Jamol Kamol 1938 yili Buxoro viloyati, Shofirkon tumanidagi Chikaron qishlogʻida, dehqon oilasida tavallud topdi. Ota-onadan erta ayrilgan Jamol togʻasi qoʻlida tarbiya koʻrdi. Oʻrta maktabni tugatgach, Buxoro pedagogika institutining filologiya fakultetida tahsil oldi. Oʻqishni tugallab, shu yerda oʻqituvchilik qiladi.
“Buxoro haqiqati” viloyat gazetasida (1965–1969) ishladi. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida aspirant boʻlib, “Lirik sheʼriyatda kompozitsiya” degan mavzuda nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi (1969–1972). Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining Buxoro viloyati boʻlimi masʼul kotibi (1970–1972), keyinchalik Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi lavozimlarida faoliyat olib bordi.
Uning “Olam kirar yuragimga” deb nomli birinchi sheʼriy toʻplami 1968 yilda chop etildi. Shundan soʻng shoir birin-ketin “Choʻqqilarga yogʻildi yogʻdu” (1971), “Tosh tugʻyon” (1973), “Hasan va oy” (1974), “Quyosh chashmasi” (1975), “Dostonlar” (1978), “Tafakkur” (1979), “Suvaydo” (1983), “Umidli dunyo” (1988) toʻplamlarini, “Armon”, “Varaxsha”, “Eshikdagi oy toʻlqini”, “Tosh tugʻyon”, “Shahribonu” kabi dostonlarini eʼlon qildi.
V. Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Antoniy va Kleopatra”, “Qish ertagi”, “Venetsiya savdogari”, “Qirol Genrix IV”, “Makbet” kabi oʻndan ortiq jahon adabiyoti namunalarini bevosita ingliz tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilib, chop ettirdi.
Mustaqillik yillarida Jamol Kamol ijodi juda sermahsul boʻldi: “Asr bilan vidolashuv” (Saylanma, 2007), “Yana koʻnglimda uch oy” (2010), “Safar daftari” (2012) singari bir qator asarlari yuzaga keldi. Jaloliddin Rumiyning “Masnaviy maʼnaviy” (2002–2004), Hazrati Alining “Devon”i (2006), Farididdin Attorning “Mantiqut tayr” (2006) hamda “Ilohiynoma”, “Asrornoma”, “Pandnoma va bulbulnoma”, “Hikmatlar” (2007–2012), Abdurahmon Jomiyning “Gulshaningda soʻlmasin gul” (2008), Vilyam Shekspirning “Sonetlar” (2009), Alisher Navoiyning “Foniy gulshani” (2011) kabi jahon mumtoz adabiyotidan jami yigirma yettita asarni ona tilimizga oʻgirdi.
Bundan tashqari, R. Fishning “Jaloliddin Rumiy”, S. Ulugʻzodaning “Firdavsiy” kabi romanlari tarjimasi ham Jamol Kamol qalamiga mansubdir.
U publitsist sifatida “Makkayi Mukarrama, Madinayi Munavvara” (1992) asarini yaratib, islomiy maʼrifat va maʼnaviyatning rivojiga hissa qoʻshdi.
Jamol Kamol adabiyotimizdagi munosib xizmatlari uchun 1992 yilda “Oʻzbekiston xalq shoiri” unvoniga sazovor boʻldi
Xurshid davron
Hayoti va ijodiy faoliyati[tahrir]
Samarqand tumanidagi 2-sakkiz yillik, 1-o'rta maktabda tahsil olgan (1959-1969).1969-yilda Toshkent universitetining jurnalistika fakultetini tugatgan.1971-1973 yillarda harbiy xizmatni o'tagan. Uzoq yillar (1974-1989) nashriyot sohasida, Maʼnaviyat va maʼrifat markazida faoliyat yuritgan. 1996-2014 yillar O'zbеkiston Milliy teleradiokompaniyasi O'zTV Bosh muharriri, "Toshkent", "Yoshlar", "O'zbekiston" telekanallari direktori vazifasida ishladi.
Dastlabki sheʼrlar toʻplami — "Qadrdon quyosh" (1979). "Shahardagi olma daraxti" (1979), "Tungi bogʻlar" (1981), "Uchib boraman qushlar bilan" (1983) "Toʻmarisning koʻzlari" (1984) , "Bolalikning ovozi" (1986), "Qaqnus" (1987) va "Bahordan bir kun oldin" (1997) kabi sheʼriy toʻplamlari nashr etilgan. Sheʼrlarida voqelikka yangicha nigoh bilan qarovchi, tabiat, jamiyat va kishilar hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlarni sinchkovlik bilan kuzatuvchi, ayni paytda bokira yoshlikka xos hayrat xissini saqlab qolgan zukko shoir sifatida gavdalanadi. X.D. soʻzga, ifoda vositalari va sheʼriy shakllarga yuksak mezonlar asosida yondashadi.
Xurshid Davron 90-yillarda she’riyatdan koʻra nasriy janrlarda samarali ijod qildi. U oʻtmishda yashagan unutilmas tarixiy siymolar hayoti va faoliyati bilan qiziqib, ular haqidagi moʻtabar qoʻlyozma manbalar bilan tanishdi. Bu qiziqish natijasida 'Samarqand xayoli' (1989), 'Sohibqiron nabirasi' (1995), 'Shahidlar shohi yoxud Shayx Kubro tushlari' (1998,2008) , 'Bibixonim qissasiʼ (2006), kabi tarixiy-maʼrifiy qissa va 'Algʻul' (1995), 'Boburshoh sogʻinchi' (1996) pyesalarini yaratdi. Xurshid Davron bu asarlari bilan 90-yillarda Oʻzbekistonda tarixiy oʻtmishga boʻlgan munosabatning yana ham qizgʻin tus olishiga munosib hissa qoʻshdi.
Adib ayni paytda Samarqandda boʻlib oʻtgan Amir Tеmurning 660, Ulugʻbekning 600-yilligiga, Parijda YUNESKO qarorgohida, 'Odeonʼ teatrida namoyish etilgan Buxoro va Xivaning 2500 yilligiga bagʻishlab oʻtkazilgan teatrlashtirilgan tomoshalar va 21 qismli 'Temurnomaʼ, 2 qismli 'Buxoroyi Sharif' videofilmlari ssenariylari muallifi. Sharq va Gʻarb shoirlarining asarlaridan iborat 'Qirq oshiq daftari' (1989) va yapon shoirlarining she’rlaridan tarkib topgan 'Dengiz yaproqlari' (1988) toʻplamlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.
Xurshid Davron she'rlari 40 dan ortiq xorijiy tillarga tarjima qilingan. Uning kitoblari va she'rlari Azarbayjon, Pol`sha, Xitoy, Bolgariya, Rossiya, Turkiya, Eron, Frantsiya, Ispaniya, AQSH, Yaponiya, Mo'g'iliston, Hindiston, Germaniya, Latviya, Litva, Tojikiston,Qirg'iziston,Turkmaniston va boshqa davlatlarda nashr etilgan. Rus tilida 2 kitobi ( "Древний напев молодого дождя". Москва., Молодая гвардия, 1982 va "Полет одинокой птицы". Toshkent., 1989 ) nashr etilgan. Xurshid Davron 1993 yilda Turkiyaning Bursa shahrida bo'lib o'tgan Birinchi Turkiy shoirlar anjumanida, 1996 yilda Vashingtonda bo'lib o'tgan Osiyo adiblari kongressida,Rossiya, Pol'sha, Bolgariya, Janubiy Koreyada o'tkazilgan poeziya festivallarida ishtirok etgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |