§13.2. Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilishning ustvor yoʻnalishlari
Istiqlol yillarida respublikamizda barqaror va samarali ishlovchi bank tizimi asoslari shakllantirildi.
Mustaqillik yillaridagi islohotlar, ayniqsa, bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar davlatimiz siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bunda, Prezidentimizning mustaqil Oʻzbekistonning milliy iqtisodiyotini yaratish, uni yanada rivojlantirishga, qaratilgan beshta muhim tamoyillari asos qilib olindi.
Mustaqillik arafasida bank tizimi oldida bir qator jiddiy muammolar turar edi. Xususan, bank operasiyalarini amalga oshirish uchun zarur texnologiyalar va hatto oddiy kompyuter texnikasiga talabning yuqoriligi, bozor tamoyillariga asoslangan bank tizimi faoliyatini tartibga soluvchi qonunlar va me’yoriy hujjatlarning mavjud emasligi, nodavlat kapital va resurs bazasining zaifligi, ayniqsa, yangi tartibda samarali faoliyat koʻrsata oluvchi yuqori malakali bank sohasi raxbarlari va mutaxassislarining taqchilligi kabi oʻtkir masalalar mavjud ediki, ular faqat davlatimiz rahbarining e’tibori asosida muvaffaqiyatli hal etildi.
Mustaqillik yillarida zamonaviy bank tizimini shakllantirish va uni xalqaro me’yorlarga mos ravishda rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilinsa, 1991-2000-yillarni oʻz ichiga olgan dastlabki bosqichda quyidagi muhim tadbirlar amalga oshirilganligini guvohi boʻlamiz.
Birinchidan, xalqaro me’yorlarga toʻla mos boʻlgan, iqtisodiyotning “qon tomiri” hisoblanmish bank tizimini barpo etish uchun barcha imkoniyatlardan keng foydalanildi.
Hukumat tomonidan Markaziy bank oldiga mamlakat iqtisodiyotining pul mablag’lariga boʻlgan talabini qondirishdek g’oyat muhim vazifalar qoʻyildi va sifat jihatidan yangi bank tizimini yaratish vazifalari belgilab olindi.
Oʻzbekistonning avvalgi bank tizim bir pog’onali, ya’ni, sobiq ittifoqning ixtisoslashtirilgan Davlat banki. Jamg’arma bank va boshqa banklarning respublika boʻlinmalaridan iborat boʻlgan boʻlsa, mustaqillikka erishilgandan soʻng, mamlakatda ikki pog’onali, ya’ni, yuqori pog’onada bosh maqsadi milliy valyuta –soʻmning barqarorligini ta’minlash hisoblangan, pul-kredit va bank tizimini tartibga soluvchi va nazorat qiluvchi yagona organ – zahira va emission muassasa – Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tashkil etildi, rivojlangan bozor mamlakatlariga xos va xalqaro andozalarga mos boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻg’risida”gi Qonun qabul qilindi hamda shu hujjat asosida uning oʻziga xos maqomi, maqsadi, vazifalari va vakolatlari aniq belgilandi hamda faoliyati toʻliq yoʻlga qoʻyildi.
Bank tizimining quyi pog’onasi esa, mamlakat iqtisodiyoti sub`yektlari va aholisining bank xizmatlariga boʻlgan talabni toʻlaroq qondira oladigan turli mulkchilik shaklidagi, mustaqil tijorat banklarining keng tarmog’i shakllantirildi, Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻg’risida”gi Qonuni qabul qilindi va tijorat banklari faoliyatini huquqiy asoslari aniq belgilab berildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |