxona gumbazlari tashqi tomondan zangori yashil sirkor g‘ishtchalar bilan qoplandi. Maqbara peshtoqining ba’zi ko‘chib ketgan koshinlari o‘rniga o‘ziga o‘xshatib yangi koshinlar o‘rnatildi. Gumbazli dolondagi bir xonaning old tomoni besh qirrali shaklga keltirilib, Olloqulixon sag‘anasi shu erga qo‘yilgan. Xona devorlari bezakdor sirli koshinlar bilan qoplandi va mis panjara o‘rnatilgan. Qurilish ishlarida Xivalik ustalardan Mulla Nurmuhammad usta-Qalandar o‘g‘li, So‘fimuhammad Niyoz usta-Abdujabbor o‘g‘li va usta Abdulla “jin”lar o‘zlarining nodir san’atlarini ko‘rsatib bera olishgan. Katta xonaqoni (balandligi 25 metrlik) tepasiga ustalar islimiy naqshlar bilan birga, bezaklar orasidagi kitobalarga Pahlavon Mahmudning 22 ta ruboiylarini, ustalarning ismlarini, hadislarni, tarixlarni o‘zi ijod qilgan fors tilida bitganlar.
1910-1913 yillarda maqbaraning g‘arbiy qismida Xiva xoni Isfandiyorxon (1910-1918) onasi, o‘zi va o‘g‘li uchun qabrxona va to‘rtta hujradan iborat ikki oshyonli qorixona bunyod qildirgan. Qurilish ishlariga usta Qurbonniyoz boshchilik qilib, qorixona qarshisiga o‘ymakori ustunli ayvon qurilgan. Pahlavon Mahmud majmuasi 1960 yilda usta Ro‘zmat Masharipov “Ro‘zmat arbob” ishtirokida katta gumbazning usti, qorixona va ayvon ta’mirlanib maqbaraga qayta jon bag‘ishlangan. Hozirgi vaqtda binoda O‘zbekiston Musulmonlarining diniy idorasi, “Pahlavon Mahmud jamg‘armasi” faoliyat ko‘rsatmoqda. Inshootning ayrim joylari ta’mirtalab bo‘lganligi uchun 2007 yilda, ayvon ustunlari, yo‘laklar, quduq atrofi va uning tepasidagi chiroyli oshyonli yog‘och gumbaz, peshtoqning ba’zi tushib ketgan sirli koshinlari qayta ta’mirlandi. 2012 yilda gumbaz to‘liq ta’mirlanib, koshin bilan qayta qoplandi.
Bir necha yuz yillar davomida bu maqbara musulmonlarning muqaddas ziyoratgohlaridan biri hisoblanib keladi. Hozirgi kunda ham Pahlavon Mahmud maqbarasi o‘z mahobatini yo‘qotmagan. 1997 yilda respublikamizda buyuk mutafakkir, faylasuf shoir Pahlavon Mahmud tavalludining 750 yilligi keng nishonlandi. Ulug‘ shoirning o‘lmas ruboiylari taraqqiyparvar insonlarni hamisha mardlik va jasoratga chorlayveradi.
Mustaqillik yillarida qayta ta’mirlanib, oldingidan ham go‘zal obidaga aylangan Pahlavon Mahmud ziyoratgohi Xivaning homiysi va shaharning ziynati sanaladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |