2. Xorazm viloyatidagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlarning umumiy tavsifi.
Xorazm vohasi qadim zamonlardan buyon o‘zining muqaddas maskanlari, avliyo – anbiyolari, qadamjolari bilan mashhur bo‘lib kelgan. Ayniqsa, VIII asrda Xorazmga Islom madaniyatini kirib kelishi bilan ulug‘ allomalar, karomatli avliyolar, muqaddas Pirlarga e’tiqod kuchayadi. Ular olamdan o‘tgach esa ularni qabrlari obod qilinadi. Bu ishda xonlar, beklar, o‘ziga to‘q kishilar faoliyat ko‘rsatadilar. SHu bois Xorazm diyorini ulug‘ avliyolar yaratgan maskan, “Ming gumbazli” zamin deya ulug‘lanadi. Zero, bu maskanda “Jorulloh” (Ollohning ko‘shnisi) degan ulug‘ nisbaga erishgan, arab gramatikasini asoschisi az – Zamaxshariy, ulug‘ allomalar tarbiyalab “Valiytarosh” (Valiylar yaratuvchi) nisbasiga erishgan, Qubroviya tariqatini yaratgan Najmiddin Kubro, Juvonimardlik tariqatini asoschilaridan biri, buyuk Pahlavon Mahmud, Muhammad Rasulullohni jandasin kiyishga sazovor bo‘lgan buyuk SHayx Sulton Uvays Qaroniy hazratlari shu maskanda qo‘nim topganlar.
Quyida Xorazm diyorida yashab o‘tgan avliyolar va ularni martabalari, karomatlari haqida so‘z yuritamiz.
Buyuk bobomiz Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim-ul muhabbat” nomli asarida avliyolarga shunday ta’rif beradilar: “Alarning ishi shariat rioyatidurkim va tariqat odobidadurkim”, - deb alohida uqtirib o‘tadilar va fikrlarini davom qildirib: “Ul adabdurki yaxshi va yomonga, ulug‘ va kichikka bajo keltirurlar. Andoqki barcha xaloyiqdin o‘zlarin kichik va kamroq tutarlar va barchaga xizmat huzurida bo‘lurlar. Hattoki o‘z farzandlariga, xodim va mamluqlarga, har necha alardan beqoidalig‘ ko‘rsalar, xushnut va chuchuk til bila qilurlar, hatto o‘g‘rigacha”.
Bu qoidalar avliyolarning xalq va jamiyatdagi vazifalari va burchi sifatida ko‘rsatilgandir. Ilmi ma’rifat, ilmi haqiqat esa avliyolarning o‘zlariga xos yo‘lidir. Odamlar avliyolarga e’tiqod qilib, Ollohni yodga oladilar, oxiratni eslaydilar. Halol va haromni ajratib, yomon amallardan mumkin qadar o‘zlarini tiyadilar. Iymonu e’tiqodlari mustahkamlanadi, hayru savobga, ezgulikka mehrlari ortadi.
«Avliyo, valiy» so‘zining ma’nosi Ollohning eng yaqin do‘sti, yaqin kishisi, demakdir. Olloh taoloning do‘stini, yaqinini. sevish uning o‘zini sevishga dalolatdir. Farididain Attor hazratlari «Tazkiratul avliyo» asarining muqaddimasida shunday yozadilar, «Avliyolarga mehru muhabbatimiz ularning kamoli va jamolig‘a va barcha faoliyatlarig‘a hurmat-ehtiromimiz natijasidir. Ushbu sadoqat qalbimizga Olloh solgan muhabbat nuri kabi porlab, buyuk zotlarga ta’zimimizni yuzaga keltiradi. Olloh taoloning muborak nomini har zamon tilidan qo‘ymaydigan aziz avliyolar ma’rifatidan bahramand bo‘lgan,har qachon va har bir holatda Olloh yodini unutmagan kishilar uchun avliyolar hayoti namunadir». Insonning kamolot sari qadami komil insonlarga ergashish, ularni sevish, ardoqlash va ularning hayot yo‘llarini o‘rganishdan boshlanadi.
1333 yili Xorazmni ziyorat qilgan buyuk arab sayyohi Ibn Batuta Xorazmdan olgan tassurotlarini: “Butun dunyo bo‘ylab qilgan sayyohatlarimda men xorazmliklardan ko‘ra xushhulq, oliyjanob, ajnabiylarga nisbatan mehmondo‘st odamlarni uchratmagan edim. Ular namozni shunday tartibga rioya etib o‘qiydilarki, buni boshqa hech qaerda ko‘rmaganman” deya izhor etgandi. Ibn Battuta zikr etgan xorazmlik allomalar ichida Najmiddin Kubro, Mahmud az-Zamaxshariydan tashqari, bizga haligacha noma’lum bo‘lgan allomalar borligini eslatib: “Mazkur shaharda bir necha voizlar, muzakkirlar bo‘lib, ularning ichida eng obro‘lilari mavlono Zayniddin al-Muqaddasiy bilan mavlono Hisomiddin al Mashotiy xatibdurki, bu keyingisi men va’zini tinglagan jahondagi eng suxandon to‘rt siymodan biridur”, – deb yozadi.
Rasululloh sollollohu alayhi vasallam o‘z hadislaridan birida “Uch amal: etimlarni boshini silash, xasta va bemorlarni borib ko‘rish, o‘tganlarning qabrlarini ziyorat qilish qalbni yumshatadi”, deb ta’lim beradi.
Taasufki, yaqin o‘tmishda avliyolarni ziyorat qilish u yoqda tursin, ularni eslash ham amri mahol edi. Sababi SHo‘rolar davri mafkurasi nuqtai nazarida bunday ishlar cheklangandi. SHu sababli munosabatlarda “har kim bilganicha” ish tutgan. Oqibatda bu serfayz go‘shalar tarixi afsonaga, azizlar begonaga aylangan.
Avliyo-anbiyolarning tabarruk ruhlarini yodlash, ularga duo yuborish orqali biz o‘z qalbimizni, vijdonimizni poklash, hayot tarzimizni rostlash va ezgulik sari muvofiqlashtirishni ham o‘ylaymiz. CHunki avliyo-anbiyolarning hayoti, so‘zlari va ko‘rsatgan karomatlari bizga ibrat, saboq hamdir.
Muhtaram YUrtboshimiz Islom Karimov al-Buxoriy yodgorlik majmuasini ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zlagan nutqlarida: “Butun umrini iymon va e’tiqod, vatanparvarlik va insonparvarlik, poklik va xalollik, ilm va ma’rifat, adolat va diyonat yo‘lida fido etgan zotlarning mo‘‘tabar xoklari makon topgan zamingina muqaddasdir”-degan edilar.
Vohadagi qadamjo va ziyoratgohlar tarixi to‘g‘risida ma’lumotga egamizmi..? degan savol tug‘iladi. Bu muqaddas joylar qachon paydo bo‘lgan u erlarga kimlar dafn qilingan albatta bu ko‘pchiligimizga ayon emas. SHu o‘lkada yashab, o‘lka tarixini bilmaslik, ota-bobolardan qolgan madaniy-ma’naviy merosini o‘rganmaslik avlodlarimiz uchun ayb emasmi. Har bir maqbara, qadamjo va qabriston o‘tmishimizdan xikoya qiluvchi obida bo‘lib, o‘z tarixiga ega. Bugungi kunda tarixni o‘rganish va muqaddas joylar tarixini yaratish davr talabidir.
Xorazmda yashab, shu zaminda vafot qilgan avliyou-anbiyolar, karomatli shayxlarning ba’zilari Fariddin Attor, Abdurahmon Jomiy, Faxriddin Ali Voiz asarlarida qalamga olingan.
Do'stlaringiz bilan baham: |