2.Toshkent atrofidagi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar.
Islom an'analari asrlar davomida Markaziy Osiyo xalqlari boy madaniy merosi bilan qo'shilib, bu erda ma'naviy-ma'rifiy hayotda aks etgan hamda fan va ta'limning rivojlanishiga o'z muhrini bosgan alohida musulmon madaniyati shakllanishiga ko'maklashdi. Bu tarixiy jarayonlarda O'zbekiston hamda uning etakchi madaniy markazlar sifatida butun musulmon olamida dong'i ketgan Buxoro, Samarqand, Nasaf (Qarshi), Termiz, Xiva, Shosh (Toshkent) va boshqa hududlar alohida o'rin tutdi.Nomi xalq orasida abadiy yashashga haqli buyuk allomalarimiz Shosh vohasida ham ko'plab o'tgan, ularning xotirasini tiklash biz uchun ham farz, ham qarzdir. Shosh tabarruk go'sha bo'lib, u erda buyuk alloma, avliyo-yu ulamolarning tabarruk ruhlari abadiy qo'nim topgan. Jumladan, Zangiota, Shayx Xovand Tohur, Said ota, Imom Sulton maqbaralar majmuida ruhlari abadiy makon topgan xoklari yotibdi. Shayx Umar Valiy Bog'istoniy ham ana shunday allomalardan bo'lib, u Toshkent viloyatining Bog'iston qishlog'ida tug'ilgan. U o'z davrining yirik olimi va shayxi edi. Shayx Umar Bog'istoniyning tug'ilgan yili noma'lum, vafoti esa 691/1291 yilda yuz bergan. Shayx Umar Bog'istoniy diniy va dunyoviy ilmlarni egallab, tasavvufda kamolga etib, xalqni rohi rost (to'g'ri yo'l)ga va ilmu irfonga targ'ib qiladi. Shayx Umar Bog'istoniy dehqonchilik va bog'dorchilik ishlari bilan shug'ullangan va o'z kasbi koridan halol tirikchilik qilgan. U katta mulla yoki katta sufiy bo'lishni o'ziga sharaf deyishni bilmagan. Faxruddin Ali Safiyning “Rashahot” kitobida uning o'z o'g'li Xovand Tahurga aytgan quyidagi so'zlarini keltiradi: “Tahur, mulla bo'lma, so'fi bo'lma, u bo'lma, bu bo'lma, musulmon bo'l”. Shayx Umar Bog'istoniyning ushbu so'zlari ayniqsa, hozirgi kunda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Uning o'g'li Shayx Xovand Tahur Faxruddin Ali Safiyning yozishicha, ilmi zohiriy va ilmi botiniy sir-asrorlaridan voqif bo'lib, sohib karomat shayxlar orasida yuksak maqomga erishadi. U dafn etilgan joy ziyoratgohga aylanadi. XV asrning ikkinchi yarmida Xoja Ahror uning qabri ustiga maqbara qurdiradi. Umuman olganda, vohadagi har bir ziyoratgoh mahalliy aholining hayotida muhim rol o'ynagan. E'tiborli jihati shundaki, ziyoratgohlar kishilarning ongi, tasavvuri, ilohiy va dunyoviy bilimlarni egallashlarida xizmat qilgan. Chunki muqaddas ziyoratgohga dafn etilgan shaxsning kasbi-kori bilan bog'liq xizmatlari turli tarixiy voqealar, xalqimiz urf-odatlari, an'analari bilan yo'g'rilgan. Muhimi, muqaddas ziyoratgohlar vohaning daryo, ariq, buloq, kon, hunarmandchilik, dehqonchilik, chorvachilik, daraxt, turli dorivor o'simliklar o'sadigan hududlarda shakllanishi turli tarixiy, geografik omillar bilan bog'liq ekaniga guvoh bo'lishimiz mumkin. Toshkentdagi eng yirik ziyoratgohlar Zangiota tumani va Toshkent shahri markazida joylashgan obida bo'lib, ular – Zangiota, Qaffol Shoshiy (Hazrati imom), Shayx Zayniddin bobo, Shayx Xovand Tohur maqbaralar majmui kabi yodgorliklar turli davr voqea-hodisalar ta'sirida shakllangan bo'lib, o'zining geografik va tarixiy joylashuvi bilan boshqalardan ajralib turadi. Toshkent viloyatidagi ziyoratgohlarning aksariyati Zangiota, Ohangaron, Piskent, O'rtachirchiq, Bekobod tumanlari hududlarida joylashgan bo'lib, ushbu hududlarda istiqomat qilgan allomalar o'z davrida ilm-fan va madaniyatning rivojlanishiga munosib hissa qo'shishgan. Ajdodlarimiz nomlari bilan ataluvchi muqaddas ziyoratgohlar xalqimizning turmush tarzi, madaniyati, milliy va diniy qadriyatlari hamda arxitektura va me'morchilikdagi betakrorligi bilan kelgusi avlodlarga ulkan meros sifatida xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |